Ana səhifə

Нavkat Mahmadmurodov


Yüklə 451 Kb.
səhifə2/6
tarix24.06.2016
ölçüsü451 Kb.
1   2   3   4   5   6

Hasan Bug‘raxondan so‘ng Qoraxoniylar davlati kuch-sizlana boshlaydi.To‘g‘ri, Hasanxondan so‘ng bir qator xonlar yashab o‘tgan. Jumladan, sharqda Muhammadxon III (vafoti 1211-y.), g‘arbda Muhammadxon (vafoti 1182-y.), Farg‘ona vodiysida Usmonxon (vafoti 1212-y.) shular sirasiga kiradi. Lekin Sharqdan kelgan mo‘g‘ullar-Qora-Xitoylar (kitanlar) hurujlari Qoraxoniylar sulolasining inqirozga uchratadi. Oqibatda Qoraxoniylar davlati parcha-lanib ketadi. Qoraxoniylar davlatining g‘arbiy qismi Xorazmiylar tasarrufiga o‘tadi.

Qoraxoniylar va ularning davlati haqidagi turli xil rivoyatlar ham mavjud.Ko‘p asrlik tarixi bilan mashhur bo‘lgan Qoraxoniylar davlati nomi qadimgi ba’zi bir afsonalar bilan bevosita bog‘liq.

Rivoyatlarga ko‘ra Koinotning Bosh Tangrisi ("Buyuk boy" ma’nosini anglatgan) Boy-O‘lgandir to‘qqiz qavat oltin tog‘ning ustidagi ko‘k saroyda istiqomat qilar ekan. Ilk odamni okean tubidagi balchiqsimon moddalardan yaratib unga Erlik (Kayraxon) otini bergan ekan. Uning rafiqasining oti Xonim bo‘lgan. Bulardan yetti farzand dunyoga kelgan: Qarshit, Baxtagan, Qora, Qushxon, Qanim va Yayiq. Bulardan Qoraxon (qiyos: inglizlarning Black Prince, 1330-1376) nur, yorug‘likka to‘la ota-ona dargohidan qochib qorong‘ulik girdobiga yo‘liqadi. Afsonalarga ko‘ra, Qoraxon yulduz tangrilaridan biri bo‘lib, rangi va boshqa belgilariga ko‘ra Zuxalga (Saturnus' ra) o‘xshaydi.

Zuhalni qadimiy Bobilliklar "Qora yulduz" deb atashgan. Turkiy xalqlarning mifologiyasida O‘tugan (Otuqan) ona yer yuzi (so‘ngra Muqaddas Qutli o‘rmon), O‘luken (pok sut), Qut (Saodat va barakat), Sur (jondorlar va narsalarning ruhi). Tun (yomon ruhlar), Sarixon (Saruxon) afsonasi Qoraxondan avval bo‘lganligi haqida rivoyatlar bor. Boshqa bir afsonalarga ko‘ra Qoraxon Mo‘g‘ulxonning to‘ng‘ich o‘g‘li bo‘lgan emish.

Afsonalardan ilmiy asoslarga o‘tilsa, Qoraxon-buyuk, bosh xon demakdir. Turk-mo‘g‘ul xalqlari yer yuzi (kurrasini) hududlarini to‘rt rang bilan atashgan: Qora - shimol, qizil - janub, ko‘k (moviy) - sharq, oq - g‘arb. Turkiy xalqlarida shimoldagi hukmron "Buyuk xon" sanalgan. An’analarga ko‘ra, qora "buyuklik, yuksaklik"ni anglatgan. Qoraxonga ma’nodosh Ilekxon (Eligxon) nomi ham uchraydi. Manbalarda qora so‘zi seriste’mol bo‘lgan:

- kishi nomlari tarkibida: Qora Temur, Qora Bug‘a, Qora Tugma, Qora Botir, Qora Yusuf, Qora Usmon, Qora Bakir, Qora Vosif kabilar;

-joy nomlari tarkibida: Qora O‘rdu, Qora shahar, Qora-Xocho, Qoraqurum, Qora-balg‘asun, Qoraqum, Qora-Ko‘l, Qoratog‘va h.

