Ana səhifə

Soliqlar va soliqqa tortish


Yüklə 1.88 Mb.
səhifə23/31
tarix26.06.2016
ölçüsü1.88 Mb.
1   ...   19   20   21   22   23   24   25   26   ...   31

2-bob. Ushbu Kodeksda qo’llaniladigan asosiy tushunchalar

12-modda. Soliqlar va boshqa majburiy to’lovlar

Soliqlar deganda ushbu Kodeksda belgilangan, muayyan miqdorlarda undiriladigan, muntazam, qaytarib berilmaydigan va beg’araz xususiyatga ega bo’lgan, byudjetga yo’naltiriladigan majburiy pul to’lovlari tushuniladi.

Boshqa majburiy to’lovlar deganda ushbu Kodeksda belgilangan davlat maqsadli jamg’armalariga majburiy pul to’lovlari, bojxona to’lovlari, shuningdek vakolatli organlar hamda mansabdor shaxslar tomonidan yuridik ahamiyatga molik harakatlarni to’lovchilarga nisbatan amalga oshirish uchun, shu jumladan muayyan huquqlarni yoki litsenziyalar va boshqa ruxsat beruvchi hujjatlarni berish uchun to’lanishi lozim bo’lgan yig’imlar, davlat boji tushuniladi.

13-modda. Soliq to’lovchilar. Soliq agentlari.

Soliq to’lovchining vakillari

Soliq to’lovchilar ushbu Kodeksga muvofiq zimmasiga soliqlar va boshqa majburiy to’lovlarni to’lash majburiyati yuklatilgan jismoniy shaxslar, yuridik shaxslar va ularning alohida bo’linmalaridir.

Soliq agentlari ushbu Kodeksga muvofiq zimmasiga soliqlar va boshqa majburiy to’lovlarni hisoblab chiqarish, soliq to’lovchidan ushlab qolish hamda byudjetga va davlat maqsadli jamg’armalariga o’tkazish majburiyati yuklatilgan shaxslardir.

Soliq to’lovchining vakillari qonunga yoki ta’sis hujjatiga muvofiq soliq to’lovchining vakili bo’lishga vakolatli shaxslardir.

Ushbu Kodeksda «soliq to’lovchi» tushunchasining qo’llanilishi uning «soliq agenti», «soliq to’lovchining vakili» ma’nosida ham ishlatilishini nazarda tutadi.

14-modda. Vakolatli organlar

Vakolatli organlar quyidagilardir:

1) davlat soliq xizmati organlari – O’zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo’mitasi, Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar davlat soliq boshqarmalari, shuningdek tumanlar, shaharlar va shahardagi tumanlar davlat soliq inspektsiyalari;

2) bojxona organlari – O’zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo’mitasi, Davlat bojxona qo’mitasining Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri bo’yicha boshqarmalari, bojxona komplekslari va bojxona postlari;

3) moliya organlari – O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Qoraqalpog’iston Respublikasi Moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining moliya boshqarmalari, tuman va shahar hokimliklarining moliya bo’limlari;

4) boshqa majburiy to’lovlarni undirish vazifasini amalga oshiruvchi davlat organlari va tashkilotlari.



15-modda. Soliq munosabatlarining sub’ektlari

Soliq to’lovchilar va vakolatli organlar soliq munosabatlarining sub’ektlaridir.



16-modda. Yuridik va jismoniy shaxslar

Yuridik shaxs deb quyidagilar e’tirof etiladi:

O’zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq tashkil etilgan, o’z mulkida, xo’jalik yuritishida yoki operativ boshqaruvida alohida mol-mulkka ega bo’lgan hamda o’z majburiyatlari yuzasidan ushbu mol-mulk bilan javob beradigan, mustaqil balansiga yoki smetasiga ega bo’lgan, o’z nomidan mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlarga ega bo’la oladigan hamda ularni amalga oshira oladigan, majburiyatlarni bajara oladigan, sudda da’vogar va javobgar bo’la oladigan tashkilot;

chet davlatning qonun hujjatlariga muvofiq tashkil etilgan hamda O’zbekiston Respublikasida fuqarolik huquq layoqatiga ega bo’lgan xorijiy va (yoki) xalqaro tashkilot.

