Ana səhifə

Soliqlar va soliqqa tortish


Yüklə 1.88 Mb.
səhifə14/31
tarix26.06.2016
ölçüsü1.88 Mb.
1   ...   10   11   12   13   14   15   16   17   ...   31

5. Sobiq ittifoq davrida soliqlarga bo‘lgan yondashuv

1917 yil oktyabrda bolsheviklar zo‘rlik bilan amalga oshirgan to‘ntarish Sobiq Ittifoq xalqlari, shu jumladan O‘zbekiston tarixida salkam 75 yil davom etgan yangi mustamlakachilik sahifasini boshlab berdi. Yangi iqtisodiy siyosatga o‘tilishi munosabati bilan agrar ishlab chiqarishni yuksaltirishga qaratilgan xo‘jalik tadbirlari zanjirida mustaqil ish olib boruvchi yakka dehqonning manfaati oldingi o‘ringa qo‘yildi. 1919 yil mart oyida yangi iqtisodiy siyosat (NEP) e’lon qilinishi munosabati bilan yangi soliq siyosati tashkil etildi. Mazkur tizim qishloq xo‘jaligi, hunarmandchilik, daromad, mulk va renta soliqlari, tamg‘a yig‘imlari, meros va boshqa bojlar kabi majburiy to‘lovlarini o‘z tarkibiga qamrab olgan. 1922 yil 11 aprelda “Natura solig‘i haqida”gi qaror qabul qilindi. Mazkur qarorga ko‘ra dehqonlarning noroziligiga sabab bo‘lgan oziq-ovqat razvedkasi o‘rniga yalpi hosilning 10 foizi miqdorida oziq-ovqat solig‘i belgilandi. Lekin oradan ko‘p vaqt o‘tmay xo‘jalikning katta-kichikligidan kelib chiqib, soliqni tabaqalashtirish joriy etildi. Soliq quyidagi proportsiyalarda olinishi belgilab qo‘yildi: 2 desyatinagacha eri bo‘lgan xo‘jaliklardan hosilning 5 foizi, 2-4 desyatinagacha 10 foizi, 4-6 desyatinagacha 12 foizi, 6-8 desyatinagacha 14 foizi va hokazo.

Yangi iqtisodiy siyosat paxtachilik siyosatiga ham muayyan o‘zgarishlar kiritdi. Paxtachilikni mehnat qurollari bilan ta’minlashga e’tibor kuchaytirildi. Ularga turli xil imtiyozlar berilib, ot-ulov solig‘idan, kamquvvatli xo‘jaliklar oziq-ovqat solig‘idan ozod qilindi. Bularning hammasi dehqonlarning kayfiyatiga, ularni ko‘proq paxta etishtirishga bo‘lgan intilishida o‘zgarishlar bo‘lishiga olib keldi.

1923 yil 13 iyunda ba’zi ziddiyatlarni bartaraf etish maqsadida oziq-ovqat solig‘idan yagona qishloq xo‘jaligi solig‘iga o‘tish to‘g‘risida dekret chiqarildi. Natijada, tovar-pul munosabatlarining sub’ekti bo‘lgan dehqonlarning roli sezilarli ravishda kuchaydi. Xususiy kapital asosida tashkil etilgan vositachilik va savdo shirkatlari qat’iy mafkuraviy nazorat ostida bo‘ldi. Ko‘pincha, xususiylarga juda katta miqdorda soliq solinar, tadbirkorlarning erkin faoliyati esa butunlay cheklab qo‘yilgan edi. Keyinchalik davlat xususiy sektorni tugatishni tezlashtirish maqsadida qo‘shimcha soliqlar undirildi.

1923-1925 yillarda quyidagi soliqlar amal qilgan:

1. To‘g‘ri soliqlar:

- qishloq xo‘jaligi solig‘i;

- hunarmandchilik solig‘i (savdo va ishlab chiqarish korxonalariga);

- mulk solig‘i;

- renta soliqlari;

- gerb yig‘imlari va boshqalar.

2. Egri soliqlar:

- aktsiz soliqlari (choy, kofe, shakar, tuz, alkogolli ichimliklar, tamaki mahsulotlari, neft mahsulotlari va boshqa turdagi tovarlarga nisbatan joriy etilgan);

- turli xil bojlar.

1922-1923 yillarda to‘g‘ri soliqlar byudjetni soliqli daromadlarining 43 foizini, 1923-1924 yillarda 45 foizini, 1925-1926 yillarda 82 foizini tashkil etgan.

1930 yillarda yangi soliq islohotlarini o‘tkazish talab qilindi. Soliq islohotlari o‘tkazishning asosiy sababi quyidagi kamchiliklarni yo‘qotishga qaratilgan edi.

- soliqlar sonini qisqartirish maqsadida oborot solig‘ini joriy etish;

- bir soliq ob’ektini bir necha marotaba soliqqa tortilishi va baholarni rejalashtirishning murakkabligini tugatish. Buning uchun foydadan ajratmalar va kooperatsiyada daromad solig‘i joriy etildi.

