Ana səhifə

Soliqlar va soliqqa tortish


Yüklə 1.88 Mb.
səhifə27/31
tarix26.06.2016
ölçüsü1.88 Mb.
1   ...   23   24   25   26   27   28   29   30   31

8-bob. Soliqlar va boshqa majburiy to’lovlarni to’lash




48-modda. Soliqlar va boshqa majburiy to’lovlarni to’lash

majburiyati


Soliq to’lovchining muayyan soliq yoki boshqa majburiy to’lovni to’lash, shuningdek ushbu Kodeksda nazarda tutilgan holatlar bo’lgan taqdirda, mavjud soliq qarzini uzish majburiyati soliqlar va boshqa majburiy to’lovlarni to’lash majburiyati deb hisoblanadi.

Soliqlar va boshqa majburiy to’lovlarni to’lash majburiyati soliq to’lovchining hisobvarag’ida etarlicha pul mablag’lari bo’lgan taqdirda, tegishli soliq yoki boshqa majburiy to’lovni to’lash uchun bankka to’lov topshiriqnomasi taqdim etilgan paytdan e’tiboran, soliq yoki boshqa majburiy to’lov naqd pul mablag’lari bilan to’langanda esa pul summasi bankka yoki vakolatli organ kassasiga topshirilgan paytdan e’tiboran bajarilgan deb hisoblanadi.

Soliq yoki boshqa majburiy to’lov summasini o’tkazish uchun to’lov topshiriqnomasi soliq to’lovchi tomonidan chaqirib olingan yoki bank tomonidan soliq to’lovchiga qaytarilgan taqdirda, shuningdek agar soliq to’lovchi bankka to’lov topshiriqnomasini taqdim etgan paytda bu soliq to’lovchining hisobvarag’iga qo’yilgan, qonun hujjatlariga muvofiq birinchi navbatda bajarilishi lozim bo’lgan, bajarilmagan talablar mavjud bo’lsa hamda soliq to’lovchi barcha talablarni qanoatlantirish uchun hisobvaraqda etarlicha pul mablag’lariga ega bo’lmasa, soliq yoki boshqa majburiy to’lov to’langan deb hisoblanmaydi.

Soliqlar va boshqa majburiy to’lovlarni to’lash majburiyati ushbu Kodeksning 10-bobida belgilangan tartibda hisobga olish orqali ham bajarilishi mumkin.

Soliq agentining ushlab qolingan summalarni byudjetga yoki davlat maqsadli jamg’armalariga o’tkazishga doir majburiyati ushbu moddaning ikkinchi va to’rtinchi qismlariga muvofiq bajarilgan deb hisoblanadi.

Soliqlar va boshqa majburiy to’lovlarni to’lash milliy valyutada, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda esa chet el valyutasida amalga oshiriladi.

Soliq yoki boshqa majburiy to’lov summasi soliq to’lovchi tomonidan ushbu Kodeksda belgilangan muddatlarda to’lanadi. Ushbu Kodeksning 9-bobida nazarda tutilgan hollarda soliq to’lovchiga soliq va (yoki) boshqa majburiy to’lovni, shuningdek penyani to’lashni kechiktirish va (yoki) bo’lib-bo’lib to’lash imkoniyati berilishi mumkin.

Soliq majburiyatining soliq to’lovchi tomonidan bajarilmaganligi yoki ushbu Kodeksda belgilangan tartib buzilgan holda bajarilganligi unga nisbatan soliq majburiyatining bajarilishini ta’minlash choralarini qo’llash uchun asos bo’ladi.

Soliq solinadigan bazani hisoblab chiqarish davlat soliq xizmati organlari tomonidan ushbu Kodeksda belgilangan tartibga muvofiq amalga oshirilgan hollarda soliqlar va boshqa majburiy to’lovlarni to’lash majburiyati davlat soliq organining yozma talabnomasi olingan sanadan e’tiboran yuzaga keladi.

Soliqlar va boshqa majburiy to’lovlar, shuningdek moliyaviy sanktsiyalar byudjetga va davlat maqsadli jamg’armalariga quyidagi tartibda o’tkaziladi:

asosiy summa;

hisoblangan penya;

jarimalar.

