Ana səhifə

Tarixi nofeiy


Yüklə 0.55 Mb.
səhifə3/5
tarix26.06.2016
ölçüsü0.55 Mb.
1   2   3   4   5

II.2.Amirlikdagi mansablar va ularning vazifalari.

Buxoro amirligidagi mang`itlar hukmronligi davridagi manbalarda katta mansablar tilga olingan va ularning aniq vazifalari to`liq berilmagan. Vaqt o`tishi bilan bu mansablarning vazifalari o`zgarib turgan. Buxoro amirligidagi mansab va lavozimlar to`g`risida Mirzo Badi` Devonning “Majma` ul-arqom”, Muhammad ali Baljuvoniyning “Tarixi nofeiy ”, A.A.Semyonov va B.A. Vil`danovalarning asarlari orqali ma`lumotlarni olamiz.

Mansablar odatda “harbiy”, “diniy”, “fuqarolik” kabi turlarga bo`lingan. Lekin Majma` ul-arqom asarida mansablarning bu turlarga ajratilishini uchratmaymiz. Asarda “shariat” asosida Buxoro hokimlari hisoblangan diniy olimlar – Sayidlar birinchi o`ringa qo`yilgan. Undan so`ng davlat mansablari(mansab-i hukkam)78 keltirilgan. Shu bilan birga asarda boshqa daraja vakillari: axl-i kalom(qalam ahli)79dan to saroyga faqat piyoda kirishi mumkin bo`lgan mansablargacha berilgan.80 “Tarixi nofeiy ” asarida ham mansablar to`g`risida ma`lumotlar berilgan, lekin ularni turlarga ajratmagan. “Tarixi nofeiy ”ning uchinchi maqsadi “Buxoro podsholarining saltanatlarining tartibi haqida” deb nomlanib, u yetti fasl(qism)dan iborat. Bu maqsadda amirlikdagi mansablar haqida ma`lumot berilgan.

Buxoro amirligida eng yuqori mansab “otaliq” yoki “amir ul-umaro” hisoblangan. “Otaliq”(ota o`rnida ota) mansabi valiahd shahzoda-larni tarbiyalash ishini olib borgan. Shu bilan birga hukmdorlarga eng ishonchli kishi va maslahatchi ham bo`lgan. “Otaliq” vazifasiga ko`ra ular saroyga har hafta davlat hayoti haqida hisobot berib turgan. Mang`it amirlari Muhammad Rahimxon va amir Doniyolbiylar otaliq mansabida bo`lganlar. Ular davlatni amalda boshqarib, soxta xonni rasmiy hukmdor qilib qo`yishgan.

Amir Shohmurod davrida “otaliq” mansabiga o`zgartirishlar kiritilgan. “Otaliq” va “amir ul-umaro” mansablari bir-biridan ajratilgan. Amir Shohmurod o`zini “amir ul-umaro” nomi bilan atagan. “Otaliq” mansabiga o`zgartirganiga sabab, Shohmurod davrida hech qanday soxta xon bo`lmagan va u hech kimga hisob va maslahat ham bermagan.81 Bu narsani biz “Majma ul-arqom” asari orqali ham bilishimiz mumkin. Unda “otaliq” mansabi vazifasiga Buxorodagi daryo(Zarafshon) ustidan nazorat qilish, Samarqanddan – Qorako`lgacha bo`lgan hududda suv taqsimotini to`gri ta`minlash vazifalari kirgan. Shu bilan birga shaharning bosh kanali hisoblangan “Shoxrud” kanali ustidan nazoratni amalga oshirish va “dorug`a”(militsiya boshlig`i) vazifalarini ham bajargan.82 Bundan ko`rinib turibdiki bu vaqtga kelib, “otaliq” mansabiga oldin mavjud bo`lgan yuqori martabali harbiy va fuqarolik vazifalari qolmagan. Demak, Shohmurod davridan boshlab “otaliq” mansabi endi faqat faxriy nom bo`lib qoldi. Buxoroning oxirgi ikkita amiri Abdulahadxon va Olimxon davrida bu mansab Hisorlik qo`shbegi Ostonaquldan boshqa hech kimga berilmagan.83 “Tarixi nofeiy ”da ham “otaliq” mansabi eng yuqori hisoblanganini ko`rishimiz mumkin. Lekin unda “otaliq” mansabi vazifalari va uning XX asr boshlarida kimga berilgani to`g`risida hech qanday ma`lumot yo`q.84

Qo`shbegi” mansabi amirlikdagi fuqarolik mansablari ichida eng yuqori mansab bo`lgan. “Qo`shbegi” terminini izohlashda olimlar turli xil ma`lumot berishgan. Masalan “Majma` ul-arqom” asarida “qushbegi” shaklida ishlatilgan va uning vazifasiga “Ovchilar, ovchilik asboblari, qushlar va itlardan xabardor bo`lib turadigan amaldor” sifatida baho bergan.85 Aslida esa “qo`shbegi” – “qo`sh”-qarorgoh, “begi”-rahbari,egasi ma`nosini anglatadi.

“Tarixi nofeiy ”da keltirilishicha Buxoro amirligidagi eng yuqori vazir qo`shbegi bo`lgan. Uni “vazoratpanoh”, “Vazorati oliy” deb aytishgan Davlatning hamma ishlari uning qo`lida bo`lgan. U davlatning eski, tajribali, ishbilarmon, siyosiy ahvoldan xabardor odamlaridan tasdiqlangan. Nomzod, avval, devonbegi mansabiga erishishi lozim bo`lib, shunda qo`shbegi bo`lishga loyiq sanalgan. Agarda hokim bo`lsa ham u qo`shbegi bo`lishi mumkin bo`lgan. Qo`shbegi mansabi ham ikkita bo`lgan. Birinchisi “qo`shbegi kalon” va ikkinchisi “qo`shbegi poyon”. Bunday atalishiga sabab “qo`shbegi kalon” doim arkda yashagan va har qanday vaziyatda arkni tashlab chiqishi mumkin bo`lmagan. “Qo`shbegi kalon”ning huquqi boshqa vazirlarnikidan ortiq bo`lgan, u hibsga olish, jazo berish, qatl qilish, gunohkor molini musodara etish huquqlariga ega bo`lgan. Uning bir necha umumiy devonbegilari bo`lib, ular minglab kishilarga taom va sarpo berishlari mumkin bo`lgan. Qo`shbegining hashamati podshohning hashamatiga yaqin bo`lgan.86 “Qo`shbegi poyon” esa ark oldida mahkamasi bo`lgan. “Qo`shbegi poyon”ni – zakotchi deb ham ataganlar. Chunki u mol zakoti, daryo, chegara, yo`l qorovullari uning qo`lida bo`lgan. “Qo`shbegi poyon” harbiy harakatlar vaqtida lashkarboshi etib tayinlangan.