- totem tarkibida: Qora-Kuyunlu, Qoraqalpoq.

Demak, Qoraxon nomi uzoq tarixga ega bo‘lib, o‘ziga xos o‘tmish voqealari va rivoyatlar bilan bog‘liqdir. Bu nom tarixda katta iz qoldirgan. Bu davr turk hoqonlari nomlari tarkibida ham qadimiy ananalar bilan bog‘liq hayvonot olamidagi so‘z va kalimalarda keladi. Sulaymon Arslonxon-Bug‘ra Tegin (Bug‘ra-tuyaning ayg‘iri ma’nosini ifodalagan), Mahmud Bug‘raxon, yoki Yagan Tegin(Yagan fil ma’nosini anglatgan), Buxoro vohasining farzandi Ibrohim Bug‘raxon (Bo‘ri Tegin) va h.

Qoraxoniylar davridagi kishi va joy nomlari turli sohalar bilan bog‘liq holda yuzaga kelgan. Bular turkiy xalqlarning 12 burjda (Zodiak) va 12 Taqvimida kelgan hayvonlar bilan ham bog‘liq atalgan.

Ma’lumki, o‘sha davr tilida burjlar: Kuzi (hamal), ud (savr), erandiz (egizak qiz), kuchik (saraton), bug‘doy boshi (sunbula), ulgu(mezon), gazan (aqrab), yoy(qavs), uspok (Jadiy), kupak (dalv), baliq (hut) kabi so‘zlar bilan nomlangan.

Taqvimlar esa: Sichqon, Ud (sigir), Bug‘ra, Bars, Tavishg‘an, Lu(Ajdar), Milan, Yund(ot), Qo‘y, Bichin (maymun), Tag‘uq (taqaqu-tovuq), It, To‘ng‘uz kabi atamalar bilan atalgan va bo‘lar o‘sha davr tilida aks etgan.Jumladan, madaniy markazlardan: Samarqand, Buxoro, Forob (O‘tror), Choch/Shosh (Toshkent), Balasag‘un (Suyob), Qoshg‘ar (Urdukent), Isfijob (Chimkent), Olmalik kabilar uchraydi.

Bu kabi xususiyatlarni yuqorida qayd etilgan barcha adabiy markazlarda mahalliy aholi tilida va ular orqali badiiy adabiyot sahifalarida uchratish mumkin.

Har bir adabiy markazlar bilan o‘sha davrda uzoq o‘lka va davlatlar o‘zaro madaniy aloqalarda bo‘lishgan. Buning dalili sifatida Gollandiyaning Leyden nomli universiteti kutubxonasida saqlanayotgan Sayfi Saroyining "Guliston bi–t–turkiy" qo‘lyozmasidagi shoirlar mushoirasini keltirish joiz bo‘ladi.

1.2.Adabiy markazlardagi badiiy aloqalar. Sayfi Saroyining "Tuliston bi-t-turkiy" asari badiiy aloqalarning namunsidir. Ushbu asar qo‘lyozmasi 793- xijriy (milodiy 1390-1391) yilda ko‘chirilgan bo‘lib, XIV asr shoirlarining mushoirasini o‘z ichiga oladi. Bu to‘plamda Sayfi Saroyi o‘sha zamonning shoirlaridan Mavlono Qozi Muhsin, Mavlono Isxoq, Mavlono Imod Mavlaviy, Ahmad Xoja as-Saroyi, Xorazmiy, Abdulmajid, Tug‘li Xoja, Hasan o‘g‘li kabilarning g‘azallariga mushoira qilib yozgan she’rlarini qayd etish mumkin. Shu kabi usulda Xojamiyning bir g‘azali va Sayfi Saroyining o‘n uch g‘azali bor.

