Ana səhifə

Turkistonda ikki hokimiyatchilik va sho’rolar hukmronligining o’rnatilishi”


Yüklə 182.5 Kb.
səhifə1/3
tarix26.06.2016
ölçüsü182.5 Kb.
  1   2   3
O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus

ta’lim vazirligi


Guliston Davlat Universiteti
Ijtimoiy-iqtisodiy fakultet
5 – 32 guruh talabasi Tashkuziev Hakimning

Turkistonda ikki hokimiyatchilik va sho’rolar hukmronligining o’rnatilishi” mavzusida yozgan




KURS ISHI

Qabul qildi: Qurbonov E

Guliston – 2012
MAVZU: TURKISTONDA IKKI HOKIMIYATCHILIK VA SHO’ROLAR HUKMRONLIGINING O’RNATILISHI

REJA :

KIRISH
I. 1917- yil fevral inqilobining Turkistonga ta’siri.

1.1. Podsho hokimiyatining ag’darilishi va buning Turkiston ijtimoiy-siyosiy hayotiga ta’siri.

1.2. Turkistonda siyosiy-demokratik tashkilotlarning vujudga kelishi hamda ularning faoliyati.



II. Turkiston o’lkasida sovetlar istibdodining o’rnatilishi.

2.1. 1917-yil iyul-oktabr voqealari muvaqqat hukumatning mag’lubiyati.

2.2. Turkistonda sho’rolar hokimiyatining o’rnatilishi
XULOSA

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR



KIRISH.

Mavzuning dolzarbligi. Turkiston o’lkasi uzoq o’tmishga ega bo’lib, hozirgacha bo’lgan davr ichida ko’plab “qora kunlar” ni boshdan kechirdi. Shunday “qora kunlar” dan biri bu shundoq ham chor Rossiyasi ta’sirida aziyat chekayotgan Turkistonning sho’rolar tomonidan istibdod etilishi edi.

Chor Rossiyasi yurtimizni bosib olib to biz davlat mustaqilligimizni qayta tiklagunimizga qadar o’rta hisobda 130 yil vaqt o’tdi. Shu davr ichida xalqimiz boshiga ne-ne kulfatlar, baloyu ofatlar yog’ilmadi. Xoh siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy hayotni olaylik, xoh ma’naviy, madaniy sohani. ...ayniqsa, sho’rolar hukmronligi yillarida xalqimiz tashqi dunyodan butunlay uzilib qo’yildi1. Yetmish yildan ortiq davrda boshimizdan qanday ma’naviy, madaniy tazyiq, xo’rliklar kechganini ham yaxshi bilamiz.

O’zbekiston davlat mustaqilligini qo’lga kiritishi bilan tarixiy haqiqatni tiklash uchun, yangicha va xolis yondashuv, sovet davrida yuzaga kelgan Vatanimiz tarixidagi noxolisliklarni milliy mustaqillik mafkurasi asosida tugatish uchun qulay shart-sharoit qaror topdi. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov "Turkiston" gazetasi muxbirining savollariga bergan javoblarida mustabid sovet tuzumi davriga munosabat bildirar ekan: "…bugun biz ota-bobolarimizga… sun’iy ranglar bilan ajratib baho bermasligimiz, balki ularning hayotini, ular yashagan davrning mohiyatini to’g’ri tushunishga harakat qilishimiz lozim"2,deb ta’kidlagan edi. Modomiki, shunday ekan, his-hayajonga berilmasdan, mustabid siyosiy tuzum tarixi bilan xalqimiz tarixini ajrata bilishimiz, uni xolisona yoritishimiz zarur.

Darhaqiqat, chor mustamlakachiligi o’zining behad zulmkorligi, qabohati bilan yurtimiz, uning jafokash odamlari tanasida o’chmas dog’-hasrat qoldirdi. U ajdodlarimizni ma'nan va ruhan qo’llab-quvvatlab kelgan asl ma'naviy qadriyatlarni zavol toptira borib, ularning jismi-jonida mavj urib kelgan milliy istiqlol va erk tuyg’ularini asta-sekin so’ndirishga urinib keldi. Yurtimiz tuprog’ini qonga belagan chor zobitlaridan biri, qonxo’r general Skobelevning: “Millatni yo’q qilish uchun uni qirish shart emas, uning madaniyatini, san'atini, tilini yo’q qilsang bas, tez orada o’zi tanazzulga uchraydi”, deb aytgan behayo so’zlari bekorga aytilmagan, albatta.

O’lka jadidlarining rahnamosi M.Behbudiyning “Haq olinur, berilmas!” shiorida ozodlik uchun kurash g’oyasining muqarrarligi o’z yorqin ifodasini topgan edi.

Butun Turkistonni larzaga keltirgan hamda chor mustamlakachilarini sarosimaga solgan o’lka xalqlarining 1916-yilgi milliy-ozodlik harakati ham yurt ozodligi yo’liga bag’ishlangan edi.Muxtasar qilib aytganda, Vatan ozodligini, davlat mustaqilligini qo’lga kiritish Turkiston xalqlarining asriy orzusi edi.

1917 yil 27 fevralda Rossiyadagi fevral burjua-demokratik inqilobi g'alabasi tufayli podsho Nikolay II taxtdan ag'darilib, hokimiyat tepasiga rus burjuaziyasi chiqdi va ular muvaqqat (vaqtli) xukumat tuzdilar.

Petrogradda bo'lib o'tgan hodisalarlar ta'siri ostida Turkistonda yangi hokimiyat tuzilmalarini barpo qilish yuzasidan kuchli jarayon boshlandi. Bolsheviklar ta'sirida hamma shahar va ishchilar mavzelarida ishchi va soldat deputatlari Sovetlari tuzila boshladi. Ular inqilobiy demokratiya orzusini yuzaga chiqarishga vakil etilgan va muvaqqat hukumat mahalliy muassasalarining xatti-harakatlari ustidan nazorat olib borish huquqini da'vo qiladigan qurollangan xalq organlari tariqasida tashkil topib bordi. Bu sovetlar xay'atiga asosan yevropalik aholi vakillari kirdi.