Davlatda favqulodda holatlar bo`lib qolganda “kull qo`shbegi”(hamma qo`shbegi) mansabi ham joriy etilgan. Bunday vaqtda “qo`shbegi kalon” - “qo`shbegi poyon”ning vazifalarini ham bajargan.87

“Majma` ul-arqom” asarida mansablarni darajalarga bo`lib, qimmatli ma`lumotlarni keltirgan. “Majma` ul-arqom” ma`lumotiga qaraganda eng oliy mansab qoziylar mansabi bo`lgan. Ulardan oliy darajada shayx ul-islom unvoni, keyin qozi ul-quzzot, uchinchisi qozi askar, to`rtinchisi viloyat qozisi bo`lgan.

XX asr boshiga kelib Qozi kalon(qozi ul-quzzot) va Raisi kalon mansablari Buxoro amirligi hayotida asosiy o`rinni egallagan. Qozi kalonni yana “qozi sha`ri sharif” deb ham ataganlar. Bu ikki mansab egalari jazo berish, molini musodara qilish, shariat bo`yich sud qilish, hibsga tashlashga huquqlariga bo`lgan.88

Shu martabalarning keyingi ikkinchi pog`onasida muftilar. Uning yuqori darajasi a`lam mansabi bo`lib, sohibi yurish va lashkar tortishlar vaqtida fatvo bergan. Muhtasib uchunchi darajada turgan. Sayidlar avlodidan bo`lishi lozim bo`lgan. Viloyatlarda esa sayid bo`lmagan olimni ham muhtasiblikka tayinlangan.

To`rtinchi mudarris. Bir umrga berilib, ta`lim bilan mashg`ul bo`lmasa ham xazidan maosh olgan. Yuqoridagilardan keyingi martabada Jo`ybor xo`jalari, naqib, o`roqi kalon(katta o`roq), naqshbandiya tariqatining xalifasi turardilar. Jo`ybor xo`jasi sayidlarga berilib, jo`ybor hukumati (xo`jalar mozori bilan) uning qo`lida bo`lgan.89

Uchinchi darajali unvonlar olimlar, sayidlar, o`zbek va mahalliy zodagonlarga loyiq deb topilgan amaldorlarga berilgan. Birinchisi “mir asad”. Ulamolardan yoki sayidlardan bo`lgan. Buxoro rabotining ichki muhtasibligi bir farsah90gacha uning zimmasida bo`lgan. Ikkinchi “fayzi” mansabi, olim yoki sayid bo`lgan kishiga berilgan. Buxoro rabotining tashqi muhtasibligi bir farsah masofada uning zimmasida bo`lgan. Uchinchi “sadr”. Buxoro rabotining bir farsahlik hududning ichkarisidagi vaqflar hisob-kitobi uning qo`lida bo`lgan. To`tinchisi “sudur”. Shu rabotning tashqarisidagi vaqflarning hisob-kitobi uning vazifasida bo`lgan.91

To`rtinchi xizmat pog`onasida ahli qalam turganlar. Birinchi amal “devoni kalon”. Amir daftarlarining saqlanuvchisi. Tanho, bilg`u va boshqa hujjatlarga javobgar amaldor. Ikkinchi “mushrif”. Amir beradigan in`om, hadyalar, ehson va iltifotlarini yozib, maxsus daftarda qayd qilib borgan. Uchinchi “daftardor”. Katta devondagi tanhodor va suyurg`ol egalarini ishdan olish va amalga qo`yish tartibini nazorat qilgan. To`rtinchi “devoni tanobona”. Bahorgi va kuzgi ekinlardan tushadigan xiroj, kirim-chiqim va xarajat ishlarini olib borgan.

Beshinchi toifa amaldorlar va mansablariga “munshi”- amir inoyatnomalari, duo va salomi, istaklarini yozib, o`qib borgan. Amallar yorliqlarini yozib amirga qo`l qo`ydirib olib, egalariga yetkazgan. “Arbobi daruni shahar”(shaharning arbobi) – shahar ichidagi anhor va ariqlari ustidan nazorat qilib, tozaligiga javob bergan. “Devoni arabxona” – arablar jamoasi ishlarini, ulardan navkar olish va raiyat qatoriga kiritish masalalarini hal qilgan. “Devoni tavjih” – daftardor va devoni tanobxonaga itoat qilgan. “Avorij”(ya`ni soliq, xiroj, zakot va boj mablag`larining hisob-kitob devoni) va “tavjix” ya`ni xarajat devoni daftarlarning aniqligiga javob bergan.92

Oltinchi martabadagi amallar yuqoridagilardan pastroq hisoblanar edi. Birinchi darajali kitobdor amali. Olimlar, fozillar va shoirlarning amirga peshkash qilgan asarlarini amir qabul qilgandan so`ng, kitobdor uni olib, kitobxonada tartib bilan saqlagan. Ikkinchi “baxshi”. Imorat, qutvol(qurilish) devonining sarfu-xarajatiga javob bergan. Uchinchi sayisxona(molxona)si devoni. Saroy otlari, xachir va tuyalari uchun lozim bo`lgan egaru-jabduq, graxband (bo`yinbog`), tumorcha, tabl (nog`ora), tablcho`p, qamchi, mo`g`lay, jig`a, gajjim, uzangi, yoping`ich va shunga o`xshash narsalarni tayyorlaydigan amaldor bo`lgan. To`rtinchi to`shaklar devoni. Amir xazinasiga tushadigan narsalarni ro`yxatga olib, kiyim, qurol-aslaha va ularning sarf-xarajati uchun javob bergan.93

Yettinchi darajadagi amallar yuqoridagilardan pastroq bo`lib, ular “kichik mushrif”, paygirnavis, devoni mahram(mahramlar devoni), devoni yasovul(yasovullar devoni) hisoblangan.94

Sakkinchi darajadagi amallarga devoni sarkor muharriri(mirzosi), amlok mirzosi, voqeanavis, omborxona mirzosi kirgan.

