Ana səhifə

Soliqlar va soliqqa tortish


Yüklə 1.88 Mb.
səhifə16/31
tarix26.06.2016
ölçüsü1.88 Mb.
1   ...   12   13   14   15   16   17   18   19   ...   31

2. Soliqlarning umumiy belgilari va boshqa iqtisodiy kategoriyalardan farqi

U yoki bu iqtisodiy kategoriyaning mohiyatini chuqurroq anglash uchun unga xos umumiy belgilarni aniqlash lozim bo‘ladi. Masalan, kredit iqtisodiy kategoriya sifatida muddatlilik, qaytarishlik, muayyan miqdorda ustama haq (foiz) to‘lash kabi umumiy belgilarga egaki, ushbu belgilar kredit kategoriyasi mohiyatini kengroq yoritish uchun xizmat qiladi. Xuddi shu kabi soliq kategoriyasi ham bir qator o‘ziga xos belgilarga egaki, ushbu belgilar soliqlarning boshqa to‘lovlardan farqlash uchun xizmat qiladi.

Shuni alohida qayd etish lozimki, soliqlarning belgilari borasida ham iqtisodchi olimlar tomonidan turli xil fikrlar mavjud. Masalan, prof. Q. Yahyoev soliqlarni umumiy belgilari sifatida quyidagilarni asoslaydi.

1. Soliqlar va yig‘imlar majburiy bo‘lib, bunda davlat soliq to‘lovchining bir qism daromadlarini majburiy badal sifatida byudjetga olib qo‘yadi. Bu majburiylik Oliy Majlis tasdiqlab bergan Soliq Kodeksining qoidalari asosida amalga oshiriladi. Demak, majburiylik belgisi huquqiy jihatdan davlat tomonidan kafolatlanadi.

2. Soliqlar xazinaga davlat byudjetiga tushadi. Ammo boshqa turdagi to‘lovlar «Umid», «Ekosan» kabi jamg‘armalarga tushishi soliq munosabatlarini aks ettirmaydi.

3. Soliqlar qat’iy belgilangan va doimiy harakatda bo‘ladi. Tarixan asrlab o‘zgarmay harakatda bo‘lgan soliqlar mavjud. Uning ilmiy asosi qancha chuqur bo‘lsa, shuncha qat’iy va uzoq yillar o‘zgarmasdan harakat qiladi.

4. Davlatga to‘langan soliq summasi to‘lovchining o‘ziga to‘liq qaytmaydi, ya’ni u ekvivalentsiz pul to‘lovidir.19

Rus iqtisodchisi A.Medvedev o‘zining «Soliqlarni qanday rejalashtirmoq kerak» nomli kitobida soliqlarga xos bo‘lgan ikki belgini, ya’ni majburiylik va ekvivalentsizlik kabi belgilarni qayd etadi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, bizningcha soliqlarning umumiy belgilarini quyidagicha ifodalash mumkin:

1. Soliq to‘lovchi pulning u yoki bu summasini davlatga to‘lap ekan, buning evaziga bevosita biron-bir tovar yoxud xizmat olmaydi. Alohida olingan soliq to‘lovchi tomonidan to‘langan soliq miqdori bilan u iste’mol qiladigan ijtimoiy ne’matlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqlik mavjud bo‘lmaydi. Xuddi ana shu xususiyatiga ko‘ra soliq narxdan, (tovar yoki xizmatlarni ixtiyoriy iste’mol qilganligi uchun to‘lanadigan haq sifatida) ruxsatnoma (litsenziya) lar va vositachilik yig‘imlaridan farq qiladi, chunki bular majburiy yoki ixtiyoriy to‘lovlar hisoblansada, biroq hamma vaqt hukumat tomonidan ko‘rsatilgan xizmatdan muayyan foyda (naf) ko‘rilishi bilan bog‘liqdir.

Davlatga to‘lanadigan soliqlar bilan uning evaziga olinadigan iqtisodiy va ijtimoiy ne’mat­lar o‘rtasida bevosita, har bir kishining ko‘zi ilg‘aydigan bog‘liqlikning yo‘qligi soliq to‘lovchilar soliqqa tortishni yuk sifatida baholashlari uchun sabab bo‘ladi, vaholangki, ular soliqlar hisobidan qilinadigan davlat xarajatlarining yo‘nalishini ma’qullashlari ham mumkin.

Alohida olingan soliq to‘lovchi odatda jamiyat va o‘zining ko‘rgan foydasi yoki manfaatini to‘lagan soliqlari bilan solishtirib o‘tirmaydi. Bu shunga olib keladiki, oqibatda fuqarolarning bir qismi soliqlar to‘lashdan buyin tovlashga, o‘z daromadlarini yashirishga urinadi. Davlat o‘z fuqarolaridan yig‘ib olgan soliqlarni samarali va oshkora tarzda ishlatsa hamda fuqarolarning aksariyat qismi davlatning iqtisodiy ijtimoiy va boshqa dasturlarini o‘z mablag‘lari hisobidan pul bilan ta’minlashga rozi bo‘lgandagina yuksak soliq axloqi tamoyillari yuzaga keladi.

2. Soliqlar majburiy to‘lovlar hisoblanadi. Soliqlarning to‘liq miqdorda va o‘z vaqtida to‘lanishi uchun javobgarlik soliq to‘lovchilar zimmasiga yuklangan bo‘lsada, ular ixtiyoriy emas, majburiy ravishda to‘laydilar, davlat soliq to‘lashdan bo‘yin tovlaganlarni qattiq jazolaydi.

3. Davlat foydasiga soliq to‘lash orqali daromadning avvaldan belgilab qo‘yilgan, eng muhimi, qonuniy tartibda ko‘zda tutilgan qismi undirib olinadi. Ko‘pgina davlatlarning, shu jumladan, O‘zbekistonning ham qonunlarida soliqlarni belgilash va ularning hajmlarini aniqlashga faqat Oliy qonun chiqaruvchi hokimiyat yoki uning tomonidan vakolat berilgan organlar haqlidirlar, deb mustaxkamlab qo‘yilgan. O‘zining xohish-istagiga qarab yangi soliqlar belgilash yoki ularning hajmlarini aniqlashga hech kimning haqqi yo‘q. To‘lovlarning qonuniy, ochiq-oydin xususiyatga ega bo‘lishi soliqlarning bosh tavsifi hisoblanadi.

4. Soliqlarning yana bir belgisi ularning davlat yoki mahalliy byudjetga kelib tushishidir, ya’ni soliqlar byudjetdan tashqari fondlar yoki turli xil boshqa fondlarga kelib tushmaydi.

5. Soliqlarga xos bo‘lgan umumiy belgilardan biri sifatida davlat hamda yuridik va jismoniy shaxslar o‘rtasida mulkchilikni qayta taqsimlash jarayonini yuzaga kelishidir. Soddaroq qilib aytganda korxonalar va aholidan olinadigan soliqlar, aslida ular mulkining ma’lum bir qismini davlat hisobiga o‘tkazilishini bildiradi. Bu bilan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga tegishli bo‘lgan mulk daromad shaklida majburiy to‘lov bo‘lib, davlat mulkiga aylanadi.

Demak, yuqorida qayd etilgan soliqlarga xos bo‘lgan umumiy belgilar ularni iqtisodiy mohiyatini ochishga xizmat qiladi. Soliq kategoriyasi boshqa iqtisodiy kategoriyalar: moliya, kredit, sug‘urta, investitsiya kabilar bilan umumiy o‘xshashlikka ega, ya’ni ularning barchasi pulli munosabatlarni ifodalaydi. Lekin soliqlarning o‘ziga xos yuqorida qayd etilgan belgilari mavjudki, ushbu belgilar soliqlarni boshqa iqtisodiy kategoriyalardan farqlash uchun xizmat qiladi.
3. Soliqlarning funktsiyalari va vazifalari

Soliqlarning iqtisodiy mohiyati davlat bilan huquqiy va jismoniy shaxslar o‘rtasida vujudga keluvchi ob’ektiv majburiy to‘lovlarga asoslangan moliyaviy munosabatlar orqali xarakterlanadi. Bu moliyaviy munosabatlar maxsus ijtimoiy xarakterga ega bo‘lib, milliy daromadning bir qismi bo‘lgan pul mablag‘larini davlat ixtiyoriga safarbar qilishga xizmat qiladi.

Soliqlarning mohiyati ularning bajaradigan funktsiyalaridan kelib chiqadi. Har bir iqtisodiy kategoriyaning o‘z funktsiyasi mavjud. Soliq ham mustaqil kategoriya sifatida o‘zi bajaradigan funktsiyalarga ega bo‘lib, bu funktsiyalar soliq kategoriyasining amaldagi xarakatini ifodalaydi. Funktsiya deganda, odatda, kategoriyaning hayotda ko‘p qaytariladigan, takrorlanadigan doimiy xarakatlarini tushunish lozim.

Soliqlarning funktsiyalari to‘g‘risida turli xil qarashlar mavjud. Sobiq sotsialistik mamlakatlar iqtisodchilari o‘rtasida soliqlar ikki funktsiyani bajaradi, degan qarash keng tarqalgan edi. Bu ikki funktsiya sifatida fiskal va nazorat funktsiyalari tan olinardi. Ularning fikriga ko‘ra eng asosiy funktsiya bu soliqlarning fiskal funktsiyasidir, chunki usiz nazorat funktsiyasining mavjud bo‘lishi mumkin emas.

G‘arb iqtisodchilari ko‘pchiligining nazariyalari angliyalik iqtisodchi J.Keynsning kontseptsiyasiga asoslanadi. By kontseptsiyaga ko‘ra soliqlar fiskal funktsiyasidan tashqari iqtisodiyotni tartibga solish, rag‘batlantirish va daromadlarni boshqarish vositasi funktsiyalariga ega, soliqning bu funktsiyalari uni iqtisodiyotni tartibga solish va iqtisodiy barqaror o‘sishni ta’minlash vositasi sifatida foydalanish zarurligidan kelib chiqadi.

Neokeynschilik yo‘nalishi vakillari bo‘lgan L.Xarrot, N.Kaldor, A.Xansen va P.Samuelsonlarning fikriga ko‘ra soliqlar iqtisodiyotni tartibga solish funktsiyasiga ega. Ular soliq stavkalarini o‘zgartirish va turli imtiyozlar berish yo‘li bilan bu funktsiyani bajarish mumkin deb hisoblaydilar.

Soliqlarning daromadlarni boshqarish funktsiyasini yuzaga kelishiga frantsuz iqtisodchisi E.De Jirardenning nazariyasi asos bo‘lgan. Bu nazariyaga ko‘ra, soliqlar yordamida soliqqa tortishning progressiv shkalasini qo‘llash yo‘li bilan jamiyat a’zolari o‘rtasidagi mulkiy tengsizlikka barham berish mumkin. Hozirgi kunda bu nazariyaning davomchilari bo‘lib, amerikalik iqtisodchilar A.Ilersik, G.Koul, frantsuz iqtisodchilari M.Klyudo, J.Furaste hisoblanishadi. Ularning fikriga ko‘ra, davlat soliqlardan va transfert to‘lovlaridan foydalanish yo‘li bilan jamiyat milliy daromadini kambag‘allar foydasiga qayta taqsimlaydi. Bu nazariyalar soliqlarning daromadlarni tartibga solish funktsiyasi mavjud degan xulosa kelib chiqishiga sabab bo‘ldi.

