Ana səhifə

Birinchi bob


Yüklə 179.5 Kb.
tarix25.06.2016
ölçüsü179.5 Kb.
Janni Rodari
JELSOMINO YOLG'ONCHILAR

MAMLAKATIDA
BIRINCHI BOB
Jelsomino ochganda og'iz

To 'pni darvozada ko 'rasiz.
Jelsomino to'g'risidagi bu hikoyani uning o'zidan eshitdim. Men bu voqeani oxirigacha tinglagunimga qadar, qulog'imga yarim kilo paxta tiqib olganimga qaramay, kar bo’lib qolay dedim. Jelsominoning ovozi shu qadar o'tkir-

sekin gapirganda ham uning ovozi shu qadar o'tkirki, sekin gapirganda ham uning ovozini dengiz sathidan, hatto Jelsominoning tepasidan o'n ming metr balandlikdan uchib o’tgan reaktiv samolyotdagilar ham eshita oladi.

Hozir Jelsomino dong'i ketgan mayin tovushli ashulachi, U shimoldan janubiy qutbgacha — hammaga mashhur. U artist bo'lgandan keyin o'ziga jarangdor, dabdabali yangi ism qo'yib oldi. Uning bu ismini gazetalardan yuz martalab o'qigandirsiz, shuning uchun uni takrorlab o'tirmayman. Yoshligida bu bolani " Jelsomino", ya'ni "Jasmin" deb atashardi, povestimizda ham uni shu nom bilan atayveramiz.

Shunday qilib, bir zamonlarda oddiygina, bo'yi hattoki boshqa bolalardan pastroq, lekin og'zini ochgandayoq quloqni karqiladigan baland tovushli bir bola bo'lgan edi.

Jelsomino yarim kechada tug'ilgan edi. U tug'ilganda hamqishloqlari bizni fabrika gudogi ishga chaqirayapti deb o'rinlaridan turib ketganlar, holbuki bunda Jelsomino endigina dunyoga kelgan chaqaloqlar singari yig'lab, ovozini endigina sinab ko'rgan edi. Xayriyatki, u jurnalistlardan va kechasi ishlaydigan qorovullardan tashqari odamshavanda kishilardek, kechqurundan to ertalabgacha tinch uxlashga o'rganib qoldi. Endi u rosa soat yettida, ishga boradiganlar o'rnidan turadigan vaqtda yig'laydigan bo'ldi. Fabrika gudoklariga ehtiyoj qolmadi, tez orada zanglab ketdi.

Jelsomino olti yoshga kirganda maktabga bordi. O'qituvchi yo'qlamani o'qib turib, "J" harfiga yetganda:

— Jelsomino! — deb chaqirdi.

Shu yerdaman! — deb quvonib javob berdi yangi o'quvchi.

Birdan gulduros eshitildi — sinfning tosh taxtasi ming bo’lak bo'lib, atrofga sochilib tushdi.

— Taxtaga kim tosh otdi? — chizg'ichga qo'l cho'zib, jiddiy so'radi o'qituvchi.

Hech kim javob bermadi.

— Yana boshqatdan yo'qlama qilaman, — dedi o'qituvchi. — Toshni sen otdingmi? — u yo'qlama qilaturib har bir o'quvchidan birin-ketin so'ray boshladi.

- Men otganim yo'q, men otganim yo'q, — deb javob qilishardi bolalar qo'rqa-pisa.

O'qituvchi Jelsominoni chaqirganda, u ham o'rnidan turib, samimiy javob qaytardi:

— Men tosh otganim yo'q, janob o'q...

U "o'qituvchi" so'zini tugatmasdanoq deraza oynalari chilparchin bo'lib polga sochildi.

Bu safar o'qituvchi sinfdagilarni diqqat bilan kuzatib, qirq o'quvchidan birontasi ham rogatka otmaganiga ishonch hosil qildi. "Maktabga bormasdan qushlarning uyasini buzib yurgan bironta o'yinqaroq ko'cha tomondan tosh otgan bo'lsa kerak, — deb o'yladi o'qituvchi. - Uni tutaman-da, qulog'idan cho'zib politsiyaga eltaman".

O'sha kuni ertalab o'qish shu bilan tugadi. Ertasi kuni o'qituvchi yo'qlama qilib, yana Jelsominoning nomiga kelib yetdi.

— Shu yerdaman! — deb javob berdi qahramonimiz, o'quvchi bo'lganidan faxrlanib.

Derazadan taraq-taraq degan ovoz eshitildi. Yarim soat ilgari qo'yilgan deraza oynalari ko'chaga chil-chil bo'lib tushdi.

— Qiziq, — dedi o'qituvchi. — Har safar sening nomingga kelganda ko'ngilsiz voqea sodir bo'lyapti. Tushunarli! Bolagina, sening ovozing juda o'tkir ekan, ovozingdan dovul paytidagidek havo larzaga kelayapti. Bugundan boshlab sen sekin gapirishing kerak, bo'lmasa maktabimiz ham, qishlog'imiz ham vayronaga aylanadi.

Kelishdikmi?

Uyatdan va xijolatdan qizargan Jelsomino:

Menda ayb yo'q, o'qituvchi janoblari! —deb e'tiroz bildirgan edi, maktab qorovuli yaqindagina magazindan olib kelgan taxta taq-taraq etdi-da, sindi-qoldi.

— Ana, aytmadimmi, — dedi o'qituvchi.

Lekin bechora Jelsominoning ko'zidan yosh oqayotganini ko'rgan o'qituvchi o'rnidan turdi-da, unga yaqin kelib, mehribonlik bilan uning boshini siladi.

- Gapimga quloq sol, o'g'lim. Ovozing boshingga ko'p kulfat solishi yoki baxt keltirishi mumkin. Hozir imkon boricha undan kamroq foydalan. "So'zlaganingdan so'zlamaganing yaxshiroq..." degan hammaga ma'lum maqol bor.

Jelsomino shu kundan boshlab qattiq azobda qoldi. Maktabda yangi sho'r ish orttirmaslik uchun u og'zini ro'molcha bilan bekitib o'tiradigan bo'ldi. Shunday bo'lsa ham uning ovozi shu qadar qattiq eshitilar ediki, u gapirayotganda sinfdosh o'rtoqlari quloqlarini barmoqlari bilan bekitishga majbur bo'lardilar. O'qituvchi ham undan kamroq so'rashga harakat qilardi. To'g'risini aytganda, Jelsominoning o'zi ham namunali o'quvchi hisoblanardi, uning har doim to'g'ri javob berishiga o'qituvchi ishonardi.

Uyda birinchi hodisadan keyinroq (bunda u ovqat vaqti-da maktabda bo'lgan voqeani gapira boshlagan edi) o'n ikkita stakan chil-chil bo'ldi, bundan keyin og'zingni ocha ko'rma, deb qo'yishdi. U ko'nglini bo'shatish uchun qishloqdan uzoqroq joyga: o'rmonga, ko'l bo'yiga yoki keng dalaga borardi. Yolg'iz o'zi qolganiga va hamqishloqlarining derazasidan uzoqda turganligiga ishonch hosil qilgach, u yerga mukka tushib, qo'shiq ayta boshlardi. Bir necha minutdan so'ng yer qaynayotgandek bo'lardi — ko'rkalamush, qurt-qumursqalar va yer ostida yashovchi boshqa jonivorlar chiqib, yer qimirlayotgan bo'lsa kerak, deb uzoq-uzoqlarga qochardilar.