Oborot solig‘i tarkibiga bir necha soliq va foydadan ajratmalarga 6 xil soliq birlashdi. Olib borilgan soliq islohoti natijasida korxonalarga byudjetga olinadigan daromadlar 7 baravar ortdi.

Lekin shunga qaramasdan respublikada birorta og‘ir industriya giganti barpo etilmadi, chunki ularni qurish milliy mustamlakachilik manfaatlariga mos kelmas edi. Shuning uchun respublikada paxtachilikni rivojlantirish bilan bog‘liq sanoat tarmoqlari, oziq-ovqat, engil sanoat tarmoqlarini kengaytirishgagina ahamiyat berildi. Sanoat korxonalarining aksariyati xom ashyo, yarim tayyor mahsulot ishlashga ixtisoslashtirildi. Chunki tayyor mahsulotdan tushadigan mo‘maygina daromad O‘zbekiston xom ashyosini qayta ishlashga moslashgan Ittifoqdagi markaziy korxonalar tomonidan amalga oshirildi.

Ikkinchi jahon urushi boshlangandan so‘ng O‘zbekiston front ehtiyojlarini ta’minlovchi moddiy bazaga aylandi. Byudjetdan harbiy tadbirlarga sarflangan mablag‘lar 114,7 milliard so‘mni tashkil etib, shundan 58,8 milliard so‘m yoki 50,8 foizni harbiy xarajatlar tashkil qilgan edi. Bundan tashqari, respublika frontga 4 mln. 148 ming tonna paxta, 54 ming tonna pilla, 3 mln. 83 ming dona qora ko‘l terisi va oziq-ovqat mahsulotlari jo‘natgan. O‘zining vatanparvarlik burchini yuksak darajada namoyish qilgan O‘zbekiston xalqi fashizm ustidan faqat Sobiq Ittifoqni emas, eng avvalo o‘z xalqini saqlab qoldi. O‘zbekiston hududida urush harakatlari sodir bo‘lmagan bo‘lsada, boshqa respublikalar qatori bu erda ham iqtisodiy tizim izdan chiqdi. Iqtisodiyotni qayta tiklash ishlari boshlanib, qator tadbirlar belgilandi. Jumladan, soliq tizimiga katta e’tibor qaratildi. Bu yo‘nalishda soliq miqdori xo‘jalik tomorqasiga qarab belgilanadigan bo‘ldi. Natijada ayrim viloyatlarda uzumzorlarni kesib tashlashga o‘xshash hodisalarga barham berildi. Soliq 2-3 baravar kamaydi.

1958 yildan boshlab aholi mablag‘i hisobidan «ixtiyoriy» tartibda yoziladigan zayomlar bekor qilindi, daromad solig‘i va boshqa soliqlar qisman kamaytirildi.

1965 yildan boshlab foydadan ajratmalar to‘lovi o‘rniga 3 xil ko‘rsatkich asosida hisoblanadigan to‘lovlar joriy qilindi. Bu to‘lovlar turli korxonalar misolida sinovdan o‘tkazildi. Lekin ular kutilgan natijani bermaganligi sababli milliy daromadning o‘sish sur’atlari pasayib ketdi.

Shu munosabat bilan 1987 yil 7 iyulidagi moliya mexanizmini qayta qurish qaroriga muvofiq sanoat korxonalari va tarmoqlari asosiy e’tiborni joriy masalalarni hal qilishga qaratib, moliya va iqtisodiy masalalardan chetlashganliklari tanqid qilindi, korxonalarda ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirishga etarli e’tibor berilmaganligi ko‘rsatildi. Qarorning ikkinchi bandida oborot solig‘ining to‘lovchisi bevosita mahsulot etishtiradigan korxona bo‘lishi kerak deb ko‘rsatilgan. Bu moddaning ahamiyati shundan iboratki, bir tomondan respublikaning asosiy hal qiluvchi xom ashyosi hisoblangan paxta, pilla, rangli metallardan foydalanib boshqa respublikadagi korxonalarga mahsulot ishlab chiqarsa, ular joyida soliqqa tortilib, ikkinchi tomondan paxta va boshqa xom ashyolarni sotishdan kelgan daromadlar soliqqa tortilmas, respublika byudjeti bu daromadlardan mahrum edi. Bu tadbirlar O‘zbekistonda moliya tizimidagi inqirozlarni kuchaytirdi. Natijada iqtisodiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha respublika Ittifoqda oxirgi o‘rinlardan birini egallar edi.

Sobiq Ittifoq davrida davlat bilan davlat mulkchiligi o‘rtasida soliq munosabatlari bo‘lishi mumkin emas degan mafkuraviy aqidaga tayangan holda davlat bilan davlat mulkiga tegishli korxonalar va tashkilotlar o‘rtasida soliq munosabatlariga barham berishga harakat qilingan, lekin yuqorida ko‘rib o‘tganimizdek, Sobiq Ittifoq davlati tashkil etilgandan e’tiboran uning hududida turli xil soliqlar amal qilgan va davlatning soliqsiz mavjud bo‘la olmasligini yana bir bor ko‘rsatdi.