O’zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet davlatlar fuqarolari, shuningdek fuqaroligi bo’lmagan shaxslar jismoniy shaxslar deb e’tirof etiladi.

17-modda. Notijorat tashkilotlari

Notijorat tashkilotlari deganda foyda olishni faoliyatining asosiy maqsadi qilib olmagan va olingan daromadlarni o’z qatnashchilari (a’zolari) o’rtasida taqsimlamaydigan yuridik shaxslar tushuniladi.

Notijorat tashkilotlariga byudjet tashkilotlari, shu jumladan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, shu jumladan O’zbekiston Respublikasida davlat ro’yxatidan o’tgan xalqaro nodavlat notijorat tashkilotlari, shuningdek fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari kiradi.

18-modda. Yakka tartibdagi tadbirkor

Yakka tartibdagi tadbirkor tadbirkorlik faoliyatini yuridik shaxs tashkil etmagan holda, mustaqil ravishda, xodimlarni yollash huquqisiz, o’ziga mulk huquqi asosida tegishli bo’lgan mol-mulk negizida, shuningdek mol-mulkka egalik qilish va (yoki) undan foydalanishga yo’l qo’yadigan o’zga ashyoviy huquq asosida amalga oshiruvchi jismoniy shaxsdir.


19-modda. Rezidentlar va norezidentlar

O’zbekiston Respublikasining rezidenti deb quyidagilar e’tirof etiladi:

O’zbekiston Respublikasida davlat ro’yxatidan o’tgan yuridik shaxs;

O’zbekiston Respublikasida doimiy yashab turgan yoki joriy soliq davrida yakunlanayotgan har qanday ketma-ketlikdagi o’n ikki oylik davr ichida jami bir yuz sakson uch kun va undan ortiq muddat O’zbekiston Respublikasida turgan jismoniy shaxs.

Chet davlat fuqarosi yoki fuqaroligi bo’lmagan shaxsning quyidagilar sifatida turgan davri uning O’zbekiston Respublikasi hududida haqiqatda turgan vaqtiga kiritilmaydi:

1) diplomatik yoki konsullik maqomiga ega bo’lgan shaxs sifatida;

2) O’zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasiga ko’ra tuzilgan xalqaro tashkilotning xodimi sifatida;

3) ushbu qismning 1-bandida ko’rsatilgan shaxslarning oila a’zosi sifatida, bunday jismoniy shaxs tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirmagan taqdirda;

4) faqat bir chet davlatdan boshqa chet davlatga O’zbekiston Respublikasi hududi orqali o’tish (tranzit o’tish) uchun;

5) agar bu jismoniy shaxs O’zbekiston Respublikasida faqat turist sifatida, davolanish yoki dam olish maqsadlari bilan turgan bo’lsa.

Ushbu moddaning birinchi qismida belgilangan mezonlarga javob bermaydigan shaxs O’zbekiston Respublikasining norezidenti deb e’tirof etiladi.

20-modda. Doimiy muassasa

Norezidentning O’zbekiston Respublikasidagi doimiy muassasasi deganda norezident O’zbekiston Respublikasi hududida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan, shu jumladan faoliyatni vakolatli shaxs orqali amalga oshirayotgan har qanday joy e’tirof etiladi.

«Doimiy muassasa» tushunchasi faqat soliq sohasidagi maqomni aniqlash uchun qo’llaniladi va tashkiliy-huquqiy ahamiyatga ega emas.