49-modda. Soliqlar va boshqa majburiy to’lovlar to’lashni hisobi


Soliqlar va boshqa majburiy to’lovlar to’lashni hisobi soliq to’lovchilar tomonidan buxgalteriya hisobi to’g’risidagi qonun hujjatlariga muvofiq yuritiladi.

Soliq to’lovchi davlat soliq xizmati organi bilan soliqlar va boshqa majburiy to’lovlarni to’lash bo’yicha soliq majburiyatlari bajarilishiga doir solishtirma dalolatnoma tuzishni talab qilishga haqli. Davlat soliq xizmati organi soliq to’lovchiga solishtirma dalolatnoma tuzishni rad etishga haqli emas.


50-modda. Yuridik shaxs tugatilganda soliqlar va boshqa majburiy

to’lovlarni to’lash


Yuridik shaxsni tugatish to’g’risida qaror qabul qilingan taqdirda, ixtiyoriy tugatish hollari bundan mustasno, tugatuvchi besh kunlik muddat ichida bu haqda davlat soliq xizmati organiga yozma shaklda ma’lum qiladi. Yuridik shaxsni ixtiyoriy tugatish to’g’risida qaror qabul qilingan taqdirda, yuridik shaxslarni davlat ro’yxatidan o’tkazuvchi organ bu haqda davlat soliq xizmati organini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda xabardor etadi.

Yuridik shaxs davlat soliq xizmati organiga tugatish balansini taqdim etish bilan bir vaqtda hisobotlarni hamda soliqlar va boshqa majburiy to’lovlar bo’yicha hisob-kitoblarni taqdim etishi shart.

Yuridik shaxs tugatilgan taqdirda, soliqlar va boshqa majburiy to’lovlarni to’lash bo’yicha soliq majburiyati ushbu yuridik shaxsning pul mablag’lari, shu jumladan uning mol-mulkini realizatsiya qilishdan olingan pul mablag’lari hisobidan qonun hujjatlarida belgilangan navbat tartibida tugatuvchi tomonidan bajariladi.

Yuridik shaxsni tugatish davrida yuzaga keladigan soliqlar va boshqa majburiy to’lovlarni, shuningdek penya va jarimalarni to’lash bo’yicha soliq majburiyati yuzaga kelishiga qarab, ushbu Kodeksda belgilangan muddatlarda hamda tartibda bajariladi.

Tugatilayotgan yuridik shaxsning ushbu moddaning to’rtinchi qismiga muvofiq uzilmagan soliq qarzi umidsiz deb e’tirof etiladi.

Agar tugatilayotgan yuridik shaxsda ortiqcha to’langan soliqlar yoki boshqa majburiy to’lovlar summasi bo’lsa, mazkur summalar ushbu Kodeksning


10-bobida belgilangan tartibda hisobga olinishi yoki qaytarilishi lozim.

51-modda. Yuridik shaxs qayta tashkil etilganda soliqlar va boshqa majburiy to’lovlarni to’lash

Qayta tashkil etilgan yuridik shaxsning soliqlar va boshqa majburiy to’lovlarni to’lash bo’yicha soliq majburiyati ushbu moddada belgilangan tartibda uning huquqiy vorisi (huquqiy vorislari) tomonidan bajariladi.

Qayta tashkil etilgan yuridik shaxsning soliqlar va boshqa majburiy to’lovlarni to’lash bo’yicha soliq majburiyatini bajarish, qayta tashkil etish tugallanguniga qadar huquqiy vorisga (huquqiy vorislarga) qayta tashkil etilayotgan yuridik shaxs soliq majburiyatlarini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi faktlari va (yoki) holatlari ma’lum bo’lganligi yoxud ma’lum bo’lmaganligidan qat’i nazar, uning huquqiy vorisi (huquqiy vorislari) zimmasiga yuklatiladi.

Yuridik shaxsning qayta tashkil etilishi uning soliqlar va boshqa majburiy to’lovlarni to’lash bo’yicha soliq majburiyatlarining bajarilishi muddatlarini shu yuridik shaxsning huquqiy vorisi (huquqiy vorislari) uchun o’zgartirmaydi.