Soliq sohasidagi o‘ta muhim o‘zgarishlar Sobiq Ittifoq KPSS MQ ning 1987 yil iyul plenumida tasdiqlangan “Davlat korxonalari (birlashmalari) to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilinishi bilan bog‘liq. Unga muvofiq korxonalar mulkchilik shaklidan qat’iy nazar byudjetga to‘lovlar bilan bir qatorda ular foydasini soliqqa tortish mumkinligi ham rasmiy ravishda tan olindi va 1991 yil 1 yanvaridan e’tiboran xalq xo‘jaligining barcha tarmoqlarida mulkchilik shaklidan qat’iy nazar korxonalar va davlat o‘rtasidagi munosabatlar soliq usuliga o‘tkazildi.


Tayanch so‘z va iboralar

  1. O‘lpon.

  2. Xiroj.

  3. Juzya.

  4. Iqta’.

  5. Kalon.

  6. Kopchur.

  7. Raiyat.

  8. Mulki devoniy.

  9. Suyurg‘ol.

  10. Tarxonlik.

  11. Avarizot.

  12. Ixrojot.

  13. Tanho.

  14. Solg‘it.

  15. Devonbegi.

  16. Oklad.

  17. Molu sardaraxt

  18. Shilon puli


O‘z-o‘zini tekshirish uchun savollar

  1. Soliqlar qachon paydo bo‘lgan?

  2. Mamlakatimizdagi ilk soliqlar haqida nimalarni bilasiz?

  3. Arablar istilosi davridagi soliqlarni qo‘llash mexanizmi qanday?

  4. Mo‘g‘ullar davridagi «kalon» va «kopchur» soliqlari qanday soliqlar?

  5. Amir Temur davrida soliq undirish tartibi to‘g‘risida nimalarni bilasiz?

  6. Buxoro amirligidagi soliqlarning undirilish tartibi qanday bo‘lgan?

  7. Oklad tizimi qachon joriy qilingan?

  8. Oborot solig‘i qay tartibda undirilgan?

  9. Xiroj solig‘i ma’nosi nimani anglatadi?

  10. Soliqlarning rivojlanish davrlari haqida nimalar bilasiz?

3-mavzu: Soliqlar haqida ilmiy qarashlar (2 soat)
Reja:

  1. Iqtisodiy ta’limotlarda soliqlarga oid g‘oyalar va nazariyalar talqini.

  2. Umumiy soliq nazariyalari.

  3. Xususiy soliq nazariyalari.


1. Iqtisodiy ta’limotlarda soliqlarga oid g‘oyalar va nazariyalar talqini

Soliqlarning mohiyati to‘g‘risidagi qarashlar va ularning jamiyat iqtisodiy tizimidagi o‘rni jamiyat munosabatlarining rivojlanishi bilan mos ravishda rivojlanib bormoqda. Soliqqa tortish to‘g‘risidagi qarashlarning shakllanishi bir necha bosqichlardan iborat bo‘lib, boshlang‘ich bosqichlarda soliqlarga iqtisodiy kategoriya sifatida qaralgan bo‘lsa, so‘nggi bosqichlarida ularning huquqiy jihatlariga ko‘proq e’tibor qaratila boshlandi.

Soliqqa tortish ilk ko‘rinishlaridan biri - bu mag‘lub bo‘lgan davlatdan sovg‘a tariqasida undirilgan. Mag‘lub bo‘lgan davlatning hamma boyliklari g‘olib davlatga harbiy mukofot sifatida va xarajatlarini qoplash uchun o‘tgan. Keyinchalik mag‘lub bo‘lgan davlat g‘olib davlatni moddiy jihatdan ta’minlab turishlari (yoki pul to‘lab turishlari) shart edi. Boshqacha qilib aytganda - soliqlarning birinchi shakli mag‘lublardan soliq (yoki mag‘lublar solig‘i) sifatida undirilgan.

Davlatchilik munosabatlari rivojlanishining dastlabki bosqichlarida va tinchlik paytlarida soliqqa tortish tizimi zarur qurbonlik sifatida jamiyatning ixtiyoriy emas, balki majburiy talablariga asoslangan tarzda amalga oshirilgan. O‘sha davrning o‘zidayoq soliqning muhim belgisi - majburiylik sezilib turardi. Bundan tashqari soliqqa tortish hali takomillashmagan bo‘lsa ham, uning muhim elementlaridan biri - soliq stavkasi ajralib turgan. Moiseyning beshligida shunday deyilgan “… va barcha erdagi donlarning va daraxt hosillarining 1/10 qismi Xudoga tegishlidir”, ya’ni birinchi daromad solig‘i stavkasi 10 foizni tashkil etgan.