Faqat bir marta Jelsomino odatdagi ehtiyotkorligini unutib qo'ydi. Bu voqea dam olish kuni stadionda qizg'in futbol o'yini paytida ro'y berdi.

Jelsomino futbol ishqibozi emas edi, lekin sekin-asta bu o'yinga berilib qoldi. Futbol ishqibozlarining dalda beruvchi hayqiriqlari ostida uning qishlog'i komandasi hujumga o'tdi. (Men "hujumga o'tdi"ning ma'nosini yaxshi bilmayman, chunki futbol o'yiniga tushunmayman, lekin Jelsomino hikoya qilayotganida ana shunday iborani ishlatadi, siz bunga tushunsangiz kerak deb o'ylayman, axir siz sport gazetalarini o'qib turasiz-ku!)

- Bo'sh kelma! Bo'sh kelma! - deb qichqirishardi ishqibozlar.

— Bo'sh kelma! — deb ovozi boricha qichqirdi Jelsomino ham.

Xuddi shu vaqtda o'ngdagi himoyachi markaziy hujumchiga to'pni uzatgan edi, lekin to'p yarim yo'lda burilib, qandaydir ko'zga ko'rinmaydigan kuch ta'sirida darvozabonning oyoqlari orasidan o'tdi-da, raqib tomon darvozasiga otilib kirdi.

— Gol! — deb qichqirishdi tomoshabinlar.

Rosa bopladimi! — dedi kimdir hayratlanib. — To'pni burib yuborganini ko'rdinglarmi? Mo'ljalga urganini qarang! Bir millimetr ham yanglishmadi-ya. Uning oyoqlarini oltin desa bo'ladi.

O'yinga berilib ketgan Jelsomino nima qilib qo'yganini darrov fahmladi.

"Shubhasiz", — deb o'yladi u, — bu to'pni ovozim bilan men darvozaga kiritdim. Jim o'tirishim kerak ekan, bo’lmasa, o'yin bo'ladimi bu? Bo'lar ish bo'ldi, endi hisobni baravarlash uchun ikkinchi darvozaga ham to'p kiritishim kerak".

Ikkinchi taymda unga qulay fursat keldi. Raqib komanda hujumga o'tdi. Jelsomino bir qichqirgan edi, to'p uchib borib hamqishloqlarining darvozasiga kirdi. Shunda uning juda xafa bo'lib ketganini fahmlash qiyin emas. Oradan ancha yil o'tgan bo'lsa ham, Jelsomino shu voqeani hikoya qilarkan, menga bunday dedi:

— Shu to'pni kiritganimdan ko'ra, qo'llarimni kessalar rozi bo'lardim, lekin nima ham qilib bo'lardi, to'p dar­vozaga beixtiyor kirgandi-da.

Ha, uning o'rnida boshqa odam bo'lganda o'zi yaxshi ko'rgan komandasiga ko'maklashardi, lekin Jelsomino bunday qilmadi — u halol, oqko'ngil, qalbi buloq suvidek pok edi. U shunday bo'lib o'sdi, balog'atga yetdi. Ochig'ini aytganda, Jelsomino u qadar novcha emasdi, bo'yini pastroq desa ham bo'ladi, semiz emas, oriqroq, xullas, Jasmin jismiga munosib ism edi. Ismi og'ir bo'lganda, ko'tarolmay, bukri bo'lib yurishi mumkin edi.

Jelsomino maktabni allaqachon bitirib, dehqonchilik bilan shug'ullana boshlagan edi. Agar u ko'ngilsiz bir voqeaga uchramaganida, umr bo'yi shu ishda qolardi va men sizga uning to'g'risida hikoya ham qilib o'tirmasdim. Siz bu voqeani tezda bilib olasiz.



IKKINCHI BOB
Yoqmay qolgach butun qishloqqa,

Jelsomino ketdi uzoqqa.
Jelsomino bir kuni ertalab bog'iga borib, noklar pishib yotganini ko'rdi. Noklar doim shunday qiladi: sizga bilintirmasdan, o'z holicha yetilaveradi, bir kuni ertalab qarabsizki, ular pishib, uzadigan payti kelib qolgan bo'ladi.

"Attang, narvonni ola kelmabman, deb o'yladi Jelsomino. — Uyga borib, tepa shoxdagi noklarni qoqish uchun xoda ham olib kelaman".

Lekin shu topda uning miyasiga yana bir fikr keldi -to'g'risi, qittak dangasaligi tutdi: "Ovozimni ishga solib ko'rsam nima qiladi?"

Shunday qilib, u daraxtning, tagiga bordi-da, hazillashibmi, chindanmi, qichqirdi:

— Qani, noklar, to'kiling!

"Do'pir-do'pir" qila ketdi noklar, yerga yomg'irdek to'kilarkan.

Jelsomino boshqa daraxtning tagiga borib ham shunday qildi. Har safar u: "To'kiling!" deb qichqirganida noklar go'yo shu buyruqni kutib turgandck, shoxdan uzilib, yerga duv to'kilardi. Jelsomino bunga juda quvonib ketdi.

"Men kuchimni behuda sarflamayman, — deb o'yladi u. Narvon va xoda o'rniga ovozimdan foydalanish ilgariroq esimga kelmabdi-da".

Jelsomino bog'ida aylanib shu yo'sinda noklarni terib yurganida, qo'shni yerda chopiq qilayotgan bir dehqon uni ko'rib qoldi. U ko'zini ishqalab, burnini chimdib, ko'rayotgani tush emasligiga ishongach, xotiniga aytgani yugurdi.

— Borib ko'r, — dedi butun vujudi bilan titrab. -Jelsomino yovuz jodugar ekan.

Xotini ko'rib, tiz cho'kdi-da:

— U mo'jizakor avliyo ekan-ku, — dedi.

— Jodugar dedim-ku senga!

— Men senga, u mo'jizakor avliyo ekan deyapman! Shu kungacha er-xotin hech urishmagan edi, shu topda eri qo'liga ketmonni, xotini belni oldi. Ularning har biri qurol bilan o'z fikrini quvvatlamoqchi edi, dehqon murosaga o'tdi.

— Yur, qo'shnilarni chaqiramiz. Ular Jelsominoni ko'rib nima deyisharkin?!

Qo'shnilarni chaqirib, tilni ortiqroq qayrash fikri xotini­ga yoqdi-da, belni uloqtirib, ko'zdan g'oyib bo'ldi.

Bu voqeadan kechgacha hamma xabar topdi. Aholi ikki guruhga bo'lindi: birovlari Jelsominoni mo'jizakor avliyo desa, ikkinchilari uni yovuz jodugar deyishdi. Kuchli shamolda dengiz to'lqini zo'raya borgandek, tortishuv qizib avj ola boshladi. Rostakamiga janjal chiqib, bir necha kishi shikastlandi ham, hartugul, yengilgina. Bir dehqon janjal paytida trubkasini teskari tutib, og'zini kuydirib oldi. Politsiyachilar nima qilishni bilmay shoshib qolishdi. Ular bir to'dadan ikkinchisiga o'tib, hammani tartib saqlashga chaqirishardi.