Rossiyada vujudga kelgan ikki hokimiyatchilik oqibatida Turkiston o’lkasida ham ijtimoiy-siyosiy kurashlar avj oldi. Bolsheviklar Turkistonda ham hokimiyat uchun faol kurashga kirishdilar va bu yo’lda mahalliy aholiga tenglikni hamda erkinlik vada qilgan holda ulardan foydalandilar. Ammo hokimiyat sho’rolar qo’liga o’tgach berilgan barcha vadalar unitildi, aksincha Buxoro va xiva davlati hududlari daxshatli qirg’inlar evaziga bosib olindi va mustamlaka asoratiga solindi. Qisqa muddat ichida Turkiston xalqlarining milliy davlatchiligiga barham berildi, tarixidan mahrum qilindi, dini taqiqlab qo’yildi, tiliga kishan solindi, madaniyat va m’naviyati haqorat qilindi.

Mustaqillikga erishilgach Prezident Islom Abdug’aniyevich Karimov haqqoniy tarixni yuzaga chiqarish va tarixiy haqiqatni anglashga katta e’tibor qaratdilar. Bu borada ko’plab ishlar amalga oshirildi. Jumladan sovet istibdodining salbiy jihatlari yaqqol ko’rsatib berildi, “bosmachi “ lar tarzida tarixga kiritilgan xalq qahramonlarining tarixiy xotirasi tiklandi hamda ulug’landi. Bu borada o’z tarixiy xotirsiga ega inson-irodali insondir g’oyasiga amal qilindi.

Modomiki, o’z tarixini bilgan, undan ruhiy quvvat oladigan xalqni engib bo’lmas ekan, biz haqqoniy tariximizni tiklashimiz, xalqimizni, millatimizni ana shu tarix bilan qurollantirishimiz zarur. Tarix bilan qurollantirish, yana bir bor qurollantirish zarur.3 Chunki tarix-xalq ma’naviyatining asosidir.



I. 1917- yil fevral inqilobining Turkistonga ta’siri

1.1.Podsho hokimiyatining ag’darilishi va buning Turkiston ijtimoiy-siyosiy hayotiga ta’siri

1917-yilning fevral oyi oxirida Rossiyada ro'y bergan inqilob Romanovlar sulolasining podshohlik tuzumiga barham berdi. 1917-yil 2-martda podshoh Nikolay II o'z ukasi Mixail foydasiga taxtdan voz kechdi. Ammo hokimiyatning podshohlik shakliga qarshi noroziliklar tufayli Mixail Romanov bu taklifni qabul qilmadi. Faqatgina Ta'sis majlisi roziligi bilan taxtga vorisiik qilishi rnumkinligini bildirdi.

Mamlakatda amalda ikki hokimiyatchilik qaror topdi. Hokimiyat burjua partiyalari vakillaridan iborat Muvaqqat hukumat bilan ishchi va askar deputatlari organi bo'lgan Sovetlar o'rtasida taqsimlangan edi. Ikki hokimiyatchilik - ikki diktaturaning yakka hukmronlik uchun kurashi davri 1917-yilning 1-martidan 2-iyuligacha davom etdi. Muvaqqat hukumat parlamentar monarxiyani e'lon qilish tarafdori edi. Ishchi va askar deputatlari proletariat va dehqonlarning inqilobiy-demokratik diktaturasiga tayanib, demokratik respublika o'rnatish uchun kurash olib borardilar.Muvaqqat hukumat asosan o'rta va yirik burjuaziya manfaatlari ifodachisi bo'lgan konstitutsiyaviy demokratlar (kadetlar) partiyasi a'zolaridan tuzilgan edi. Sovetlar sotsialist-inqilobchilar (eserlar) va Rossiya sotsial-demokrat ishchilar partiyasi (RSDRP) tomonidan tashkil etilgan bo'lib, o'sha davrda rahbarlik mensheviklar qo'lida edi. 1917-yilning fevralida bolsheviklar RSDRP ichida kichik bir guruhni tashkil etardi.

Rossiyada qariyb 300 yildan ziyod hukmronlik qilgan Romanovlar sulolasining taxtdan ag‘darilishi mamlakatning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va ma’naviy hayotiga jiddiy ta’sir qildi.

Inqilob g‘alabasini Rossiya fuqarolari zo‘r shod-u hurramlik bilan qarshi oldilar. Chunki uning ezgu shiori ozodlik, tenglik va birodarlik edi. Fevral inqilobi asrlar osha Rossiyaning barcha mehnatkash va mazlum xalqlariga baxt-saodat yo‘lini ko‘rsatdi, katta-kichik millatlarga o‘z taqdirini o‘zi hal qilishiga imkoniyat yaratdi, vijdon erkinligini joriy qildi, mahalliy idoralarni saylashda umumiy bevosita teng va maxfiy ovoz berishni yo‘lga qo‘ydi. Muvaqqat hukumat mahalliy xalq vakillaridan front orqasidagi ishlarga mardikorlikka olishga chek qo‘ydiki, bu tadbirlar millati, irqi va ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar barcha xalqlarning istak-orzulariga javob berar edi. Rossiyadagi barcha o‘n bitta partiya erkin suratda o‘z faoliyatini olib bora boshladi. Xullas qisqa muddat ichida fevral inqilobi g‘alabasi tufayli Rossiya harbiy feodat monarxistik davlatdan dunyoda eng ilg‘or demokratik davlatga aylandi.