Qadimgi Misrda va ko‘plab sharqiy davlatlarda soliq davlat boshlig‘iga tegishli bo‘lgan erdan foydalanganlik uchun ijara haqi sifatida undirilgan. Dastlabki feodal davlatlarida soliqlar davlat boshlig‘iga sovg‘a sifatida berilgan. Tasodif emaski, o‘rta asrlarda Angliyada “soliq” va “sovg‘a” so‘zlari deyarli sinonim so‘zlar bo‘lib, ikkilasi ham “gift” so‘zi bilan ifodalangan. Germaniyada esa soliqning nomi davlat tomonidan soliq to‘lash murojaati bilan bog‘liq bo‘lgan. Keyingi davrlarda soliqlarga xalqni o‘z davlatiga yordami sifatida qaralgan. Hozirgi kungacha nemis tilida soliq nomi - “steuer” qo‘llab-quvvatlash ma’nosini bildiradi.

Ammo XVIII asrda soliq nafaqat iqtisodiy ma’noga ega bo‘lgan, balki huquqiy ma’noga ham egaligi haqida tasavvur shakllangan. Aynan shu davrda soliqlarga fuqarolarni davlat oldidagi yuridik majburiyati sifatida qaraldi. Shunday qilib, ingliz tilida hozirgacha ba’zi bir soliqlar “duty” deb nomlanadi, ya’ni qarz, majburiyat deganidir.

Soliqqa tortishning to‘laqonli nazariy asoslanishi chuqur tarixiy ildizga ega emas. XVII asrgacha hamma soliq to‘g‘risidagi tasavvurlar tasodifiy va tartibsiz xarakterga ega bo‘lgan, bu esa ushbu davrgacha soliqlarga bag‘ishlangan tadqiqotlar tor doirada olib borilganligidan dalolat beradi. Vaqtinchalik va tasodifiy soliqlarni doimiy va umumiy to‘lovlarga aylantirilishi aholining noroziligiga olib keldi va bu holat moliya ilmidan soliqni nazariy asoslab berishni talab qilar edi.

Uzoq vaqt davomida Soliq nazariyasida - klassik qarashlar asosiy nazariya bo‘lib keldi. Bundan 200 yillar chamasi ilgari A. Smit tomonidan davlat moliyasi evolyutsiyasini o‘rganishga asos solindi. Bu nazariya mustaqil xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar daromadidan davlat xazinasiga tartibli va samarali ravishda soliq undirishning to‘rt tamoyilini o‘rtaga qo‘ydi: tenglik, aniqlik, to‘lashning qulayligi va arzonligi. Klassik-olimlar U. Peti, J. B. Sey va ingliz iqtisodchilari D. Rikkardo, J. Mil iqtisodiyotni samarali va o‘zini-o‘zi boshqara oladi deb hisoblashgan. Ularning fikricha talab taklifni yaratadi, agar ishlab chiqaruvchilar ko‘payib ketishsa, ular o‘zlari taqchil tarmoqlarga o‘tishini, soliqlar esa faqatgina byudjet daromadining manbai sifatidagina rol o‘ynaydi xolos deb hisoblashgan. Soliqlar bo‘yicha olib borilgan izlanishlar faqatgina uni undirish (tenglik va progressivlik) va undirilgan mablag‘larni fiskal ehtiyojlarni qondirish uchun ishlatish ustida olib borilar edi. Ammo iqtisodiyotning rivojlanishi va iqtisodiy tsikllarning bo‘lib turishi klassiklar nazariyalarni bir qadar o‘zgarishiga olib keldi, ya’ni davlatning roli va iqtisodiy jarayonlarga ta’sir ko‘rsata olishini belgilab berish kerak bo‘lib qoldi. Bundan tashqari soliqqa tortishning ijtimoiy-iqtisodiy chegaralarini ham belgilab olish kerak edi.

Asosiy soliq nazariyalari XVII asrdan boshlab shakllana boshladi va asosiy tamoyillarning mujassamlashganligi sifatida burjuaziya ilmida umumiy Soliq nazariyasi nomini oldi. Uning asosiy yo‘nalishlari bevosita jamiyatning iqtisodiy rivojlanishi ta’siri ostida shakllandi.

Umuman olganda, Soliq nazariyasi deganda soliqlarning mohiyati va ahamiyati, ularning jamiyatning iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy hayotidagi o‘rni, roli va ahamiyati haqidagi ilmiy bilimlarning u yoki bu tizimi ifodalanadi. Boshqacha qilib aytganda, Soliq nazariyasi soliqlarning u yoki bu vazifasini tan olinishiga qarab davlatlarning soliq tizimlarini turli xil shakllanish modellarini o‘zida aks ettiradi.

Keng ma’noda Soliq nazariyasi har qanday umumiy ilmiy tadqiqotlarni o‘rganish bilan birga (umumiy Soliq nazariyasi) soliqqa tortishning alohida muammolarini ham o‘rganadi (xususiy Soliq nazariyasi). Xususiy soliq nazariyalari turli xil soliqlarning o‘zaro nisbatlarini, soliqlarning tarkibini, soliq stavkalarini va boshqalarni o‘rganadi. Bu nazariyaning yaqqol misoli yagona soliq nazariyasidir. Shu tariqa umumiy soliq nazariyalari soliqqa tortishni umumiy jihatlarini, xususiyatlarini belgilab bersa, xususiy soliq nazariyalari esa qaysi soliqlarni joriy qilish kerakligi, ularning sifat tarkibi qanday bo‘lishi kerakligi va boshqalarni belgilab beradi.