Malmiginning fikriga ko‘ra soliqlar uch funktsiyani bajaradi, ya’ni fiskal, taqsimlash va rag‘batlantirish. Uning fikriga ko‘ra birinchi funktsiya davlat daromadlari manbalarining tashkil topishi bilan bog‘liq, ikkinchisi huquqiy va jismoniy shaxslarning daromadlarini taqsimlashni nazarda tutadi. Rag‘batlantirish funktsiyasi turli imtiyozlar va engilliklar berish yuli bilan amalga oshiriladi.20

O‘z-o‘zidan ko‘rinib turibdiki, G‘arb iqtisodiy adabiyotlaridagi daromadlarni boshqarish funktsiyasi I.Malmiginda taqsimlash funktsiyasi sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Soliqlarning funktsiyalari ularning mohiyatini amaliyotda harakat qilayotganligini ko‘rsatadi. Shunday ekan, funktsiya doimo yashab, soliq mohiyatini ko‘rsatib turishi zarur. Bugun paydo bo‘lib ertaga yo‘q bo‘lib ketadigan holatlar soliq funktsiyasi bo‘la olmaydi. Demak, funktsiya kategoriyasi doimiy, qat’iy takrorlanib turadigan voqe’likni ifodalaydi. Shunday uslubiy yondashishdan kelib chiqib soliqlar funktsiyasini aniqlash kerak.

Soliqlarning funktsiyalari masalasida katta bahslashuvlar mavjud, lekin yagona bir fikrga kelingan emas. Ko‘pchilik iqtisodchilar soliqlarga fiskal, boshqaruvchi, rag‘batlantiruvchi, nazorat funktsiyalari xos deb ta’rif berishadi.

Bizning fikrimizcha, soliqlarning quyidagi asosiy funktsiyalarini ajratib ko‘rsatish maqsadga muvofiqdir:

1. Soliqning fiskal funktsiyasi

2. Tartibga solish funktsiyasi.

3. Rag‘batlantirish funktsiyaschi

4. Soliqning nazorat funktsiyasi.

5. Soliqni hisoblash jarayonini axborot bilan ta’minlash funktsiyasi.

1. Soliqlarning asosiy funktsiyasi - fiskal funktsiya hisoblanib (lotincha fiscus so‘zidan olingan bo‘lib, xazina degan ma’noni anglatadi), bu funktsiyaning mohiyati shundan iboratki, soliqlar yordamida davlatning moliya resurslari hosil qilinadi hamda davlat faoliyat ko‘rsatishi uchun moddiy sharoit yaratiladi. Soliqlar orqali korxonalar va fuqarolar daromadining bir bo‘lagini davlat apparatini, mamlakat mudofaasini, noishlab chiqarish sohasining umuman o‘z daromadlari manbaiga ega bo‘lmagan qismini (ko‘pgina madaniyat muassasalari, jumladan, kutubxonalar, arxivlar va boshqalar) yoki lozim darajada rivojlanishini ta’minlash uchun o‘zining mablag‘i etishmaydigan tarmoqlarni (fundamental opgan, teatrlar, muzeylar, ko‘plab o‘quv yurtlari va hokazo) saqlab turish maqsadida undirib olish yo‘li bilan davlat byudjetining daromad qismini shakllantirish soliqlar fiskal funktsiyasining eng muhim elementi hisoblanadi.

Ishlab chiqarishning rivojlanishi bilan fiskal funktsiyaning ahamiyati oshib boradi. Ishlab chiqarish ijtimoiy tusdaligining chuqurlashishi fan-texnika taraqqiyotining rivojlanish munosabati bilan asosan soliqlar hisobiga shakllantiriladigan moliyaviy resurslar oqimini ko‘paytirishning real zarurati yuzaga keladi. Davlat iqtisodiy va ijtimoiy tadbirlarga ko‘proq e’tibor bergan sari ko‘p moliyaviy resurslarni sarflamoqda, lekin soliq tizimi o‘zining fiskal funktsiyasi vazifalarini bajarishi jarayonida ishlab chiqarish o‘sishiga, jamg‘arish jarayoniga halal bermasligi, ijtimoiy adolatni buzmasligi hamda xalq xo‘jaligining umumiy tuzilmasida buzilishlar va chetga chiqishlar sodir bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasligi, bozor jarayoniga putur etkazmasligi kerak.

Soliqlarning ushbu funktsiyasi orqali hosil bo‘ladigan pul resurslari davlat fondi (davlat byudjeti) orqali qayta taksimlanadi, ular ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirishga, ustuvor tarmoqlarni investitsiyalashga yo‘naltiriladi.

Jahon amaliyotida ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan shaxslar uchun soliq imtiyozlari va yuqori daromad oluvchi shaxslar uchun progressiv stavkalar belgilash ham qo‘llanadi, ya’ni aholining kam daromad oladigan qismini ijtimoiy himoya qilish maqsadida daromadlarni bir qismi qayta taqsimlanadi. Bunday yondashuvlar soliqqa tortiladigan daromad aniqlanayotganida soliqqa tortilmaydigan minimum miqdoridagi daromad qo‘shilmaydi, ayni paytda ortiqcha daromadlar soliqqa yuqori progressiv stavkalar bo‘yicha tortiladi.

Soliqlarning ko‘pchiligi ishlab chiqaruvchilar va iste’molchilarni yuzaga kelgan vaziyatni hisobga olgan holda joylarda korxonalar faoliyatining iqtisodiy shart-sharoitlarini o‘zgartirishga majbur etib, moliyaviy resurslarni makrodarajada qayta taqsimlashga olib keladi.

2. Bozor munosabatlarining shakllanishi va rivojlanishi sharoitida soliqlarning ikkinchi muhim funktsiyasi ularning iqtisodiyotdagi tartibga soluvchilik roli hisoblanadi, ya’ni davlat soliqlar orqali tovarlar, xizmatlarni ishlab chiqarish va sotishning iqtisodiy shart-sharoitini tartibga soladi va bu bilan xalq xo‘jaligi tarmoqlarining iqtisodiy faoliyatini amalga oshirish uchun muayin «soliq muhiti»ni yaratadi. Ushbu funktsiya orqali soliq tizimiga ta’sir ko‘rsatadi, ya’ni muayyan tarmoqda ishlab chiqarish sur’atlarini rag‘batlantiradi yoki jilovlab turadi, sarmoyaning bir tarmoqdan soliq muhiti eng ma’qul bo‘lgan boshqa tarmoqqa qo‘yilishini kuchaytiradi yoki pasaytiradi, shuningdek aholining to‘lovga qobil talabini kengaytiradi yoki kamaytiradi.

Soliqlarning tartibga soluvchi sifatidagi funktsiyasining ahamiyati bozor sharoitida o‘sib bo­radi, bu davrda tadbirkorlarni ma’muriy qaram qilish usullari yo‘q bo‘lib ketadi yoki juda oz holda qoladi, korxonalar faoliyatini farmoyishlar, ko‘rsatmalar va buyruqlar yordamida idora qilish huquqiga ega bo‘lgan «yuqori tashkilot» tushunchasining o‘zi asta-sekin yo‘qola boradi. Biroq iqtisodiy faollikni izga solib turish, uning rivojlanishini jamiyat uchun maqbul bo‘lgan yo‘nalishda rag‘batlantirish zarurati saqlanib qoladi.

3. Rag‘batlantirish funktsiyasi soliq tizimining eng muhim funktsiyalaridan biri bo‘lib, ishlab chiqarishni rivojlantirishga, moddiy xom ashyo resurslari, shuningdek moliyaviy va mehnat resurslari, jamg‘arilgan mol-mulkdan samarali foydalanishga rag‘batlantiruvchi ta’sir ko‘rsatadi, ya’ni soliq yukini kamaytirish orqali ishlab chiqarishni rivojlantirishga, moliyaviy ahvolni mustahkamlashga va investitsiya faoliyatini jonlantirishga rag‘batlantiradi. Soliqlarning rag‘batlantirish funktsiyasi orqali davlat xalq xo‘jaligi taraqqiyotini rag‘batlantiradi, bu bi­lan fiskal funktsiyani bajarish uchun bazani kengaytiradi, ishlab chiqarishni soliqlarning rag‘batlantirish funktsiyasi orqali rag‘batlantirib, davlat oqilona soliq siyosatini olib borish bilan soliq yukini kuchaytirmasdan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning erkin faoliyat ko‘rsatishi ta’minlanadi.

4. Soliqlarning nazorat funktsiyasi soliq to‘lovchi tomonidan taqdim etilgan, soliqqa tortish ob’ekti, soliqqa tortiladigan baza, imtiyozlar singari va hokazo tegishli soliq ko‘rsatkichlarining hisob-kitoblarini tekshirishdek ancha murakkab jarayondan iborat. Soliq hisobi soliq idoralariga belgilangan soliq hisobi shakllari orqali soliq to‘lovchilar o‘zlarining soliq majburiyatlarini qanday bajarayotganliklarini yanada samarali nazorat qilish imkonini beradi.

5. Soliqlarni hisoblash jarayonini axborot bilan ta’minlash funktsiyasi ham muhim ahamiyat kasb etib, bu funktsiya orqali xarajatlar hajmi va konkret soliqlar davlatning qanday ijtimoiy-iqtisodiy funktsiyalarini bajarishga sarflanganligi to‘g‘risida axborot berib turilishi juda zarurdir. Shunday qilinsa, soliqlarning byudjetga tushishi to‘liq, o‘z vaqtida va oson kechadi.

Bizni soliq funktsiyalarini qisqacha ko‘rib chiqishimiz soliqlar moliya resurslarini tiklash, xo‘jalik faoliyatini tartibga solish va daromadlarni ijtimoiy jihatdan ahamiyatli maqsadlar uchun qayta taqsimlash bo‘yicha muhim vazifalarni bajaradi deb xulosa chiqarishimiz uchun imkon beradi.

Soliqlarning iqtisodiyotdagi yuqorida ta’kidlangan muhim o‘rnini belgilovchi bir qancha funktsiyalari mavjud. O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyotining hozirgi rivojlanish bosqichida soliqlarning o‘rnini belgilovchi quyidagi asosiy omillarni ko‘rsatib o‘tish mumkin.

1. Bozor iqtisodiyotiga o‘tish sharoitida aholini ijtimoiy himoya qilishning zarurligi.

Bizga ma’lumki, respublikamizda iqtisodiyotni isloh qilish va davlat qurilishini amalga oshirish Respublika prezidenti I A. Karimov tomonidan ilgari surilgan besh asosiy tamoyiliga asoslanadi. Bu qoidalardan biri kuchli ijtimoiy siyosatni amalga oshirishdir. Bozor munosabatlariga o‘tish sharoitida aholi, ayniqsa uning kam ta’minlangan qatlamlari etarli darajada ijtimoiy himoyalangan bo‘lishi kerak.