Fevral inqilobi Rossiyaning xalqaro maydondagi ahvoliga ham jiddiy o'zgarishlar kiritish imkoniyatini yaratdi. Inqilob sharofati tufayli Rossiya uzoq davom etayotgan jahon urushidan chiqib ketishi va mamlakat fuqarolarining ezgu niyatlarini ro‘yobga chiqarishi mumkin edi.

Umuman aytganda fevral inqilobi jamiyat taraqqiyotining obyektiv rivojlanishi qonunlaridan kelib chiqqan hayotiy zarurat bo‘lib, u chinakam xalq inqilobi edi. Shu bois fevral inqilobining bu g‘alabasini Turkiston xalqi ham zo‘r xursandchilik va katta umidlar bilan kutib oldilar. Podsho Nikolay II ning taxtdan ketganligi to‘g‘risidagi xabar Toshkentga 28-fevralda kechasi yetib keldi. Ammo Turkiston general-gubematori Kuropatkin monarxiyaning qayta tiklanishidan umidvor bo‘lib bu xabarni xalqqa bildirishni istamadi. 3-martda fevral inqilobining g‘alabasi to‘g‘risidagi telegramma matbuotda bosilgach, uning siri fosh boldi. Bu inqilobga nisbatan mamlakatimiz jadidchilari ham xayrixohlik hissi bilan qarab baho beradilar. Jumladan, endigina 19 bahorni qarshilagan Abdulhamid Cho‘lpon fevral inqilobini 1789-1793-yillardagi buyuk fransuz respublikasiga o‘xshatgan edi.

Rossiyada fevral inqilobining amalga oshishi, siyosiy tuzumning o’zgarishi, demokratik jarayonlarning yuzaga kelishi uchun qulay imkoniyatlarning ochilishi Turkistondagi ijtimoiy-siyosiy voqealarning borishiga ijobiy ta'sir ko’rsatdi, o‘lka hayotida yuz bergan muhim siyosiy o‘zgarishlardan biri- bu chor mustamlakachiligi boshqaruvi ramzi bo’lib kelgan Turkiston general-gubernatorligi mahkamasining tugatilganligi bo‘ldi. Uning o‘rniga Muvaqqat hukumatga bo‘ysunuvchi Turkiston qo‘mitasi tashkil etildi. Ayni chog’da viloyatlardagi harbiy gubernatorlik lavozimlari ham tugatildi. Ularning o’rniga viloyat komissarlari lavozimi ta'sis etildi. Eng muhimi, fevral o‘zgarishi Turkiston o‘lkasi xalqlari hayotiga muayyan demokratik jarayonlarni baxsh eta bordi. Endilikda keng xalq ommasi, uning turli ijtimoiy qat-lamlari faol harakatga kela boshladi. O‘lkaning yirik shaharlarida tashkil topgan va asosiy tarkibi mahalliy millat vakillaridan iborat kasaba uyushmalari, chunonchi, binokorlar, quruvchilar, ko‘nchilar, duradgorlar va boshqa kasb kishilarini birlashtirgan uyushmalar ham aholining tub manfaatlari, ularning iqtisodiy va siyosiy talablarini himoya qilib faoliyat yuritdilar. 1917-yilning may oyiga kelib Turkiston o‘lkasidan mardikorlikka zo‘rlik bilan olinib, Rossiyaning G’arbiy hududlariga safarbar qilingan ko’plab yurtdoshlarimizning o‘z ona zaminlariga qaytib kelishlari ham, shubhasiz, inqilobiy kuchlar safini to’ldira bordi. Bu o‘rinda fevral o‘zgarishidan keyin o‘lka xalqlari hayotida muhim rol o‘ynagan, ularning siyosiy faolligini oshirishga xizmat qilgan ko’plab inqilobiy-demokratik tashkilotlar, siyosiy firqalar, kasaba uyushmalari faoliyatiga alohida urg’u bermoq kerak bo’ladi. Gap shundaki, bu davrda Rossiyada faoliyat yuritayotgan ko’plab siyosiy partiyalar, jumladan, eserlar, sotsial-demokratlar va boshqa partiyalarning mahalliy tashkilotlari Turkistonda ham o’z faoliyatlarini aktivlashtirib, aholining turli ijtimoiy tabaqalarini o’zlariga jalb qilish, o’z dasturiy g’oyalarini ularning ongi, shuuriga singdirishga harakat etardilar.

Fevral inqilobi ta’siri ostida Turkiston o‘lkasida ommaviy milliy ozodlik harakatlari avj olib ketdi. O‘lkaning yirik shaharlari: Toshkent, Samarqand, Skobelev (Farg'ona), Andijon, Kogon, Namangan, Qo'qon, Petro-Aleksandrovsk (To‘rtko‘1) va boshqa joylarda ko‘p ming kishilik miting va namoyishlar bo’ldi, Fevral inqilobi haqidagi xabar matbuotda e’lon qilingan kuniyoq Toshkentda katta miting va namoyish bo’ldi. Namoyish qatnashchilari shaharning Skver (hozirgi Amir Temur xiyoboni) va Soborniy (hozirgi mustaqillik) maydonlari tomon ko‘chalar bo‘ylab bayroqlar ko‘tarib, qo‘shiqlar aytib yurish qildilar. 5-martda Samarqand shahrida ko‘p ming kishilik miting uyushtirildi. Kogon (Buxoro)dagi namoyishchilar soni 6 ming kishiga yetdi. 7-martda Petro-Aleksandrovskda bolgan ommaviy mitingda Amudaryo garnizoni askarlari ham qatnashdilar. Amudaryo bo’limining boshlig‘i va shahar pristavi mitingni tarqatishga harakat qildi. Bunga javoban miting qatnashchilari ularni qurolsizlantirib, qamab qo'ydilar,



Turonjamiyati uyushtirdi va unga Munavvarqori Abdurashidxonov, Islombek Xudoyorxonov va boshqa jadidlar rahnamolik qildilar. Ana shunday miting Andijonda, Jome masjidi oldida bo‘ldi. Unda “Taraqqiyparvar”chi 27 yoshli Sa’dullaxo‘ja Tursunxo‘jayev nutq so‘zlab fevral inqilobi mohiyatini tushuntirib berdi.

