Ana səhifə

Soliqlar va soliqqa tortish


Yüklə 1.88 Mb.
səhifə11/31
tarix26.06.2016
ölçüsü1.88 Mb.
1   ...   7   8   9   10   11   12   13   14   ...   31

1-mavzu: Fanning mazmuni, predmeti va vazifalari.

“Soliq nazariyasi” fani soliqlarning nazariy jihatlarini, xususiyatlarini o‘rganishdagi asosiy fan hisoblanadi. Fanning predmetiga to‘xtalishdan oldin “Soliq” kategoriyasiga qisqacha to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsak, “Soliq” kategoriyasi - bu muhim iqtisodiy jarayon bo‘lib, uning paydo bo‘lishi va amal qilishi kishilik jamiyatining mavjudligi bilan chambarchas bog‘liqdir. Soliqlar har bir davlat faoliyatini moddiy jihatlarini ta’minlaydi. Iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solishning muhim vositasi hisoblanadi.

Amaliyotda va umuman iqtisodiy fanda soliqlarning mohiyatiga nisbatan turlicha qarashlar mavjud. Shu sababli, ushbu kategoriya har bir davlat tomonidan o‘ziga xos tarzda foydalaniladi.

Har qanday fan o‘zining predmetiga ega, ya’ni izlanish ob’ektiga ega bo‘ladi. Masalan, texnologiya fanining predmeti bo‘lib kimyoviy moddalarning tarkibini o‘rganish hisoblansa, mashinasozlik fani uchun mashinalar mexanizmi xarakteristikasi bo‘lsa, Soliq nazariyasi fanining predmeti soliq munosabatlarini (harakatini) o‘rganishdir. Demak, Soliq nazariyasi fanining predmeti - bu soliq to‘lovchilarning majburiy to‘lovlar bo‘yicha davlat byudjeti bilan iqtisodiy munosabatlarga kirishish jarayonining o‘ziga xos xususiyatlari va qonuniyatlarining nazariy jihatlarini o‘rganishdan iborat. Ushbu keltirilgan ta’rifdan ko‘rishimiz mumkinki, fan o‘z predmetini o‘rganishda turli usullarning o‘zaro aloqasining nazariy jihatlarini o‘rganar ekan. Jumladan, soliq to‘lovchilar va uni o‘zlashtiruvchi, davlat byudjeti, majburiy to‘lovlar, moliyaviy munosabatlar kabi elementlarning o‘zaro iqtisodiy munosabatlarga kirishish jarayonlarining nazariy jihatlari, qirralari keng ko‘lamda o‘rganiladi.

Fanning mohiyati shu o‘rtadagi moliyaviy munosabatni ya’ni soliq to‘lovchi bilan davlat o‘rtasidagi munosabatni chuqur o‘rganish, soliq munosabatlarida qatnashuvchi tomonlarning iqtisodiy manfaatini e’tiborga olish, muvozanatni saqlash kabi munosabatlarni tashkil qilish tushuniladi.

Har bir fanning shakllanishi fanning predmetini shakllanishi bilan birgalikda, uning ilmiy bilish usullarining qaror topishi bilan ham bog‘liq. Har qanday fanni o‘rganishdagi usullar umumiy tavsifga ega, lekin har bir fan o‘z predmetidan kelib chiqib, o‘zining ilmiy bilish usullariga ega. Shuning uchun, fanni o‘rganishdagi usullar umumiy va alohida usullarga bo‘linadi. Tabiat, jamiyat va tafakkurning rivojlanish qonunlarini o‘rganishning birdan-bir to‘g‘ri ilmiy usuli dialektik usuldir. Dialektik usul shuni ko‘rsatadiki, rivojlanish quyidan yuqoriga qarab sodir bo‘ladi. Bilish esa oddiydan murakkabga tomon rivoj topib boradi. Shuning uchun, ushbu usul tadqiqotning induktsiya va deduktsiya usullarini o‘z ichiga oladi.

Shu bilan, birga barcha iqtisodiy fanlar kabi «Soliq nazariyasi» fanining ham o‘ziga xos ilmiy bilish usullari mavjud. Ulardan biri ilmiy abstraktsiya usulidir. Ilmiy abstraktsiya usulining mohiyati shundan iboratki, bunda tahlil paytida ob’ektning faqat bir tomoniga, o‘rganilayotgan jarayonning asl mohiyatiga e’tibor qaratiladi va halal berishi mumkin bo‘lgan ikkinchi darajali unsurlarning ta’siri e’tiborga olinmaydi.