2. Agrar sektordagi islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish zarurligi omili.

O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyotida eng asosiy tarmoq agrar sektor hisoblanadi. Masalan, ikkinchi jahon urushidan keyin tiklanayotgan Yaponiya iqtisodiyoti uchun mashinasozlik etakchi tarmoq sifatida rivojlantirilgan edi. Bu tarmoq Yaponiya iqtisodiyotini rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shdi. Bu eng avvalo, uning mamlakatga chet el valyuta tushumlarini olib kelishda namoyon bo‘ldi. O‘zbekistan Respublikasida qishloq xo‘jaligi ana shunday asosiy tarmoq vazifasini o‘tamoqda.

Yuqoridagilardan ko‘rinadiki, qishloq xo‘jaligida soliq, kredit vositalari yordamida iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish hozirgi kunning dolzarb masalalaridan biridir.

Shu sababli, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1998 yil 10 oktyabrdagi Farmoni, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998 yil 26 dekabrdagi 539-sonli qaroriga muvofiq qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilari uchun umumiy belgilangan tartibdagi soliq va yig‘imlar o‘rniga byudjetga 1999 yilning 1 yanvaridan boshlab yagona er solig‘i to‘lash tartibi joriy qilindi.

3. O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyotida soliqlarning o‘rnini belgilovchi asosiy omillardan yana biri - hozirgi kunda ko‘payib borayotgan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi jismoniy va huquqiy shaxslarning daromadlarini jalb qiluvchi mukammal soliq to‘lovini yuzaga keltirish.

Bozor munosabatlarining rivojlanib borishi xususiy tadbirkorlik faoliyatini keng quloch yoyishi va xususiylashtirish jarayonlarining chuqurlashuvi, tadbirkorlar daromadini hisobga olishni qiyinlashtiradi. Xususiylashtirilgan bitta korxona o‘rnida o‘nlab kichik, xususiy va jamoa mulkiga asoslangan korxonalar paydo bo‘ladi. Mukammal soliq mexanizmi yaratilmaganligi uchun daromadlar summasini aniqlashda jiddiy xatoliklarga yo‘l qo‘yilishi mumkin.

O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Maxkamasining 1998 yil 15 apreldagi 159-sonli qaroriga muvofiq kichik korxonalar uchun umumiy belgilangan tartibdagi soliqlar o‘rniga byudjetga ixchamlashtirilgan soliq to‘lash imkoniyati vujudga keldi. O‘zbekistonda tadbirkorlikni rivojlantirishda ixchamlashtirilgan soliq tizimining joriy qilinishi bu tadbirkorlar uchun davlat tomonidan ko‘rsatilgan katta yordam bo‘ldi.

Yuqorida tilga olingan omillar soliqlarning respublika iqtisodiyotida o‘ziga xos o‘rni borligidan dalolat beradi.

Soliqlar iqtisodiyotning tarixiy rivojlanishi bosqichlarida ushbu rivojlanish jarayonlarini ta’minlash maqsadiga bo‘ysinuvchi vazifalarni bajaradi. Soliqlarning funktsiyalari esa ana shu vazifalarni bajarishga xizmat qiladi. Soliqlar bajaradigan vazifalar ko‘pchilik mamlakatlarning soliq qonunchiligida umumiy o‘xshashliklarga ega. Ana shunday an’anaviy soliq vazifalariga quyidagilarni kiritish mumkin:

- Umumdavlat vazifalarini hal qilish uchun davlatga zaruriy moliyaviy resurslar ta’minlab berish. Soliqlarning fiskallik funktsiyasi ushbu vazifani hal qilish maqsadlariga xizmat qiladi. Bu vazifani hal qilish davlatning iqtisodiyotga qay darajada aralashuviga ko‘p jihatdan bog‘liq. Bu ko‘rsatkich qanchalik yuqori bo‘lsa, soliqlarning fiskallik funktsiyasi shunchalik faol buladi. Ammo soliqlarning ushbu vazifasi faqat iqtisodiy jarayonlarni qamrab olmaydi, balki davlatning noishlab chiqarish xarajatlarining ko‘payishi ham davlatning ortiqcha moliyaviy resurslarga muhtojligini keltirib chiqaradi.

- Mamlakat iqtisodiyotida qulay investitsiya muhitini yaratishga ko‘maklashish. O‘zbekiston Respublikasida soliqlarning ushbu vazifasini bajarishi o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Asosiy xususiyatlaridan biri shundaki, hozirgi kunda sarmoyalarning asosiy qismi savdo va xizmatlar sohasiga yo‘naltirilayotganligi tashvishli holdir. Buning asosiy sababi foyda normasining bu sohalarda kattaligidir. Soliqlar sarmoyalarni bevosita mahsulot ishlab chiqarish sohasiga yo‘naltirishning qudratli vositasi bo‘lishi kerak.

- Aholining mehnat faolligini rag‘batlantirish. Soliqlar deyarli barcha mamlakatlarda ushbu vazifani bajaradi. Chunki, ular aholi daromadlarini tartibga solishning muhim vositasi hisoblanadi. Daromadlardan olinadigan soliq stavkalarining eng yuqori chegarasini sezilarli darajada pasaytirish ishchi kuchining taklifi bilan bog‘liq salbiy oqibatlarning oldini olishi mumkin. 70-80 yillarda Shvetsiyada soliq stavkalarining aholi daromadlariga progressiv ravishda qo‘llash malakali ishchilarning boshqa mamlakatlar tomon migratsiyasiga olib kelgan.

- Iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish maqsadida daromadlarni taqsimlashning samaradorlik va adolat printsiplari o‘rtasidagi muvofiqlikka erishish. Amaldagi soliqlarga barqarorlik va moslanuvchan soliq stavkalarining xosligi soliqlarning uzoq muddatli vazifalarini amalga oshirishga zamin yaratadi. Milliy va xorijiy investorlar kapital qo‘yilmalarini amalga oshirar ekan, ular o‘zlarining soliq majburiyatlarini aniq bilishi kerak. Soliq turlari va stavkalari barqaror va tez-tez o‘zgarmaydigan bo‘lishi kerak. Soliq tizimiga mustahkam ishonch bo‘lmagan taqdirda uzoq muddatli investitsiyalarning xarakati susayadi.

Yuqorida aytib o‘tganimizdek, soliqlarning byudjetga ijobiy ta’siridan tashqari, muhim iqtisodiy islohatlarni amalga oshirish sohasida ham ulardan faol foydalanish mumkin. Narx-navoning isloh qilinishi, tashqi savdoning erkinlashtirilishi, mehnat bozorining isloh qilinishi va hokazolar yangi paydo bo‘lgan tijorat strukturalarini moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash zaruriyatini yuzaga keltiradi. Bu vazifani soliq stavkalarining tabaqalashtirish yo‘li orqali hal etish mumkin.

Shunday qilib, soliqlarning vazifalari ularni amalga oshirish muddatiga qarab, qisqa muddatli, o‘rta va uzoq muddatli vazifalarga bo‘linadi. Bu vazifalar mazmuniga ko‘ra bir-biridan farq qiladi. Soliqlar nafaqat davlat byudjetining tushumlariga bo‘lgan ehtiyojlarni qondirishga, balki davlat daromadlarini byudjetning o‘rta muddatli rejada hayotiyligini yaxshilash maqsadida moslashuvchanligini amalga oshirishga ham xizmat qilishi mumkin.


Tayanch so‘z va iboralar

  1. Soliq tushunchasi.

  2. To‘lov tushunchasi;

  3. Soliqlarning ob’ektiv zarurligi.

  4. Soliqlarning umumiy belgilari.

  5. Soliqlarning funktsiyalari.

  6. Fiskal funktsiya.

  7. Tartibga solish funktsiyasi.

  8. Rag‘batlantirish funktsiyasi.

  9. Nazorat funktsiyasi.

  10. Axborot bilan ta’minlash funktsiyasi.

  11. Soliqlarning vazifalari.


O‘z-o‘zini tekshirish uchun savollar

  1. Soliqlarga ta’rif bering?

  2. Soliqlarning iqtisodiy mohiyatini tushuntiring?

  3. Soliqlarning ob’ektiv zarurligi nimalarda ko‘rinadi?

  4. Soliqlarning boshqa iqtisodiy kategoriyalardan farqi nimalardan iborat?

  5. Soliqlarning xususiyatlari borasida ma’lumot bering?

  6. Soliqlarning belgilarini mohiyatini tushuntirib bering?

  7. Soliqlarning qanday funktsiyalari mavjud?

  8. Soliqlarning funktsiyalari va vazifalarini farqlab bering?

5-mavzu: Soliqqa tortish tamoyillari (2 soat)

Reja:

  1. Soliqqa tortish tamoyillarining mohiyati.

  2. Soliqqa tortish tamoyillariga doir iqtisodchi-olimlar qarashlari.

  3. Soliqqa tortishning iqtisodiy, huquqiy va tashkiliy tamoyillari.

  4. O‘zbekiston Respublikasi soliq siyosatida soliqqa tortish tamoyillari.


1. Soliqqa tortish tamoyillarining mohiyati

Soliqlarning funktsiyasini o‘rganish ularning iqtisodiyotdagi rolini ko‘rsatib bersa, soliqqa tortish tamoyillari soliq munosabatlarini amaliyotda tashkil etish, soliqqa tortish, uni undirish amaliyotining mazmunini ochib beradi. Ko‘plab iqtisodchilar soliqqa tortish iqtisodiyotning ravnaqiga olib kelishi mumkin bo‘lgan tamoyillarni qayd etishgan.

Soliqqa tortish tamoyillarini A.Smit o‘zining «Xalqlar boyligining sabablari va tabiatlari» nomli kitobida (1776) ilk bor soliq tamoyillarini asoslab bergan:

1. Davlat fuqarolari davlat xarajatlarini qoplashda o‘zlari hukumat muhofazasida foydalanayotgan daromadlariga muvofiq tarzda qatnashishlari lozim.

2. Har bir odam to‘laydigan soliq aniq belgilab qo‘yilgan bo‘lishi kerak, bunda o‘zboshimchalik ketmaydi. Soliq miqdori, to‘lanadigan vaqti va tartibi uni to‘lovchiga ham, boshqa har qanday odamga ham birday aniq va ma’lum bo‘lishi zarur.