Fevral inqilobi ta’siri ostida o‘lka musulmonlarining ommaviy harakatlari Qo'qon, Namangan, O‘sh, Jalolobod, Samarqand, Andijon, Kattaqo‘rg‘on muzofotlari va boshqa hududlarda ham sodir bo‘ldi. Turkiston olkasidagi ana shu ommaviy chiqishlar va xalq harakatlari ta’siri ostida sovetlar birin-ketin vujudga kela boshladi. Turkistonda ishchi deputatlarining birinchi soveti Toshkentda 1917-yil 2-martda O‘rta Osiyo temiryoli Bosh ustaxonasi (Hozirgi Temiryo‘llar teplovoz vagon ta’mirlash zavodi) da rus ishchilari tashabbusida tashkil etildi. Sovet tarkibiga shu kuni bolib o‘tgan mitingda 12 kishi saylandi. Bunday sovetlar Toshkent shahrining boshqa zavodlari, ustaxonalari, korxonalar va jamoat tashkilotlarida ham saylandi. Zavodlar, ustaxonalar, korxonalar va jamoat tashkilotlaridan saylangan vakillardan 3-martda Toshkent ishchi deputatlari soveti tuzildi. 4-martda soldat deputatlarining Toshkent soveti tashkil topdi. Mart oyining oxirlarida Toshkent ishchi deputatlari soveti bilan askar deputatlari soveti o‘zaro birlashib, Наша газетаsini chiqarishni yo‘lga qo‘ydilar. Gazetaning birinchi soni 1917-yilning 2-aprelida bosmadan chiqdi.

Fevral inqilobining dastlabki kunlaridanoq ishchi va soldat depu­tatlari sovetlari Samarqand, Yangi Buxoro (Kogon), Andijon, Naman­gan, Qo‘qon, Skobelev va boshqa shaharlarda vujudga keldilar, Faqat mart oyining o‘zida 75 ishchi va soldat deputatlari sovetlari Tur­kistonda faoliyat ko‘rsata boshladi. Ammo bu sovetlar tarkibidagi a’zolar asosan yevropalik aholi vakillaridan bo’lib, uning rahbariyatida yerli tub millatlaming vakillari umuman yo‘q edi. Buni Toshkent soveti rahbariyati misolida ko‘rsa ham bo‘ladi. Toshkent soveti rahbarligiga 1.1.Belkov, A.Ya.Pershin, A.S.Lyapin, A.A.Kazakov, N.Kaluginlar saylandilar. 6-martda saylangan Andijon ishchi va askar deputatlari soveti hay’atiga V.A.Chaykin (rais), ishchi Pershin, askar Maslov (o‘rinbosarlar) kirgan edi. Sovetning 7 a’zosi dan 4 tasi ishchi, 3 tasi askar bo‘lib, ularning hammasi Yevropa millatiga mansub kishilar edilar

Turkiston o‘lkasi sovetidan tortib to viloyatlar, shaharlar va uyezdlar sovetlarigacha barcha rahbarlik lavozimlarini Rossiyaning markazida tashkil etilgan mensheviklar va eserlar partiyalariga mansub bolgan Yevropa millati vakillari egallab oldilar. Jumladan, Turkiston o‘lkasi sovetining raisi menshevik M.Fiterman, rais o‘rinbosari qilib esa menshevik G.I.Broydo, Far- g‘ona viloyati sovetiga eserlardan V.A.Chaykin, V.D.Doriomedov, L.A.Mayevskiylar saylandilar. Toshkent, Andijon shaharlari, Samar­qand va Sirdaryo viloyatlarida ham xuddi ana shu vaziyat bolganligi haqida yuqorida ta’kidlandi. Bu davrda bolsheviklar vakillari Tur­kistonda sonda ham hisobda ham sovetlarda hech qanday ta’sirga ega emas edi.



Mahalliy tub yerli aholi til, din, urf-odati, maqsad-muddaosi boshqa bolgan Yevropa millati vakillari bosh bo‘lgan mazkur sovetlarga ergashmadi, ularga ishonmadi va kofirlar deya begonasirab qaradi. Mahalliy aholi asosan musulmon ulamolari va jadidlar tashabbusi va rahbarligida tashkil etilgan musulmonlar sovetlariga ergashdilar va ularni qo’llab-quvvatladilar. Bunday sovetlar Toshkentning Eski shahrida, Samarqand, Sirdaryo, Farg‘ona, Andijon va boshqa viloyatlarda tashkil topdi. Musulmon ishchi-dehqon sovetlari o‘z majlislarida harakat birligini ta’minlash va ommaning siyosiy kurashiga boshchilik qilish maqsadida siyosiy tashkilot tuzishga kirishdilar.
1.2. Turkistonda siyosiy-demokratik tashkilotlarning vujudga kelishi hamda ularning faoliyati

1917 yilning mart aprel oylari o'lkaning siyosiy uyg'onishida burilish davri bo'ldi. Paydo bo'lib kelayotgan milliy demokratik kuchlarning yetakchisi jadidlar bo'lib qoldi, ular o'zlarining avvalgi butun faoliyatlari bilan shu vazifaga tayyorlangan edilar. Ular demokratik inqilobga va u e'lon qilgan tamoyillarga katta umid bog'lab, uning g'oyalari va shiorlarini amalga oshirishga faollik bilan kirishdilar. Shu oylarda ular xalq ongi shuurida jipslashish, milliy birlikni mustahkamlash extiyojini uyg'otish bobida muhim qadamlar qo'yishga erishdilar.