Soliq nazariyasi fani shuningdek, o‘z predmetini o‘rganishda nazariy tahlil va sintez usulidan ham foydalanadi. Tahlil - bu o‘rganilayotgan butun ob’ektni qismlarga ajratish va ularni izchillik bilan tahlil qilish, bo‘lsa, sintez esa, o‘rganilgan qismlardan olingan xulosa va natijalarni bir butun yaxlit jarayon deb qarab, umumiy xulosa chiqarishdir. Soliqlarga doir murakkab nazariy masalalar mana shu yo‘l bilan o‘rganiladi.

Fan o‘z predmetini o‘rganishda makroiqtisodiy va mikroiqtisodiy holda tahlilni qo‘shib olib borish muhim o‘rin tutadi. Soliqlarning nazariy masalalarini mikroiqtisodiy jihatdan o‘rganishda iqtisodiyotning boshlang‘ich bo‘g‘ini bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar nuqtai-nazaridan, ular bilan davlat byudjeti o‘rtasidagi munosabatlar tadqiq etilsa, makroiqtisodiy jihatdan tahlil etishda esa, davlat miqyosida, ya’ni soliqlarning nazariy masalalari makroiqtisodiy darajada o‘rganiladi.

Shuningdek, fan o‘z predmetini o‘rganishda taqqoslash, statistik, grafik usullaridan ham foydalanadi.

Soliqlar masalalariga doir bilimlarni o‘rganish boshqa fanlardan ham xabardor bo‘lishni talab etadi. Jumladan, “Iqtisodiy ta’limotlar tarixi», “Iqtisodiyot nazariyasi”, “Moliya”, “Soliq menejmenti”, “Soliqlar va soliqqa tortish” kabi fanlar shular jumlasidandir.
2-mavzu: Soliq munosabatlarining vujudga kelishi va rivojlanish bosqichlari
V.Pushkaryova soliqlar rivojlanish tarixini 3 bosqichga ajratib ko‘rsatadi. Ularning har biri u yoki bu xususiyatlari hamda afzalliklari bilan ajralib turadi.

Birinchi bosqichda soliqlarning rivojlanishi qadimgi va o‘rta asrlar qishloq xo‘jaligi tizimiga xos bo‘lib, tartibsiz hamda asossizligi bilan ajralib turadi. Xuddi, shu davrda soliq mexanizmi undirilishi joriy etildi.

Ikkinchi bosqichning o‘ziga xos xususiyati shundan iboratki, unda soliqlar davlat byudjetini shakllantirishning asosiy manbasi sifatida ko‘rilgan. Soliq ob’ektlarini aniqlash va soliqqa tortish qonun qoidalarini tartibga soluvchi ilk soliq tizimi yuzaga kelgan. To‘g‘ri va egri soliqlar ilk bor ajratilib, bu soliqlarning muhim va ahamiyatli jihatlari ochib berilgan.

Uchinchi bosqichning o‘ziga xos xususiyati shundan iboratki, unda soliqlarning kamayishi hamda soliqlarni o‘rnatish va undirishga oid qonun-hujjatlarning kuchayishi yaqqol ko‘zga tashlanadi. Jamiyatda moliya ilmining rivojlanishi bilan soliqqa tortish muammolari va uslubiyatlariga bag‘ishlangan yangi-yangi ilmiy-nazariy qarashlar vujudga keldi.

Tarixiy manbalar podshoh xazinasining dastlabki asosiy manbai sovg‘a-salom bo‘lganligidan dalolat beradi. Lekin Doro hukmronligi davriga kelganda soliqlar joriy qilinadi. Aleksandr Makedonskiy Markaziy Osiyoni bosib olib, uni o‘z saltanati tarkibiga kiritgach, bu erda istiqomat qiluvchilar soliqlarni yunonlar tamoyili bo‘yicha to‘lay boshlaganlar.

Arablar istilosigacha Markaziy Osiyoda shakllangan soliqlar tizimining xususiyati shundan iboratki, bu davrda quldorlik va feodal davlat boshqaruvining o‘ziga xos belgilari birlashib ketgan, hatto ayrim hollarda zadagonlar lashkar boshilarga maosh to‘lamasdan, uning o‘rniga ikkitoy tizimi joriy qilingan. Soliqlarni undirishda mahalliy oqsoqollar bilan birga soliq undirishni ijara usuli ham qo‘llanilgan.