Eng ashaddiy janjalkashlar Jelsominoning bog'iga yo'l olishdi. Birovlari mo'jizakordan bir nima esdalik olib qolish uchun, ikkinchilari yovuz jodugarning bog'ini vayron qilish uchun borishdi.

Bir talay odamlarning qayoqqadir kelayotganini ko'rgan Jelsomino o't tushgan bo'lsa kerak, deb o'yladi. U chelakni olib, yordamga yugurmoqchi edi, olomon o'zining eshigi oldida to'xtaganini ko'rdi. Shunda qulog'iga bunday so'zlar chalindi:

— Ana u! Ana u! — deb qichqirardi ba'zilar. - U mo'jizakor avliyo!

— Qanaqasiga avliyo bo'ladi? Yovuz jodugar u. Qarang, qo'lida chelagi bor. Jodu qilingan bo'lsa kerak.

— Nariroqqa qochib turaylik, agar ichidagisini sepib yuborsa, halok bo'lamiz.

— Chelagida nima bor ekan-a?

— Ko'zing ko'rmi? Chelagida do'zax o'ti bor. Agar u odamga tegsa, kuydiradi, keyin hech qanaqa vrach davolay olmaydi.

— U avliyo, avliyo u!

— Jelsomino, biz, noklarga pishgin, deganingda — ularning nishganini, tushgin deganingda — tushganini ko'rdik.

— Esingizni yedingizmi? — deb so'radi Jelsomino. — Ayb ovozimda. Qattiq dovul bo’lgandek, ovozimdan havo to'lqinlanadi, xolos.

— Ha, ha, biz bilamiz! — deb qichqirdi bir ayol. — Sen o'z ovozing bilan mo'jiza yaratasan.

— Bu mo'jiza emas! Sehr, jodu! — deb qichqirishardi boshqalar.

Jelsomino achchiq bilan chelakni yerga uloqtirdi-da, uyiga kirib, eshikni zanjirlab oldi.

"Endi menga tinchlik berishmaydi, — deb o'yladi u. — Qayerga bormay, qiziqib, ketimdan Syugurib yurishadi. Kechqurunlari yotishdan oldin hamma yerda mening haqimda gaplashishadi. Meni yovuz jodugar, deb bolalarni qo'rqitishadi. Yaxshisi bu yerdan jo'nab qolishim kerak. Endi bu yerda nima ham qilardim? Ota-onam o'lib ketdi, yaqin do'stlarim urushda halok bo'ldi. Dunyo kezib. ovozim orqasidan baxt topishga urinib ko'raman. Ashula aytib, pul topadigan kishilar ham bor-ku. Rost, bu g'alatiroq. Ashula aytgan odamlarning o'zi rohatlanadi, buning uchun ularga haq berishning hojati yo'q edi. Lekin, shunday bo'lsa ham, ashulaga pul berishadi. Ehtimol men ham ashulachi bo'lib qolarman?"

U shunday qarorga kelib, arzimagan bud-shudlarini qopga soldi-da, ko'chaga chiqdi.

Uni kutib turgan kishilar shivirlashib, o'zlarini chetga oldilar. Jelsomino hech kimga qaramasdan, indamay yo'lga tushdi. Ancha uzoqqa borganidan keyin burilib, oxirgi marta uyiga qaradi.

Olomon hamon tarqamay, go'yo sharpani ko'rsatayotgandek, unga barmog'i bilan ishora qilardi.

"Ularning shu qilganiga bir hunar ko'rsatmaymanmi?" — deb o'yladi Jelsomino, u ko'kragini to'ldirib nafas oldi-da, ovozi boricha qichqirdi:

— Xayr!


Bu xayrlashuvning oqibati darrov bilindi. Erkaklar kuchli shamol birdan shapkalarini uchirib ketganini sezishdi. Tuksiz taqir boshlari ochilib qolgan bir necha keksa ayol yasama sochlarining ketidan quva ketishdi.

— Xayr! Xayr! — deb qichqirdi Jelsomino, umrida birinchi marta qilgan sho'xligidan o'zi zavqlanib.

Shapkalar va yasama sochlar qushlardek gala bo'lib, Jelsominoning nihoyatda o'tkir ovozi ta'sirida bulutlarga uchib chiqib ketdi-da, bir necha minutda ko'zdan yo'qoldi. Ularning bir qancha kilometrga uchib borgani, ba'zilarining chegaradan o'tib ketgani ma'lum bo'ldi.

Bir necha kundan keyin Jelsomino ham chegaradan o'tib, dunyoda g'alati bir mamlakatga borib qoldi.



UCHINCHI BOB
Jelsomino biroz yo’l yurdi

Va g'alati mushukni ko'rdi.
Bu notanish mamlakatda Jelsominoning ko'zi birinchi marta kumush tangaga tushdi. U yo'lkaga yaqin yerda, hammaga ko'rinib, yarqirab yotardi. "Qiziq, uni hech kim olmayapti-ya, — deb o'yladi Jelsomino. — Lekin mendan qochib qutulolmaydi. Pulim ozgina edi, u ham kecha kechqurun tamom bo'ldi. Bugun og'zimga uvoq ham solganim yo'q. Bu tangani o'tkinchilarning birontasi tushirib qo'ymaganmikin, avval shuni bilvolay".

U o'zaro shivirlashib, uni kuzatib turgan bir to'da kishilarning yoniga bordi-da, tangani ko'rsatdi.

— Janoblar, bu tangani birontangiz tushirib qo'yganingiz yo'qmi? — pichirlab so'radi u, o'z ovozi bilan cho'chitib yubormaslik uchun.

— Jo'nab qol! — deyishdi ular. — Agar boshimga falokat tushmasin desang, bu tangani ko'rsata ko'rma!

— Kechirasiz, — Jelsomino xijolatdan shunday dedi-yu, "Oziq-ovqat va boshqa mollar" deb yozib qo'yilgan magazin tomon yo'l oldi.

Vitrinada yaxna go'sht va murabbo solingan bankalar o'rnida dasta-dasta daftarlar, turli bo'yoqlar solingan qutichalar, siyoh to'la shishalar turardi.

— Boshqa mollar degani shular bo'lsa kerak, — dedi Jelsomino va magazinga dadil kirdi.

— Xayrli kech, — deya muloyim salomlashdi u bilan magazin egasi.

"Ochig'ini aytganda, — o'yladi Jelsomino, — hali kun yarimlagani ham yo'q. Kel, buning nima ahamiyati bor". U odatdagidek pichirlab so'radi. Uning pichirlashi ham sog' quloqqa qattiq eshitilardi.

— Non olsam bo'ladimi?

Marhamat, muhtaram janob. Qancha kerak edi? Bir shishami yoki ikki shishami? Qizilidanmi yoki qorasidanmi?