2. Umumiy soliq nazariyalari

Umumiy soliq nazariyalarining ilk ko‘rinishlaridan biri soliqqa tortishning almashinuv nazariyasi hisoblanadi. Bu nazariyaning mohiyati shundan iboratki, fuqarolar tashqi kuchlar hujumidan himoyalanishni, davlatda tartib saqlashni va boshqalarni davlatdan to‘lagan soliqlari hisobiga sotib olishadi. Ushbu nazariya faqatgina o‘rta asrlar sharoitiga mos bo‘lib, o‘sha davrda boj va yig‘imlarga harbiy va huquqiy himoya sotib olinishi sifatida qaralib, go‘yo qirol va fuqarolar o‘rtasida tuzilgan shartnoma sifatida qaralgan. Bu sharoitda almashinuv nazariyasi mavjud munosabatlarning rasmiy aksi edi.

Almashinuv nazariyasining turli xil ko‘rinishlari mavjud bulib, ulardan biri ma’rifat davrida paydo bo‘lgan atomistik nazariyadir. Uning namoyondalari bo‘lib frantsuz Sebastyan de Voban (1633-1707 yillar “Jamiyat bitimi” nazariyasi) va Sharl Monteske (1689-1755 yillar “Omma bitimi” nazariyasi) hisoblanadi. Bu nazariya tarafdorlari soliqlar fuqarolar va davlat o‘rtasidagi bitim hisoblanib, fuqarolar davlatning himoyasi, xavfsizlikni ta’minlash va boshqa xizmatlari uchun soliq to‘lovlarini to‘laydilar deb tushuntirishga harakat qilganlar. Shundan kelib chiqib, hech kim davlat xizmatlarini rad eta olmaganidek, soliqlarni to‘lashni ham rad eta olmaydilar deb hisoblashadi. Oxir-oqibat ushbu bitim eng foydali bo‘lib, hattoki eng kuchsiz davlat ham har bir fuqaro o‘z-o‘zini xavfsizligini ta’minlagandan ko‘ra yaxshiroq va afzalroq muhofaza qila olishini qayd etadi. Boshqacha qilib aytganda, soliqlar fuqarolarni tinch yashashi uchun to‘lovi deb hisoblashgan. Shuningdek angliyalik iqtisodchilar Tomas Gobbs (1558-1679 yillar), Volter (1694-1778 yillar) va Onore Mirabo (1749-1791 yillar) lar ham ushbu nazariya tarafdorlari hisoblanishgan.

XIX asrning birinchi yarmida shveytsariyalik iqtisodchi Simond de Sismondi (1773-1842 yillar) o‘zining “Politekonomikaning yangi asoslari” nomli ilmiy asarida (1819 yil) Soliq tarixi va nazariyasini rohatlanish (qanoatlanish) nazariyasi sifatida ta’riflaydi. Soliqlar go‘yoki, fuqarolarni jamiyatdan olgan rohatlari uchun to‘lov sifatida qaraladi. Fuqarolar soliqlarni to‘lash hisobiga jamiyatdagi tartib-intizom, odil sudlov tizimi, mol-mulki va shaxsiyatini muhofaza qilish kabi xizmatlarni sotib oladi va bunday xizmatlarni fuqarolarning rohatlanishi sifatida qaraydi. Shunday qilib, Sismondi o‘zining ushbu nazariyasida u almashinuv nazariyasining zamonaviy ko‘rinishini ifodalashga harakat qilgan.

Ushbu davrda soliqlarga sug‘urta mukofoti sifatida qarash shakllandi, bu qarash tarafdorlari frantsuz hukumati arbobi Adolf Ter (1797-1872 yillar) va angliya iqtisodchisi Djon Mak-Kullox (1789-1864 yillar) lardir. Ularning fikricha, soliq - bu sug‘urta to‘lovidir, ya’ni har qanday xavf-xatar paydo bo‘lish tasodifi uchun fuqarolar davlatga soliq to‘laydilar. Soliq to‘lovchilar tijoratchilar hisoblanib, ular o‘z daromadlariga bog‘liq holda mulkini urushdan, yong‘indan va talonchilikdan himoya qiladilar. Ammo soliq sug‘urta to‘lovi kabi sug‘urta hodisasi ro‘y berganda fuqarolarga qaytarilish uchun emas, balki himoya va xavfsizlikni ta’minlash xarajatlarini moliyalashtirish sifatida to‘langan.