Bundan tashqari, quyidagi soliqlar mavjud edi, vazifa - o‘lpon, juzya - jon solig‘i, xiroj - er solig‘i.

Xiroj quyidagi shakllarda undirilgan:

Misaha - ishlov beriladigan maydon birligidan qat’iy stavkalarda;

Muqota - qat’iy belgilangan summada;

Muqosama - hosilning muayyan ulushida (1/3 qismi).

Amir Temur soliq siyosatining asosiy yo‘nalishlari uning farzandlariga siyosiy vasiyati bo‘lmish “Temur tuzuklari” da ifodalangan: “Amr etdimki, raiyatdan mol-xiroj yig‘ishda ularni og‘ir ahvolga solib qo‘yishdan yoki mamlakatni qashshoqlikka tushirib qo‘yishdan saqlanish kerak. Negaki, raiyatni xonavayron qilish (davlat) xazinasining kambag‘allashishiga olib keladi. Xazinaning kamayib qolishi esa sipohning tarqalib ketishiga sabab bo‘ladi. Sipohning tarqoqligi, o‘z navbatida, saltanatning kuchsizlanishiga olib keladi”.

XVII asr va XVIII asrning birinchi yarmida Markaziy Osiyoda markazlashgan davlat uchta mustaqil davlatga: Buxoro amirligi, Xiva va Qo‘qon xonliklariga bo‘linib ketdi. Ularning har biri o‘z chegarasi, davlat tizim va xazinasi, o‘zining mustaqil moliyasiga ega edi.

1886 yilda Turkiston o‘lkasini idora qilish to‘g‘risida yangi nizom joriy qilindi. Unda erga oid munosabatlarda qator tadbirlar o‘tkazish ko‘zda tutilgan edi: barcha erlarning xazinaga tegishliligi e’lon qilindi va ilgari kim erlarga ishlov bergan bo‘lsa, er o‘shanga foydalanish uchun berildi va barcha erlar soliqqa tortildi. Chor hukumati 1867 yilda ko‘chmanchi aholi uchun o‘tov yig‘imi joriy qildi, unga binoan har bir o‘tovdan soliq undirila boshlandi.

Chor Rossiyasining asosiy maqsadi xonliklarni yarim mustamlakadan haqiqiy mustamlakaga aylantirish edi. Shu munosabat bilan XIX asrning ikkinchi yarmida Turkiston General gubernatorligi tashkil qilindi. Bosib olingan Buxoro amirligi, Xiva va Qo‘qon xonliliklarini anchagina qismi Chor Rossiyasi uchun faqat xom ashyo va tabiiy resurslar manbaigina emas, balki byudjetning daromad manbai sifatida muhim siyosiy va iqtisodiy ahamiyatga ega bo‘ldi.

1923-1925 yillarda quyidagi soliqlar amal qilgan:

1. To‘g‘ri soliqlar:

- qishloq xo‘jaligi solig‘i;

- hunarmandchilik solig‘i (savdo va ishlab chiqarish korxonalariga);

- mulk solig‘i;

- renta soliqlari;

- gerb yig‘imlari va boshqalar.

2. Egri soliqlar:

- aktsiz soliqlari (choy, kofe, shakar, tuz, alkogolli ichimliklar, tamaki mahsulotlari, neft mahsulotlari va boshqa turdagi tovarlarga nisbatan joriy etilgan);

- turli xil bojlar.

3-mavzu: Soliqlar haqida ilmiy qarashlar

Soliqqa tortish ilk ko‘rinishlaridan biri - bu mag‘lub bo‘lgan davlatdan sovg‘a tariqasida undirilgan. Mag‘lub bo‘lgan davlatning hamma boyliklari g‘olib davlatga harbiy mukofot sifatida va xarajatlarini qoplash uchun o‘tgan. Keyinchalik mag‘lub bo‘lgan davlat g‘olib davlatni moddiy jihatdan ta’minlab turishlari (yoki pul to‘lab turishlari) shart edi. Boshqacha qilib aytganda - soliqlarning birinchi shakli mag‘lublardan soliq (yoki mag‘lublar solig‘i) sifatida undirilgan.