3. Har bir soliq to‘lovchiga har jihatdan qulay bo‘lgan vaqtda va tartibda undirilishi kerak.

4. Har bir soliq shunday tarzda tuzilishi kerakki, bunda soliq to‘lovchining hamyonidan ketadigan pul davlat byudjetiga kelib tushadigan mablag‘ga nisbatan ortiq bo‘lishiga mumkin qadar yo‘l qo‘yilmasin.
2. Soliqqa tortish tamoyillariga doir iqtisodchi-olimlar qarashlari

Hozirgi sharoitga tatbiqan olganda, soliqqa tortish samarali tizimining quyidagi tamoyillarini ta’riflab o‘tish mumkin:

1. Etarlilik tamoyili. Mazkur tamoyilga muvofiq soliqqa tortish darajasi shunday bo‘lishi lozimki, u davlat intilayotgan xalq xo‘jaligi samaradorligiga erishishni kafolatlay olsin. Soliqqa tortish tizimi iqtisodiyot, ijtimoiy himoya, mudofaa qobiliyati va boshqa sohalardagi davlat siyosatini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan moliya resurslari to‘planishini ta’minlasin. Shuni ham ta’kidlab o‘tish lozimki, soliq stavkalari o‘zicha olganda soliq yuki ko‘rsatkichi hisoblanmaydi, chunki soliq to‘lovchi soliq to‘lar ekan, davlat tomonidan bepul xizmatlardan bahramand bo‘lgani holda, ayni choqda o‘zining ba’zi xarajatlarini qisqartiradi. Masalan, davlat umumiy foydalanish yo‘llarining holati yaxshi saqlanishini ta’minlash bilan soliq to‘lovchining transport xarajatlarini kamaytiradi, bepul maorif, sog‘liqni saqlashni ta’minlash bilan yollanma xodimlarning xarajatlarini qisqartiradi, demak, ish haqi xarajatlarini ham kamaytirgan bo‘ladi. Shunday qilib, to‘langan soliqlarning faqat xizmatlar ko‘rinishidagi talab etilmagan bir qismigina soliq yuki ko‘rsatkichi hisoblanadi. Xulosa qilib aytish mumkinki, etarlilik tamoyili soliq siyosatini belgilayotganda uni davlatning qabul qilingan ijtimoiy-iqtisodiy siyosati bilan qat’iy ravishda uyg‘unlashtirishni taqozo etadi.

2. Tadbirkorlik va investitsiyalarni rag‘batlantirish. Soliq tizimi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarni, jumladan, chet el sub’ektlarini, ishlab chiqarishni rivojlantirish, uskunalar va zamonaviy texnologiyalar sotib olish uchun mablag‘ yo‘naltirishni, ya’ni kapital jamg‘arish va shu yo‘l bilan texnologiyalarni takomillashtirish, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirishi lozim.

Soliq tizimi resurslarning samarali taqsimlanishiga to‘sqinlik qilmasligi hamda xo‘jalikni mustaqil yuritish omillarini cheklab qo‘ymasligi lozim. Agar soliqlar katta bo‘lgani uchun tadbirkorlarning ishlab chiqarishni kengaytirishdan, boshqa turdagi iqtisodiy faoliyat ko‘rsatishdan manfaatdorligiga putur etkazsa, mamlakat iqtisodiyoti pastga qarab ketishi xavfi tug‘iladi. Soliqlar miqdori haddan tashqari katta qilib belgilansa, ishlab chiqarish hajmlari kamayib ketadi, bu jarayon zahiralar, banklardagi pul mablag‘larining barakasi uchishiga, ilgari to‘plangan mablag‘larning eyilib ketishiga olib keladi.

Soliqqa tortish, agar u, birinchidan, ishchi kuchini ishlab chiqarish uchun talab qilinadigan darajada saqlab turishga zarur bo‘lgan iste’molning minimal hajmlariga salbiy ta’sir etsa, ikkinchidan, mehnatga nisbatan iqtisodiy va moddiy rag‘batlarning harakat doirasini toraytirib qo‘ysa, uchinchidan, jamg‘arma miqdorini kamaytirsa va mablag‘ning to‘planish jarayonini sekinlashtirsa, ishlab chiqarish imkoniyatlarini yomonlashtirib yuborishi mumkin.

Soliqqa tortishning keyingi ikki salbiy omilini batafsil ko‘rib chiqaylik. Moddiy rag‘batlantirishlarga nisbatan soliqqa tortishning noxush ta’sir etishi ish haqi tizimida salbiy alomatlar paydo bo‘lishida ko‘zga tashlanadi.

Yuqori darajada tabaqalashtirilgan soliq stavkalarining qo‘llanilishi natijasida xodim tomonidan ana shu moddiy rag‘batni qabul qilishdagi oddiylik va maqbullik ko‘lami torayib qoladi.

Soliqqa tortish bazasi va uning hajmlarini noto‘g‘ri belgilash xodimlarning malaka oshirishga, ratsionalizatorlik va ixtirochilik faoliyati bilan shug‘ullanishga va boshqa sohalarga bo‘lgan intilishiga salbiy ta’sir etadi, boisi - mehnatga to‘lanadigan haq miqdori, haqiqiy mehnat xarajatlarining murakkabligi va xususiyati o‘zgarishi befarq bo‘lib qoladi.

Soliqqa tortishning iqtisodiy omillarga ta’siri ikki xil ko‘rinishda bo‘ladi hamda qiyosiy oqibat va daromad oqibati shaklida ifodalanadi. Qiyosiy oqibat mehnat natijalari, jamg‘arish, investitsiyalash, yangi g‘oyalarni joriy etish va ishlab chiqarish faoliyatining boshqa xil ko‘rinishlari bilan shug‘ullanish uchun nisbatan kamroq darajada rag‘batlantirishda namoyon bo‘ladi. Ayniqsa, progressiv (oshib boruvchi) soliqqa tortishda bunday oqibatning rag‘batlantirishga zid ta’siri yaqqol ifodalanadi.

Dunyodagi bir qator mamlakatlarda kapitaldan kelgan daromad va iste’molga qarab soliqqa tortishni ko‘zda tutgan soliq islohoti o‘tkazilmoqda. Soliqqa tortishning salbiy ta’sirini silliqlash maqsadida ishchi kuchini taklif etish sohasida ish haqi ko‘rinishidagi daromadlardan olinadigan soliqlarning eng yuqori qilib belgilangan stavkalari pasaytirilmoqda. Jamg‘arish va investitsiyalashga soliqlarning ta’sir etishi borasida ham muayyan yutuqlarga erishildi.

Soliqlarning ta’siri investitsiyalar tarkibida ham yaqqol seziladi. Turli ko‘rinishdagi aktivlar uchun joriy etilgan har xil soliq tartiblari investitsiya imkoniyatlari va sarmoyadorlarning portfeli tarkibida sezilib qoladi. Soliq tizimidagi kamchilik va nuqsonlar iqtisodiy o‘sish sur’atlarining pasayib ketishiga olib kelishi mumkin, bu hol pirovard natijada davlat byudjeti daromadlarining o‘zgarishiga ham ta’sir etmay qolmaydi.

Soliqqa tortishdagi og‘irlikni kapitaldan shaxsiy jamg‘arishga o‘tkazishning umumiy ta’sirini bir xil ma’noda baholash qiyin, jamg‘armaning umumiy hajmi uchun kelib chiqadigan oqibatlar soliq tushumlarining hukumat tomonidan ishlatilish xususiyatiga bog‘liq bo‘ladi.

Agar yopiq iqtisodiyot sharoitida soliq tizimi uy xo‘jaliklaridagi jamg‘armalar darajasining pasayib ketishiga olib kelgan bo‘lsa, u holda bir tekis foiz stavkasi oshgan, bu esa investitsiya kapitaliga talabning kamayishi ta’sir ko‘rsatgan bo‘ladi. Ochiq iqtisodiyotda esa, jamg‘armalardan olinadigan daromad soliqlari investitsiyalarga cheklangan darajada ta’sir qiladi, chunki bunda chet eldan kapitalning ko‘proq oqib kelish imkoniyati bor, binobarin, xorijlik sarmoyador jahon bozorida ustun hisoblangan stavkani mo‘ljallaydi. Biroq bunday holatda kapitalga bo‘lgan mulkchilik harakatga keladi. Bunga misol tariqasida Yaponiyadan kapitalning AQShga oqib o‘tganligini ko‘rsatish mumkin, AQShda kapitaldan foydalanganlik uchun foiz stavkasi past bo‘lgan. Ayni paytda AQShda rezidentlar jamg‘armalarini soliqqa tortish stavkasi Yaponiyadagiga qaraganda yuqori edi.

Binobarin, soliq siyosati o‘z-o‘zidan, agar u davlatning moliya-pul siyosati boshqa unsurlaridan ayri holda amalga oshirilsa, takror ishlab chiqarish jarayonlariga rag‘batlantiruvchi ta’sir o‘tkazmasligi ham mumkin.

3. Soliqqa tortishning adolatlilik tamoyili. Adolat tamoyillariga muvofiq, soliqlar jamiyat tomonidan oqilona va adolatli deb tan olingan umumiy ob’ektiv qoidalarga binoan belgilanishi lozim. Adolatlilik tamoyilining bir qancha asosiy guruhdagi soliqqa tortish tamoyillariga bo‘linadi. Bularni ikki guruhga bo‘lgan holda o‘rganish maqsadga muvofiqdir. Bunda gorizontal va vertikal adolatni bir-biridan farqlash lozish. Gorizontal adolat tamoyili daromad olishning turli sharoitlarida soliq to‘lovchilarga nisbatan soliqqa tortishning taxminan teng shartlarini qo‘llanishni ko‘zda tutadi.

Vertikal adolat deganda, xo‘jalik yuritishning bir muncha og‘ir sharoitlarida ishlayotgan sub’ektlar uchun soliqqa tortishning bir qadar yumshoqroq shartlarini, engil daromad olish imkoniyatiga ega bo‘lgan sub’ektlar uchun esa og‘irroq shartlarni qo‘llanish tushuniladi. Soliqlarning rag‘yuatlantirish funktsiyasini bajarish doirasida ikkinchi tamoyil buzilishi mumkin. Masalan, xalq iste’moli tovarlari ishlab chiqarishni rag‘batlantirish maqsadida ularni ishlab chiqarish bo‘yicha soliqqa tortishda bir qadar imtiyozli shartlar yoki buning aksicha vino-aroq va tamaki mahsulotlarini iste’mol qilishni cheklash uchun ulardan olinadigan egri soliqlarning yuqori stavkalari belgilangan hollar ham bo‘ladi.

Ijtimoiy adolat tamoyilini amalga oshirishga turlicha yondashuvlar bo‘lishi mumkin. Agar soliqlarni to‘plangan soliqlar hisobidan ro‘yobga chiqariladigan davlat dasturlaridan keyinchalik foyda ko‘radigan shaxslar to‘lasa, u holda adolatli deb hisoblanadi. Aytaylik, transport vositalariga soliqlardan tushadigan mablag‘ni davlat katta yo‘llarni ta’mirlashga yoki qurishga sarflasa, bundan soliq to‘lovchilarning o‘zlari - avtomobil egalari naf ko‘radi. Biroq bunday yondashuvni keng miqyosda amalga oshirishning iloji bo‘lmaydi. Huquq-tartibotni mustahkamlash, maorifni rivojlantirish, atrof-muhitni qo‘riqlashdan aniq ravishda kim ko‘proq foyda ko‘rishini qanday qilib hisoblab chiqish mumkin? Hatto bepul sog‘liqni saqlash dasturlaridan asosan ko‘p bolali oilalar, keksa va nochor fuqarolar foydalanishlari aniqlab chiqilgan taqdirda ham ana shu maqsadlar uchun maxsus soliqlarni aynan ularning o‘zidan undirishni talab qilish adolatdan bo‘ladimi?