— Qorasi kerak emas, — deb javob berdi Jelsomino. -Siz rostdan ham nonni shishada sotasizmi?

Magazin egasi xoxolab kuldi.

- Qanday sotsak sizga ma'qul kelardi? Sizning yurtingizda nonni qirqib sotishadimi? Qarang, nonimiz qanday yaxshi-ya! — U saf tortgan soldatlardek tekis terib qo'yil­gan rang-barang siyohli shishalarni ko'rsatdi.

Butun magazinda yeydigan biron narsadan asar ham yo'q edi; pishloq, hatto olmaning po'chog'i ham ko'rinmasdi.

“Jinni bo'lib qolmaganmikin? — deb o'yladi Jelsomino. — Yaxshisi, unga gap qaytarmay qo'ya qolay”

- Chindan ham noningiz ajoyib, — dedi Jelsomino, u magazin egasi nima der ekan, deb qizil siyoh solingan shishani ko'rsatdi.

- Nahotki, - deli magazin egasi bunday maqtovdan og'zi qulog'iga yetib. — Ha, bu shu vaqtgacha sotilgan ko'k nonlarning eng yaxshisi.

— Ko'k dedingizmi?

— Ha, albatta! Kechirasiz, ko'zingiz xiraroqmi deyman?

Jelsomino oldida turgan shishaga qizil siyoh solinganiga shubha qilmasdi. U bu yerdan eson-omon chiqib, es-hushi joyidaroq magazin egasini izlash uchun bahona topmoqchi bo'lib turganida, miyasiga bir fikr keldi.

— Menga qarang, — dedi Jelsomino, — non olgani kechroq kelarman. Hozir menga yaxshi siyoh sotiladigan magazinni ko'rsatsangiz.

— Jonim bilan, — dedi magazin egasi odatdagiday tabassum bilan. — Qarang, ro'parada shaharning daftar-qalam sotiladigan eng mashhur magazini bor.

Ro'paradagi magazinning vitrinasida odamning havasini keltiradigan turli non, tort, pirojeniy, makaron, pishloq, kolbasa va sosiskalar bor edi.

"O'zim ham shunday deb o'ylovdim, — dedi Jelso­mino, — magazin egasining miyasi aynib, nonni siyoh, siyohni non deb atayapti. Shunaqa bo’lsa kerak".

U ro'paradagi magazinga kirib, yarim kilo non so'radi.

- Non deysizmi? — xushmuomalalik bilan so'radi sotuvchi. — Siz yanglishibsiz. Non ro'parada sotiladi. Biz faqat daftar-qalam sotamiz, — u g'urur bilan qo'lini keng yoyib, mazali narsalarga ishora qildi.

"Endi tushundim, — dedi o'ziga-o'zi Jelsomino. — Bu mamlakatda teskari gapirish kerak ekan. Agar nonni non deb atasang tushunishmas ekan".

— Menga yarim kilo siyoh bering, — dedi u sotuvchiga.

U yarim kilo non tortib, qoidasi bilan qog'ozga o'rab, Jelsominoga uzatdi.

— Menga mana bundan ham ozgina bersangiz, — dedi Jelsomino nomini aytmay pishloqqa ishora qilib.

— Ozgina rezinkadanmi? — deb so'radi sotuvchi. — Hozir, janob. — U pishloqdan kattagina bo'lakni kesib tortdi-da, qog'ozga o'radi.

Jelsomino yengil tortib, yaqindagina topgan kumush tangani taxtaga tashladi. Sotuvchi egilib, uni bir necha minut tomosha qildi, qanaqa jiringlarkin deb ikki marta taxtaga tashlab ko'rdi, keyin katta ko'rsatadigan oyna orqali unga qaradi, hato tishlab ham boqdi. Nihoyat, norozi bo'lib, uni Jelsominoga uzatdi-da, sovuq javob berdi:

— Afsuski, yigitcha, tangangiz rostakasi ekan.

Juda soz, — dedi Jelsomino ishonch bilan jilmayib.

— Undaymas! Yana takrorlayman, bu tangangiz ros­takasi ekan! Men uni olmayman. Yo'lingizdan qolmang! Umuman, hozir ko'chaga chiqib, politsiyani chaqirishga erinayotganimga xursand bo'ling, yigitcha. Rostakasi pul ishlatadigan odamlarning nafratiga duchjor bo'lishini bilmaysizmi? Turmaga.

— Lekin men...

— Baqirmang, kar emasman. Jo'nang, jo'nang, qalbaki pul olib kelsangiz, aytganingizni olasiz. Ko'rib qo'ying, hatto qog'ozini ham ochganim yo'q. Kelguningizcha, u bir chetda turadi, xo'pmi? Tuningiz xayrli bo'lsin.

Jelsomino baqirib yubormaslik uchun mushtumini og'ziga tiqdi. Sotuvchining yonidan eshikka yetib borguncha uning o'zi bilan ovozi o'rtasida bunday gap o'tdi:

Ovoz: "A-a!" deb yuboraymi? Uning butun vitrinasi chil-chil bo'ladi.

Jelsomino: O'tinaman, bunday qilma. Men bu mamlakatga endi keldim, o'zi busiz ham ishim yurishmay turibdi.

Ovoz: Tiqilib ketayapman, yo'qsa tamom bo'laman. Sen mening egamsan, qanday qilsam yaxshi bo'ladi, o'ylab ko'r.

Jelsomino: Toqat qil, bu esi pastning magazinidan hozir chiqib ketamiz. Uning boshiga tashvish solgim yo'q. Bu mamlakatda bir sir borga o'xshaydi.

Ovoz: Unday bo'lsa tez yur, ortiq toqat qilolmayman. Yugur. Yana bir minutdan keyin qichqirib yuboraman... bir minut hayallasang, hammasi ostin-ustun bo'ladi.

Jelsomino yugurib borib, kimsasiz xiyol kengroq ko'chaga kirdi-da, atrofiga qaradi. Hech kim yo'qligini ko'rib, mushtumini og'zidan oldi, ichiga sig'may turgan g'azabini bo'shatish uchun qisqagina "A-a!" dedi. Ko'chadagi chiroq sindi, derazada turgan gultuvak tebranib ketib, ko'chaga tushdi.

Jelsomino nafasini rostlab oldi:

— Qo'limga pul tushsa pochta orqali singan fonar uchun shahar boshqarmasiga yuboraman, boloxonaga guli bilan yangi gultuvak keltirib qo'yaman. Shulardan boshqa narsa sinmadi, shekilli?

— Yo'q, singani yo'q, — deb javob berdi birov unga ingichka ovoz bilan. Kimdir ikki marta yo'taldi.

Jelsomino ovoz egasini qidirib, mushukni, ochig'ini aytganda, uzoqdan mushukka o'xshash maxluqni ko'rdi. Avvalo, bu mushuk qizil edi. Qandaydir jigarrang yoki to'q qizil rangda edi. Oyog'i faqat uchta. Eng qizig'i shuki, bu mushuk bolalarning devorga chizadiganiga o'xshagan rasm mushuk edi.

— Nima bu? Gapiradigan mushukmi? — hayron bo’ldi Jelsomino.