Uzoq vaqt davomida Soliq nazariyasida - klassik qarashlar asosiy nazariya bo‘lib keldi. Bundan 200 yillar chamasi ilgari A. Smit tomonidan davlat moliyasi evolyutsiyasini o‘rganishga asos solindi. Bu nazariya mustaqil xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar daromadidan davlat xazinasiga tartibli va samarali ravishda soliq undirishning to‘rt tamoyilini o‘rtaga qo‘ydi: tenglik, aniqlik, to‘lashning qulayligi va arzonligi. Klassik-olimlar U. Peti, J. B. Sey va ingliz iqtisodchilari D. Rikkardo, J. Mil iqtisodiyotni samarali va o‘zini-o‘zi boshqara oladi deb hisoblashgan.

Keng ma’noda Soliq nazariyasi har qanday umumiy ilmiy tadqiqotlarni o‘rganish bilan birga (umumiy Soliq nazariyasi) soliqqa tortishning alohida muammolarini ham o‘rganadi (xususiy Soliq nazariyasi). Xususiy soliq nazariyalari turli xil soliqlarning o‘zaro nisbatlarini, soliqlarning tarkibini, soliq stavkalarini va boshqalarni o‘rganadi. Bu nazariyaning yaqqol misoli yagona soliq nazariyasidir. Shu tariqa umumiy soliq nazariyalari soliqqa tortishni umumiy jihatlarini, xususiyatlarini belgilab bersa, xususiy soliq nazariyalari esa qaysi soliqlarni joriy qilish kerakligi, ularning sifat tarkibi qanday bo‘lishi kerakligi va boshqalarni belgilab beradi.



4-mavzu: Soliqlarning iqtisodiy mohiyati va xususiyatlari

Soliqlar majburiy to‘lovlarni ifoda etuvchi pul munosabatlarini bildiradi. Soliqlar qadimgi davrlardan e’tiboran olingan, ammo u vaqtlarda soliqlar ozod va erkin bo‘lmagan kishining belgisi bo‘lib xizmat qilgan. Adam Smit (shotland faylasufi va iqtisodchisi, 1723-1790) o‘zining «Xalqlar boyligining sabablari va tabiatlari» nomli kitobida (1776) ilk bor soliq tamoyillarini asoslab berdi, soliqlarning ahamiyatini yoritib, ularni davlatga to‘lash qullik emas, balki erkinlik alomati ekanligini asoslab berdi.

«Soliqlar - davlat va jamiyatning pul mablag‘lariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida qonun tomonidan belgilab qo‘yilgan hajmda va o‘rnatilgan muddatda jismoniy va huquqiy shaxslardan davlat ixtiyoriga majburiy ravishda undirib olinadigan to‘lovlardir».

1. Soliqlar va yig‘imlar majburiy bo‘lib, bunda davlat soliq to‘lovchining bir qism daromadlarini majburiy badal sifatida byudjetga olib qo‘yadi. Bu majburiylik Oliy Majlis tasdiqlab bergan Soliq Kodeksining qoidalari asosida amalga oshiriladi. Demak, majburiylik belgisi huquqiy jihatdan davlat tomonidan kafolatlanadi.

2. Soliqlar xazinaga davlat byudjetiga tushadi. Ammo boshqa turdagi to‘lovlar «Umid», «Ekosan» kabi jamg‘armalarga tushishi soliq munosabatlarini aks ettirmaydi.

3. Soliqlar qat’iy belgilangan va doimiy harakatda bo‘ladi. Tarixan asrlab o‘zgarmay harakatda bo‘lgan soliqlar mavjud. Uning ilmiy asosi qancha chuqur bo‘lsa, shuncha qat’iy va uzoq yillar o‘zgarmasdan harakat qiladi.

4. Davlatga to‘langan soliq summasi to‘lovchining o‘ziga to‘liq qaytmaydi, ya’ni u ekvivalentsiz pul to‘lovidir.

Bizning fikrimizcha, soliqlarning quyidagi asosiy funktsiyalarini ajratib ko‘rsatish maqsadga muvofiqdir:

1. Soliqning fiskal funktsiyasi

2. Tartibga solish funktsiyasi.

3. Rag‘batlantirish funktsiyaschi

4. Soliqning nazorat funktsiyasi.

5. Soliqni hisoblash jarayonini axborot bilan ta’minlash funktsiyasi.

5-mavzu: Soliqqa tortish tamoyillari

Soliqqa tortish tamoyillarini A.Smit o‘zining «Xalqlar boyligining sabablari va tabiatlari» nomli kitobida (1776) ilk bor soliq tamoyillarini asoslab bergan:

1. Davlat fuqarolari davlat xarajatlarini qoplashda o‘zlari hukumat muhofazasida foydalanayotgan daromadlariga muvofiq tarzda qatnashishlari lozim.