Klassik Soliq nazariyasi (soliqning neytral nazariyasi) ancha yuqori nazariy ahamiyatga ega bo‘lib, ushbu nazariya shotlandiyalik iqtisodchi A.Smit (1723-1790 yillar), ingliz iqtisodchisi D.Rikardo (1772-1823 yillar) hamda ularning davomchilarining ilmiy faoliyatlari bilan bog‘liqdir. Bu nazariya tarafdorlari soliqni davlatning xarajatlarini qoplovchi bir daromad sifatida qarashgan. Ushbu qarashlar A.Smitning bozor iqtisodiyoti nazariyasiga asoslangan edi. Bozor sharoitida xo‘jalik sub’ektlarining mustaqilligi va erkin faoliyat ko‘rsatishi talab etiladi. A.Smit davlat boshqaruvining markazlashgan shakliga qarshi chiqib, bu borada quyidagilarni bayon etadi: «Markazlashgan boshqaruv tizimidan markazlashmagan boshqaruv tizimiga o‘tish talabni qondirishning maksimal darajaga etishini ta’minlaydi. Bozor iqtisodiyoti biror bir tarzda boshqarilmasa ham, u qat’iy qoidalarga bo‘ysinadi». A.Smit o‘zining «Xalqlar boyligining sabablari va tabiatlari» nomli kitobida (1776) bu qoidalarni tahlil qilib, erkin raqobat sharoitida bahoni ishlab chiqarish xarajatlariga mos kelishi va resurslarni tarmoqlar ichida taqsimlanishi misolida ko‘rsatib o‘tishga harakat qilgan. Shuningdek, A.Smit davlat bozor iqtisodiyoti rivojlanishini ta’minlashi va mulkdorlar huquqlarini himoya qilishi kerak deb hisoblaydi. Bu funktsiyalarni bajarishi uchun davlatga ma’lum miqdordagi mablag‘lar kerak. Bozor iqtisodiyoti sharoitida davlatning to‘g‘ridan-to‘g‘ri daromadi kamayadi, shuning uchun yuqoridagi xarajatlarni qoplash uchun soliqlardan tushumlar asosiy o‘rinni egallashi kerak. Davlatning boshqa xarajatlarini moliyalashtirish (qurilish, yo‘llar, sud organlarining binolari va boshqalar uchun xarajatlar) boj va yig‘imlar hisobiga, ya’ni ushbu xizmatlardan manfaatdor shaxslar hisobiga amalga oshiriladi. Shuning uchun soliqlar beminnat xususiyatga egaligi, boj va yig‘imlar esa soliq sifatida qaralmasligiga urg‘u bergan.

Klassik nazariya asoschilaridan biri bo‘lmish frantsuz huquqshunos olimi Polya Mari Golmening qayd etishicha, soliqlarning yagona maqsadi davlatning xarajatlarini qoplashdir. Bu kontseptsiya soliqning «g‘aznani to‘ldiruvchi va faqat soliqni moliyaviy funktsiyasini tan oluvchi» vazifasini chegaralaydi va u «davlat-nazoratchi» kontseptsiyasi bilan bog‘liq. Lekin iqtisodiy munosabatlarni rivojlanishi bu nazariyani o‘zgarishiga olib keldi. Neoklassik nazariya tarafdorlari iqtisodiy jarayonni noto‘g‘ri ko‘rsatish oqibatida soliqqa tortish bir sohaga ijobiy ta’sir etsa, ikkinchi sohaga salbiy ta’sir etishini inobatga olgan holda, soliqni iqtisodiyotga ta’sirini rad etmaydilar.

Soliqqa tortishning klassik nazariyasi hozirgi kunga kelib bir qadar o‘z kuchini yo‘qotgan, chunki hozirgi kunda jiddiy salbiy iqtisodiy oqibatlarsiz soliqlar orqali milliy mahsulotning 1/4 qismini undirish mumkin emas. Soliqlarning undirilishi fuqarolarning sotib olish qobiliyatini kamaytiradi va tadbirkorlarning investitsion imkoniyatlarini pasaytiradi, egri soliqlar tovar narxini oshiradi va iste’molga ta’sir etadi, bu esa o‘z-o‘zidan jamiyatdagi ko‘plab iqtisodiy jarayonlarga ta’sir etadi.

Soliqqa tortishning klassik nazariyasiga ingliz iqtisodchisi Djon Meynord Keyns (1883-1946 yillar) hamda uning izdoshlari izlanishlariga asoslangan keynschilik nazariyasi qarshi chiqdi. Bu nazariyaning markaziy g‘oyasi quyidagidan iborat: soliqlar iqtisodiyotni boshqarishning muhim qurolidir, uning muvaffaqiyatli rivojlanishining tarkibiy qismlaridan biridir. Keyns o‘zining «Bandlik, foiz va pulning umumiy nazariyasi» (1936 yil) nomli ilmiy asarida bayon qilgan fikriga ko‘ra iqtisodiy o‘sish faqat to‘la bandlik sharoitida pul jamg‘armasiga bog‘liq bo‘ladi. Ammo to‘la bandlikka erishish mumkin emas. Bunday sharoitda katta jamg‘armalar iqtisodiy rivojlanishga to‘sqinlik qiladi, jamg‘armalarni ishlab chiqarishga qo‘yilmasligi passiv daromad manbai hisoblanadi. Shuning uchun salbiy oqibatlarni bartaraf etish uchun ortiqcha jamg‘armalar soliqlar yordamida undirib olinishi kerak.