Ha, men oddiy mushuklardan emasman. Men, masalan, o'qish va yozishni bilaman. Men doskaga yozadigan bo'rning farzandiman.

— Kimning farzandiman deyapsan?

— Bir qiz maktabdan olgan rangli bo'r bilan bu devor­ga mening rasmimni chizdi. Lekin uchta oyog'imni chizib bo'lgan paytida politsiya kelib qolib, u shosha-pisha qochib ketdi. Men cho'loq bo'lib qoldim. Shuning uchun ham meni Cho'loq mushuk deb atashadi, biroz yo'talib nam turaman. Axir, eng sovuq qish oylarini zax devorda o’ttkazdim-da.

Jelsomino devorga qaradi. Unda, xuddi suvoqdan naqshi ko'chib tushgandek, Cho'loq mushukning izi qolibdi.

— Sen u yerdan qanday qilib tushding? — deb so'radi Jelsomino.

— Buning uchun sening ovozingdan minnatdor bo'lishim kerak, — deb javob berdi Cho'loq mushuk. — Agar bundan ham qattiqroq qichqirganingda devorni teshib qo'yarding-da, ko'ngilsizroq hodisa yuz berishi mumkin edi. Sal sekin qichqirganing mening omadim bo'ldi. Uch oyoqlab bo'lsa ham yerda yurish yaxshi ekan! Darvoqe, sening oyog'ing ikkita, shunday bo'lsa ham bemalol yuraverasan-ku, to'g'rimi?

— Bo’lmasam-chi, — deya uning gapini quvvatladi Jelsomino, — menga bu ham ko'plik qilib qoldi. Agar oyog'im-bitta bo'lganida uydan jilmasdim.

— Sen xafa ko'rinasan, —dedi Cho'loq mushuk. -Nima bo'ldi senga?

Jelsomino boshidan kechirganlarini hikoya qilmoqchi bo'lib turganida ko'chada to'rt oyoqli rostakam mushuk ko'rinib qoldi. Lekin u o'z xayollari bilan band bo'lsa kerak, bizning do'stlarimizga qayrilib ham qaramadi.

— Miyov! — dedi unga Cho'loq mushuk. Mushuklarning tilida "miyov" degani — "salom" degani.

Mushuk to'xtadi. U hayron bo'lganga, hatto jahli chiqqanga o'xshadi.

— Mening nomim Cho'loq mushuk, senikichi? - qiziqib so'radi bizning mushugimiz.

Rostakam mushuk, javob beraymi, bermaymi, deb ikkilanayotganga o'xshardi. Keyin istar-istamas ming'illadi:

— Mening nomim Qoplon.

— Nima deyapti? — deb so'radi haqiqatan ham hech narsaga tushunmagan Jelsomino.

— Mening nomim Qoplon, deyapti.

— Itlarni shunaqa deyishadi-ku?

— Xuddi shunday!

— Hech tushunolmadim, — dedi Jelsomino, — birinchi marta sotuvchi non o'rnida menga siyohni tiqishtirmoqchi bo'ldi. Endi it laqabidagi mushukka duch keldim.

— Azizim, — dedi Cho'loq Mushuk, — mushuk o'zini itman deb o'ylayapti. Eshitging keladimi? — U mushukka qarab, astoydil so'rashgandi:

— Vov-vov! — jahli chiqib javob berdi mushuk. -Mushuk bo'la turib, miyovlagani uyalmaysanmi?

— Ha, — deb javob qildi Cho'loq mushuk, — qizil bo'r bilan chizilgan uch oyog'im bo'lsa ham, men mushukman.

Sen bizning avlodimizga isnod keltirding. Sen yolg'onchisan, yo'qol bu yerdan! Mening sen bilan gaplashishga vaqtim yo'q. Ha, yomg'ir yog'adiganga o'xshayapti. Uyga borib, zontigimni olay, — u alanglab bir vovulladi-da, jo'nadi.

— Nima dedi u? — deb so'radi Jelsomino.

— Yomg'ir yog'adi, dedi.

Jelsomino osmonga qaradi. Uylarning tomi ustida quyosh har qachongidan ravshanroq charaqlardi, hatto dengizchilaming durbini bilan ham bironta bulutni topib bo'lmasdi.

— Bu yurtning barcha bulutli kunlari shu bugunga o'xshasa kerak. Menimcha, hamma narsasi teskari mamlakatga kelib qolganga o'xshayman.

- Qimmatli Jelsomino, sen yolg'onchilar mamlakatiga kelib qolding. Bu yerda qonunga binoan hamma yolg'on so'zlashi kerak. Rost gapiradigan odam yaxshilik ko'rmaydi. Ularga shtraf solib, terisini shunday shilib olishadiki, qashishga tirnog'i ham qolmaydi.

O'zining devoridagi kuzatuv punktida turib ko'p narsalarni ko'rgan Cho'loq mushuk Jelsominoga yolg'onchilar mamlakati haqida mufassal hikoya qilib berdi.

TO'RTINCHI BOB
Bu yerda bayon etdik mushuk gapini,

O'qib biting yolg'onchilar mamlakatini.
— Senga ma'lum bo'lsinkim... — deya so'z boshladi Cho'loq mushuk. Lekin men sizlarning vaqtingizni ko'p olmaslik uchun uning hikoyasini qisqartiraman. Shunday qilib, bu begona mamlakatga Jelsominodan oldin dengiz orqali Jakomon degan ayyor va zolim qaroqchi, kelgan. U baland bo'yli, semiz, yoshi qaytgan odam bo'lib, keksaygan vaqtida bedahmaza ish topmoqchi bo'libdi.

Yoshlik o'tib ketdi, — dedi u. — Dengizda yurish jonimga tegdi. Endi biror orolni bosib olib, eski kasbimni tashlasam tuzuk bo'lmasmikin? Albatta, men o'zimning qaroqchilarimni unutmayman. Ularni o'zimga xizmatkor, otboqar, yugurdak qilib olaman, ular mendek atamanlaridan rozi bo'ladilar.

Shunday fikrga kelib, u o'ziga orol izlay boshladi. Lekin barcha orollar kichkinalik qilib, uning didiga o'tirishmadi. Agar uning didiga yoqsa ham shaykalariga yoqmas edi. Biri baliq tutadigan daryosi bo'lsin derdi, u yerning daryosi yo'q, ikkinchisi kinoteatri bo'lsin derdi, uchinchisi qaroqchilik qilib topgan boyligini qo'yadigan bank bo'lishini istardi.

— Orolga qaraganda tuzukroq boshqa biror joyni bosib olsak bo'lmaydimi? — derdi har safar birortasi.

Xullas, ular ko'pdan ko'p banklari, baliq tutish, dam olish kunlari qayiqda sayr qilish uchun talay daryolari bor bo'lgan katta shaharli bir mamlakatni bosib olishdi. Buning ajablanadigan yeri ham yo'q. Qaroqchilar ko'pincha dunyoning biron qismida u yoki bu mamlakatni bosib olib turadilar. Jakomon bu mamlakatni bosib olib, o'zini qirol Jakomon Birinchi deb atadi, o'ziga qarashli odamlarni admiral, ministr, saroy xizmatchilari va o't o'chirish komandalariga boshliq qilib tayinladi.