2. Har bir odam to‘laydigan soliq aniq belgilab qo‘yilgan bo‘lishi kerak, bunda o‘zboshimchalik ketmaydi. Soliq miqdori, to‘lanadigan vaqti va tartibi uni to‘lovchiga ham, boshqa har qanday odamga ham birday aniq va ma’lum bo‘lishi zarur.

3. Har bir soliq to‘lovchiga har jihatdan qulay bo‘lgan vaqtda va tartibda undirilishi kerak.

4. Har bir soliq shunday tarzda tuzilishi kerakki, bunda soliq to‘lovchining hamyonidan ketadigan pul davlat byudjetiga kelib tushadigan mablag‘ga nisbatan ortiq bo‘lishiga mumkin qadar yo‘l qo‘yilmasin.

Hozirgi sharoitga tatbiqan olganda, soliqqa tortish samarali tizimining quyidagi tamoyillarini ta’riflab o‘tish mumkin:


  1. Etarlilik tamoyili.

  2. Tadbirkorlik va investitsiyalarni rag‘batlantirish.

  3. Soliqqa tortishning adolatlilik tamoyili.

  4. Oddiylik va xolislik.

  5. Boshqarishga qulaylik.

  6. Soliqlarni yig‘ish jarayonini imkon qadar arzonlashtirish.

  7. Soliq stavkalarini qiyoslash.

Soliqqa tortish tamoyillari va soliq qonunchiligi tamoyillari muayyan o‘xshashlikka ega va ularni to‘liq hayotga tatbiq etish iqtisodiyotni rivojlantirishning muhim vazifalaridan biridir.

O‘zbekiston Respublikasi Soliq Kodeksida esa soliqqa tortish tomoyillari o‘rniga soliq qonunchiligi tamoyillari deb atalib, uning besh tamoyili (4-modda) belgilab berilgan.



  • Har bir shaxs Kodeksda belgilangan soliq va to‘lovlarni to‘lashga majburdir, ya’ni soliq to‘lash qonun bilan majbur qilib qo‘yiladi. Aslida majburiylik soliqlarning iqtisodiy mohiyatidan kelib chiqadi.

  • Huquqiy shaxslarni soliqqa tortish mulkchilik shaklidan qat’i nazar, jismoniy shaxslar esa jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy ahvolidan qat’iy nazar qonun oldida tengdirlar.

  • Beligilangan soliqlar va yig‘imlar O‘zbekiston hududida tovarlar (ishlar, xizmatlar) yoki pul mablag‘larini erkin harakatini bevosita yoki bilvosita cheklamaydi yoki soliq to‘lovchilarning iqtisodiy faoliyatini cheklashga yoki to‘sqinlik qilishga yo‘l qo‘ymaydi.

  • Manbalaridan qat’iy nazar, hamma daromadlar majburiy ravishda soliqqa tortiladi.

  • Belgilangan soliq imtiyozlari ijtimoiy adolat tamoyiliga mos kelishi shart.

Soliqqa tortish tamoyillari va soliq qonunchiligi tamoyillari muayyan o‘xshashlikka ega va ularni to‘liq hayotga tadbiq etish iqtisodiyotni rivojlantirishning muhim vazifalaridan biridir.

6-mavzu: Soliq nazariyasining elementlari

Soliqlarni tashkil etish usullari, elementlari va tamoyillari majmuiga soliqqa tortish tizimi deb ataladi.

Soliqqa tortish tizimining asosiy bo‘g‘ini hisoblangan soliq elementlari soliqqa tortishda ifodalanadigan tushunchalar bo‘lib, ular soliq to‘lovchilar va soliqni undiruvchi o‘rtasidagi iqtisodiy-huquqiy munosabatlarda namoyon bo‘ladi.

Soliq elementlari: soliq sub’ekti, soliq ob’ekti, soliq predmeti, soliq manbai, soliqqa tortish birligi, soliq stavkasi, soliq imtiyozlari, soliq normasi, soliqni to‘lash muddatlari, soliq yuki, soliq bazasini hisoblash usullari, soliqqa tortish usullari va shu kabi tushunchalarni qamrab oladi. Imtiyozlar asosan quyidagi shakllarda:

- soliqdan batamom ozod etish;

- soliqdan vaqtincha yoki qisman ozod etish;

- soliq bazasini kamaytirish tarzida berilgan.