Fevral voqealaridan keyin siyosiy tashkilotlar faoliyatida ham o'zgarishlar sodir bo'la boshladi. "Sho'roi Islomiya", "Ulamo" va "Alash O'rda" singari yangi firqalar tashkil topdi.

Xalq o'z baxti-saodati uchun kurash bayrog'i ostida turli tashkilotlarni vujudga keltira boshladi.Samarqandda "Musulmonlar klubi", "Mirvajul-Islom", Qo'qonda "Musulmon mehnatkashlari ittifoqi", Kattaqo'rg'onda "Ravnaq-ul islom", Xo'jandda "Muayin at-tolibin" kabi tashkilotlar tuzildi. Bu tashkilotlar va ularning rahnamolari ilg’or jadidchilar g’oyalari ta'sirida ish yuritdilar. M.Behbudiyning “Haq olinur, berilmas!”, Munavvar Qorining “Hurriyat berilmas, olinur!” shiorlari ularning chinakam kurash bayrog’iga aylangan edi.



Taraqqiyparvar ziyolilar tomonidan tashkil qilingan "Turon" jamiyati tashabbusi bilan 1917 yil 14-martda vujudga kelgan yirik milliy tashkilotlardan biri-"Sho'roi Islomiya" edi. Tashkilot nega bunday nom oldi? 1917 yilda Sovetlar (sho'rolar) tashkil qilish-g'oyasi keng tarqalgan edi. Joylarda "Hamma hokimiyat Sovetlarga" degan shior ostida namoyishlar o'tkazila boshlandi. Odamlar "Endi xalq Sovetlar orqali o'z taqdiri va kelajagini hal eta oladi", deb o’ylay boshladi. Tashkilotning 1917 yil 14 martdagi yig'ilishda shunday taklif kiritildi: "Nega rus ishchi va askarlarida o'z sho'rolari (Sovet ma'nosida) bor, biz musulmonlarda esa xech qanday sho'ro yo'q. Keling biz ham bugungi majlisda tashkilotimiz nomini "Musulmonlar sho'rosi" yoki chiroyli qilib aytganda "Sho'roi Islomiya" deb aytaylik. Shunday qilib, Toshkent shahrining mahalliy aholisi o'zi saylangan va unga ishonch bildirgan milliy tashkilotga ega bo'ldi.

1917-yil 14-martda “Sho‘royi Islomiya”ning majlisi Toshkentda boldi. Unda tashkilot faoliyatini muvofiqlashtirib turuvchi 15 kishidan iborat rayosat saylandi. Rayosat tarkibidan Munavvar Qori Abdurashidxonov (yetakchi), Abduvohid qori, Mirkomilboy Mo’minboev, Ahmadbek hoji Temirbekov, Ubaydullaxo’ja Asadullaxo’jaev, Salimxon Tillaxonov singari sinalgan yurt rahnamolari o’rin olgan edilar “Sho’roi Islomiya” musulmon aholining vakolatli organi (musulmonlar kengashi) sifatida uning irodasini ifoda etdi, manfaatlarini himoya qildi. O'lkaning turli joylarida “Sho’roi Islomiya”ning quyi sho’balari tuzilib, ular mahalliy aholi orasida qizg’in faoliyat yuritdilar. Sho’roi Islomiya” ta'sirida joylarda turli nomlarda tashkilotlar vujudga keldi. 15- martda Munavvar qori hovlisida I idora majlisi bo'lib o'tdi, unda doimiy rais, kotib, sarkotib, xazinador va ularga muovin saylandi. Raislikga – Abulvoxid qori Abdurauf qori o'g'li, muovinlikga – Munavvar qori Abdurashidxon o'g'li, sarkotiblikga- Kattaxo'ja Boboxo'ja o'g'li, xazinadorlikga – mulla Rizo Oxun Yo'ldosh Xo'ja o'g'li, muovinlikga- Abdusamin qori Xidayotboy o'g'li saylandi. "Sho'roi Islomiya" tashkiloti o'z oldiga qo'ygan asosiy maqsad va vazifalarni muvaqqat qonunning quyidagi bandlarida bildirgan:

1. Turkiston musulmonlari orasida siyosiy, ilmiy va ijtimoiy jihatdan zamonaga muvofiq islohot fikri tarqatmoq.

2. Butun Turkiston musulmonlarini bir fikr va bir maslakga kelturmoqga tadbir va harakatlar qilmoq.

3. Mamlakatlarning usul idoralari haqida ma'lumot yig'ib, Ta'sis majlisiga hozirlanmoq.

4. Turkistonning har bir shahar, qishloq va ovullarida mitinglar yasab, siyosiy, ilmiy va ijtimoiy xutbalar o'qitmoq.

5. Eski ma'murlarni o'rindan oldirib, o'rniga yangi ma'murlar qo'ymoq yo'llarini xalqqa ko'rsatmoq.

6. Turkistondagi turli millatlar orasida bo'lgan va bo'ladurg'on ixtilof va shubhalarni bitirib, bir-birlariga yaqinlashtirib, birlashtirmoq uchun tadbir va harakatda bo'lmoq.

7. Turli millat va firqalarning komitetlari ila aloqada bo'lib, o'z vakillari vositasi ila musulmon extiyojlarini ul komitetlarga bildirmoq va lozim topganda ulardan yordam so'ramoq.