Umarolarning mansablari quyidagicha bo`lgan. Bu amallar sohiblarining amir huzurida alohida o`rinlari bo`lgan. I. “Otaliq”. Buxoroi sharif suvining idorasi, Samarqanddan - Qorako`lgacha bo`lgan suv taqsimoti uning qo`lida bo`lgan. Buxoro mirobligi va dorug`aligi ham uning vazifasiga kirgan.

II.”Devonbegi kalon” – katta devonbegi. Viloyat xirojining hisob-kitobi uning zimmasida bo`lgan. Davlat hisobidan to`shakxona mehtariga, g`alla zahirasidan amlokdorga, “devoni kalon”, devoni tanobxonaga daftarlarga muvofiq xarajatlarni bergan. Qorako`l mirobligi ham devonbegi qo`lida bo`lgan.

III.”Parvonachi”. Amir farmoniga binoan uning yorliqlarini ulamolar va zodagonlarga yetkazgan. Arabxona jamoasining rahbarligi ham uning zimmasida bo`lgan.95

IV. “Dodxoh” – Mazlumlar arz-dodlarini podshohga yetkazib, javobini qaytargan. Amir ijozati bilan ba`zan o`zi ham arizalarni ko`rib chiqgan.

Amirning yaqinlariga beradigan amal va mansablar quyidagicha bo`lgan;96

I.“Ko`kaldosh”. Amirning eng yaqin kishilaridan bo`lib, uning dushmanlari, do`stlari va xayri-xohlaridan xabardor bo`lib turgan.

II.”Qo`shbegi Kalon” – katta Qo`shbegi. Ovchilar, ovchilik asboblari, qushlar va itlardan xabardor bo`lib turadigan amaldor.97

III.”Inoqi Kalon” – katta inoq. Umaro, shogirdpeshalar va boshqa-larga amir suhbatiga musharraf bo`lgan yoki bo`lmaganlari to`g`risida xabar bergan.

IV. “Xo`jai Kalon” – katta xo`ja. Saroy mahramlarining kattasi. Amir harami eshigining posboni. Haramga lozim bo`lgan oziq-ovqat va kiyim-kechaklarni yetkazib bergan. Yuqorida zikr etilgan amallarning amir atrofida maxsus o`rinlari bo`lgan. Bular ahli qalamdan alohida turgan. Amir ijozati bilan “devonbegi kalon” saroyga otga minib kelishi mumkin edi.98

Quyidagi amaldorlar ham amir yaqinlaridan bo`lib, amirning amri bilan otda saroyga kelishlari mumkin bo`lgan. Bularning martabalari “ko`kaldosh”, “qo`shbegi”, “inoq” va “xo`ja kalon”dan ancha past turgan. Bular “inoqi xurd”(kichik inoq), “mehtari kalon”(katta mehtar), “devoni sarkor” va “dasturxonchi”. “Inoqi xurd” amir muhrlari saqlanadigan sandiqchaga posbonlik qilgan. Elchilarning xatlari, arizalari avval “inoqi xurd”(kichik inoq) qo`liga berilgan. U xatni ochib, amirning amri bilan ovoz chiqarib o`qib berish uchun “munshiy”ga bergan. “Mehtari kalon” vazifasi shundan iborat ediki, musulmonlar ushrlaridan to`rtdan birini, musulmon bo`lmaganlardan ushrlarning yarmini, harbiylar ushrlarini naqdini, g`alla va boshqa topilgan narsalar bilan hisob-kitob qilgan. “Devoni sarkor” amali shundan iborat ediki, davlat mulklari, tegirmonlari, do`konlari hisob-kitob ishlarini bajarib, amir haramiga tegishli xarajatlarini bergan. Qabul marosimlari, oziq-ovqatlar, sarpolar xarajatini ham u bergan.

Dasturxonchi” – shoh dasturxoniga javobgar bo`lib, go`shtni maydalab berib, mahramlarga boshchilik qilgan.

Quyidagi to`rt amallarning egalari amir xohishiga muvofiq shoh suhbatiga ba`zan musharraf bo`lishlari mumkin edi, ba`zan esa yo`q. Bular to`pchiboshi kalon – to`pxona boshlig`i(Amir Olimxon davrida aksariyat qo`shin uning qo`lida bo`lgan). “Bakovuli kalon” – katta bakovul bo`lib, amir oshxonasi va uning xodimlarining boshlig`i. Somjon99 tumanining mirobligi ham uning qo`lida edi.

O`roqi xurd”(kichik o`roq) – amirlar va ahli rikob(uzangi)100 mulozimlari va xizmatkorlari ustidan nazorat qilish uning vazifasi edi. “Kavshbardor” (poyafzal ko`taruvchi), “asbobdor” (asov ko`taruvchi),

chuhra oqasi101, jilovdorlar, xizmatkorlar qatoriga kirganlar.102

Eshik og`osi”, “chig`atoy begi”, ”to`qsoba”, va “miroxuri kalon”(katta miroxur) saroyga otga minib kelishlari mumkin bo`lsa ham, lekin amir huzurida maxsus o`rinlari yo`q edi. “Eshik og`osi” – amir saroyining posbonligi va muhofazasi, hamda Shofirkon tumaning hukumati va mirobligi uning zimmasida edi.

Chig`atoy begi – chig`atoy jamoasining boshlig`i va Mirobod tumaning mirobligi ham uning qo`lida edi.

To`qsoba” – amir dasturxoni ustiga idish-tovoqlarni tartib bilan qo`yib, amirga sharbat, ayron va yaxob quyib bergan. Amir dasturxonini nazorat qilgan. Harqonrud tumaning hokimligi va mirobligi ham uning qo`lida bo`lgan.