Amaliyotda boshqacha yondashuv birmuncha kengroq qo‘llaniladi, unga ko‘ra to‘lov qobiliyati tamoyili asos qilib olinadi: soliq to‘lovchining daromadi qanchalik yuqori bo‘lsa, undan shuncha ko‘p miqdorda soliq undiriladi. Bu gapning ma’nosi shuki, badavlat odamlar bepul maktab maorifi, milliy mudofaa, sog‘liqni saqlash va boshqa sohalar uchun bir qadar yuksak iqtisodiy mas’uliyatni his etishlari lozim, chunki ular kambag‘allarga nisbatan ko‘proq to‘lashga qodirdirlar. Boy odamlar bepul davlat dasturlaridan foydalanadilarmi, agar foydalansalar, qay darajada - buning ahamiyati yo‘q. Aslini olganda, o‘ziga to‘q kishilar ta’lim berish va xizmat ko‘rsatish yaxshiroq yo‘lga qo‘yilgan maktab va shifoxonalarni tanlaydilar. Bunday to‘lov qobiliyati kontseptsiyasi AQSh soliq siyosatida keng tarqalgan.

Biroq amaliyotda soliqqa tortishning mazkur kontseptsiyasi tez-tez jiddiy qiyinchiliklarga duch kelib turadi. Yiliga 100 ming dollar daromad oladigan kishi yiliga 10 ming dollar daromad oladigan kishiga nisbatan ko‘proq soliq to‘lashga qodir, degan fikrga qo‘shilish mumkin. Biroq bunda birinchi kishi ikkinchisiga qaraganda aynan necha baravar ko‘p soliq to‘lash imkoniyatiga ega, degan masala noaniqdir. Badavlat odam o‘zining daromadidan o‘sha hissani va mutlaq katta summani to‘laydimi yoki soliq sifatida umuman ko‘proq hissani to‘laydimi? Afsuski, aniq bir odamning soliq to‘lash imkoniyatlarini o‘lchash uchun ilmiy asoslangan qandaydir usullar yo‘q. Amaliyotda bunga javob, takliflar va taxminlar empirik yo‘l bilan yoki hukumatning daromadlarga bo‘lgan joriy ehtiyojlari, siyosiy qarashi asosida paydo bo‘ladi.

Soliqqa tortishdagi adolat tamoyili ba’zi hollarda taqsimotdagi ijtimoiy adolat tamoyili ko‘rinishida namoyon bo‘ladi. Shuni ta’kidlab o‘tish o‘rinliki, bu tamoyilni daromadlarni teng ravishda taqsimlash, baravarlashtirish deb tushunmaslik kerak. Qonun oldida tenglikka rioya etilishi, ijtimoiy mumtozlikka, irq va dinga munosiblikka asoslangan imtiyozlarning bekor qilinishi, inson asosiy huquqlarga birday ega bo‘lishi kabi tenglik tamoyillari bo‘lib, ular O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mustahkamlab qo‘yilgan va bu tamoyillarga qadriyatlarning ijtimoiy tizimida qat’iy amal qilmoq lozim. Moddiy tenglik, ya’ni daromadlar, mulk, iste’mol sohasidagi tenglik haqida gap ketadigan bo‘lsa, aytish kerakki, bunday tenglikka erishib bo‘lmaydi. Davlat va jamiyat barcha fuqarolar yaxshi hayot kechirishlari uchun zarur shart-sharoit yaratib berishlari kerak, albatta, soliqqa tortish tizimi esa istiqbolga mo‘ljallangan rejada aholining farovonligini umumiy tarzda amalga oshirish orqali jamiyat quyi qatlamlarining ahvoli izchil ravishda yaxshilanib borishiga ko‘maklashmog‘i zarur.

4. Oddiylik va xolislik. Bu tamoyil soliqqa tortish bazasini aniqlashda, soliqlarni hisoblab chiqishda oddiylik bo‘lishini, taqdim etiladigan hisobotlarning mazmunini soddalashtirishni, shuningdek soliqlarning eng muhim turlari bo‘yicha yagona stavkalar belgilashni, beriladigan imtiyozlarni iloji boricha kamaytirishni ko‘zda tutadi. Bu o‘rinda nazarda tutilayotgan narsa shuki, soliqlarning rag‘batlantirish funktsiyasi doirasida beriladigan imtiyozlar yakka tartibdagi xususiyatga ega bo‘lmasligi, balki muayyan faoliyat turlarini rag‘batlantirishga, soliq to‘lovchilarning mulkchilik shakli va qaysi idoraga mansubligidan qat’i nazar, ma’lum turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarishni ko‘paytirishga qaratilmog‘i lozim. Ba’zi sohalarda paydo bo‘ladigan davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga ehtiyojni qondirishni byudjet-kredit siyosati orqali amalga oshirish maqsadga muvofiqdir. Buning sababi shuki, soliq imtiyozlarining haddan tashqari ko‘pligi qonunlarni murakkablashtirib yuboradi, tushunishni qiyinlashtiradi hamda turlicha talqin qilinishiga olib keladi, bu hol pirovard natijada soliq to‘lovchilarning soliqlarga nisbatan munosabatlariga salbiy ta’sir qiladi. Shu bilan birga aniq qilib belgilangan imtiyozlar soliq yukini boshqa soliq to‘lovchilar zimmasiga o‘tkazib, ijtimoiy adolatsizlik ro‘y berishiga olib keladi.

5. Boshqarishga qulaylik. Samarali soliq tizimiga qo‘yiladigan muhim talablardan biri boshqaruvga qulay bo‘lishidir. Soliqlarni undirib olishda samaradorlikka erishish ko‘p hollarda soliqlarning soliq to‘lovchilarga yaxshi tushunarli bo‘lishiga bog‘liq.

Ayrim mamlakatlarda soliqqa tortishning nihoyatda murakkab tartibi amal qiladi, aytaylik, shkala va stavkalar turi, soliqlar tarkibi, ularni to‘lash qoidalari va tartiblari haddan tashqari ko‘p. Buning ustiga ular soliq tushumlarining ko‘payishiga hech qanday yordam bermaydi hamda soliqlarning rag‘batlantiruvchi funktsiyasi bajarilishida rol o‘ynamaydi.

6. Soliqlarni yig‘ish jarayonini imkon qadar arzonlashtirish. Mazkur tamoyil davlat va soliq to‘lovchilar tomonidan soliqlarni yig‘ish uchun ketadigan xarajatlarni mumkin qadar kamaytirishni ko‘zda tutadi. Buning uchun respublikamizda soliqqa tortish tartibini takomillashtirish bilan bir qatorda soliqlarni maqbullashtirish, kompyuter texnologiyalari, soliq axborotlarining to‘g‘riligini bevosita nazorat qilish usullarini qo‘llanish orqali soliq to‘lovchilarning xarajatlarini kamaytirish maqsadida davlat hisobidan saqlanadigan servis-markazlar, soliqqa tortish masalalari xususida soliq organlari tomonidan bepul maslahatxonalar tashkil etilgan.

7. Soliq stavkalarini qiyoslash. Soliq stavkalari boshqa davlatlardagi xuddi shunday soliqlarning stavkalari bilan qiyoslanishi, ya’ni mintaqaning o‘ziga xos xususiyatlari hisobga olingan holda boshqa mamlakatlar bilan teng bo‘lgan xo‘jalik faoliyati shart-sharoitlari vujudga keltirilishi lozim. Agar qattiq shartlar belgilab qo‘yilgudek bo‘lsa, bu hol respublika iqtisodiyotiga investitsiyalarni jalb qilishni mushkullashtirib yuboradi, aksincha, engil sharoit yaratilsa, mamlakat byudjetiga salbiy ta’sir qiladi.


4. O‘zbekiston Respublikasi soliq siyosatida soliqqa tortish tamoyillari

Soliqqa tortish tamoyillari va soliq qonunchiligi tamoyillari muayyan o‘xshashlikka ega va ularni to‘liq hayotga tatbiq etish iqtisodiyotni rivojlantirishning muhim vazifalaridan biridir.



O‘zbekiston Respublikasi Soliq Kodeksida esa soliqqa tortish tomoyillari o‘rniga soliq qonunchiligi tamoyillari deb atalib, uning besh tamoyili (4-modda) belgilab berilgan.

  • Har bir shaxs Kodeksda belgilangan soliq va to‘lovlarni to‘lashga majburdir, ya’ni soliq to‘lash qonun bilan majbur qilib qo‘yiladi. Aslida majburiylik soliqlarning iqtisodiy mohiyatidan kelib chiqadi.

  • Huquqiy shaxslarni soliqqa tortish mulkchilik shaklidan qat’i nazar, jismoniy shaxslar esa jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy ahvolidan qat’iy nazar qonun oldida tengdirlar.

  • Beligilangan soliqlar va yig‘imlar O‘zbekiston hududida tovarlar (ishlar, xizmatlar) yoki pul mablag‘larini erkin harakatini bevosita yoki bilvosita cheklamaydi yoki soliq to‘lovchilarning iqtisodiy faoliyatini cheklashga yoki to‘sqinlik qilishga yo‘l qo‘ymaydi.

  • Manbalaridan qat’iy nazar, hamma daromadlar majburiy ravishda soliqqa tortiladi.

  • Belgilangan soliq imtiyozlari ijtimoiy adolat tamoyiliga mos kelishi shart.

Soliqqa tortish tamoyillari va soliq qonunchiligi tamoyillari muayyan o‘xshashlikka ega va ularni to‘liq hayotga tadbiq etish iqtisodiyotni rivojlantirishning muhim vazifalaridan biridir.21
Tayanch so‘z va iboralar

  1. Soliq tortish tamoyillari.

  2. Soliqqa tortish tamoyillari.

  3. Soliqqa tortishning klassik tamoyillari.

  4. Soliqqa tortishning iqtisodiy tamoyillari.

  5. Soliqqa tortishning huquqiy tamoyillari.

  6. Soliqqa tortishning tashkiliy tamoyillari.


O‘z-o‘zini tekshirish uchun savollar

  1. Soliqqa tortish tamoyillari qanday tartibda guruhlanadi?

  2. Soliqqa tortishning iqtisodiy, tashkiliy va huquqiy tamoyillari mohiyatini tushuntirib bering?

  3. A.Smitning soliqqa tortish tamoyillarini sanab bering?

  4. O‘zbekiston Respublikasi Soliq Kodeksida qanday soliqqa tortish tamoyillari ifodalangan?



6-mavzu: Soliq nazariyasining elementlari (4 soat)
Reja:

  1. Soliq elementlarining mohiyati va ahamiyati.

  2. Soliq elementlarining tarkibi.

  3. Soliq imtiyozlari, ularning mohiyati va turlari.

  4. Soliqni undirish (soliqqa tortish) usullari.

  5. Soliq mexanizmi.


1. Soliq elementlarining mohiyati va ahamiyati
Soliq elementlari haqida gap borganda ko‘pincha adabiyotlarda soliqqa tortish tizimi haqida so‘z yuritiladi. Shu o‘rinda soliqqa tortish tizimi haqida to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsak, soliqqa tortish tizimi soliq tizimiga nisbatan tor tushuncha bo‘lib, aslida soliq tizimiga kiradi. Soliq tizimi soliqqa oid barcha munosabatlarni qamrab olsa, soliqqa tortish tizimi esa, ushbu munosabatlarni soliqlarni undirish bo‘yicha iqtisodiy-huquqiy munosabatlarni o‘z ichiga oladi. Shu jihatdan soliqqa tortish tizimi qonun chiqaruvchi hokimiyat tomonidan qonun yo‘li bilan belgilangan hamda ijro hokimiyati tomonidan soliqlarni tashkil etish usullari, elementlari va tamoyillari majmuasidan iborat. Soliqqa tortish tizimining mohiyati garchan o‘zgarmas bo‘lib ko‘rinsada, uning shakl-shamoyili va yo‘nalishi davlatning ijtimoiy-iqtisodiy siyosatiga, qolaversa soliq siyosatining mazmuniga bog‘liq bo‘ladi. Chunki, soliqqa tortish tizimi o‘z ichiga tarkiban soliq elementlari, soliqlarni tashkil etish tamoyillari va usullarini oladi, bu elementlarning qay darajada talqin etilishi esa, bevosita davlat siyosatiga bog‘liq bo‘ladi. Masalan, soliq elementlariga kiruvchi soliq stavkasining qaysi turlarining ko‘proq amal qilishi, soliq imtiyozlarining qay darajada belgilanishi, soliqlarni undirishni qaysi usullaridan ustuvorlik bilan foydalanish asosan ijro hokimiyati faoliyatining mazmuniga bog‘liq. Binobarin, shu ma’noda xuddi soliqlarni vazifalari kabi soliqqa tortish tizimi ham har bir davlatda o‘ziga xos tarzda amal qilishi va tashkil etilishi mumkin.