Huquqiy vorisni (huquqiy vorislarni), shuningdek huquqiy vorislarning yuridik shaxsning soliqlar va boshqa majburiy to’lovlarni to’lash bo’yicha soliq majburiyatlarini bajarishdagi ishtiroki ulushini belgilash qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.

Yuridik shaxs qayta tashkil etilguniga qadar u ortiqcha to’lagan soliqlar va boshqa majburiy to’lovlarning summalari shu yuridik shaxs huquqiy vorisining (huquqiy vorislarining) shaxsiy kartochkasiga yuridik shaxsni qayta tashkil etish tugallangan kundan e’tiboran bir oydan kechiktirmay o’tkazilishi kerak.

Yuridik shaxsning soliq qarzi yoki u qayta tashkil etilguniga qadar ortiqcha to’langan soliq yoki majburiy to’lov summalarini qayta tashkil etilgan yuridik shaxsning huquqiy vorislari o’rtasida taqsimlash har bir huquqiy vorisning ulushiga muvofiq amalga oshiriladi.

52-modda. Soliq to’lovchi vafot etgan, bedarak yo’qolgan yoki

muomalaga layoqatsiz deb topilgan hollarda soliqlar

va boshqa majburiy to’lovlarni to’lash

Vafot etgan jismoniy shaxsning soliqlar va boshqa majburiy to’lovlarni to’lash majburiyati uning meros qilingan mol-mulkini qabul qilgan merosxo’ri (merosxo’rlari) tomonidan, meros qilingan mol-mulkning qiymati doirasida va merosdagi ulushga mutanosib ravishda, meros qabul qilib olingan kundan e’tiboran bir yildan kechiktirmasdan bajariladi. Vafot etgan jismoniy shaxs to’lashi lozim bo’lgan penya va (yoki) jarimalarni to’lash majburiyati merosxo’rga (merosxo’rlarga) nisbatan tatbiq etilmaydi.

Vafot etgan jismoniy shaxsning soliqlar va boshqa majburiy to’lovlarni to’lash bo’yicha soliq majburiyati summasi meros qilingan mol-mulk qiymatidan ortiq bo’lgan taqdirda, vafot etgan jismoniy shaxsning soliq yoki boshqa majburiy to’lovni to’lash bo’yicha qarzining qolgan summasi umidsiz qarz deb e’tirof etiladi.

Merosxo’r bo’lmagan taqdirda, vafot etgan jismoniy shaxsning soliq qarzi umidsiz qarz hisoblanadi.

Soliq qarziga ega bo’lgan jismoniy shaxs vafot etgan taqdirda, jismoniy shaxs hisobga qo’yilgan va (yoki) uning mol-mulki turgan joydagi davlat soliq xizmati organi vafot etgan shaxsning merosxo’ri (merosxo’rlari) to’g’risida axborot olingan paytdan e’tiboran o’ttiz kun ichida unga (ularga) soliq qarzi borligini ma’lum qilishi shart.

Sud tomonidan bedarak yo’qolgan deb topilgan jismoniy shaxsning soliq qarzi qonun hujjatlariga muvofiq bedarak yo’qolgan shaxsning mol-mulkini boshqarish huquqiga ega bo’lgan shaxs tomonidan bedarak yo’qolgan shaxsning mol-mulki hisobidan bajariladi.

Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan jismoniy shaxsning soliqlar va boshqa majburiy to’lovlarni to’lash majburiyati uning vasiysi tomonidan muomalaga layoqatsiz shaxsning mol-mulki hisobidan bajariladi.

Belgilangan tartibda bedarak yo’qolgan yoki muomalaga layoqatsiz deb topilgan jismoniy shaxsning mol-mulki etarli bo’lmagan (yo’q bo’lgan) taqdirda, uning soliq qarzining ko’rsatilgan mol-mulk qiymatidan ortiq qismi umidsiz qarz deb e’tirof etiladi.