7-mavzu: Soliq siyosati va uning asosiy yo‘nalishlari

Soliq kontseptsiyasi - bu soliqlarni yo‘nalishlarini aniq ilmiy asoslangan holda amalga oshirish g‘oyalarining yaxlitligidir.

Soliq siyosati strategiyasida muayyan uzoqroq muddatga mo‘ljallangan soliqqa oid iqtisodiy munosabatlarni asosiy yo‘nalishlari va chora-tadbirlari ifodalanadi.

Soliq siyosati taktikasi esa, belgilangan soliq siyosati strategiyasi ijrosini ta’minlovchi, tez-tez o‘zgarib turuvchi sayi-harakatlarni bildiradi, ya’ni qisqa muddatli va kichik masshtabli moliyaviy chora-tadbirlarni hal qilishga qaratilgan yo‘nalishlar majmuasi - soliq siyosati taktikasi sifatida qaraladi.



8-mavzu: O‘zbekiston Respublikasi soliq tizimining nazariy asoslari

Yuridik va jismoniy shaxslardan olinadigan soliqlar, yig‘imlar, bojlar va boshqa majburiy to‘lovlar hamda ularning tuzilish tamoyillari, usullari, soliq nazoratining yig‘indisi soliq tizimini tashkil etadi.

Soliq tizimining asosi bo‘lgan soliqlar o‘ziga xos xususiyatlariga, bir qator belgilariga ko‘ra guruhlanadi. Soliqlarning guruhlanishi ularning ob’ektiga, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar moliyaviy faoliyatiga ta’sir etishiga, undirilish usullari, paydo bo‘lishiga (sub’ektiga), byudjetga yo‘naltirilishiga va boshqa belgilariga ko‘ra ularning tasniflanishidir. Soliqlar ijtimoiy-iqtisodiy tuzilishiga qarab yoki boshqacha qilib aytganda undirib olish manbasiga qarab ikki guruhga to‘g‘ri va egri soliqlar guruhlariga bo‘linadi. Soliqlarni belgilaydigan va ulardan tushgan mablag‘ni tasarruf etishiga, ya’ni byudjetga o‘tkazish nuqtai-nazaridan soliqlar umumdavlat va mahalliy soliqlarga bo‘linadi.

Soliqlar soliqqa tortish ob’ektiga qarab uch guruhga bo‘linadi:



  1. Oborotdan olinadigan soliqlar. 2. Mol-mulk qiymatlaridan olinadigan soliqlar. 3. Daromaddan olinadigan soliqlar.4.Resurs soliqlar.


9-mavzu: Soliqlar va makraiqtisodiy holatning uzviy bog‘liqligi.

Soliq yukini aniqlashda absolyut va nisbiy soliq yukini farqlash lozim. Absolyut soliq yuki - bu jami to‘langan soliqlar, yig‘imlar va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘lib, byudjet va byudjetdan tashqari fondlarga o‘tkaziladi, ya’ni xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar soliq majburiyatlarining absolyut miqdoridir. Statistik hisobotlarda bu ko‘rsatkichga haqiqatda soliq to‘lovlarining byudjetga o‘tkazilganini va byudjetdan tashqari fondlarga o‘tkazilgan majburiy sug‘urta badallarini, shuningdek, bu to‘lovlar bo‘yicha boqimandalik kiritiladi.

Nisbiy soliq yuki deb uning absolyut miqdorining yangidan yaratilgan qiymatga munosabati tushuniladi, ya’ni soliqlar, yig‘imlar va boshqa majburiy to‘lovlar hissasi hamda yangi yaratilgan qiymatdagi boqimandalik ham bunga qo‘shiladi.

1980 yillarda AQShda iqtisodiy taklif nazariyasini rivojlanishiga salmoqli hissa qo‘shgan olimlar M.Bernson, G.Stayn va A.Lafferlardir. Bu olimlar soliq stavkalarini pasaytirish orqali soliqni progressivligini kamaytirishga erishish, bu esa korxonalarni kelajakda investitsiya qilishlari uchun jamg‘arma manbalarini ko‘payishiga olib keladi deb hisoblashgan.