Mirioxuri kalon” – katta miroxur. Amir otxonasi boshlig`i. “Parvona”ga o`xshab atrofidan xabardor bo`lib, Abu Muslim tumaning mirobligi unung zimmasida bo`lgan.103

Quyidagi amaldorlar saroyga piyoda kirib borganlar. Martabalari “inoqi xurd” darajasiga yaqin bo`lgan. Bular qo`rchiboshi – surp(qo`rg`oshin), borud zahiralarining tayyorlashiga javob berardi. Ba`zi ariqlarning mirobligi ham unga berilardi. “Udaychi” – urush va yurishlar vaqtida sarbozlarni saf-saf tartibga solar, naqib maslahati bilan mulozim va xizmatkorlar bilan ta`minlardi. Qorovulbegi – qorovullar, posbon va soqchilar boshlig`i. Davlat xavfsizligiga javobgar edi. To`shakxona mehtari – qo`shin va askarlarini zarur bo`lgan kiyim-kechaklar bilan ta`minlagan, maoshlarni xazinadan bergan.

Bulardan keyin “voiz”, “ko`kaldosh xurd”(kichik ko`kaldosh), “yasovul”, “mahram”, “tunqotar” turardi. “Chehra og`osi”, “yasovul”, “jarchi” va “buyum otaliq”(ta`zim qilish qoida-tartibini nazorat etuvchi) amallari ham bo`lgan.104

“Tarixi nofeiy ” asarida "Shoh aqso" martabasi haqida ham fikr bildirilgan: “"Shoh aqso"dan yuqori martaba va manzarat bo`lmagan. Yuqoridagi shaxslar amir va vazir ziyoratiga borib, har xil in'om va hadyalar olib turganlar. Shoh aqsoning hashamati va silsilasi sarkardalarnikiga qariyb yaqin kelgan”.105

“Tarixi Salimiy” asarida Buxoro amirligidagi 15 ta mansab borligi to`g`risida ma`lumot berilgan. Bular quyidagilar:

1.Tunqotar. 2.Chuhra oqosi. 3.Mirobboshi. 4.Jibachi. 5.Qorovulbegi. 6.Miroxur. 7.To`qsoba. 8.Eshik og`aboshi. 9.Biy. 10.Dodxoh. 11.Inoq. 12.Parvonachi. 13.Devonbegi. 14Qo`shbegi. 15.Otaliq.106

Amirlikdagi boshqaruv tizimi-mansablar to`g`risida amir Olimxon ham ma`lumot bergan: ”Buxoronning siyosiy va idoriy ishlari esa qo`shbegi deb atalgan bir kishi raisligi qoʻl ostida idora qilinardi.
Mamlakatning moliyaviy ishlari devonbegi qoʻl osti va nazorati asosida amalga oshirilar edi. Diniy masalalar, qozilik ishlari, umumiy ta'limot masalalari bilan shugʻullanish qozi ul-quzzot – qozilar qozisining burchiga kirardi. Askariy ishlar esa toʻpchiboshi rahbarligida oʻtar edi. Uning vazifa darajalari ushbular qaroridan kelib chiqadi: qo`shbegi, devonbegi, parvonachi, inoq, dodxohbiy, toʻqsoba”107.

Amir Olimxon davriga kelib eng yuqori darajali amallar qo`shbegi, devonbegi, parvonachi, inoq, dodxoh, to`qsoba, to`pchiboshi bolib qolgan edi. Amir Olimxon mansabdorlari va harbiy amaldorlariga xizmatlari uchun Aleksandr III ordenini bergan.108

Xulosa qilib shuni aytish kerakki, Buxoro amirligidagi bir necha asrdan beri saqlanib kelayotgan mansablarning ba`zan nomlari, ba`zan uning vazifalari o`zgarib turgan. XX asr boshiga kelib, ayniqsa amir Olimxon davrida asosan qo`shbegi, raisi kalon, qozi kalon va devonbegilar amirlikdagi tizimni o`z qo`liga olgan edilar. Amir Olimxon esa davlatdagi ishlardan to`liq xabardor emas edi, ko`proq aysh-ishrat, “dekchapazi”(qozonchada ovqat pishirish) o`yinlari bilan mashg`ul bo`lgan. Bu to`rtta amaldorning Buxoroda mavqeining oshishiga yana bir sabab, amir Abdulahadxon ham Olimxon ham o`zining ko`p vaqtini shahardan tashqarida Karmana yoki Sitorai Mohi Xossa saroyida o`tkazgan. Poytaxtda bo`layotgan ishlar xususida oylab ma`lumotlarga ega bo`lmagan. Faqat sho`ro istilosi arafasida amir Olimxon xavfsizlik yuzasidan arkda yashashga majbur bo`lgan.

III.bob. “TARIXI NOFEIY ” ASARIDA BUXORODA MADANIY-MA`RIFIY HAYOTNING AKS ETISHI

III.1. Masjid va madrasalar.

Buxoroda qadimdan ilm-fan rivojlangan. Bu shaharni bejizga “ilm bog`chasi” deyishmagan.109 Buxoroda olim, fozil, solih odamlar ko`p bo`lgan. Tarixi mullozoda asarida uni “Qubbat ul-islom” deb aytilgan. Buxoro shahrini “Baldat ul-omon” (Tinchlik shahri) hamda “Foxira” (faxr etuvchi) deb ham ataganlar. Bu yerda aziz avliyo va ulug`lar ko`p bo`lgan. Tafsir, hadis, fiqh, kalom, usul, sarf va nahv ilmlaridan iborat bo`lgan shariat ilmlari rivojlangan. Biroq riyoziy va siyosiy ilmlar azaldan ham bu shaharda keng tarqalmagan. Shuning uchun Buxoro davlatining siyosati boshqa islomiy davlatlar singari orqada qolgan edi.

Masjidlar Buxoro aholisi hayotida alohida o`rinni egallagan. Masjidlar besh vaqt namoz o`qish uchun mo`ljallagan. Shu bilan birga jome` masjidlari ham mavjud bo`lgan. Jome` masjidlari asosan shaharning odam gavjum qismida, bozorlar yaqinida bo`lgan. Bularga misol qilib XVI asrda qurilgan Masjidi kalon, XIX asrda qurilgan Boloi hovuz, Nodir Devonbegilarni misol qilish mumkin. Masjidlarning soni to`g`risida turli xil ma`lumotlar uchraydi. Ko`plab asarlarda ularni soni 360 taligi yozilgan.