«Doimiy muassasa» tushunchasi quyidagilarni o’z ichiga oladi:

1) tovarlarni ishlab chiqarish, qayta ishlash, butlash, qadoqlash, o’rash-joylash, realizatsiya qilish bilan bog’liq faoliyat amalga oshiriladigan har qanday joyni;

2) har qanday boshqaruv joyi, vakolatxona, filial, bo’lim, byuro, idora, ofis, xona, agentlik, fabrika, ustaxona, tsex, laboratoriya, do’kon, omborni;

3) tabiiy resurslarni qazib olish bilan bog’liq faoliyat amalga oshiriladigan har qanday joyni: shaxta, kon, neft va (yoki) gaz qudug’ini, karerni;

4) quvur, gaz quvuri, tabiiy resurslarni qidirish va (yoki) ishlatish, asbob-uskunalarni o’rnatish, montaj qilish, yig’ish, sozlash, ishga tushirish va (yoki) ularga xizmat ko’rsatish bilan bog’liq faoliyat (shu jumladan nazorat yoki kuzatuv faoliyati) amalga oshiriladigan har qanday joyni;

5) o’yin avtomatlari (shu jumladan pristavkalar), kompyuter tarmoqlari va aloqa kanallari, attraktsionlar, transport yoki boshqa infratuzilmadan foydalanish bilan bog’liq faoliyat amalga oshiriladigan har qanday joyni;

6) qurilish maydonini (qurilish, montaj qilish yoki yig’ish ob’ektini), shuningdek ushbu ob’ektlarda ishlarning bajarilishini kuzatib borish bilan bog’liq xizmatlarni. Har bir qurilish maydoni ishlar boshlangan kundan e’tiboran alohida doimiy muassasani tashkil etuvchi sifatida qaraladi. Agar yordamchi pudratchilar O’zbekiston Respublikasining boshqa norezidentlari bo’lsa, ularning faoliyati ham shu qurilish maydonida ishlar boshlangan kundan e’tiboran yordamchi pudratchilarning alohida doimiy muassasasi sifatida qaraladi;

7) O’zbekiston Respublikasining norezidenti bilan shartnoma munosabatlari asosida O’zbekiston Respublikasida uning manfaatlarini ifoda etuvchi, shu jumladan O’zbekiston Respublikasi hududida O’zbekiston Respublikasining ushbu norezidenti nomidan faoliyat ko’rsatuvchi, O’zbekiston Respublikasining shu norezidenti nomidan kontraktlar tuzish vakolatiga ega bo’lgan va undan muntazam foydalanuvchi shaxs orqali faoliyatni amalga oshirishni;

8) O’zbekiston Respublikasi hududida joylashgan va O’zbekiston Respublikasining norezidentiga tegishli bo’lgan, u tomonidan ijaraga olinayotgan yoki boshqacha tarzda foydalanilayotgan omborlardan (shu jumladan bojxona omborlaridan) tovarlarni realizatsiya qilishni;

9) boshqa ishlarni amalga oshirishni, o’zga xizmatlar ko’rsatishni, boshqa faoliyatni olib borishni, ushbu moddaning beshinchi qismida nazarda tutilgan faoliyat bundan mustasno.

Yo’llar qurilishi yoki foydali qazilmalarni qidirish kabi muayyan hollarda, ya’ni faoliyat olib boriladigan joy muntazam o’zgarib turadigan hollarda, doimiy joyni belgilashning boshqa mezonlaridan foydalaniladi. Bunday hollarda butun loyiha uning ko’chma xususiyatidan qat’i nazar, doimiy muassasa sifatida qaraladi.