To‘plamdan mashhur "Muhabbatnoma" dostonining muallifi Xorazmiyning qasidasi ham o‘rin olgan. To‘plamga kiritilgan qo‘lyozmalar orasida Ozarboyjon xalqining klassik shoiri shoir Hasan o‘g‘lining ijodidan ham bir g‘azal bor. Bu g‘azal shuningdek, Davlatshoh Samarqandiyning "Tazkirat ush-shuora" asariga ham kiritilgan. Davlatshohning yozishicha, shoirning asl nomi Shayx Izzudin Puri Hasan Asfarayoniy bo‘lib, u fors va turk tillarida juda yaxshi she’rlar yozgan. Forsiy she’rlarida u o‘zini Puri Hasan, turkiy she’rlarida esa Hasan o‘g‘li deb atagan. Uning she’rlari Ozarbayjon, Turkiya, Shomda keng tarqalgan edi.

Qirimda yashagan shoir Abdulmajidning "Kalifuz - Zunun"i ikki manbada ma’lum bo‘lib, uning yana "Munisul-ushshoq" ("Oshiqlar do‘sti") deb ataluvchi Yusuf va Zulayxo to‘g‘risidagi sevgi dostoni ham mavjud. Aytishlaricha, Ibn Arabshoh Abdulmajidni Qrimda uchratgan. Bu voqea 814 xijriyda, ya’ni 1411/12-yillarda sodir bo‘lgan23.

Shoir Ahmad Xoja as-Saroyi Oltin O‘rdadan bo‘lib, xon saroyida xizmat qilgan. Shuning uchun ham uning taxallusi ham Saroyi deb qayd qilingan.

Shuni ta’kidlash kerakki, katta iste’dod egasi Sayfi Saroyi o‘z to‘plamiga shoir va ularning she’rlarini tanlab olishda ma’lum bir tizimga amal qilgan. Shubhasiz, Sayfi Saroyi o‘z zamonasining badiiy adabiyoti va uning vakillariga tanqidiy yondashgan. Shoir o‘z masnaviysida dunyo shoirlarining dono tasnifini katta odob bilan keltiradi.



Jahon shoirlari ey gulshani bog‘,

Kimi bulbul durur so‘zda, kimi zog‘.

Kimi to‘ti bekin chaynar shakarni,

Kimi lafzi bilan o‘rtar dararni.

Kimining so‘zlari mavzunu shirin,

Kimining loiki tashrifu tahsin.

Kimi o‘zganing ash’orin menim der,

Kimi halvo kabi shalg‘om cho‘bin yer.

Kimi ma’niy qo‘yub lafzin tuzo‘tur,

Kimi vaznin buzub, san’at kuzo‘tur.

Alarning ush biri Sayfi Saroyi,

Jahon oriflarining xoki poyi.

Ani sen jumla shoir kamtari bil,

Qamar yuzga hamisha mushtariy bil.

Demak, Sayfi Saroyi o‘z zamonasining atoqli vakil-laridan biri bo‘lgan. U eski turkiy adabiy tilning shakl-lanishiga katta hissa qo‘shgan.

Bu o‘rinda Qutbning ijodi ham o‘ziga xos o‘rin egallashini aytish joizdir. Qutbning "Xusrav va Shirin" asari o‘sha davr adabiy tilining shakllanishida muhim rol o‘ynagan bo‘lib, u Parij Milliy kutubxonasida saqlanayotgan yagona qo‘lyozma hisoblanadi. Qo‘lyozma hijriy 785- (1383/84 milodiy) yili safar oyida Berka Faqih tomonidan Misrda ko‘chirilgan. Bizgacha, shu misrlik kotib tomonidan ko‘chirilgan nusxa yetib kelgan.

Xullas, yuqorida aytib o‘tilgan adabiy til markazlari bir–biridan uzoq masofalar bo‘lishidan qat’iy nazar, u yerlarda yaratilgan asarlar qayd etilgan ijodkorlarga yetib kelgan. Ular bir birlarining ijodlaridan xabardor bo‘lib, doimiy madaniy aloqada bo‘lishgan va o‘zaro ta’sir qilib kelishgan.