Keng ma’noda keynsianchilik nazariyasi iqtisodiyotni makroiqtisodiy darajada tahliliga asoslangan. Bu nazariya “samarali talab”ni yaratish, ya’ni yaratilgan mahsulotning butunlay sotilishiga davlatning tartiblashgan siyosati bilan aralashsa samarali bo‘lishini isbotlab berdi. Keynsgacha bo‘lgan davrda davlatning asosiy boyligi bo‘lib tejamkorlik qobiliyatini ham qo‘shdi, ya’ni dunyoning boyliklariga erishishning asosiy shartlari deb ko‘rsatib berdi. Shuning uchun ham investitsiyalar oqib kelishiga erishishda davlatning roli kichik emasligini ko‘rsatadi, ya’ni davlat faqatgina pul-kredit siyosati bilangina emas, balki o‘zining byujdet siyosati, ya’ni davlat o‘zining siyosatini davr talabiga mos soliq tizimini yaratish, soliq stavkalarini tartibga solishga qaratishini ko‘rsatadi. U shu bilan birga yangilikka erishishga davlat hamkorlik va yordam ko‘rsatishini ta’kidlaydi.

Keyns soliq stavkalarini progressiv bo‘lishini yoqlagan. Chunki, progressiv soliq stavkalari ishlab chiqaruvchini kapital qo‘yilmalarga nisbatan bo‘lgan riskni qabul qilishga rag‘bat beradi. Uning nazariyasini asosiy shartlaridan biri to‘liq bandlik sharoitida jamg‘armalarni iqtisodiy o‘sishga ta’sir kattaligidir. U katta miqdordagi jamg‘armalarni ishlatilmasligi iqtisodiy o‘sishga to‘sqinlik qilishini ta’kidlaydi, chunki u daromadlarning passiv manbai hisoblanadi. Ishlatilmayotgan ortiqcha jamg‘armalarni olishini ko‘zda tutib, davlatning aralashuvi lozim deb hisoblaydi. Davlat soliqlar orqali daromadlarni olinishiga va olingan mablag‘larni investitsiya loyihalarini moliyalashtirishga va o‘zining xarajatlarini qoplashga intilishini ko‘rsatadi.

Keynsning fikricha yuqori soliq stavkalari ijobiy rol o‘ynaydi. Yuqori soliq stavkalari byudjetni ajralmas qismi bo‘lib, bu kategoriya iqtisodiyotni tartiblashga yordam beradi. Soliq stavkalarini pasaytirish esa byudjet daromadlarini kamayishiga olib keladi va iqtisodiy nobarqarorlikni kuchaytiradi. Soliqlar xuddi “o‘rnatilgan tartiblovchi” kabi bu jarayonni tekislaydi: iqtisodiy o‘sish paytida soliqqa tortiladigan daromadlar soliq stavkalariga nisbatan sekinroq o‘sadi, iqtisodiy inqiroz paytida esa soliqlar daromadlarga nisbatan tezroq kamayadi. Shuning natijasida jamiyatning ijtimoiy hayotini barqarorlashtirishga erishiladi. Shunday qilib soliqdan tushadigan byudjet daromadlari faqatgina soliq stavkalariga bog‘liq bo‘lmasdan, balki progressiv shkalada soliqqa tortilayotgan daromadlarning ham o‘zgarishiga bog‘liq bo‘ladi. Angliya hukumati bu nazariyani birinchi jahon urushidan oldin samarali qo‘llay oldi. Chunki bu davrda davlatning hamma kuchlari qurollanishni takomillashtirishga qaratilgan edi.

Neokeynschilik nazariyasida soliqlar muammolariga etarlicha joy ajratilgan. Ingliz iqtisodchilari I.Fisher va N.Kaldorlarning fikricha soliqqa tortish ob’ektini ikkiga bo‘lishni: iste’molga (iste’mol qilinayotgan mahsulotning pirovard bahosiga) va jamg‘armaga (faqatgina quyilmalarga nisbatan foizlar bilan cheklanib qoladi) soliqlarni birgalikda qo‘llash. Shundan iste’molga soliq g‘oyasi paydo bo‘ldi, bu bir vaqtning o‘zida jamg‘arishga bo‘lgan rag‘batni cheklamaydi va inflyatsiyani oldini oladi. Iste’mol tavarlarini sotib olish uchun qaratilgan mablag‘lar bunday sharoitda investitsiya qilish uchun yoki jamg‘arishga, ya’ni keyinchalik kapital qo‘yilmalarga davlatning byudjet siyosati amalga oshiriladi va iqtisodiyotni kelajakda rivojlantirish uchun ijobiy omil bo‘ladi deb qaralgan.

Ammo ishlab chiqarishning tushib ketgan paytida xarajatlar kamayishi sekinlashadi, buni ta’sirida daromad kamayadi. Bozorda esa vahima talab paydo bo‘ladi, bu esa iste’mol soliqlari orqali byudjetga ko‘proq pul tushuradi. Ko‘rinib turibdiki bu usul iqtisodiyotni tartiblay olmaydi.