Muhammad Baljuvoniy Buxoroda ikkita mashhur katatakon masjidlari borligi, aslida, bu binolar besh vaqtlik namoz uchun qurilgan bo`lib, juda ham kengligini aytib o`tgan. Bu ikki masjidning har birida taxminan 3-4 ming namozxon jamoat bilan namoz o`tashlari mumkin bo`lgan. Birinchisi Labi Havzi Devongbegi masjidi, ikkinchisi, Boloi Labi Havzi Oliy masjidi. U ham juda oliy va serviqor bo`lgan.

Buxoroda yana 17 ta jome' masjidi mavjud bo`lgan. Birinchisi masjidi Kalon. Keyingi bino Shams ul-mulkniki bo`lgan. Uchinchi binoni Abdullazizxon ibni Abdullaxon ibn Mahmud Sulton qurgan. U hozir Abdullaxon nomi bilan mashhur. Boshqa bir rivoyatga ko`ra, ikkinchi imorat qizil Arslonxonniki bo`lgan ekan. 110

Buxoroda uchta masjidida idayn (ikki iyd - hayit) namozini o`qiganlar: birinchisi masjidi Kalon, ikkinchisi masjidi Poyanda, uchinchisi Shayx Jalol darvozaning tashqarisida, Shams ul-mulk Chorbog`ida ham idayn namozlarini o`qiganlar.

“Tarixi nofeiy ” asarida shaharda 400 madrasa va 296 ta besh vaqtlik namoz o`qiladigan masjid, 18 ta jo`me masjidi, 80 ta qabriston mavjud bo`lganini yozgan. Shu bilan birga Buxoro shahrida 13 ta kitobxona, 96 ta qorixona (qiroat xona) va maktabxona faoliyat ko`rsatganligi bayon qilingan.111

Xuddi shu ma`lumotlarga qo`shimcha va solishtirish maqsadida shu davr madaniy hayoti to`g`risida yozilgan boshqa asarlardan misollar keltiramiz. Jumladan Amir Olimxonnig Afg`onistonda tug`ilgan va keyinchalik Turkiyada yashagan o`g`li Sayid Mansur Olimiyning “Buxoro-gahvorai Turkiston”(Buxoro-Turkiston beshigi) asarida quyidagi ma`lumotlarni keltirilgan: ”Amir Sayid Olimxon hukmronlik davrining oxirlarida Buxoro shahrida 360 masjid mavjud bo`lib, shulardan 70 tasi jome' masjidi bo`lgan. Shuningdek 100 ta madrasa va 40 ta yirik mehmonxona112, 35 ta hovuz kabi hayotiy zarur binolar mavjud edi. Go`zal va naqshinkor bu imoratlar to mang`itlar sulolasining oxirgi davrlarigacha mavjud bo`lib, lekin kommunistlar davrida bir qancha masjidlar, madrasalar va ilm maskanlari buzib tashlangan.113



Buxoro shahrini chuqur o`rgangan etnograf O.A.Suxareva Buxoroda 217 ta masjid borligini yozib qoldirgan. U o`zining bunday xulosaga kelishiga, Buxoroda jami 220 ta kvartal bo`lgani, shundan 3 tasi ikkita Pistashikanin va Paykana kvatallarida masjidlar bo`lmagani bilan izohlaydi.114