Aprel oyining boshlarida o'lkaning boshqa shaharlarida ham “Sho'roi Islomiya” tashkilotlari barpo etildi. Ularning asosiy vazifasi- kelajakda Turkiston avtonom (mustaqil) jumhuriyatini barpo etish edi. “Shuroi Islomiya” tashkiloti "Najot", “Shuroi Islom”, "Kengash", "Xurriyat", "El bayrog'i" va "Ravnaqul islom" singari nashrlarida o'zining ijtimoiy-siyosiy qarashlari hamda qarorlarini keng omma orasida tashviq etdi.

Bu tashkilot Turkistonning ijtimoiy-siyosiy hayotida juda katta ro'l o'ynadi. Uning vakillari Moskva va Qozonda bo'lib o'tgan Umumrusiya musulmonlari qurultoyida qatnashdi. Turkiston shaharlari Dumasiga a'zo bo'lib kirdi, Ta'sis majlisida tasdiqdan o'tkazish uchun o'lkani idora etish usuli qonun loyihasini tayyorlashda faol qatnashdi, har xil xayriya ishlarida faol bo'ldi. Maktab va madrasani isloh qilish yo'llarini belgilab berdi.

Demak, "Shuroi Islomiya" a'zolari bo'lmish turkistonlik milliy demokratik ruxdagi taraqqiyparvar ziyolilarimiz Rossiyada 1917 yil fevral inqilobidan so'ng avj olgan umumdemokratik harakatda mustaqil Turkiston uchun kurashdi. Taraqqiyparvar islohotchilar matbuot va mitinglarda Turkistondagi ijtimoiy tengsizlik, mehnatkash ommaning og'ir ahvoli haqida kuyinchaklik bilan so'zlab, uning ijtimoiy sabablari, ildizlarini anglashga va xalqqa tushuntirishga harakat qilishdi.

Fevral voqealaridan keyin Turkistonda ruhoniylar orasida ham uyg'onish sodir bo'ldi. Ular ham umummusulmon birligi g'oyasiga tayanib, 1917- yilning aprel oyi boshlarida "Shuroi Islomiya"ga qo'shilib, tashkilot tarafidan uyushtirilgan tadbirlarda qatnashdilar. Biroq shu yilning yozida jadidlar (yangi islohotlar tarafdorlari) va qadimlar (eskilik tarafdorlari) orasidagi munosabat keskinlashdi, natijada qadimlar "Ulamo" jamiyatini tuzib, Turkistonda feodal tuzumni tiklash va uni shariat asosida boshqarish vazifasini o'z oldiga maqsad qilib qo'ydilar.

Kadetlikdan yuz o'girgan Qozoq Bukeyxon o'g'li rahbarligida "Alash O'rda" nomli milliy partiya ham vujudga keldi. Eserlar g'oyasiga ergashib yurgan ko'pchilik namoyandalar eserlarda ko'chayib borayotgan shovinizmni ko'rib, ulardan yuz o'giradilar va "milliy sotsialist firqasi"ni tuzishga bel bog'laydilar. Lekin ko'pchilik sinfiy emas, milliy g’oya atrofida birlashish talabi bilan chiqayotgan edi. Turkistonda xuddi shunday g'oya Munavvar qori, Avloniy, Tavallo, Nizomiddin Xujaev kabilar - nomi bilan bog'liq "Turon" jamiyatida o'z ifodasini topgan edi. Biroq mart-aprelda N.Xo’jaev uni biroz demokratlashtirdi. Birozdan so'ng "Turon" "Turk federalist" firkasiga aylandi va uning dasturi e'lon qilindi.

1917 yilning 7-15 aprel kunlari ishchi va soldat deputatlari sovetlarining I Turkiston o'lka s'ezdi bo'lib o'tdi. Undagi jami 263 delegatning deyarlik barchasi yevropaliklar vakillari edi. O'lka hokimiyati to'g'risidagi masala muhokamasida bir qancha delegatlar musulmonlarning yagona hokimiyat barpo etish to'g'risidagi istaklarini hisobga olishni talab etdi. S'ezd demokratik respublika tuzishni yoqlab chiqdi-yu, lekin Turkiston xalqlari uchun o'lkaga muxtoriyat berish, milliy tengsizlikni tugatish singari masalalarga o'z munosabatini bildirmadi. Bu masalalar 9-16 aprelda bo'lib o'tgan Turkiston o'lkasi ijroiya qo'mitalari s'ezdida ham ko'rildi. Uning 171 delegatidan 99 tasi yevropalik edi. Unda delegatlar markazlashtirilgan respublikaga qarshi chiqqan bo'lsalar ham, lekin muxtoriyat faqat madaniy va siyosiy yetuk xalqlarga berilishi mumkin deb hisobladilar. Ayrim delegatlar esa muxtoriyat milliy bo'lmay, balki hududiy bo'lishi kerak deb hisoblar edilar. S'ezd rezolyutsiyasida ham hududiy muxtoriyat yoqlab chiqildi.