Demak, yuqoridagilardan kelib chiqib aytishimiz mumkinki, davlat qonunchiligi bilan belgilangan va uning maxsus idoralari tomonidan undiriladigan soliqlarni tashkil etish usullari, elementlari va tamoyillari majmuiga soliqqa tortish tizimi deb ataladi.

Soliqqa tortish tizimining asosiy bo‘g‘ini hisoblangan soliq elementlari soliqqa tortishda ifodalanadigan tushunchalar bo‘lib, ular soliq to‘lovchilar va soliqni undiruvchi o‘rtasidagi iqtisodiy-huquqiy munosabatlarda namoyon bo‘ladi.

Soliq nazariyasida soliqqa oid munosabatlarni to‘liq va teranroq anglash uchun iqtisodiy voqe’liklarni har bir kichik guruhlarini muayyan nomdagi iboralar bilan izohlanadi. Soliq elementlari ham xuddi shunday soliqqa oid iqtisodiy hodisalarni izohlashga xizmat qiluvchi yaxlit tushunchadir. Soliq elementlari tushunchasi soliqqa tortish tizimini muhim tarkibiy qismi bo‘lib, uning o‘zi ham kichik tizimni tashkil etadi, ya’ni xulosa qilib aytganda soliq elementlari ham bir necha iqtisodiy kategoriyalarni yaxlit holdagi harakatini bildiradi.


2. Soliq elementlarining tarkibi

Soliq elementlari bir nechta tushunchalardan iborat bo‘lib, ularning aniq chegarasi belgilanmagan. Soliq elementlari: soliq sub’ekti, soliq ob’ekti, soliq predmeti, soliq manbai, soliqqa tortish birligi, soliq stavkasi, soliq imtiyozlari, soliq normasi, soliqni to‘lash muddatlari, soliq yuki, soliq bazasini hisoblash usullari, soliqqa tortish usullari va shu kabi tushunchalarni qamrab oladi. Quyida soliq elementlarining har biriga qisqacha izoh beramiz.

Soliq sub’ekti - soliq to‘lash majburiyati yuklangan yuridik va jismoniy shaxslar yoki boshqacha qilib aytganda soliq sub’ekti - bu soliqqa oid munosabatlarning tashkil etuvchi tomonlarning o‘zaro majmuasi bo‘lib, unda bir tomondan soliq to‘lovchilar (yuridik va jismoniy shaxslar) boshqa tomondan soliqni undirish vakolati yuklangan soliq xizmati organlari - Davlat soliq qo‘mitasi, soliq boshqarmalari, tuman va shahar davlat soliq inspektsiyalari qatnashadi. O‘z faoliyatida barcha yuridik va jismoniy shaxslar soliq sub’ekti sifatida namoyon bo‘lmaydi. Chunki, bu erda soliqlardan batamom ozod etiluvchi yuridik va jismoniy shaxslar mavjudki, ular soliq sub’ekti sifatida soliq munosabatlarida ishtirok eta olmaydi. Ammo, barcha soliq xizmati organlari soliq sub’ekti sifatida maydonga chiqadi.

Soliq agenti - yuridik va jismoniy shaxslardan soliqni ushlab qolish va davlat byudjetiga o‘tkazib beruvchi yuridik shaxslar. Bunda yuridik shaxslar, ular o‘z faoliyatida bevosita yoki bilvosita ishga yollaganligi natijasida to‘lanadigan ish haqidan, dividendlardan, doimiy muassasa orqali faoliyat ko‘rsatmaydigan norezident yuridik va jismoniy shaxslardan ushlanishi lozim bo‘lgan soliq summalarini ushlab qoladi va byudjetga o‘tkazib beradi, ushlab qolinmagan, kam ushlab qolingan va o‘z vaqtida o‘tkazib berilmagan soliq summasi uchun javobgar bo‘lib qolaveradi, ya’ni ushbu keltirilgan dalillardan aytishimiz mumkinki, har bir yuridik shaxs soliq munosabatlarida soliq sub’ekti bo‘lishi bilan birgalikda soliq agenti sifatida ham ishtirok etadi. Soliq agenti adabiyotlarda asosan fiskal agent sifatida e’tirof etiladi.

Soliq ob’ekti - soliq to‘lovchining soliq hisoblanadigan va soliqqa tortish uchun asos bo‘lib xizmat qiladigan daromadi, oboroti va mol-mulki tushuniladi. Soliq ob’ekti sifatida foyda yoki daromad, muayyan tovarlarni qiymati, er maydoni, jismoniy va yuridik shaxslarning mulklari, tabiiy resurslardan foydalanish miqdori va boshqalar kiradi. Soliq ob’ekti aslida jamiyatdagi mavjud moddiy va ma’naviy boyliklarning ayrimlariga qonun yo‘li bilan ulardan foydalanuvchi, egalik qiluvchi va tasarruf qiluvchi soliq sub’ektlarining huquqlarini soliqqa tortishni xarakterlaydi. Binobarin, moddiy yoki ma’naviy boyliklar soliq ob’ekti qilib albatta unga mulkiy huquqga ega bo‘lgandagina yuzaga chiqadi. Masalan, egasiz imoratga soliq solinmaydi, chunki egasiz imoratga nisbatan soliq sub’ekti to‘liq emas, vaholanki, bo‘lgan taqdirda ham soliq ob’ekti sifatida imorat emas, balki ushbu imoratga bo‘lgan mulkiy huquqga soliq solinadi. Shu jihatdan aytish mumkinki, soliq ob’ekti aslida yuridik va jismoniy shaxslarning mulkiy huquqi va daromadiga qaratiladi.

Soliqqa tortish predmeti - soliq solinadigan daromad, oborot, mol-mulk va boshqalarga bo‘lgan huquq emas, balki ularning o‘zidir, ya’ni soliq solish ob’ekti bo‘lib biror-bir soliq predmetiga bo‘lgan huquq tushunilsa, predmet bo‘lib ana shu egalik qilinadigan daromad, er uchastkasi, imorat va boshqalarning o‘zi tushuniladi. Soliq ob’ekti yoki soliqqa tortish predmeti, unga kim egalik qilish huquqiga ega bo‘lsa, unda soliqni to‘lash majburiyati, ya’ni soliq sub’ektini namoyon qiladi. Demak, aytishimiz mumkinki, soliqqa tortish predmetiga egalik qilish huquqi soliq ob’ektini vujudga keltirsa, o‘z navbatida ushbu predmetga kimning egalik qilishi soliq sub’ektini yoki soliq to‘lovchisini namoyon etadi.

Soliq manbai - bu soliq to‘lovchining to‘laydigan soliqlari manbai, ya’ni daromadi. Soliq ob’ekti va soliq manbaini bir-biridan farqlash lozim. Ayrim soliq turlari bo‘yicha, masalan, daromad (foyda)ga, yalpi daromadga, jismoniy shaxslarning daromadiga soliqlar bo‘yicha soliq ob’ekti ham soliq manbai ham bir xil bo‘ladi, ya’ni nima ob’ekt bo‘lsa, uning o‘zi manba hisoblanadi.

Shu o‘rinda soliqqa tortish predmeti, soliq ob’ekti va soliq manbaini farqlash va ularning mohiyatini ochib berish uchun aniq soliq turi bo‘yicha ko‘rib chiqishga harakat qilamiz. Er solig‘i bo‘yicha ko‘radigan bo‘lsak, uning soliqqa tortish predmeti bo‘lib er uchastkasi maydoni, unga kimning egalik qilish huquqi mavjud bo‘lsa soliq ob’ekti paydo bo‘ladi va ushbu er solig‘i qaysi manba hisobidan davlat byudjetiga to‘lansa, masalan, erdan turli xil ko‘rinishda foydalanish natijasida olinadigan daromad uning manbai hisoblanadi. Demak, ushbu fikrlardan kelib chiqib aytishimiz mumkinki, soliqqa tortish predmeti o‘z-o‘zidan kimdadir soliq to‘lash majburiyatini vujudga keltirmaydi. Misolimizga qaytadigan bo‘lsak, erga bo‘lgan huquqni joylardagi mahalliy hokimiyat organlari beradi va shu bilan birgalikda erdan foydalanuvchida soliq to‘lash majburiyati vujudga keladi, chunki unda ushbu er uchastkasidan foydalanish huquqi mavjud. Demak, soliq predmetiga kimning egalik qilish huquqi mavjud bo‘ladigan bo‘lsa, u soliq munosabatlarida soliq sub’ekti sifatida ishtirok etadi.

Soliq bazasi - soliq ob’ektining soliq stavkasi qo‘llaniladigan miqdori. Hisoblanadigan soliq miqdori nafaqat soliq stavkalarining miqdoriga, shu bilan birgalikda soliq stavkasi qo‘llaniladigan ob’ektning miqdoriga ham bog‘liq bo‘ladi. Soliq bazasining miqdori qonunchilikda soliqqa tortilishi lozim bo‘lgan soliq ob’ektidan ruxsat etiladigan chegirmalarga bog‘liq ravishda o‘zgarib turishi mumkin. Soliq bazasini soliq to‘lovchilarning mazkur toifasiga taqdim etiladigan soliq imtiyozlariga muvofiq ravishda kamaytirishga ruxsat etiladi. Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, soliq bazasi soliq ob’ektidan katta yoki kichik bo‘lishi mumkin. Masalan, yuqorida qayd etganimizdek, soliq to‘lovchiga soliqdan imtiyozlar ko‘zda tutilgan bo‘lsa, bunday sharoitda soliq bazasi soliq ob’ektidan kichik, soliq ob’ekti qonunchilik bilan kengaytiriladigan bo‘lsa undan katta bo‘lishi mumkin.

Soliqqa tortish birligi - bu ob’ektning o‘lchov birligi. Masalan, daromad yoki mol-mulk solig‘ida ob’ektning o‘lchov birligi bo‘lib uning so‘mdagi bahosi ifodalansa, er solig‘ida o‘lchov birligi bo‘lib kv.m. yoki gektar hisoblanadi.