Shundan keyin Jakomon, meni "oliy hazratlari" deb atashsin, shunday demaganlaming tili qirqilsin, deb buyruq chiqardi. Lekin o'zi to'g'risidagi chin gaplarni biron kishi tilga olmasligi uchun u ministrlarga so'zlarni o'zgartiring, deb buyurdi.

— Hamma so'zlarni o'zgartirish kerak, — dedi u. — Masalan, "qaroqchi" so'zi yaxshi odam degan ma'noni bildirsin. Shunday qilib, odamlar meni qaroqchi deganlari-da, yangi tilda bu yaxshi odam degan ma'noni bildirsin.

— Kemalarni talaganimizdan ko'rgan hamma nahang baliqlar nomiga qasam ichamanki, bu juda yaxshi fikr! — qichqirishdi qoyil qolib ministrlar. — Buni oltin harflar bilan yozib qo'ysa arziydi.

— Hamma tushundimi? — deya davom etdi Jako­mon. — Endi ishga o'ting! Hamma narsalar, hayvonlar va odamlarning nomi o'zgartirilsin! Birinchi navbatda, ertalabki salom o'rniga, tuningiz xayrli bo'lsin. Shunday qilib, mening sodiq kishilarim ertalabdanoq yolg'on gapira boshlaydilar. Uxlaydigan vaqt bo'lganda esa: "Ertalabki salom" deyish kerak.

— Juda yaxshi! — deb qichqirdi ministrlardan biri. — Biron kishiga: "Juda ochilib ketibsiz" deyiladigan bo'lsa, "Afting qursin", deyish kerak.

So'zlar o'zgartirilgandan keyin yolg'on gapirishga majbur etuvchi qonun chiqarildi. Shundan keyin chalkashlik boshlandi. Avvallari odamlar yanglishib ketaverdi. Masalan, non olaman deb, daftar-qalam sotilayotgan non do'koniga yanglishib boraverishdi, non endi daftar-qalam magazinida sotilardi. Yoki shahar bog'iga o'ynagani borishib, gullarga suqlanib boqishardi:

— Atirgullarning chiroyliligini qarang! —deyishardi. Shu zahotiyoq qirol Jakomonning ayg'oqchilari qo'llariga kishan ushlab, butalar ortidan sakrab chiqishardi.

— Barakalla, qoyil! Siz qonunni buzganligingizni bilasizmi? Sabzini atirgul deyish qayoqdan xayollaringizga kelib qoldi?!

— Kechirasiz, — darhol gunohkor ming'illab, keyin bog'dagi boshqa gullarni shoshib-pishib maqtay boshlardi. — Ajoyib qichitqon ekan-a! — derdi u kapalak gulni ko'rsatib.

— Yo'q, yo'q, bunisi ketmaydi! Endi jinoyat qilib qo'ydingiz. Ozgina qamoqda o'tirib, yolg'on gapirishni mashq qiling.

Maktablarda nima bo'lganini tasvirlab ham bo'lmasdi. Jakomon ko'paytiruv jadvalidagi barcha sonlarni o'zgartirishga majbur qildi. Qo'shish o'rniga ayirish, bo'lish o'rniga ko'paytirish kerak edi. O'qituvchilaming o'zlari ham vazifani yecholmaydigan bo'lib qoldilar.

Dangasalarga juda maza bo'ldi: qancha ko'p xato qilishsa, shuncha yuqori baho ola boshladilar.

Inshoda-chi?

Teskari yozganda inshoning qanaqa chiqishini bilasizmi? Mana, misolga "Ajoyib kun" inshosini olaylik, uni yozgan bir o'quvchi qalbaki oltin medal oldi:

"Kecha yomg'ir yog'di. Katta-katta muzdek yomg'ir yog'ayotganda o'ynab yurish mazza-da! Nihoyat, odamlar zontik va plashlarini uyiga tashlab chiqib, pidjaksiz, ko'ylakchan yurishdi. Oftob charaqlab tursa menga yoqmaydi — ivib qolmaslik uchun uyda o'tirib, oftob nurlarining eshik cherepitsalarida g'amgin suzishini kechasi bilan kuzatib o'tirasan".

Ana shu inshoga tegishli baho berish uchun "eshik cherepitsalari" bu tilda "deraza oynalari" degan ma'noni bildirishini tushunishingiz kerak.

Lekin shuning o'zi yetar. Endi siz nima to'g'risida gap borayotganini bildingiz. Yolg'onchilar mamlakatida hatto hayvonlar ham yolg'on bo'kirishga majbur edilar. Itlar miyovlar, mushuklar vovullar, otlar ma'rar, hayvonot bog'idagi qafasdagi sher bo'lsa sichqondek chiyillashi kerak edi, sichqonlar esa bo'kirishga majbur etilgan edi.

Faqat suvdagi baliqlar, osmondagi qushlargina qirol Jakomonning barcha qonunlarini nazar-pisand qilmas edilar. Chunki baliqlar soqov, shuning uchun ham ularni yolg'on so'zlashga majbur etib o'tirishning iloji yo'q edi. Qushlarni bo'lsa, qirol ayg'ochchilari hech qachon tutib, qamay olmasdilar. Qushlar avvalgidek o'z ashulalarini aytaverdilar. Odamlar ko'pincha havasi kelib, ularga zavqlanib boqardilar:

— Qushlar baxtli ekan, ularni hech kim shtraf qilolmaydi.

Jelsomino Cho'loq mushukning hikoyasini eshitar ekan, borgan sari xafaligi oshaverdi.

"Bu mamlakatda qanday yashayman? — deb o'ylardi u. — Agar men o'zimning bu qadar baland ovozim bilan haqiqatni aytsam, qirol Jakomonning barcha politsiyachilari eshitadi. Ovozim ham gapimga kirmaydi. Uni gapga ko'nadigan qilib bo'larmikin?"

— Mana, endi sen hammasidan xabardor bo'lding, — deb tugatdi hikoyasini Cho'loq mushuk. — Bilasanmi, senga yana bir gap aytmoqchiman. Qornim ochib ketdi.

— Mening ham. Esimga ham kelmabdi-ya.

— Ochlikni sira ham esdan chiqarib bo'lmaydi. Vaqt bilan uning ishi yo'q. Aksincha, vaqt o'tgan sari, qorning tobora ochaveradi. Qarab tur, hozir biror narsa toparmiz. Lekin, avvalo meni shuncha vaqt asir qilib turgan mana shu devorda o'zimdan bir esdalik qoldirishni istardim.

U qizil bo'rda chizilgan oyog'i bilan devordagi ilgari o'zi turgan yerni tirnab yozdi:

MIYOV! YASHASIN OZODL1K!

Biror yemak izlab toppish juda qiyin edi. Ikkalasi shaharda tentirab yurganida, Jelsomino qalbaki tanga toparmikanman, deb yo'ldan ko'zini uzmadi. Cho'loq mushuk bo'lsa, ko'pchilik orasidan qandaydir tanishini izlayotgandek atrofiga alanglardi.