Mana shu ikki s'ezdda ham o'lka xalqlarini mensimay, ularga ishonchsizlik bildirdilar. 1917-yil 16-aprelda Toshkentda bolib o‘tgan Umumturkiston musulmonlarining birinchi qurultoyida Turkiston o'lkasi mahalliy aholisi vakillaridan 150 kishi ishtirok etdi. Qurultoy hay’ati tarkibida Mustafo Cho'qayev, Munavvarqori Abdurashidxonov, Ubaydullaxo‘ja Asadullaxo‘jayev, Sherali Lyapin, Toshpolatbek Norbo‘tabekov, Sobirjon Yusupov, Ahmad Zaki Validiy, Sodiq Sattarov, Islom Shoahmedov, Serikboy Akayev, Ahmad­bek Qo‘yboqarov, Abdurahmon Ovazayev, Mulla Abduljabbor Mahmudovlar a’zo edi. Qurultoy ishida muvaqqat hukumatning Turk­iston qo‘mitasi rahbari N.Shchepkin va qo'mita a’zolari A.Davletshin, S.Maqsudiy, M.Tinishboyevlar ham ishtirok etdilar. Kun tartibiga: Muvaqqat hukumatga munosabat, Rossiyada boshqaruv shakli, Butunrossiya Ta’sis majlisiga tayyorgarlik, Turkistonda mahalliy fuqarolik muassasalari, o‘lkadagi diniy muassasalar, moliyaviy ishlar, oziq-ovqat masalasi, urushga mardikorlar munosabati masalasi, o‘lka “Sho‘royi Islomiya” sini tashkil etish, umumrossiya musulmonlari qurultoyiga vakillar saylash, yer va suv ishlari, maktab, madrasa va vaqf ishlari masalalari qo‘yilgandi.Qurultoy Rossiyada boshqarishning bo‘lajak shakli va Turkiston musulmonlarining tashkiliy birdamligi masalasiga alohida ahamiyat berdi. Mazkur masala haqida so‘zga chiqqan Ahmad Zaki Validiy Federatsiya g‘oyasini ilgari surdi. Bu g‘oyani taniqli jadidlar Mahmudxo'ja Behbudiy, ObidjonMahmudov, Muhamadjon Tinishboyev va sotsialist inqilobchi Vadim Chaykinlar qo’lladilar. Jadidlardan Sadri Maqsudiy, Kabir Bakir va boshqalar esa “Demokratik Rossiya Respublikasi” g‘oyasini ilgari surdilar. Bu g'oyani Munavvarqori Abdurashidxonov va Ubaydullaxo‘ja Asadullaxo'jayevlar quvvatladilar.



Qurultoy Turkistonning bo’lajak davlat qurilishi masalalariga ham katta e’tibor berdi. Munavvarqori Abdurashidxonov, Mustafo Cho‘qayev va Sadri Maqsudiylar milliy-hududiy boshqarish g‘oyasi talabiga qarshi chiqdilar. Ularning fikricha musulmonlar yer-suv ishlarini boshqarishni o‘zlari uddalay olmaydi. Shu bois hozircha madaniy-ma’rifiy masalalardagina muxtoriyatga erishishning o‘zi yetarlidir. Umuman ushbu masalada yakdillik bolmadi: Turkiston, Qirg‘iziston, Kavkaz va Qrim musulmonlari vakillari qurultoyda federativ jumhuriyat tarafdorlari bo’ldilar. Shu boisdan ular o‘zlarini “federalistlar”4 deb atadilar, Volga bo‘yi musulmonlari vakillari esa unitar, ya’ni yagona bir butun qo‘shni respublika tarafdori boiganliklaridan ular tarixda “unitaristlar”5 nomini oldilar.

Qurultoy qatnashchilari demokratik va federativ tamoyillar asosida tayyorlanadigan Rossiyaning bo’lajak konstitutsiyasida musulmonlar uchun teng huquqlar ishlab chiqishga chaqirdilar. Mazkur Konstitutsiyada barcha viloyatlar qatorida Tur­kiston o‘lkasiga ham muxtoriyat huquqini beradigan Rossiya federativ Demokratik Respublikasi g‘oyasini ilgari surdilar. Bu g‘oyani amalga oshirish uchun Turkiston xalqiga ittifoq, hamkorlik va birlik kerakligini qurultoy qatnashchilari yaxshi bilar edilar. Turkiston o’lkasi musulmonlarining birinchi qurultoyi, markaziy rahbar organ - Turkiston o‘lka musulmonlari sovetini tashkil etish to‘g‘risida g‘oyatda muhim qaror qabul qildi. Uning birinchi yig’ilishida Mustafo Cho’qay- Markaz raisi, Munavvar Qori- rais muovini, Ahmad Zakiy Validiy- kotib, Behbudiy, U. Asadullaxo’jaev va boshqalar a'zolar etib saylandilar. Markaziy sovet zimmasiga o‘lkadagi barcha tarqoq, bir-biri bilan bog’lanmagan, nizom va dasturga ega bo’lmagan jamiyat va tashkilotlami birlashtirish vazifasi qo'yilgan. Bunday jamiyat va tashkilotlar Turkiston o’lkasida juda ko‘p bolib, har biri o‘zicha mustaqil faoliyat ko‘rsatar edi. Zaki Validiy To‘g‘on faqat Toshkent shahrining o‘zida 20 ga yaqin jamiyat va tashkilotlar bo'lganligini ko‘rsatgan edi. Andijonda shunday jamiyatlar soni 47 taga yetgan.

Bu tarqoq jamiyat va tashkilotlami birlashtirib boshini qovushtirishga qurultoy qaroriga asosan markaziy sovetning joylardagi sho’ba (bolim) larining tashkil etilishi g‘oyat muhim o‘rin tutdi. Samarqand sho’basini M.Behbudiy, Farg‘ona sho’basini Nosirxon To‘ra Toshkent shu’basini Munavvarqori Abdurashidxonov boshqardi.



Demokratik ziyolilar va jadidlar ommaga tushuntirdilarki, musulmonlarning kuch-qudrati siyosiy tashkilotidadir. Agar ular ana shu siyosiy tashkilotga birlashmas ekanlar o‘z maqsad-muddaolariga erisha olmaydilar, musulmonlarning muxtoriyat uchun kurashi barbod bolishi mumkin. Bu borada Zaki Validiy To‘g‘onning quyidagi fikrlari g'oyatda qimmatlidir: “Malumki, hozir dunyoda xalq o‘z maqsadiga faqat yaxshi jipslikdagina erishadi. Buning uchun tashkilot kerak. Agar xalq tashkilotga ega bo‘lmasa, u hech narsaga erisha olmaydi. Yaxshi tashkilotga ega bo’lmagan millat nafaqat muxtoriyatga munosib emas, balki aksincha bunday millat o‘lim va inqirozga mahkum bo‘ladur... Turkiston musulmonlari, qoini qo‘lga bering. Va hammamiz bir yo’ldan yurib, bu maqsadni ro‘yobga chiqaraylik. Birlikda quvvat degan so‘zni aslo xotiradan chiqarmang”.