Soliq stavkasi - ob’ektning har bir birligi uchun davlat tomonidan belgilab qo‘yilgan me’yordir. Soliq stavkasi soliq elementlari ichida eng ko‘p amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan unsurdir. Chunki, soliq stavkalarini o‘zgartirish orqali davlat xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyatiga sezilarli ta’sir etadi, ayrim faoliyat, sohaga ustuvorlik berilishi, kapital zarur sohalarga yo‘naltirilishi, rag‘batlantirilishi mumkin.

Soliq stavkalari ikki xil ko‘rinishda: qat’iy stavkalarda va nisbiy (foiz) stavkalarda ifodalanadi. Soliq stavkasi qat’iy stavkada belgilangan holda soliq ob’ektga nisbatan qat’iy so‘mda belgilanadi. Masalan, er solig‘ining har bir gektari uchun qat’iy so‘mda soliq miqdori o‘rnatilgan. Yuridik va jismoniy shaxslarning daromadlariga, mol-mulklariga esa nisbiy stavkada yoki foizda soliq miqdori belgilangan.

Soliq stavkasi bilan soliqqa tortish ob’ekti o‘rtasidagi bog‘liqlik darajasiga qarab soliq stavkalarini proportsional, progressiv va regressiv turlarga ajratish mumkin. Proportsional soliq stavkasining mohiyati shundan iboratki, bunda soliqqa tortish ob’ekti qanday bo‘lishidan qat’iy nazar soliq stavkasi o‘zgarmaydi. Masalan, respublikamiz soliq tizimida amal qiluvchi yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkiga soliq uning ob’ekti 1000 so‘m bo‘lganida ham 100 000 so‘m bo‘lganida ham soliq stavkasi o‘zgarmay qolaveradi, ya’ni soliq ob’ektining o‘zgarishi soliq stavkasining o‘zgarishiga ta’sir qilmaydi.

Progressiv soliq stavkasida soliq ob’ektining o‘zgarishi o‘z navbatida soliq stavkasining o‘zgarishiga, ya’ni oshib borishiga olib keladi. Masalan, jismoniy shaxslarning daromadiga soliq stavkalari progressiv tarzda belgilangan bo‘lib, jismoniy shaxslarning daromadlari oshib borgan sari soliq stavkalari ham oshib boradi. O‘zbekiston Respublikasining soliq qonunchiligiga muvofiq 2005 yil uchun jismoniy shaxslarning daromadiga soliq stavkalari: eng kam ish haqining 5 baravari miqdoriga 13% da, 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdoriga 20% da, 10 baravaridan ortgan qismiga esa 29% da belgilangan.

Progressiv soliq stavkasining ikki turi mavjud: oddiy progressiya va murakkab progressiya. Oddiy progressiyada soliqning orttirilgan stavkasi soliqqa tortiladigan barcha ob’ektga nisbatan qo‘llaniladi, murakkab progressiyada esa, soliqqa tortish ob’ekti qismlarga bo‘linadi, ularning har biri o‘z stavkasi bo‘yicha soliqqa tortiladi, ya’ni orttirilgan stavkalar butun ob’ektga nisbatan emas, balki bundan oldingi bosqichdan ortgan qismiga nisbatan qo‘llaniladi. Yuqorida keltirgan misolimiz, jismoniy shaxslarning daromadiga soliq stavkalari murakkab progressiyadir.

Regressiv soliq stavkasida soliq ob’ektining oshib borishi bilan soliq stavkasi kamayib borib, daromad yoki mahsulot ko‘plab ishlab chiqarishni talab qiladi. Respublikamiz soliq qonunchiliga muvofiq chetga eksport tovarlar ishlab chiqarib, erkin almashtiriladigan valyutalarda tushumga erishganlar iqtisodiy qiziqtiriladi, ya’ni daromad (foyda) solig‘i kamaytirilgan stavkada to‘lanadi. 2002 yildan boshlab kiritilgan bu siyosatni kengaytirish iqtisodiy rivojlanishga katta naf keltiradi.

Soliq imtiyozlari - soliq to‘lovchilarga soliqlar bo‘yicha turli xil engilliklar bo‘lib, ular vaqtinchalik va doimiy, to‘liq yoki qisman va boshqa ko‘rinishlarda berilishi mumkin. Soliq stavkalarining mohiyati, ularning turlari, amal qilish mexanizmlari, belgilash mezonlarini keyingi savollarimizda yoritamiz.

Soliq bazasini hisoblash usullari. Soliq bazasini hisoblashning ikki xil usuli mavjud bo‘lib, ular kassa usuli va hisobga olish usullaridir. Kassa usulida soliq to‘lovchida soliqlarni to‘lash majburiyatlari daromad olganidan keyin vujudga kelsa, hisobga olish usulida esa daromad olingan yoki sotishdan tushum qachon kelib tushushidan qat’iy nazar tovarlarni jo‘natilishi o‘z navbatida soliqlarni to‘lash majburiyatlarini vujudga keltiradi.

Soliqqa tortish usullari uch xil ko‘rinishda amalga oshirilib. Ular quyidagilarga: soliqqa tortishning kadastrli, deklaratsiya va manba oldidan soliqqa tortish usullariga ajratiladi. Ularning keng bayoni keyingi savollarda ochib beriladi.

Soliqlarni to‘lash muddatlari va tartiblari. Soliq qonunchiligida har bir soliq turining byudjetga to‘lash muddatlari belgilangan. Soliqni to‘lash muddatlari deganda soliq to‘lovchilarning davlat byudjeti oldida soliq majburiyatlarining bajarish muddati ifodalanadi. Soliqni to‘lash muddatlari o‘z mohiyatiga ko‘ra ikki xil ko‘rinishga ega: avans (bo‘nak) to‘lovlari va haqiqiy daromad olinganidan keyingi to‘lovlar.

Soliqni to‘lash tartibida esa, soliqni yo‘naltirilganligi (byudjetga yoki byudjetdan tashqari fondlarga), soliqni to‘lash vositasi (milliy valyuta, so‘mda yoki boshqa mamlakatlar milliy valyutasida. O‘zbekiston Respublikasi soliq qonunchiligiga muvofiq soliqlar faqat milliy valyuta, so‘mda to‘lanishi mumkin) hamda soliqni to‘lash shakllari (naqd pul yoki naqd pulsiz) ifodalanadi.

Soliq yuki - soliq to‘lovchining muayyan vaqt oralig‘ida to‘lagan soliqlari yig‘indisini ifodalaydi. Bunda soliq to‘lovchilarning to‘laydigan barcha soliqlar va soliqsiz majburiy to‘lovlarining yig‘indisini ifodalanadi. Soliq yukining aniq soliq to‘lovchilar zimmasiga qancha to‘g‘ri kelganligini aniqlash ancha murakkab jarayon hisoblanadi. Biroq to‘g‘ri soliqlarda soliq og‘irligi aynan soliqni byudjetga hisoblab o‘tkazuvchi soliq to‘lovchilar zimmasiga tushsa, egri soliqlarda soliq yuki soliqni to‘lovchilar emas, balki tovar (ish, xizmat) larni iste’mol qiluvchilar zimmasiga tushadi. Muayyan turdagi yuridik va jismoniy shaxslar bo‘yicha soliq yukining bir yilda byudjetga to‘langan barcha majburiy to‘lovlar yig‘indisi bilan aniqlash mumkin. Soliq yukining darajasi o‘z navbatida mamlakatning iqtisodiy qudratiga, inflyatsiya darajasiga, davlatning vakolatli funktsiyalarni qo‘llashiga, qolaversa bozor munosabatlarining rivojlanishini va ijtimoiy harakat doirasiga bevosita bog‘liq bo‘ladi.

Soliq yukini ifodalashning bir qancha ko‘rinishlari mavjud: makrodarajadagi soliq yuki, mezodarajadagi soliq yuki va mikrodarajadagi soliq yuki. Soliq yuki makrodarajada ifodalanganda butun mamlakat miqyosida ifodalanib, asosiy ko‘rsatkich sifatida muayyan vaqt oralig‘ida davlat byudjetiga kelib tushgan soliqlar yig‘indisini ana shu vaqt oralig‘ida yaratilgan YaIM yoki MD ga nisbati olinadi. Mezodarajada ifodalanganda alohida olingan soha, tarmoq yoki sektorga to‘g‘ri keladigan soliq yuki ifodalansa. Mikrodarajada esa, aniq bir olingan sub’ektga to‘g‘ri keladigan soliq yuki ifodalanadi.
3. Soliq imtiyozlari, ularning mohiyati va turlari

Jahon soliq tizimining asosiy va ajralmas qismlaridan biri bu soliq imtiyozlaridir. Har qanday davlat uning xo‘jalik yuritish tizimi qanday bo‘lishdan qat’iy nazar davlat byudjetini daromadlar bilan ta’minlashda asosiy vositalardan biri bu soliqlar va soliqsiz to‘lovlardir. Ammo joriy etilgan soliqlar sof fiskal shaklda o‘rnatilishi mumkin emas. Chunki faqat byudjet manfaati nuqtai nazaridan o‘rnatilgan soliqlarni amal qilishi uzoq vaqtni o‘z ichiga olmaydi. Shuning uchun muayyan darajada soliq imtiyozlaridan foydalanish taqozo etiladi.

Soliq tizimida soliq imtiyozlaridan foydalanishning bir qator ob’ektiv ijtimoiy-iqtisodiy sabablari mavjud bo‘lib, bizningcha ular quyidagilardir:

Birinchidan, soliq imtiyozlarini mavjudligini asosiy sabablaridan biri bu soliq to‘lovchi (yuridik va jismoniy shaxs) larning jamiyatda tutgan mavqei, ijtimoiy holati turlicha ekanligidan. Shu jihatdan barchaga bir xil tartibda (miqdorda) soliq solish ma’noga ega bo‘lmaydi;

Ikkinchidan, davlat iqtisodiyotga ta’sir etib uni tartiblash vazifasini amalga oshiradiki, bunda turli xil dastaklardan foydalanadi. Bu dastaklarning asosiylaridan biri bu jamiyatdagi ba’zi muhim sohalarni yoki soliq to‘lovchilarning faoliyatini rag‘batlantirish maqsadida soliq imtiyozlari belgilanadi. Ya’ni, davlat soliq imtiyozlari orqali iqtisodiyotni samarali va qulay boshqarish yoki tartiblash imkoniyatiga ega bo‘ladi, bundan ko‘rinadiki, soliq imtiyozlari davlatni o‘z funktsiya va vazifalarini yuzaga chiqaruvchi muhim dastak sifatida yuzaga chiqadi;

Uchinchidan, soliq imtiyozlari qo‘llanilishining asosiy sabablaridan yana biri bu milliy daromadni qulay, samarali va oqilona taqsimlashga erishishdan iboratdir. Ya’ni, bundan soliqlar sifatida byudjetga jalb etilishi lozim bo‘lgan moliyaviy resurslar imtiyoz berish tufayli byudjetga jalb etilmasdan soliq to‘lovchilarning o‘zlariga maqsadli ravishda qoldiriladi. Buning afzallik tomoni shundaki, soliq to‘lovlarini byudjetga olish va uni yana qayta taqsimlash ishlarini osonlashtiradi va ish faoliyat turlarini rag‘batlantirishga erishiladi.