— Ana u, — dedi nihoyat mushuk. U qog'ozga o'rog'lik nimanidir ko'tarib yo'lakdan shoshib-pishib kelayotgan keksa xonimga ishora qildi.

— Kim u?


— Jo'xori xola, mushuklarning homiysi. U har kuni kechqurun qirol Jakomon saroyining istirohat bog'i oldida yig'iladigan daydi mushuklarga qolgan-qutganlami qog'ozga o'rab keladi.

Jo'xori xola tayoqdek tik, bo'yi ikki metrcha keladigan, qotma, ko'rinishidan jahldor kampirga o'xshardi. Uni ko'rganda, qo'liga supurgi olib mushuklarni quvlaydigan kampirlardan bo'lsa kerak deb o'ylash mumkin edi. Lekin Cho'loq mushukning gapiga qaraganda, u buning teskarisi bo'lsa kerak.

Jelsomino va uning yangi do'sti kampirning ketidan yurib, kichik bir maydonga borib qolishdi, ichkariroqda istirohat bog'ining shisha siniqlari sanchib qo'yilgan kungurador devori ko'rinib turardi. Ozib ketgan bir necha mushuk xolani tartibsiz ravishda vovullab kutib olishdi.

— Ovsarlar! - dedi Cho'loq mushuk. — Hozir men ularni laqillataman.

Jo'xori xola o'rog'lik qog'ozini ochib, ichidagisini yo'lkaga yaqin qo'ygan paytda Cho'loq mushuk ur-yiqit bo'layotgan mushuklarning orasiga otilib, kirdi-da, qattiq miyovlay boshladi.

Vovullash o'rniga miyovlaydigan mushuk kamdan kam bo'lgani uchun bu yerdagi mushuklarga g'alati tuyuldi. Ular hayratdan og'izlarini ochgancha haykaldek qotib qoldilar. Cho'loq mushuk ikkita treska balig'ining boshini, qalqon baliqning dumini tishlaganicha ikki hatlab qirol bog'ining devoriga chiqib oldi-da, undan oshib, butalar orasiga o'zini urdi.

Jelsomino atrofiga alangladi. Uning ham devordan oshib tushgisi keldi-yu, lekin Jo'xori xola unga shubha bilan qarab turgandi.

"Uning shovqin ko'tarishini istamayman", — deb o'yladi u. Nihoyat, o'z yo'lida ketayotgan oddiy yo'lovchiga o'xshab boshqa ko'chaga burilib ketdi.

Mushuklar es-hushini yig'ib olgach, Jo'xori xolaning etagiga yopishib, vovullay boshladilar. Lekin, ochig'ini aytganda, Jo'xori xola ulardan ko'proq hayratda qolgan edi. Nihoyat, u nafasini rostlab, qolgan sarqitlarni mushuk­larga bo'lib berdi-da, Cho'loq mushuk yashiringan devorga bir qarab, uyiga ravona bo'ldi.

Jelsomino bo'lsa, muyulishga burilishi bilanoq, ko'pdan qidirgan soxta tangani nihoyat topdi. U non va pishloq yoki bu yerdagilarning aytishicha, "bir shisha siyoh va o'chirg'ich" sotib oldi. Tez kech kira boshladi, Jelsomino juda charchadi, uning yotib uxlagisi keldi. U ochiq eshikni ko'rib, o'sha tomonga jadal yurgan edi, podvalga kirib qoldi, o'sha yerdagi ko'mir uyumi ustiga yotib, uyquga ketdi.


BESHINCHI BOB
Deraza orqali mushuk tikildi,

U qirolning boshi kalligin bildi.
Jelsomino uxlab yotardi, tushida yangi, g'alati sarguzashtlarga duch kelishini xayoliga ham keltirmagan edi. Bu sarguzashtlarni sizga keyinroq aytib beraman. Hozir biz Cho'loq mushukning uchala qizil oyog'i izidan boramiz.

Treska balig'ining boshi va qalqon baliqning dumi unga juda mazali tuyuldi. Uning umrida birinchi marta ovqatlanishi edi. U devorda rasm holida turganida ochlik nimaligini bilmagan ham edi.

Mushuk birinchi marta qirol bog'ida tunni o'tkazdi. U qirolning saroyiga qarab, eng yuqori qavatda chiroq yonib turgan bir necha derazani ko'rdi.

— Bu yerda Jelsominoning yo'qligi chatoq bo'ldi-da,— dedi. — U qirol Jakomonga qo'shiq aytib, derazalarni chil-chil qilib berardi. Lekin qirol Jakomon uxlamoqchiga o'xshaydi. Buni tomosha qilib qolish kerak.

Cho'loq mushuk bir qavatdan ikkinchi qavatga tirmashib chiqdi-da, oliy hazratlarining yotog'i yonidagi katta zalga tepadan deraza orqali mo'raladi.

Xizmatkorlar, mahramlar, saroy ahllari, oliy mansabdagi kishilar, admirallar, ministrlar va boshqa mansabdor kishilar keti ko'rinmaydigan ikki qatorga tizilib, kelayotgan Jakomonga ta'zim bilan qulluq qilib turishardi. U baland, semiz hamda shu qadar bahaybat ediki, ko'rgan odam qo'rqib ketardi. Lekin to'q sariq, olovrang, qalin, uzun jingalak sochlari hamda ko'kragiga qirolning nomi yozilgan, yotayotganda kiyiladigan binafsha ko'ylak kishining esini og'dirib qo'yardi.

U kelayotganda hamma ta'zim qilib, hurmat bilan:

— Ertalabki salom, oliy hazratlari! Kuningiz yaxshi o'tsin, davlatpanoh! — deyishardi.

Jakomon to'xtab, huzur qilib esnar, saroy ahllaridan biri shu zahotiyoq nazokat bilan kaftini tutib, uning og'zini berkitardi. Keyin Jakomon yana yo'lda davom etib, g'o'ldirardi:

— Bugun ertalab mening sira ham uyqum kelmayapti. Men o'zimni yengil his qilayapman.

Bu gaplarning hammasi, albatta, teskari ma'noni bildirardi. Lekin u odamlami aldashga majbur etib, shu qadar o'rganib qolgan ediki, o'zi ham ulardan qolishmas, yolg'on gaplariga hammadan oldin o'zi ishonardi.

— Oliy hazratlarining aftlari qursin, — dedi ministrlardan biri ta'zim qilib.

Jakomon unga g'azab bilan qaradi-yu, lekin shu zohatiyoq esiga tushib qoldi, chunki bu juda ochilib ketibsiz, degan ma'noni bildirar edida. U iljaydi, esnab saroy ahllariga o'girildi-da, qo'l siltab, ular bilan xayrlashdi. Keyin binafsharang ko'ylagining etagini yig'ishtirib, yotog'iga kirib ketdi.

Cho'loq mushuk uni kuzatib turish maqsadida boshqa derazaga o'tdi.

Jakomon oliy hazratlari yolg'iz qolishi bilan oyna yoniga bordi-da, o'zining ajoyib to'q sariq sochini oltin taroqda hafsala bilan taray boshladi.