Buxoro qozi kaloni Muhammad Sharifjon Sadri Ziyo115 esdaliklarida Buxoro shahridagi masjidlar nomini quyidagi tartibda keltiradiki, bu ham "Tarixi nofeiy " ma'lumotlarini to`ldiradi: 1. Masjidi Kalon; 2. Xonaqohi xiyobon; 3. Masjidi Ho`ja; 4. Xonaqohi Devonbegi; 5. Shayx Shona; 6. Usta Ruxi; 7. Shoh Axei; 8. G`oziyon; 9. Xol Niyozquli; 10. Xo`ja Porso; 11. Amir Do`stum; 12. Xalifa Husayn; 13. Xonaqohi Jo`ybor. 14. Xonaqohi Olim Xo`ja; 15. Dilkushoi darun masjidi; 16. Mavlono Sharif masjidi; 17. Qul Mirzobek; 18.Xonaqohi Abdulaziz; 19.Mirkon masjidi; 20.Xonaqohi Mirkon; 21.Xonaqohi Ho`qandi; 22.Imom Bakr Fazl masjidi; 23.Oy biy inoq; 24.Amiriy masjidi; 25.Obravon; 26.Ehsoni Pir; 27.Imom Qozixon; 28. Atoliq masjidi; 29. Islom masjidi; 30.Avliyo G`arib; 31.Jalqutti davvut (Ikkinchi jalqut) masjidi; 32.Axtachi; 33.Isqandarxon; 34.O`zbek Xo`ja; 35.Ahmad dorug`a; 36.Alvonj masjidi; 37.Ehsoni Imlo; 38.Urganjiyon masjidi; 39.Oq masjid; 40.Xo`ja Aspgardon; 41.Asiri; 42.Bozori gul; 43.Boboi Ol; 44.Boloi Havz; 45.Boboi Nonqash; 46.Birinchi jalqut masjidi; 47.Boqijon naqib; 48.Bargiyon; 49.Masjidi Besutun; 50.Bahodurbiy; 51.Pochoqulhoji; 52.Ilonjo; 53.Sharifjon masjidi; 54.Sher Muhammad Juvozqan; 55.Shayx Jalol; 56.Shomuljo`ybor; 57.Shishaxona masjidi; 58.Shukur biy; 59.Shahri Nav jo`ybor; 60.Shayx Rangrez; 61.Sobungaron; 62.Siddiqiyon masjidi; 63.So`fiyon masjidi; 64.Zabiyon; 65.Toqi Sarrofon; 66.Zargaron masjidi; 67.Tabibon masjidi; 68.Abdullo Qo`chqor masjidi; 69. Askarbiy; 70.Aloqabandon masjidi; 71.Azizon; 72.Arabon; 73. Abdullohxo`ja Jo`ybori masjidi; 74.Abdulloh qo`shbegi; 75.Farmonqulixon; 76.Fatxulloh qo`shbegi; 77.QalTaqiyon; 78.Qozi Fayzi; 79.Qo`chqor qo`rchi; 80.Qaro Qamol; 81.Qobul Ota; 82.Hazrati Ayub; 83. Hammomi Kunjak; 84. Hoji D orug`a; 85. Hoji Zamuchi; 86.Hoji Shayxshoh; 87. Hoji Zaynuddin; 88.Halifa Xudoydod; 89.Hosi Fo`lod; 90.Hoji Qurbon; 91. Xo`ja Tabib; 92.Xo`ja Pastak; 93.Xo`ja Halim; 94.Xo`ja Tuyg'un; 95. Xo`ja Kalon; 96.Xo`ja Bulg`or; 97.Darvozayi o`g`lon; 98. Do`st chehraoqosi; 99.Dastor bandon; 100.Do`rmo`n; 101.Degrezi; 102. Ra'dzada; 103.Zubayda; 104. Zinda (Janda) pil Ahmad; 105.Siso`k masjidi; 106.Sarrojon; 107.Siyohgaron; 108.Saraxsiyon masjidi; 109.So`zangaron; 110.Solorhaj; 111.Sari puli Ravg`angaron; 112.Po`stinduzon; 113. Paxtabofon; 114.Poxsa masjidi; 115.Turk Jandi masjidi; 116.To`pxona; 117.Taqiya; 118.Taxti Chahorbog`; 119.Takbandbofon masjidi; 120. Ja'farxo`ja; 121.Ja'far jo`ybor masjidi; 122.Jilavxona; 123.Jo`yi Zard jo`ybor masjidi; 124.Chahor baqqoli; 125.Chohi zanjir; 126.Chahor xarros; 127. Charmgaron; 128. Cho`bboz masjidi; 129.Chahorshanbe qazoq masjidi; 130.Hillabofon; 131.Mirzo Haydari bolo; 132.Mirzo Haydari poyon; 133.Havzi Arbob; 134.Hazrati Hafs masjidi; 135.Xo`ja Amonboy; 136. Hakim sobungar; 137.Qozi Nuriddin; 138.Qutlug` masjidi; 139. Qalmoq masjidi; 140.Qozi Mir Hoshim; 141.Madrasa; 142.Qosim Shayx; 143. Qirg`iz Oyim; 144.Qul Muhammed Hayit; 145.Qatag`on masjidi; 146. Kokula Kalon masjidi; 147.Govkusxon; 148.Kokula xurd masjidi; 149.Quyi xonaqo; 150.Gulobod; 151.Quyi daraxt masjidi; 152.Korxona masjidi; 153. Quy i murg`qash; 154.Kosagaron masjidi; 155.Kemuxtagaron masjidi; 156. Masjidi Arab; 157. Miyonkoliyon; 158.Mag`oki Attori; 159.Mirzo G`afur masjidi; 160.Mag`oki ko`rpa; 161.Mehtar Shafi'; 162.Mirzo Mas'ud; 163. Maxdumi A'zam; 164.Mullo Sho masjidi; 165. Muhammad Ali masjidi; 166. Muhammadbek; 167. Mohtob; 168.Modari Xon; 169.Mirzo Ibrohim; 170. Miskin masjidi; 171.Mirjon keldi masjidi; 172.Mirzo Usmon; 173. Mir Tabib; 174.Mir Tuhur devon masjidi; 175.Mullo Xoki roh masjidi; 176.Masjidi Baland; 177.Mirzo Bahrom; 178. Mullo Payravi; 179.Mirzo Ubayd; 180. Mir Arab masjidi; 181.Mehtar o`roq; 182.Mirjon Ali; 183.Mulloyon masjidi; 184. Morkush masjidi; 185.Mihtar Orif; 186. Mirzajon qassob masjidi; 187. Mihtar Qorijon; 188.Muhammad Qosim; 189.Mihtar Anbar masjidi; 190. Maddaxon; 191.Mixgaron; 192.Muftizoda; 193.Masjidi kunjak; 194. Mudda'iy masjidi; 195.Mavlavi Mirzajon; 196.Musulmon inasi; 197. Nazarchi; 198. Xo`ja Nizomiddin Bolo masjidi; 199.Xo`ja Nizomiddin Poyon masjidi; 200. Nazar qo`rchi; 201.Nazar Vays; 202. Masjidi Volidi xoni shahid (Abulfayzxon); 203.Yalangi Boqijon masjidi; 204.Hazrati Imom masjidi; 205. G`o`za Jallob masjidi; 206. Qalandarxona masjidi; 207. Hazrati Boboyi Shavq; 208.Namadiy masjdi; 209.Hazrati Xo`ja Ismat; 210.Hazrati Mir Kulol Hazrati Bahovuddin; 211.Qasri Orifon; 212. Shayxul a'lam. 213. Poyandabiy masjidi; 214. Xo`ja Ka'b al-ahbor; 215. Xonaqohi Fayzobod.

Masjidlar vaqf mulki hisoblangan. Ularni ta`minlash uchun pul ajratilib turilgan. Ko`plab masjidlar qoshida maktablar bo`lgan.

Ulardan ko`pchiligi masjid bilan bir vaqtda qurilgan. Ularning binosi va gumbazi masjidga qaraganda kichik bo`lgan. Ko`plab masjidlarda tahoratxona va g`uslxonalar bo`lgan.

Shia mazhabi vakillari namoz o`qiydigan joylari – husayxona deyilgan. Buxoro shahrida 4 ta husaynxonalar bo`lgan. Shundan uchtasi Jo`ybordagi Janafaron, Morkush va Hovuzibaland kvartallarida. To`rtinchisi To`pxona kvartalida bo`lgan.116

Buxoroda XX asrda madaniy-ma`rifiy hayotning yoritilishi haqida gapirganda boshqa millat vakillarining e`tiqod joylarini aytish maqsadga muvofiq bo`lar edi. Xususan Buxoroda yahudiylarning ikkita sinagogasi(kaneso) mavjud bo`lgan. Birinchisi – Eski mahallada, ikkinchisi – Amirobod mahallasida.