Qayd etish joizki, soliq imtiyozlari xususida turli xil fikrlar mavjud. Soliq imtiyozlarining mohiyatini to‘laroq anglab etish uchun avvalo ana shu turli xil fikrlarni keltirish maqsadga muvofiq.

Prof. Q. Yahyoev fikriga ko‘ra «Soliq to‘lovchilarni soliqdan ozod etish, ular to‘laydigan soliq miqdorini (soliq bazasini) kamaytirish yoki soliq to‘lash shartini engillashtirish soliq imtiyozidir».22 Shuningdek, ushbu iqtisodchining ta’kidlashicha soliq imtiyozi degan termin o‘rniga soliq engilligi termini bu jarayonning mohiyatini ochib beradi.23 Amaliyotchi, iqtisodchi olim Sh. Gataulin soliq imtiyozlariga quyidagicha ta’rif beradi: «Soliq imtiyozlari amaldagi qonunlarga muvofiq ravishda soliqlardan to‘liq yoki qisman ozod qilishdir (skidkalar, chegirib tashlashlar va hokazo)».24

Prof. T.S. Malikovning ta’kidlashicha soliq imtiyozlari deganda soliq to‘lovchining soliq majburiyatlari hajmining to‘liq yoki qisman qisqarishi, to‘lov muddatining kechiktirilishi yoki orqaga surilishi tushuniladi. Soliqlarning rag‘batlantiruvchi funktsiyasi soliq imtiyozlari tizimi orqali amalga oshiriladi. Soliq imtiyozi soliqqa tortish ob’ektining o‘zgarishida, soliqqa tortish bazasining kamayishida (qisqarishida), soliq stavkalarining pasaytirilishida va boshqalarda o‘z ifodasini topadi. Soliqqa tortilmaydigan ob’ekt minimumi, alohida shaxslar va soliq to‘lovchilarning ayrim toifalarini soliq to‘lashdan ozod qilish, soliqqa tortish ob’ektidan ayrim elementlarni chiqarish, soliq stavkalarini pasaytirish, maqsadli soliq imtiyozlari, soliq kreditlari (soliqlarning undirilishini kechiktirish) va boshqalar soliq imtiyozlarining ko‘rinishlaridir (turlaridir). Masalan, korxonalar foydasidan olinadigan soliq bo‘yicha imtiyozlar ishlab chiqarishni kengaytirish va uy-joy qurilishini rivojlantirish xarajatlarini moliyalashtirishni, tadbirkorlikning kichik shakllarini, nogironlar va pensionerlarning bandligini ta’minlashni, ijtimoiy, madaniy va tabiatni muhofaza qilish sohalarini rag‘batlantirishga qaratilgandir. Individual xarakterga ega bo‘lgan imtiyozlarni berish, odatda, ta’qiqlanadi.25

Soliqlarning va ular bo‘yicha beriladigan imtiyozlarning mavjudligi doimo davlat vujudga kelishi bilan bog‘lanib kelingan. Buyuk Sohibqiron Amir Temur tuzuklarida ta’kidlanishicha «Soliqlar davlatning iqtisodiy tayanchi va namoyon bo‘lishidir».26

Agar, Temur tuzuklarida berilgan soliqqa tortish tamoyillariga nazar tashlaydigan bo‘lsak, ularning asosini ham soliqqa tortishda beriladigan imtiyozlar egallaydi. Unga muvofiq soliq to‘lovchilardan soliqlarni aralashli undirish soliq siyosatini diqqat markazida turadi. «Temur tuzuklarida» keltirilishicha «Kimki biron sahroni obod qilsa yoki poliz qilsa, yoki biron bog‘ ko‘kartirsa yoxud biron harob bo‘lib yotgan erni obod qilsa, birinchi yili undan hech narsa olmasinlar, ikkinchi yili raiyat o‘z roziligi bilan berganini olsinlar, uchinchi yili (esa oliq-soliq) qonun - qoidasiga muvofiq hiroj yig‘ilsin».27 Bundan ko‘rinadiki, soliqlardan beriladigan imtiyozlar bevosita davlatni (xazinani) iqtisodiy qudratiga bog‘liq bo‘lib, unda soliq imtiyozlari bilan byudjet (xazina) daromadlarini shakllantirishning o‘zaro bog‘liqligi aks ettirilgan.

Soliqqa tortish nazariyasi va amaliyotida soliq imtiyozlarining tutgan o‘rni ingliz iqtisodchisi Keyns nazariyasida alohida o‘rinni egallaydi. Keynschilar tomonidan soliq tizimi, aniqrog‘i soliq imtiyozlari makroiqtisodiyot sharoitida iqtisodiyotni tartibga solishning tarkibiy elementi sifatida hamda davlatning tadbirkorlar manfaatiga ta’sir etish va byudjetning daromad qismini to‘ldirish borasidagi muhim iqtisodiy qurol sifatida qaraladi. Ikkinchi jahon urushidan keyin g‘arb davlatlarida neoklassik yo‘nalish, institutsional - ijtimoiy yo‘nalish talablariga mos tarzda soliqqa tortish tizimida imtiyozlar nazariyasiga ancha e’tibor berildi. Mazkur iqtisodiy maktablar nazariy yondoshuvlaridagi tub farqlar bo‘lishiga qaramay ularning vaqillari umumiy tarzda soliq imtiyozlari orqali iqtisodiyotni barqarorlashtirish va uni tartibga solish vositasi sifatida qaraganlar. Iqtisodiyotni boshqarishda soliq imtiyozlari rolini ular quyidagicha ifodalar edi: agar u yoki bu davlatning iqtisodiyoti ortiqcha ishlab chiqarish bilan xususiyatlanuvchi o‘sish davrini o‘tayotgan bo‘lsa, u holda davlat soliq imtiyozlarini kamaytirish, ya’ni soliqlarni ko‘paytirish, soliqqa tortishni kuchaytirish orqali korporatsiyalar bo‘sh mablag‘larini ko‘proq byudjetga jalb qilish lozim deb hisoblaganlar. Agar mamlakat iqtisodiyoti turg‘unlik holatini kechirayotgan bo‘lsa, iqtisodiyotni jonlantirish uchun qo‘shimcha sarmoya jalb qilish lozim. Bunda soliq imtiyozlaridan ham keng foydalanish zarurati tug‘iladi degan xulosaga kelishgan. Bu holatda iqtisodchilar davlatga, soliq miqdorini kamaytirish, soliq imtiyozlarini ko‘paytirishni maslahat beradilarki, bu narsa byudjetga qo‘shimcha mablag‘lar va kapital qo‘yilmalar uchun mablag‘lar tug‘ilishiga imkoniyat tug‘diradi.

Iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solishning boshqa dastaklari qatori soliq siyosati talab va taklif o‘rtasidagi mutanosiblikka erishish orqali iqtisodiyotda barqaror taraqqiyotni ta’minlashga qaratilgan. G‘arb iqtisodchilari soliq tizimining ahamiyatini davlat faoliyatini amalga oshirish uchun uni zarur moliyaviy mablag‘lar bilan ta’minlash sifatida ifodalanuvchi sof fiskal vazifa bilan cheklab qo‘ymaydilar. Ularning soliq imtiyozlari nazariyasida soliqlarni tartibga solish vazifasiga katta e’tibor beradilar. Soliqlar davlat tomonidan iqtisodiyotni tartibga solishning muhim quroli sifatida xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar iqtisodiy hulq-atvoriga davlat ta’sirini ifodalaydilar. Ammo, bunda soliq imtiyozlari asosiy vosita sifatida qaralishi keng nazarda tutilgan.

Bozor munosabatlari sharoitida mustaqil respublikamiz iqtisodiy erkinlashtirishni amalga oshirar ekan, iqtisodiyotni tartiblash va boshqarish jarayonida bir qator vositalardan foydalaniladiki, bunda soliq tizimining soliq stavkalari va imtiyozlaridan foydalanish eng samarali va oson usullardan biri bo‘lib yuzaga chiqadi.

Soliq imtiyozlari bilan iqtisodiyotni boshqarish, davlatni shunday faoliyati bilan bog‘liqki, u takror ishlab chiqarish jarayonida vujudga kelgan nomutanosiblikni yo‘qotish uchun sharoit yaratadi. Boshqacha qilib aytganda, agar soliqlarning ba’zi tizimi ishlab chiqarishni tartibga solishning davlat strategiyasini aniqlasa, taktikasi soliq imtiyozlari orqali amalga oshiriladi. Soliq imtiyozlarini soliq sub’ekti, soliq ob’ekti, soliqlarni undirish vositalari, muddatlari nuqtai nazaridan bir necha guruhlarga (turlarga) bo‘lish mumkin. Soliq imtiyozlarini turli xil asoslar bo‘yicha guruhlash mumkin. Biz buni quyidagi tartibda asoslashga harakat qilamiz.

Bizga ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi soliq tizimini huquqiy bazasi takomillashib bormoqda. Hozirga qadar qabul qilingan barcha soliqqa oid qonun hujjatlariga e’tibor beradigan bo‘lsak, ularning barchasiga soliq imtiyozlarini belgilash bo‘yicha umumiy o‘xshashliklar mavjudligiga guvoh bo‘lishimiz mumkin. Ya’ni, barcha qonun hujjatlarida soliq turlari bo‘yicha imtiyozlar asosan quyidagi shakllarda:

- soliqdan batamom ozod etish;

- soliqdan vaqtincha yoki qisman ozod etish;

- soliq bazasini kamaytirish tarzida berilgan.

2008 yil 1- yanvardan kuchga kirgan O‘zbekiston Respublikasi Soliq Kodeksi va unga asoslanib ishlab chiqilgan maxsus yo‘riqnoma hujjatlarida belgilangan soliq imtiyozlarini guruhlaydigan yoki turlarga ajratadigan bo‘lsak bizningcha u to‘rt turda amal qilayotganligining guvohi bo‘lamiz. (1 - shaklga qarang).

1-shakldan ko‘rish mumkinki, O‘zbekiston Respublikasi soliq qonunchiligida soliq imtiyozlarining eng so‘nggi turi bu soliq solish usulini tanlash huquqidir. Bu imtiyoz faqat Soliq Kodeksiga muvofiq berilgan bo‘lib, avvalgi soliq qonunchiligida bu imtiyoz ko‘zda tutilmagan edi. Bu imtiyoz turini mohiyati asosan kichik biznes sub’ektlari va qishloq xo‘jalik korxonalariga soliq solishning u yoki bu turini tanlash huquqi berilganligi bilan ifodalanadi.

1 - shakl


Soliq imtiyozlarining turlari



Soliq to’lashdan batamom ozod etish


Yuridik shaxslarni batamom ozod etish



Soliq solish usulini tanlash huquqi

Soliq solinagan bazani kamaytirish



Soliqdan vaqtincha ozod etish

Dastlab 2 yil muddatga

Kichik biznes uchun sodda-lashtirilgan soliqtizimi tizimi

Ekologiyaga qilin gan xarajatlar doirasida

Investitsiyaga qilingan xa- rajatlar miq dorida

Xayriya maqsad laridagi badal lar doirasida
1   ...   12   13   14   15   16   17   18   19   ...   31


Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©atelim.com 2016
rəhbərliyinə müraciət