«Doimiy muassasa» tushunchasi quyidagilarni o’z ichiga olmaydi:

1) tayyorgarlik va yordamchi xususiyatga ega bo’lgan faoliyatni amalga oshirishni, ular jumlasiga, xususan, quyidagilar kiradi:

O’zbekiston Respublikasining norezidentiga tegishli tovarlarni realizatsiya qilish boshlanguniga qadar binolardan faqat mazkur tovarlarni saqlash, namoyish etish va (yoki) etkazib berish maqsadlarida foydalanish;

O’zbekiston Respublikasining norezidentiga tegishli tovarlar zaxiralarini tovarlar realizatsiya qilinguniga qadar mazkur zaxiralarni faqat saqlash, namoyish etish va (yoki) etkazib berish maqsadida saqlab turish;

doimiy faoliyat joyini faqat O’zbekiston Respublikasining norezidenti tomonidan tovarlarni xarid qilish maqsadlari uchun saqlab turish;

doimiy faoliyat joyini faqat axborot to’plash, ularga ishlov berish va (yoki) tarqatish (sotish huquqisiz), O’zbekiston Respublikasi norezidentining tovarlari (ishlari, xizmatlari) marketingini olib borish, ularni reklama qilish yoki ularning bozorini o’rganish uchun, agar bunday faoliyat norezidentning asosiy faoliyati bo’lmasa, saqlab turish;

doimiy faoliyat joyini faqat ushbu bandda sanab o’tilgan faoliyat turlarining har qanday kombinatsiyasini amalga oshirish uchun, bunday kombinatsiya natijasida vujudga kelgan faoliyat majmui tayyorgarlik yoki yordamchi xususiyatga ega bo’lishi sharti bilan saqlab turish;

2) mustaqil vositachi: broker, vositachi, ishonchli shaxs, qimmatli qog’ozlar bozorining professional ishtirokchisi yoki vositachilik, topshiriq shartnomasi yoki shunga o’xshash boshqa shartnoma asosida faoliyat ko’rsatuvchi va O’zbekiston Respublikasining norezidenti nomidan kontraktlarga imzo qo’yish vakolati berilmagan har qanday boshqa shaxs orqali faoliyatni amalga oshirishni. Mustaqil vositachi deganda o’zining odatiy (asosiy) faoliyati doirasida ish olib boradigan hamda O’zbekiston Respublikasining norezidentidan yuridik va iqtisodiy jihatdan mustaqil bo’lgan shaxs tushuniladi;

3) tovarlarni O’zbekiston Respublikasiga olib kirish yoki O’zbekiston Respublikasidan olib chiqish operatsiyalarini, shu jumladan faqat O’zbekiston Respublikasining norezidenti nomidan tuziladigan va O’zbekiston Respublikasida tovarlarni xarid qilish, shuningdek tovarlarni O’zbekiston Respublikasiga eksport qilish bo’yicha operatsiyalar bilan bog’liq tashqi savdo kontraktlari doirasida operatsiyalarni amalga oshirishni;

4) O’zbekiston Respublikasi norezidenti tomonidan qimmatli qog’ozlarga, yuridik shaxslar – O’zbekiston Respublikasi rezidentlari ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlarga, shuningdek O’zbekiston Respublikasi hududidagi boshqa mol-mulkka egalik qilishni. Agar O’zbekiston Respublikasining norezidenti bunday yuridik shaxs zimmasiga vakillik vazifalarini ham yuklasa, ushbu qismning 1-bandiga muvofiq tayyorgarlik yoki yordamchi xususiyatga ega bo’lgan vazifalar bundan mustasno, bunday yuridik shaxs mustaqil soliq to’lovchi bo’lishi bilan birga bir vaqtning o’zida O’zbekiston Respublikasi norezidentining doimiy muassasasi sifatida ham qaraladi;

5) ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan doimiy muassasaning belgilari mavjud bo’lmagan taqdirda, O’zbekiston Respublikasi norezidenti tomonidan O’zbekiston Respublikasi hududida ishlash uchun yuridik shaxs – O’zbekiston Respublikasining rezidentiga yoki O’zbekiston Respublikasida doimiy muassasa orqali faoliyatini amalga oshiruvchi O’zbekiston Respublikasining boshqa norezidentiga xodimlar ajratishni, agar bunday xodimlar faqat ular o’zlari yuborilgan tashkilot nomidan va uning manfaatlarini ko’zlab ish ko’rsalar.