"U sochini juda yaxshi ko'rar ekanda, — deb o'yladi

Cho'loq mushuk, — lekin arziydi. U chindan ham chiroyli. Shunday sochi bor odam qanday qaroqchi bo'lib qolgan ekan? U rassom yoki muzikachi bo'lishi kerak edi".

Shu topda Jakomon taroqni joyiga qo'yib, chakka sochlaridan tutamlab tortdi... Bir, ikki, uch... uning harsang toshga o'xshash, bir tuki yo'q boshi ko'rindi. Hatto hindu ham dushmanning bosh terisini bu qadar tez shilolmas edi.

— Yasama soch ekan! — deya shivirladi hayratdan Cho'loq mushuk.

Ha, ajoyib to'q sariq sochi yasama chiqib qoldi. Oliy hazratlarining beo'xshov, tuksiz pushtirang boshida so'gal va shishlar ko'p edi. Jakomon ularni g'amxo'rlik bilan qashidi. Keyin u shkafni ochgan edi, Cho'loq mushukning ko'zi turli rangdagi yasama sochlarga tushdi. Hayratdan uning ko'zi yanada kattaroq ochildi. U yerda xilma-xil qilib taralgan sariq, ko'k, qora yasama sochlar bor edi. Jakomon kishilar bilan uchrashadigan paytida to'q sariq sochini kiyib olardi, lekin uxlash oldidan yolg'iz o'zi qolganda yasama sochlarni almashtirib kiyishni, kal boshi qayg'usidan shu yo'l bilan xalos bo'lishni yaxshi ko'rardi. U boshimda sochim qolmadi, deb xijolat tortmasa ham bo'lardi. Tuppa-tuzuk odamlarning deyarli hammasining sochi ma'lum yoshga yetganda to'kilib ketadi. Lekin Jakomon boshini ochib yurishni istamasdi.

Cho'loq mushukning ko'zi oldida oliy hazratlari o'nlab yasama sochlarni birin-ketin kiyib ko'rdi. U o'z savlatiga tikilib, ko'nglini ochish uchun o'zini oynaga solar, sahnaga chiqishga tayyorlanayotgan raqqosalardek qiyshayib, yonlamalab qarar, kichkina oyna yordamida orqa miyasiga ham qarardi. Oxiri binafsharangli yasama soch uning ko'ngliga yoqqandek bo'ldi. U yasama sochni tuksiz boshiga bostirib kiydi-da, to'shakka yotib, chiroqni o'chirdi.

Cho'loq mushuk deraza oldida yana yarim soat qirol saroyini tomosha qilib o'tirdi. Albatta, bu odobli zotlarga munosib ish emasdi. Eshikdan quloq solib turish yaxshi emas-ku, derazadan mo'ralab o'tirish yaxshi bo'larmidi? Lekin siz hech qachon bunday qilolmaysiz, chunki siz mushuk ham, dorboz ham emassiz. Bir amaldor Cho'loq mushukka juda yoqdi, u yotishidan oldin hashamlari, ordenlari, qurollarini xonaga uloqtirib, yangi mundirini yechib tashladi. Bularning o'rniga u nima kiydi deng! O'zining eski qaroqchilik paytidagi kiyimlarini: tizzagacha shimarilgan ishton, kalta katak kamzul kiyib, o'ng ko'zini qora bog'ich bilan bog'lab oldi. Ana shu kiyimda eski qaroqchi o'rniga yotmasdan, karavot ustidagi soyabonning qoq tepasiga chiqib oldi. U yelkan kema ustuniga chiqishni sog'inib qolgan bo'lsa kerak. Nihoyat, u arzon trubkasini tutatib, zo'r berib ichiga tutunni torta boshladi, bundan Cho'loq mushukning yo'talib yuborishiga sal qoldi.

— Qararig, qarang haqiqatning kuchliligini, — dedi Cho'loq mushuk, — hatto eski qaroqchi ham o'zining haqiqiy kiyimlarini qo'msaydi.

Cho'loq mushuk bog'da tunab, qorovulning qo'liga tushib qolishni ma'qul ko'rmadi. Shuning uchun ham u to'siqdan yana oshib tushib, shaharning markaziy maydonidan chiqib qoldi. Bu maydonga odamlar qirol Jakomonning nutqini eshitish uchun to'planardi. Cho'loq mushuk tunash uchun biror joy topish maqsadida atrofga alanglay boshlagan edi, u o'ng oyog'ining qichishayotganini payqadi.

— Qiziq, — ming'illadi u, — oliy hazratlari yoki eski qaroqchi turgan yerdan burga ilashmadimikin?

Lekin oyog'i g'alati qichimoqda edi. Uning oyog'i sirtdan emas, ichidan qichimoqda edi, demoqchiman. Cho'loq mushuk oyog'ini diqqat bilan qarab, hech qanaqa burga topolmadi.

— Endi tushundim, — dedi u, — devorga yozgim kelayotganga o'xshaydi. Kecha kechqurun Jelsominoning yordami bilan yerga tushganimda ham oyog'im qichigan edi. Yolg'onchilar qiroliga tabrik yozib qoldiraman.

U qirol saroyiga ehtiyotkorlik bilan yaqin kelib, qorovullarning tutib ololmasligiga ishonch hosil qildi. Hamma ish teskari bo'lgan bu mamlakatda qorovullar uxlab, xurrak otib yotardi. Qorovullarning boshlig'i ora-chora kelib, hamma qorovullarning uxlab yotganidan ataylab xabar olib ketardi.

— Bu juda soz, — dedi sevinib Cho'loq mushuk. U qizil bo'rda chizilgan oyog'i bilan (o'ng oyog'i bilan albatta), qirol saroyiga kiradigan bosh darvoza yaqinidagi devorga bunday deb yozdi:
QIROL JAKOMONNING SOCHI YASAMA!
— Bu yozuv xuddi joyiga tushdi, — dedi u yozuvni kuzatib.

— Endi saroyga kiradigan boshqa eshik tomonga yozish kerak.

Chorak soat ichida u bu so'zlarni yuz joyga yozgandir. Nihoyat, u darsda qilgan xatosi uchun berilgan vazifani ko'chirib bo'lgan o'quvchidek, charchadi.

— Endi yotib uxlash kerak.



Maydonning qoq o'rtasida qirol Jakomonning mardliklarini ko'rsatuvchi haykallar bilan bezatilgan marmar ustunlar bor edi. Albatta, bularning hammasi uydirma edi. Bu yerda Jakomonning kambag'allarga o'z boyliklarini qanday berayotganligini, dushmanlarni qanday tormor qilganini, o'ziga qaram kishilarni yomg'irdan asrash uchun soyabonni qanday yaratganini ko'rish mumkin edi.

Ustunning tepasida uch oyoqli mushukning, barcha xavf-xatardan yashirib, cho'zilib uxlashiga yetarli joy bor edi. Cho'loq mushuk haykallarga tirmashib tepaga chiqdi-da, ustunning ustiga joylashib yotdi. Yiqilib tushmaslik uchun yashin qaytarg'ichga dumini o'rab, ko'zini yumishi bilanoq uyquga ketdi.


Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©atelim.com 2016
rəhbərliyinə müraciət