1.3.Tarixiy manbalarning shakl va mazmuni. Ma’lumki, qoraxoniy adabiy tili, qipchoq-o‘g‘uz adabiy tili, chig‘atoycha adabiy til, xorazmcha adabiy til, Oltin O‘rda adabiy tili, O‘rta turk nomlari bilan atalgan bir qancha adabiy til ko‘rinishlari o‘sha davrlarda turli hududlarda mavjud dialekt, shevalari ustun bo‘lgan madaniy markazlar adabiy tili sanalgan. Qayd etilgan adabiy markazlarda yaratilgan asarlarda o‘sha hududda ustun bo‘lgan dalektal xususiyatlar ijodkorlar asarlarida bevosita o‘z ta’sirini qoldirgan.

Bunday ko‘rinishdagi adabiy tilda yaratilgan manbalar turli shaklda bizgacha yetib kelgan. Ulardan ba’zilari badiiy asarlar shaklda bo‘lsa, ayrimlari tarixiy obidalar(buyum va qabr toshlardagi bitiklar), mahkama vasiqalari, turli tipdagi hujjatlar, tarjima kitoblar, qonun va sutralar shaklida bo‘lgan. Ularda ma’lum darajada grammatik formalar, leksik birliklar o‘zaro aralashishi bilan quramalik xususiyatlarni ham kuzatish mumkin. Qoraxoniylar davridagi adabiy tilning yorqin namunasi "Qutadg‘u bilig" tilida o‘z aksini qoldirgan. Chunki "Turkistonda hech kim Bug‘raxon tilida bu kitobdan yaxshiroq asar yozmagan"24. Bug‘raxon tili deb ta’kidlangan til Bug‘raxon tasarrufidagi barcha ellar tilini o‘zida aks ettirgan adabiy til namunasi bo‘lgan.

V. Bartold o‘zining "Qutadg‘u bilig"da tilga olingan Bug‘raxon kimdir?" nomli maqolasida Yorkentda topilgan arabcha mahkama vasiqalarda (1081-1135 yillarga oid) shu ismli shaxslar qayd etilishi, ular tarixiy shaxslar ekanligini ta’kidlaydi. Bunda Sulaymon Arslonxonning o‘g‘li bo‘lgan hoqon Tavg‘ach Bug‘ra Qoraxon Abu Ali Hasanning o‘g‘li deb izohlanadi.

Qayd etganimizdek, XI asrning ikkinchi yarmida Qoraxoniylar saltanati Qoshg‘ardan tortib Kaspiygacha bo‘lgan keng maydonni o‘z tasarrufiga olgan edi. Bepoyon va ulug‘davlatning markazi Qoshg‘ar (O‘rdukent) bo‘lib, uning shimolida muhim markazlaridan Balasog‘un (Kuzurdu), g‘arbda Samarqand bu shaharlar o‘rtasida O‘zgand kabi bir necha shaharlar bor edi. O‘sha davrlarda yaratilgan "Qutadg‘u bilig", "Devoni lug‘atit turk", "Hibatul-haqoyiq" kabi asarlarda eski turkiy adabiy til normalari aks ettirilgan. Mazkur adabiy tilning ta’sirini Nosiruddin Burhonuddin Rabg‘uziyning "Qisas ar Rabg‘uziy", Kutbning "Xusrav va Shirin", Mahmud bin Alining "Nahjul-Farodis" kabi asarlari tilida ko‘ramiz.

Fikrimizning isboti uchun, avval "Nahjul farodis", "Qisas ar Rabg‘uziy", "Xusrav va Shirin", "Guliston bit-turkiy" kabi asarlardan parchalar keltirilib, so‘ng ularning lingvistik tahliliga to‘xtalamiz. Zero, birinchidan, quyidagi parchalarni keltirishdan maqsad, dastavval o‘sha davr adabiy tilining namunasi bilan tanishtirish, u haqda yaqqol tasavvur hosil qilish, ikkinchidan, ilmiy manbalarda o‘sha davr tilining fonetikasi, morfologiya va sintaksisga ko‘p o‘rinda misollar keltirilmaganligi sababli, ushbu parchalar, ya’ni ilova qilingan matnlar orqali yetarli darajada misollarni berilishini ta’minlash ko‘zda tutiladi. Lekin aytish joizki havola etilgan parchalarda hamma grammatik shakllar uchramasa-da, ma’lum bir guruh affikslarning aktivligi shubhasiz seziladi. Shu maqsadda quyida o‘sha davr adabiy tilini o‘zida aks ettirgan asarlardan parchalarni havola etdik.
"Qisas ar Rabguziy"dan:
Ey ko‘nglum ovunchasi o‘grab yiroqga bormagil,

Yarliqa yelguz onangni bag‘rini o‘rtamagil.