Ammo N.Koldorning fikricha, iste’molga soliq progressiv bo‘lishi shu bilan birga alohida olingan mahsulotlarga (masalan, kundalik ehtiyoj molllariga) etarlicha soliq imtiyozlari berilishi kerak deydi. Shu bilan birga, agar kam daromadli aholidan iste’mol solig‘i olinmasa, ancha haqqoniyroq bo‘lgan bo‘lar edi. Bundan tashqari jamg‘armalar bu soliqqa tortilmasligi kerak, chunki ular kelajakda investitsiya qilish uchun kerak va iqtisodiyotni o‘sishiga rag‘bat bo‘ladi.

Monitarizm nazariyasi amerikalik iqtisodchi, Chikago universiteti professori M. Fridman tomonidan ishlab chiqilgan. Ularning asosiy g‘oyasi bozorni o‘z holiga qo‘yish, davlat aralashuvini cheklashga qaratilgan. Davlatga esa boshqa hech qanday institut tartiblay olmaydigan pul-kredit siyosati topshirilishi kerak deb hisoblanadi. Ular ham soliqlarni kamaytirish tarafdorlari bo‘lishgan. Monetaristlarning fikricha iqtisodiyotni boshqarishning asosiy usullaridan biri bu - muomaladagi pul massasi va bank kredit stavkasi orqali ta’sir etishdir. Ularning fikricha davlat xarajatlarini oshib ketishi inflyatsiyaga olib keladi, pulni emissiya qilish bu boylik yaratishga kirmaydi. Muomaladagi pullarni davlat qarz majburiyati sifatida qaytarib ololmasa, soliqlar orqali olishi kerakligi ta’kidlanadi.

Ushbu nazariyada soliqlarga keynisistik iqtisodiy kontseptsiyalardagi kabi katta ahamiyat berilmaydi. Bu vaziyatda soliqlar boshqa mexanizmlar bilan bir qatorda pul muomolasiga ta’sir qiladi. Xususan soliqlar orqali ortiqcha pul miqdori undirilishi lozim deb hisoblanadi. Monetarizm va keynschilik nazariyalarda soliqlar iqtisodiyot rivojlanishining noqulay omillarini kamaytiradi deb hisoblanadi. Keyns nazariyasida bunday omil bo‘lib ortiqcha pul hisoblansa, monetarizm nazariyasida esa - ortiqcha jamg‘armalar hisoblanadi.

1980 yillar boshida Amerika olimlari M.Bernson, G.Stayn va A.Laffer tomonidan ishlab chiqilgan taklif iqtisodiyoti nazariyasi Keyns nazariyasiga qaraganda soliqlarni iqtisodiy rivojlanish va tartibga solishning bir omili sifatida ko‘proq ahamiyatga ega ekanligini ta’kidlaydi. Mazkur nazariya yuqori darajada soliqqa tortish tadbirkorlik va investitsion faollikka salbiy ta’sir qilishini, bu esa oxir oqibatda soliq to‘lovlaridan tushumlar kamayishiga olib kelishini asoslab beradi. Shuning uchun ular soliqqa tortish stavkalarini pasaytirish va korporatsiyalarga har-xil imtiyozlar berishni taklif etadi. Mualliflarning fikriga ko‘ra, soliq yukini pasayishi shiddatli iqtisodiy o‘sishga olib keladi, yuqori soliq stavkalari esa tadbirkorlik initsiativasini kamaytiradi va investitsiya siyosati, ishlab chiqarishni yangilash va kengaytirishni susayishiga olib keladi.

Soliq stavkalari shkalalarini shakllanish darajasi bo‘yicha umumiy qonun bor. Keng soliqqa tortiladigan bazaga nisbatan kamroq soliqqa tortish stavkasini qo‘llash, etarli darajada kam bo‘lgan soliq bazasiga nisbatan esa buning teskarisi, alohida soliq turlarini yuqori stavkada qo‘llash kerak. Ko‘rinib turibdiki yuqori va past soliq stavkalari xo‘jalik faoliyatiga va tadbirkorlarni ish faolligiga har xil ta’sir ko‘rsatadi.

Soliq stavkasining o‘sishi faqatgina ma’lum darajaga etgunicha byudjetga tushadigan daromadlarni o‘sishiga olib keladi, keyin bu o‘sish sekinlashadi va yana oshgan sari byudjet daromadlari uning oshishiga nisbatan tezroq kamayadi. Shunday qilib, soliq stavkasi ma’lum darajaga etganida tadbirkorlik initsiativasi o‘ladi, ishlab chiqarishni kengaytirishga bo‘lgan rag‘bat kamayadi, soliqqa tortiladigan daromadlar kamayadi, natijada soliq to‘lovchilarning bir qismi iqtisodiyotni “qonuniy” sektoridan “yashirin” sektoriga o‘tadi. Lafferning nazariyasiga ko‘ra, iqtisodiyotning rivojlanishi soliq yukini oshishiga to‘g‘ri proportsionaldir, ya’ni soliqlar oshishi bilan yashirin iqtisodiyot ko‘payadi, natijada olingan daromadlarning ko‘p qismi deklaratsiyada ko‘rsatilmaydi.


1   ...   10   11   12   13   14   15   16   17   ...   31


Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©atelim.com 2016
rəhbərliyinə müraciət