Umuman olganda qurultoy 1917-yil fevral inqilobining natijasi o‘laroq vujudga kelgan muvaqqat hukumatni qo‘llab-quvvatlash shiori ostida o‘tdi. Tatar jadidlarining faollaridan bo‘lgan Sadri Maqsudiy qurultoyda so‘zlagan nutqida muvaqqat hukumatni qo‘llab- quvvatlagani holda turkiy musulmon xalqlari birligi g'oyasini ilgari surdi. Turkiston o‘lka qurultoyida qatnashgan muvaqqat hukumatning Turkistondagi vakili kadet N.Shchepkin qurultoyni va uning qatnashchilarini tabrikladi. U o‘z nutqida qurultoyda ilgari surilgan qoidalar bizning dasturimizga to’la muvofiq keladi va shu boisdan muvaqqat hukumat sizga va sizning qo’llab-quvvatlashingizga ishonadi, - dedi.

Xullas, qurultoy muvaqqat hukumatga to‘la ishonch bildirdi va mahalliy aholini Milyukov, Kerenskiy atrofida jipslashishga chaqiruvchi qaror qabul qildi. Turkistonda voqealaing bu taxlitda rivojlanib borishi kadetlarning mehnatkash omma o‘rtasida ta’sir doirasining kuchayib borayotganligidan darak berar edi. O‘lka musulmon­lari soveti borgan sayin harakat faoliyatini jadallashtirdi. 1917-yil 12-iyunda uning majlisi bo’ldi va hukumat nizomi qabul qilindi. Mazkur nizomga ko‘ra “Sho‘royi Islomiya”, “Ravnaqul islom” ; “Mirvaj ul-islom”, “Muallimlar jamiyati”, “Talabalar jamiyati” kabi musulmon jamiyat va tashkilotlari milliy va sinfiy farqlarga qaramasdan viloyat, shahar va uyezd musulmon deputatlari soveti bo‘limlari (Markaziy soveti) ga bo‘ysinishlari kerak edi.

Muvaqqat hukumat adliya vazirligida ishlagan, keyinchalik bosh vazir lavozimini egallagan Kerenskiy hali 1915-yildayoq Davlat dumasi majlisida so'zlagan nutqida: “Turkiston bu Tula yoki Tambov gubernatorligi emas, unga nisbatan ingliz va fransuzlar o‘z mustamlakalariga qaragandek muomalada bo‘lish”6 kerakligi to‘g‘risida maslahat bergan edi. U vazirlar bilan boigan kengashda Buxoro amirligi va Xiva xonligining ham yarim mustaqilligini tugatib, ulami Rossiyaga batamom “qo‘shib” olishni taklif etdi. Ana shu maqsadlardan kelib chiqqan holda Bu­xoro amirligi qoshida muvaqqat hukumat rezidenti va Xivada Rossiya harbiy komissari lavozimlari tashkil qilindi. Muvaqqat hukumat faqat 1917-yil 31-martga kelib Turkiston general-gubernatorligini tugatishga majbur bo'lgan edi va 7-aprelda o‘lkani boshqarish uchun muvaqqat hukumatning 9 kishidan iborat Turkiston qo‘mitasi tashkil etildi. Buning asosiy sababi shundaki, Turkiston general-gubernatori Kuropatkin muvaqqat hukumatga zimdan bo'ysunmasdan, tub yerli “musulmonlar qo‘zg‘olon ko'tarmoqchi” degan mish-mishlarni tarqatib amalda hukumatga qarshi harbiy qo‘zg‘olonga tayyorgarlik ko‘rish to‘g‘risida maxfiy buyruq beradi. Bu sir ochilib qolgach, 1917-yil 31-martda Kuropatkin qamoqqa olinadi va Sankt-Peterburgga jo‘natiladi. Fuqarolar vakillaridan yangi tashkil etilgan Muvaqqat hukumat Turkiston qo‘mitasining raisligiga kadetlar (Konstitutsion demokratlar) partiyasi arboblaridan bo‘lgan N.Shchepkin tayinlandi. Mazkur qo'mita tarkibiga Muvaqqat hukumatga sadoqatli boigan musulmon vakillaridan 4 kishi kiritildi. Bular: general-mayor Abdulaziz Davlatshin, Sadri Maqsudiy (Sodir Maqsudov), Muhammad Tinishboyev va Alijon Bukeyxanov (To‘rg‘ay viloyati komissari) lar edilar. Ularning hammasi Rossiya Davlat dumasiga a’zo edilar. Muvaqqat hukumatning Turkiston qo'mitasi o‘zining tashkil topgan kunidan boshlab o'lkada markaziy hokimyatning vakili sifatida ish ko‘rishga kirishdi, viloyatlar, shaharlar va uyezdlarda o‘zining mahalliy boshqaruv idoralarini shakillantirdi. Yuqoridagilardan ko'rinadiki, 1917-yil fevral inqilobi g‘alabasidan so‘ng Rossiyaning o‘zida ikki hokimyatchilik vujudga kelgan bo'lsa, Turkistonda uch hokimyatchilik qaror topdi.

Birinchisi, Turkiston musulmonlarining markaziy soveti, ularning joylardagi shu’balari edi.
  1   2   3


Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©atelim.com 2016
rəhbərliyinə müraciət