Er ersang o‘zun tun tilagil tamom,

Telimlar tilak tunda topdi tamom.(1,79 s.)

O‘n ikki ukak yetti aqron qislik,

Eng ilki ko‘zi, uy, arandand, kuchik.

Kur arslonma bug‘doy boshi ulkararo aro,

Chayon ham yey, ug‘loq, qo‘naq ham baliq,

Yana yetti yulduz bularda yuriyur,

Sakandir, o‘ngay qurud ham yashik,

Sakit, orzu, yalchiq yegitek bo‘lur,

To‘qushdin usanma qizibon erik.(1,101s.)

Bu ko‘nglum murodga teginmak tilar,

Telim xalqlar aro ukunmak tilar.

Kun, oy sajda qilg‘ay arig‘yuzga man,

Bu kun otdin inib yukunmak tilar.(1D14s.)

Qamug‘yignalar tun tikar qizdurur,

Yana o‘zi ko‘rsang yalang‘och qolur.

Chirog‘ma ulashu ko‘yar o‘rtanur,

Azinlarga ko‘rsang yorug‘luk berur(1,118).

Ko‘z ko‘rgani jamol u,

Sevmak ani halol ul.

Andog‘jamol qurubon,

Kim sevmasa vabol ul(1,119 s.).

Sabo istayur, yig‘och yeng solur,

Bulut yig‘layur, chechaklar kular

Bu mundog‘chechaklikda ko‘nglum bu kun,

Saning birla bo‘lub ovunmoq tilar(1,121.).

Eng ilki tishi aydi:

To‘lun oyni ko‘rsang tugar kumiyur,

Arig‘hurni ko‘rdi ulash o‘ynayur.

Ikkinchi tishi aydi:

Hamul oyni ko‘rgan yag‘iz yer uza,

Asekin yurirda ko‘ngul bulg‘ayur.

Uchunchi tishi aydi:

Adiz ko‘kda oni yaratti izi,

Bu kun ko‘rsa oyga kelib tunayur(1,130-131.).

Bu biztek qatig‘kinda kim bor bu kun,

Uruldi arig‘jonga to‘rmuk tugun.

G‘ariblikda erksiz tushub iylanib,

Essiz un qarindosh o‘larmiz bu kun(1,130-131.).

Zuhra, kamar shikorimiz,

Qirg‘iz, xitoy tavorimiz.

Yugurur qiziq yiporimiz,

Yinju, guhar nigorimiz,

Kunindaki kunorimiz,

Sanchishmaga ormiz,

Burnindaki mahorimiz(1,130-131.).

Ushbu dunyo ichra ko‘rdum bosh oyoq to‘lug‘cho‘g‘i,

Tinglayu turdum tugal yosh un sigit inchik yig‘i.

Dunyo ermish bir uluksak qiymati yo‘q hyech aning,

Asig‘i yo‘q, ul og‘u yanglig‘andin ortuq sasig‘i.

Bu uluksak tegrasida ko‘rdum ersa ko‘p telim,

Itlar urushib talashurlar bir-biriga bo‘lub yegi.

Eng so‘nggi itlar ular qolur arig‘siz sasig‘et,

Mundin ortuq ermas ermish ushbu dunyo totig‘i.

Na ekan tuproq ostin keng jahonga sig‘magan,

Tor lahad ichra yoturlar yurkanib atlas, ag‘i.

Mustafoqa jofiy dunyo qilmadi, ko‘rgil vafo,

Tegdi oxir arig‘qa bu o‘lumning achig‘i.

Rabg‘uziy Nosir tayanma tunla kunduz ingranib,

Sayragil, suchuk tilingdin so‘z chiqar, so‘zlar sog‘i.