Ishlarni bajarish, xizmatlar ko’rsatish boshlangan kunni qat’iy belgilash mumkin bo’lsa, doimiy muassasa shu kunda tashkil etilgan deb hisoblanadi. Agar bunday kunni qat’iy belgilash mumkin bo’lmasa, quyida keltirilayotgan kunlardan biri doimiy muassasa tashkil etilgan kun deb hisoblanadi:

ishlar bajarish, xizmatlar ko’rsatish boshlanadigan, kontraktda ko’rsatilgan kun;

agar litsenziya muayyan kontrakt bo’yicha biron bir ishni bajarish yoki xizmatlar ko’rsatish maqsadida olingan bo’lsa, litsenziyaning amal qilishi boshlanadigan kun.

Ushbu modda oltinchi qismining ikkinchi va uchinchi xatboshilarida ko’rsatilgan harakatlardan eng oldingisi sodir etilganda, doimiy muassasa tashkil etilgan deb hisoblanadi.

Qurilish maydoni (qurilish, montaj qilish yoki yig’ish ob’ekti) pudratchiga maydonni topshirish to’g’risidagi dalolatnoma imzolangan paytdan e’tiboran O’zbekiston Respublikasi norezidentining doimiy muassasasini tashkil etadi.

Doimiy muassasa shu muassasa orqali olib borilayotgan faoliyat tugatilgan paytdan e’tiboran tugatilgan hisoblanadi. Agar mazkur paytni qat’iy aniqlab bo’lmasa, quyida keltirilayotgan kunlarning eng keyingisi doimiy muassasaning faoliyati tugatilgan kun deb hisoblanadi:

bajarilgan ishlar, ko’rsatilgan xizmatlar dalolatnomasi imzolangan kun;

O’zbekiston Respublikasi norezidentining doimiy muassasasi tomonidan bajarilgan ishlar, ko’rsatilgan xizmatlarga haq to’lash uchun oxirgi hisobvaraq berilgan kun;

yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig’ining yakuniy hisob-kitobi O’zbekiston Respublikasi davlat soliq xizmati organlariga amalda taqdim etilgan kun.


21-modda. Moliyaviy ijara
Moliyaviy ijara mol-mulkni (moliyaviy ijara ob’ektini) shartnoma asosida egalik qilish va foydalanishga o’n ikki oydan ortiq muddatga topshirishda vujudga keladigan hamda quyidagi talablardan biriga javob beradigan ijara munosabatlaridir:

moliyaviy ijara shartnomasining muddati tugagach, moliyaviy ijara ob’ekti ijara oluvchining mulkiga o’tsa;

moliyaviy ijara shartnomasining muddati moliyaviy ijara ob’ekti xizmat muddatining 80 foizidan ortiq bo’lsa yoki moliyaviy ijara ob’ektining moliyaviy ijara shartnomasi tugaganidan keyingi qoldiq qiymati uning boshlang’ich qiymatining 20 foizidan kam bo’lsa;

moliyaviy ijara shartnomasining muddati tugagach, ijaraga oluvchi moliyaviy ijara ob’ektini shu huquqni amalga oshirish sanasidagi bozor qiymatidan past narx bo’yicha sotib olish huquqiga ega bo’lsa;

moliyaviy ijara shartnomasining amal qilishi davrida ijara to’lovlarining joriy diskontlangan qiymati moliyaviy ijara ob’ektining uzoq muddatli ijaraga topshirish paytidagi joriy qiymatining 90 foizidan oshib ketsa. Joriy diskontlangan qiymat buxgalteriya hisobi to’g’risidagi qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi.