Buxoro islom dinining markazi bo`lgan. Buxoro shahriga odamlar ilm olish uchun nafaqat Buxoro amirligidan, balki O`rta Osiyo, Orenburg, Qozon va hatto Qrimdan ham kelgan. Buxoroda ilm-fan rivojida madrasalar alohida o`rin tutgan. O`rta asrlarda Buxoroda yetuk olim va fozil kishilar yetishib chiqgan. Aynan shu narsa Buxoroning dovrug`ini dunyoga tanitgan edi. Lekin XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asr boshlarida Buxoroda ilm-fan ham biqiqlikka uchradi, davlatda jaholatparastlik, sxolastika, qoloqlik avj olgan edi. G`arb va Rossiyada allaqachon eski feodal tartiblar yemirilib, ishlab chiqarish va sanoatda inqiloblar bo`lib, yangi kapitalizm davriga o`tgan edi. Ilm-fanda dunyoviy ilmlar yetakchi bo`lib, texnika, neft kimyosi, fizika, metallurgiya kabi yangi fanlar yuzaga kelgan edi. Eng asosiysi dunyoda kuchlar muvozanati o`zgarayotgan, bo`lingan dunyoni qaytadan bo`lib olish siyosati kechayotgan edi.

Buxoro hukumati faqat o`z manfaati, aysh-ishratini o`rniga xalq manfaatlarini ko`zlab, jamiyatni ijtimoiy-siyosiy jihatdan yangilash uchun davlatda islohotlarni amalga oshirganida, yillar davomida to`plab yotgan molu-davlati bilan ruslar domiga tushib ketmas edi. Madrasalardagi eskicha o`qitish tizimi, mutaassiblik, jaholatparastlik va zamonaviy dunyoviy ilmlarning yo`qligi yetuk kadrlarning yetishib chiqishi uchun to`g`anoq bo`layotgan edi.

“Tarixiy nofeiy ” asarida Buxorodagi madrasalar va uning o`qitish tizimini yoritib bergan. Lekin madrasalardagi ahvol, o`qitish tiziminig darajasi to`g`risida tanqidiy baho bermagan. Bunga sabab muallifning o`zi ham zamonaviy bilimlar, siyosat fani to`g`risida ko`p tushunchaga ega bo`lmaganidan yoki asarni yozish uchun iltimos qilgan yoru birodarlarining amir hukumati tarafdorlari bo`lganidan shundaymi buni bilmadik. Lekin Buxorodagi madrasalarning soni, mudarrislarning darajalari to`g`risidagi fikrlari diqqatga sazovor.

Shuni ham ta'kidlash lozimki, XX asr boshida ilm va fan bobida boshqa o`lkalarga qaraganda Buxoroning imkoniyatlari kengroq bo`lgan.

Buxorodagi madarasalarda ta`lim oluvchilarning ko`pchiligi Ufa, Qozon, Troitsk, Orenburg, Oqmachitlik savdogarlarning va Urgench, Marvlik va boshqa boylarning farzandlari bo`lgan. Amirlikning Ko`lob, Baljuvon, Qorategin, Darvoz, Hisor, Shaxrisabz tumanlaridan madrasalarda ta`lim olishgan.

Madrasalarda ta`lim taxminan 20 yil davom etgan. Dastlabki uch-to`rt yillik ta`limdan so`ng mullobachcha- mudarris mansabini olgan. Keyingi ikki - uch yilda dahyak mansabini olgan. Dahyakka erishganlar stipendiya olganlar. Uning miqdori 120 tanga bo`lgan.117

Rempelning ma`lumotiga ko`ra XIX asrda Buxoroda 60 ga yaqin yangi madrasa qurilgan. Madrasalarning ko`plab qurilishi Amir Shohmurod(1785-1800) va amir Haydar(1800-1826) hukmronligi davrida ilm dargohlari sifatida qurilgan bo`lsa, amir Nasrullo davridan boshlab, foyda olish uchun qurilgan.118

Madrasalar “a`lo”, “avsat”(o`rta), “edini”(quyi)larga bo`lingan. Ularda 10 mingga yaqin mullobachcha, mudarris va imomlar faoliyat olib borgan.119

Tarixi nofeiy ”da keltirilishicha Buxoroda taxminan uch-to`rt ming talaba o`qigan. Dars beruvchi mudarrislarning soni taxminan 800 nafar bo`lgan. Buxoroi sharifning a'lo darajali mudarrislariga ehson-qozi ul-quzzot, ehson-raisi kalon, ehson-shayx ul-islom, ehson-oxun, ehson-a`lam va ehson-muftiy askarlar kirgan. Bundan tashqari, shariat fatvolari sohasidan dars beruvchi muftiylar ham bo`lgan. Ularning soni 22 nafar bo`lgan. Ular a'lo va avsatlar bo`lib, o`rta darajali mudarrislarga bo`linganlar. Bu muftiylar o`roqlik mansabiga erishishi mumkin bo`lganki, u eshik oqoboshi amali darajasiga teng kelgan, shu bilan birga sudurlik, sadrlik, shayx ul-islom, naqiblik, miri asadlik mansablariga ham yetishganlar.120

“Tarixi nofeiy ”da keltirilishicha madrasada ma`lum vaqt ta`lim olgach "Hidoyai sharif"ni o`qib tugatishlari bilan amir buyrug'iga ko`ra dahyak (ushr) berilgan. Agar tolibi ilm tahsili ilmda peshrav bo`lsa yoki bundan ham ko`p bilimlarga ega bo`lgan bo`lsa, "Hidoyai sharif"dan o`qitib , imtihon qilib dahyak (stipendiya) berganlar, mansabdor qilganlar. Dahyakdor mansabiga ega bo`lish Buxoroning islomiy qonunlaridan biri bo`lgan.