(11,197.)
Agar yuqorida keltirilgan matnlarni birma-bir lisoniy jihatdan qiyoslab tahlil qilsak, Nosiruddin Rabg‘uziy tilida qo‘llanilgan qadimgi so‘z va iboralar qatlami, grammatik shakllar Qoraxoniylar davri va XIV asr Xorazm, Oltin O‘rta adabiy tilida ham keng iste’molda bo‘lganligini ko‘ramiz.

"Qisasi Rabg‘uziy" ning ikki jildiga ilova qilingan lug‘atga nazar tashlasak, bunda katta bir leksik qatlam, so‘z va iboralarning qadimgi davr tili bilan mushtarakligining shohidi bo‘lamiz. Masalan, adim-teri; adiz-ulug‘,aziz,buyuk; yuksak, baland; adoq- daryoning quyilish joyi, pastgi qism; azin-boshqa; azoq-oyok; azril-ayrilik; ayva-bexi;al-xiyla; alin-peshona; urkach; anut-hozirlamoq; tayyorlamoq; arig‘-sof, pok; asig‘-foyda, naf;ashnu-avval, qadar;ashoq-past;ag‘i-mato, ipak; ag‘loq-pana; ag‘ri-yuk; bitik-xat, bosh-yara; bo‘lun -asir; bulung-taraf, tomon; bus-tuman; bo‘sug‘-pistirma; bo‘z-bo‘y,qad; bo‘zun-xalq, bo‘lak-tuhfa, sovg‘a; yerin-ertaga; yerik-zirx, sovut, yegi-dushman; ivuk-kiyik; ig-xasta; Izi-Xudo,Tangri; ikinduk-peshin; yigan-urg‘ochi tuya; in-tushmok; itig-o‘tkir; yig-yaxshi; yig‘iz-hid; yi-tik-o‘tkir, yo‘l-buloq; ariq; kezin-keyin; kend-shahar; qiz-kiymoq; kirpich-g‘isht, kirpich; kuzak-kuyov; kung-xizmatkor, joriya; kuni-to‘g‘ri; mini-miya; ong eslamoq; og-tur; sircha-shisha; sichak-chumchuq; sogu-tarozi; sung‘u-nayza, sungan-piyoz; taba-tomonga; tapor-bolta; tapug‘-xizmat; sajda; tamug‘-duzax; tanuq-guvoh, belgi; tekma-har bir; telim-ko‘p; terk-tez; tishi - xotin, ayol; urg‘ochi; tuch-bronza; tura-qonun-qoida; rasm-rusm; turka-ipak; ud, uy sigir, ujmox-jannat; uz-mohir; ishbilarmon; uzi-uxlamoq; ukak-burj; o‘kush-ko‘p; uragut-ayol, xotin; urung-oq; uchuk-arqon; cherik-qo‘shin; chizon-chayon; chig‘ay-yo‘qsil, kambagal; chovxabar; dong; elkun-xalk; eran-kishi, odam; ernak-barmoq; esparlah-iltijo qilmoq; etmak-non; eshkak-eshak; yalavoch-payg‘ambar; yalchik-oy; yanut-javob; yarmaq-pul, yashik- dubulg‘a; yagan-fil; yashik-quyosh; ug-es; uga-dono; ugdu-xamd; Ungay Mushtariy; ungin-begona; utachi-tabib; ugur-vaqt, payt; kazgu-qayg‘u; qamug‘-hamma; qang-arava; apug‘-eshik; qag‘un-qovun; qoz-g‘oz; quzuruq quyruq; kulaguz-yo‘l boshlovchi; kurt-bo‘ri; kugu-oquv; qo‘z-qumoq; kul daryoning qurigan uzani; kul- suramoq; kuch-qo‘chqor; abushqa-qari, keksa, chol, qariya va h.

Kutbning "Xusrav va Shirin" asari leksikasida ham qorxoniy adabiy tilining ta’siri yaqqol ko‘zga tashlanadi.
1   2   3   4   5   6


Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©atelim.com 2016
rəhbərliyinə müraciət