22-modda. Ushbu Kodeksda qo’llaniladigan boshqa tushunchalar

Ushbu Kodeksda qo’llaniladigan boshqa tushunchalar:



asosiy ish joyi – ish beruvchi mehnat to’g’risidagi qonun hujjatlariga muvofiq xodimning mehnat daftarchasini yuritishi shart bo’lgan ish joyi;

asosiy faoliyat turi – yuridik shaxsning umumiy realizatsiya qilish hajmidagi tushum ulushi ustunlik qiladigan faoliyati;

byudjetdan ajratiladigan subsidiya – davlat tomonidan muayyan maqsadlar uchun byudjet hisobidan beriladigan pul mablag’lari;

grant – davlatlar, davlatlarning hukumatlari, xalqaro va chet el hukumatga qarashli tashkilotlar tomonidan, shuningdek O’zbekiston Respublikasi Hukumati belgilaydigan ro’yxatga kiritilgan xalqaro va chet el nohukumat tashkilotlari tomonidan O’zbekiston Respublikasiga, O’zbekiston Respublikasi Hukumatiga, fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlariga, yuridik va jismoniy shaxslarga beg’araz asosda beriladigan mol-mulk, shuningdek chet el fuqarolari va fuqaroligi bo’lmagan shaxslar tomonidan O’zbekiston Respublikasiga hamda O’zbekiston Respublikasi Hukumatiga beg’araz asosda beriladigan mol-mulk;

dividendlar – aktsiyalar bo’yicha to’lanishi lozim bo’lgan daromad; yuridik shaxs tomonidan uning muassislari o’rtasida (ishtirokchilari, a’zolari o’rtasida ularning ulushlari, paylari, hissalari bo’yicha) taqsimlanadigan sof foydaning bir qismi; yuridik shaxs tugatilganda mol-mulkni taqsimlashdan olingan, shuningdek muassis (ishtirokchi, a’zo) tomonidan yuridik shaxsda ishtirok etish ulushini (payini, hissasini) olgandagi daromadlar, bundan muassis (ishtirokchi, a’zo) ustav fondiga (ustav kapitaliga) hissa sifatida kiritgan mol-mulkning qiymati chegiriladi;

ijara (lizing) to’lovi – ijarachi (lizing oluvchi) tuzilgan ijara (lizing) shartnomasi asosida ijaraga beruvchiga (lizing beruvchiga) to’laydigan summa;

ijaraga beruvchining (lizing beruvchining) foizli daromadi – buxgalteriya hisobi to’g’risidagi qonun hujjatlariga muvofiq aniqlanadigan ijara (lizing) to’lovi summasi bilan ijara (lizing) ob’ektining qiymatini qoplash summasi o’rtasidagi farq ko’rinishidagi ijara (lizing) to’lovining bir qismi;

insonparvarlik yordami – aholining ijtimoiy jihatdan nochor guruhlariga tibbiy va ijtimoiy yordam ko’rsatish, ijtimoiy soha muassasalarini qo’llab-quvvatlash, tabiiy ofatlar, falokatlar va halokatlar, epidemiyalar, epizootiyalar va boshqa favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda ularni bartaraf etish uchun aniq maqsadli beg’araz ko’maklashish. Insonparvarlik yordami dori vositalari va tibbiy ahamiyatga molik buyumlar, xalq iste’moli tovarlari, boshqa tovarlar, shu jumladan asbob-uskunalar, transport va texnika, shuningdek ixtiyoriy ravishdagi xayr-ehsonlar, bajarilgan ishlar va xizmatlar, shu jumladan insonparvarlik yordami yuklarini tashish, kuzatib borish va saqlash tariqasida beriladi hamda O’zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan vakolatli tashkilotlar orqali taqsimlanadi;

ishlarni (xizmatlarni) eksport qilish – ishlarni bajarish (xizmatlar ko’rsatish) joyidan qat’i nazar O’zbekiston Respublikasining yuridik yoki jismoniy shaxsi tomonidan chet davlatning yuridik yoki jismoniy shaxsi uchun ishlarni bajarish, xizmatlar ko’rsatish;