Neoklassik nazariyaning zamonaviy vakillari ingliz iqtisodchisi A.Laffer o‘zining ilmiy izlanishlarida soliq stavkalarini pasaytirish va soliqqa tortishning progressivligini kamaytirish orqali Keyns nazariyasidan farqli o‘laroq davlat tomonidan investitsiyalarni ko‘paytirishni emas, balki korxonalarga investitsiya uchun o‘z jamg‘armalarini ko‘paytirish imkonini berish lozim, degan fikrni ilgari suradi. Uning ilmiy tahlillari tasdiqlaydiki, soliqqa tortishning shunday optimal chegarasi mavjud bo‘lib, soliq stavkasi undan yuqoriga qancha ko‘tarilmasin, soliq tushumlarini ko‘paytirishga erishib bo‘lmaydi. Soliq yukining ortib borishi soliq bazasining kamayishiga olib keladi.

Talabning narx egiluvchanligi asosiy omillariga quyidagilar kiradi:

1. O‘rnini bosuvchi tovarlarning mavjud bo‘lishi. Agar bozor­da bir-birining o‘rnini bosuvchi tovarlar qancha ko‘p bo‘lsa, ta­lab ham shuncha egiluvchan bo‘ladi: xaridorda qimmat tovarlar­ning o‘rniga arzonrog‘ini sotib olish imkoniyati tug‘iladi. Lekin bozorda bir-birining o‘rnini bosadigan ne’matlar mavjud bo‘lmasa, xaridor belgilab qo‘yilgan narxga ko‘nishga majbur bo‘lib, bunday holatda talab egiluvchan bo‘lmaydi.

2. Tovarga ketgan xarajatlarning xaridor byudjetidagi ulushi. Ne’matlar qiymati xaridor byudjetida qanchalik katta o‘rin tutsa, unga talabning egiluvchanligi shunchalik yuqori bo‘ladi. Agar qalamning narxi 10 foiz ko‘tarilsa, unga talab sezilarli darajada pasaymasligi mumkin: qalamning narxi shu qadar kichikki, xaridor bu tovar narxi oshganini payqamasligi ham mumkin Lekin avtomobilning narxi 10 foiz oshsa (boshqa teng shartlar qatorida), talab ancha-muncha kamayib ketishi aniq: narxning mutlaq o‘sishi xaridorning «hamyoni» uchun haddan ziyod katta bo‘ladi.

3. Tovarning foydalilik darajasi. Kundalik ehtiyoj tovarlariga talab odatda egiluvchan bo‘lmaydi; ziynat buyumlariga talab esa egiluvchandir. Masalan, non, gugurt, tuzga talab an’anaviy egiluvchan sanalmaydi. Aksincha, qimmatbaho, ko‘ngilochar va shu kabi boshqa buyumlarga talab bir muncha egiluvchan bo‘ladi.

4. Vaqt omili. Xarid qilish xususidagi qarorga kelish uchun muddat qancha ko‘p bo‘lsa, talab ham shu qadar egiluvchan tus oladi. Xaridorlar yangi narxga moslashishlari uchun vaqt kerak: ularning didi va iste’mol texnologiyasi asta-sekin o‘zgarib boradi. Masalan, qimmatlashgan mol go‘shti o‘rniga ma’lum muddat mobaynida emish sifatida baliq va parrandalardan foydalaniladi. Mana, boshqa misol: 1970 yillarda g‘arb davlatlarida neft narxi ko‘tarilishi sababli eski texnologiyalarni energiyani tejaydigan yangi texnologiyalarga almashtirish jarayoni bir necha yil davom etdi, oqibat-natijada neft mahsulotlariga bo‘lgan talab keskin kamayib ketdi.



10-mavzu: Soliq ishini tashkil etishning nazariy asoslari

  1. Davlat soliq xizmati.

  2. Davlat Soliq Qo‘mitasi.

  3. Davlat soliq boshqarmasi.

  4. Davlat soliq inspektsiyasi.

  5. Davlat Bojxona Qo‘mitasi.

  6. Davlat soliq qo‘mitasining funktsiyalari.

  7. Davlat soliq qo‘mitasining vazifalari.


13. O’QUV MATERILLARI

(MA’RUZA MATNI)
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA O‘RTA

MAXSUS TA’LIM VAZIRLIGI


TOSHKENT MOLIYA INSTITUTI

A. Jo‘rayev

G‘. Safarov

N. Yakubova

M.Usmanova

1   ...   7   8   9   10   11   12   13   14   ...   31


Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©atelim.com 2016
rəhbərliyinə müraciət