Jismoniy shaxsning bedarak yo’qolgan yoki muomalaga layoqatsiz deb topilganligini bekor qilish to’g’risida belgilangan tartibda qaror qabul qilingan yoki jismoniy shaxsni muomalaga layoqatli deb topish to’g’risida qaror qabul qilingan taqdirda, ilgari hisobdan chiqarilgan soliq qarzining amal qilishi, da’vo qilish muddatidan qat’i nazar, qayta tiklanadi.

Vafot etgan jismoniy shaxsning jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig’ini to’lash bo’yicha qarzi umidsiz qarz deb e’tirof etiladi.



53-modda. Soliqlar va boshqa majburiy to’lovlarni o’tkazishga doir to’lov topshiriqnomalarining, shuningdek soliqlar va boshqa majburiy to’lovlarni undirish to’g’risidagi inkasso topshiriqnomalarining banklar tomonidan bajarilishi

Banklar soliq to’lovchining soliqni va (yoki) boshqa majburiy to’lovni o’tkazishga doir to’lov topshiriqnomalarini, shuningdek tegishli vakolatli organning soliqlar va boshqa majburiy to’lovlarni qonun hujjatlarida belgilangan navbat tartibida undirish to’g’risidagi inkasso topshiriqnomalarini ushbu Kodeksda belgilangan tartibda bajarishi shart.

Soliqlar va boshqa majburiy to’lovlar summalarini tegishli byudjet yoki davlat maqsadli jamg’armasining hisobvarag’iga kiritish soliqlar va boshqa majburiy to’lovlar summalarini o’tkazish deb e’tirof etiladi.

Soliqlar va boshqa majburiy to’lovlar summalarini o’tkazishga doir to’lov topshiriqnomasi yoki ularni tegishli byudjet yoxud davlat maqsadli jamg’armasiga undirish to’g’risidagi tegishli vakolatli organning inkasso topshiriqnomasi, to’lov topshiriqnomasi yoki inkasso topshiriqnomasi olinganidan keyingi operatsiya kunidan kechiktirmay ushbu moddaning to’rtinchi va beshinchi qismlari qoidalari bank tomonidan inobatga olingan holda bajariladi. Inkasso topshiriqnomasiga doir bunday operatsiyalar bo’yicha xizmat ko’rsatganlik uchun haq olinmaydi.

Soliq to’lovchining hisobvarag’ida pul mablag’lari bo’lgan taqdirda, banklar soliqlar va boshqa majburiy to’lovlar summalarini o’tkazish to’lov topshiriqnomalarini yoki tegishli vakolatli organning ularni tegishli byudjetga yoki davlat maqsadli jamg’armalariga undirish to’g’risidagi inkasso topshiriqnomalarini bajarishni kechiktirishga haqli emas.

Soliq to’lovchining hisobvaraqlarida pul mablag’lari bo’lmagan yoki ular soliqlar va boshqa majburiy to’lovlar summasini o’tkazish to’lov topshiriqnomasini yoki tegishli vakolatli organning ularni tegishli byudjetga yoki davlat maqsadli jamg’armasiga undirish to’g’risidagi inkasso topshiriqnomasini bajarish uchun etarli bo’lmagan taqdirda, bunday topshiriqnomalar mazkur hisobvaraqlarga pul mablag’lari kelib tushishiga qarab, har bir shunday kelib tushishdan keyingi operatsiya kunidan kechiktirmay qonun hujjatlarida belgilangan navbat tartibida bajariladi.

Bankning aybi bilan soliq to’lovchining soliqlar va boshqa majburiy to’lovlar summasini o’tkazish topshiriqnomasi, tegishli vakolatli organning ularni undirish to’g’risidagi inkasso topshiriqnomasi bajarilmagan (bajarilishi kechiktirilgan) taqdirda, bankdan har bir kechiktirilgan kun uchun soliqlar va boshqa majburiy to’lovlarning o’tkazilmagan summasini
0,5 foizi miqdorida belgilangan tartibda penya undiriladi.

1   ...   23   24   25   26   27   28   29   30   31


Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©atelim.com 2016
rəhbərliyinə müraciət