kredit tashkilotlari – tegishli litsenziyaga ega bo’lgan banklar, kredit uyushmalari, mikrokredit tashkilotlari, lombardlar va boshqa kredit tashkilotlari;

kurs bo’yicha farq – milliy valyutaga nisbatan chet el valyutasi kursining o’zgarishi munosabati bilan chet el valyutasida amalga oshirilgan operatsiyalarda vujudga keladigan (ijobiy, salbiy) farq;

mol-mulk – egalik qilish, foydalanish, tasarruf etish predmetlari bo’la oladigan moddiy ob’ektlar, shu jumladan pul mablag’lari va qimmatli qog’ozlar hamda nomoddiy ob’ektlar. Ob’ektlarni mol-mulk jumlasiga kiritish fuqarolik qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi;

oila a’zolari – er (xotin), ota-onalar yoki farzandlikka oluvchilar va bolalar, shu jumladan farzandlikka olinganlar;

operativ ijara – moliyaviy ijara shartnomasi bo’lmagan mulkiy ijara (ijaraga berish) shartnomasi asosida mol-mulkni vaqtincha egalik qilish va foydalanishga berish;

realizatsiya qilish – sotish, ayirboshlash, beg’araz berish maqsadida tovarlarni jo’natish (topshirish), ishlarni bajarish va xizmatlar ko’rsatish, shuningdek garovga qo’yilgan tovarlarga bo’lgan mulk huquqini garovga qo’yuvchi tomonidan garovga oluvchiga topshirish. Hisobvaraq-fakturalar, ishlar bajarilganligi yoki xizmatlar ko’rsatilganligi to’g’risidagi dalolatnomalar, tovarlar jo’natilganligini (topshirilganligini), ishlar bajarilganligini, xizmatlar ko’rsatilganligini tasdiqlovchi kvitantsiyalar, cheklar va boshqa hujjatlar realizatsiya qilganlikni tasdiqlovchi hujjatlardir;

royalti – quyidagilar uchun har qanday turdagi to’lovlar:

fan, adabiyot va san’at asarlaridan, shu jumladan elektron-hisoblash mashinalari uchun dasturlar, audiovizual asarlardan hamda turdosh huquqlar ob’ektlaridan, jumladan ijrolar va fonogrammalardan foydalanganlik yoxud ulardan foydalanish huquqini berganlik uchun;



sanoat mulki ob’ektiga, savdo markasiga, dizayn yoki modelga, rejaga, maxfiy formula yoki jarayonga bo’lgan huquqni tasdiqlovchi patentdan (guvohnomadan) yoxud sanoat, tijorat yoki ilmiy tajribaga taalluqli axborotdan (nou-xaudan) foydalanganlik uchun;

savdo faoliyati – qayta sotish maqsadida olingan tovarlarni sotishga doir faoliyat;

soliq solishning soddalashtirilgan tartibi – soliq solishning ayrim toifadagi soliq to’lovchilar uchun belgilanadigan hamda ayrim turdagi soliqlarni hisoblab chiqarish va to’lashning, shuningdek ular yuzasidan soliq hisobotini taqdim etishning maxsus qoidalari qo’llanilishini nazarda tutuvchi alohida tartibi;

soliq qarzi – soliqlar va boshqa majburiy to’lovlar bo’yicha qarz summasi, shu jumladan ushbu Kodeksda belgilangan muddatida to’lanmagan moliyaviy sanktsiyalar;

sof tushum – tovarlar (ishlar, xizmatlar) narxida hisobga olinadigan qo’shilgan qiymat solig’ini hamda aktsiz solig’i summalarini kiritmagan holda tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushum;

sof foyda – soliqlar va boshqa majburiy to’lovlar to’langanidan keyin yuridik shaxs ixtiyorida qoladigan foyda;

tannarx – mahsulot ishlab chiqarish, ishlar bajarish, xizmatlar ko’rsatishda foydalaniladigan moddiy resurslarning, asosiy fondlarning, mehnat resurslarining, shuningdek tovarlar ishlab chiqarish, ishlar bajarish, xizmatlar ko’rsatish jarayonini amalga oshirish uchun zarur bo’lgan boshqa turdagi xarajatlarning qiymat bahosi. Tannarx buxgalteriya hisobi to’g’risidagi qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi;

tovar oboroti – muayyan davr ichida savdo faoliyatini amalga oshirish chog’ida tovarlarni sotishdan olingan (olinishi lozim bo’lgan), pulda ifodalangan mablag’lar;

tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushum – realizatsiya qilingan tovarlar (ishlar, xizmatlar) uchun olingan (olinishi lozim bo’lgan) mablag’lar summasi, shu jumladan realizatsiya qilingan tovarlar (ishlar, xizmatlar) uchun haq to’lash yoki qarzni uzish hisobiga tushadigan mol-mulk qiymati;

tovarlarni eksport qilish – O’zbekiston Respublikasining bojxona hududidan tovarlarni, agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo’lsa, qayta olib kirish majburiyatisiz olib chiqish;

to’lov manbai – soliq to’lovchiga to’lovlarni amalga oshiruvchi yuridik shaxs;

umidsiz qarz – sud qaroriga binoan majburiyatlarning tugatilishi, qarzdorning bankrotligi, tugatilishi yoki vafot etishi oqibatida yoxud da’vo qilish muddati o’tishi oqibatida uzish mumkin bo’lmagan qarz;

favqulodda holatlar – taraflarning xohish-irodasi va harakatlariga bog’liq bo’lmagan, tabiat hodisalari (zilzila, ko’chkilar, bo’ron, qurg’oqchilik va boshqalar), boshqa tabiiy ofatlar yoki ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatlar (urush holati, qamal holati, davlat manfaatlarini ko’zlab importni hamda eksportni taqiqlash va boshqalar) keltirib chiqargan muayyan sharoitlardagi favqulodda, oldini olib bo’lmaydigan va kutilmagan holatlar bo’lib, qabul qilingan majburiyatlar shular tufayli bajarila olmaydi;

foizlar – har qanday turdagi qarz talablaridan olingan daromad, shu jumladan obligatsiyalar va boshqa qimmatli qog’ozlar, shuningdek depozit qo’yilmalar va boshqa qarz majburiyatlaridan olingan daromad;

yutuq – lotereyalar, o’yinlar, tanlovlar, musobaqalar (olimpiadalar), festivallar va shu kabi boshqa tadbirlarda olingan, natura holida yoki pulda ifodalangan to’lovlar, sovrinlar va boshqa daromadlar;

yaqin qarindoshlar – er, xotin, ota-ona, bolalar, tug’ishgan hamda o’gay aka-uka va opa-singillar, bobolar, buvilar, nevaralar;

O’zbekiston Respublikasi soliq to’lovchilarining yagona reestri – soliq to’lovchilarga oid davlat ma’lumotlar bazasi tizimi;

qayta ishlashga berilgan xom ashyo va materiallar – buyurtmachiga tegishli xom ashyo va materiallar bo’lib, buyurtmachi ularni mahsulot ishlab chiqarish uchun boshqa shaxsga sanoat asosida qayta ishlashga beradi hamda tuzilgan shartnomaga muvofiq mahsulot keyinchalik buyurtmachiga qaytariladi;

hujjat bilan tasdiqlangan xarajatlar – operatsiya sanasini, summasini, xususiyatini aniqlash va uning ishtirokchilarini identifikatsiya qilish imkonini beradigan hujjatlar bilan tasdiqlangan xarajatlar.
1   ...   19   20   21   22   23   24   25   26   ...   31


Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©atelim.com 2016
rəhbərliyinə müraciət