Muhammad Ali Baljuvoniy ham imtihon topshirib, dahyak(ushr)ga sazovor bo`lganini yozib qoldirgan: “Banda 1337 hijriy yili (milodiy 1919 yili) hazrati ehson qozi kalon huzurlarida "Hidoyai sharif" dan

"Kitobi nikoh", "Avliyo va akfo" bobini o`qib, dahyak olish uchun imtihon topshirib dahyakga musharraf bo`lgan edim”.121

Mudarrislarning yana bir jamoasi - "banoraspo`sh" - (banoras kiyinadigan)lar bo`lgan, banoraspo`shlikdan chiqqanlari muftiy mansabiga erishganlar. Ular taxminan 200 nafar bo`lgan. Bularni yana "avsata tadrisi" - o`rta mudarrislar ham deyishgan. Yana bir guruh - "asfal tadrisi" (past darajadagi) mudarrislar hisoblangan. Ularni "beqasabpo`sh"lar deyishgan. Yana imom, mudarris va shunga o`xshashlari ham borki, ularning soni uch yuzdan ko`proq bo`lgan.122

Madrasa, masjid, maqbara, maktabxona va qorixonalarning har biriga vaqf tayinlangan. Madrasalarning hujralarida oldi-sotdi ham qilingan. Ammo podsholik madrasalari(hujralari)ning oldi-sotdisi man qilingan. Buxoroda xalq ta`limi mullalar qo`lida bo`lgan. Orenburgda chiqgan “Sho`ro” gazetasining ma`lumotiga ko`ra Buxorodagi Ja`farxo`ja madrasasiga eng ko`p (250ming tanga) vaqf daromadi tushgan. Undan keyin Gavkushon, Ko`kaldosh, Jo`ybor, Mir-Arab, Tursunjon va boshqalari egallagan. Vaqflarning ko`pligi madrasaning katta- kichikligida emas, balki shu madrasalarda xizmat qiladigan eshon, oxund, a`lamlarning qanday obro` va mavqega ega ekanligida bo`lgan. Chor Rossiyasi bosqini arafasida madrasalarning vaqfdan oladigan foydasi to`rt million yetti yuz qirq to`qqiz (4749000) ming tangani tashkil etgan.123

Sayid Mansur Olimiyning “Buxoro – Turkiston beshigi” asarida ham madrasalardagi vaqf daromadi miqdori ko`rsatilgan.124

Madrasalardagi vaqf daromadlari paylarga bo`lingan. Paylarning bir qismi masjidda ishlaydiganlarga, qolganlari esa hujra egalariga tekkan. Asosiy daromad hujra egalariniki bo`lgan. Hujralarni sotib olish mumkin bo`lmagan, lekin tijoratchi va boylar buni yo`lini topib, hujradagi buyumlar (chelak, supurgi va hokazolar)ni sotib olishgan va shu hujjat bo`yicha hujraga egalik qilishgan.

Rempelning ma`lumotiga ko`ra madrasada ta`lim oktabrdan boshlangan. Bu vaqtda qish uchun - yog`, guruch, tuz, quruq choy, kerosin, shag`am, sovun, ko`mir va o`tin g`amlab qo`yilgan. Ular har bir hujrada alohida saqlangan.125

Sadriddin Ayniy bergan ma`lumotga ko`ra madrasada ta`lim mezon(22 sentabr) oyidan boshlanib, hamal (22 mart) oyigacha davom etgan.126 Sadriddin Ayniy madrasadagi o`qitish tizimi to`g`risida ma`lumot berarkan, madrasadagi o`qitish tizimi eskirgan bo`lib, 4 - 5 asrdan beri bir xil programma asosida olib borilayotganligini, 20 yillik programmani 4-5 yilda o`qish mumkinligini ham aytgan.

Buxoroning Miri Arab madrasasida o`qigan Sadriddin Ayniy Buxoro madrasalaridagi o`qitish tizimi to`g`risida quyidagi fikrlarini bildiradi: ”Buxoro madrasalarini bitirgan ayrim kishilargina savodli bo`lib chiqishardi. Bunaqa insonlar kamdan – kam bo`lib, sho`rxokli sahroda o`sgan mevali daraxtga o`xshaydi. Ular quruq safsataga asoslangan bahslarda, o`qitish programmasini quruq yod olganida emas, balki o`zlarining bilimi, boshqalardan farqli qobiliyati va qunt bilan o`z ustida ishlashi natijasida bilimga ega bo`ldilar”.127

Buxorodagi madrasalarning soni to`g`risida ham turli xil ma`lumotlar uchraydi. Muhammad Ali Baljuvoniy “Tarixi nofeiy ” asarida 400 ta madrasa borligini, shundan 79 tasini nomini yozib qoldirgan. Ular quyidagilar:

1.Ko`kaldosh madrasasi. 2.Devonbegi madrasasi. 3.Muhammad Nazar madrasasi. 4.Govkushon madrasasi. 5.Mirzo Bahrom madrasasi. 6.Muhammad Sharif madrasasi.7. G`oziyon madrasasi. 8.G`arbiya madrasasi. 9.A'lam madrasasi. 10.Pushaymon madrasasi. 11.Abdulhafiz madrasasi. 12.Rashid madrasasi. 13.Modarixon madrasasi. 13.Xo`rjin madrasasi. 14.Mullo Hasan madrasasi. 15.Al Banoqo madrasasi. 16.Qurbon Attor madrasasi. 17.Qurbon Go`rkov madrasasi. 18.Fatxullo Qo`shbegi madrasasi. 19.Mavlono Sharif madrasasi. 21.Chuqur madrasasi. 22.Zargaron madrasasi. 23.Kamol xo`ja madrasasi. 24.Bozori cho`p madrasasi. 25.Miskin madrasasi. 26.Badalbeki Ko`hna madrasasi. 27.Badalbeki Nav madrasasi. 28.Miri Arab madrasasi. 29.Olimxon Nav madrasasi. 30.Tursunjon madrasasi. 31.Afg`on madrasasi. 32.Ayoz madrasasi. 33.O`tkur Qo`shbegi madrasasi. 34.Hoji Zohid madrasasi. 35.Husaynboy madrasasi. 36.Mirzo Hamdam madrasasi. 37.Atoliq madrasasi. 38.Xo`ja Davlat madrasasi. 39.Cho`bini Hammomi Ko`hna (eski hammomning yog`och madrasasi). 40.Kosagaron madrasasi. 41.So`fiyon madrasasi 42.Sobungaron madrasasi. 43.Turdiali madrasasi. 44.Mirakoni Ko`hna madrasasi. 45.Mirakoni Nav madrasasi. 46.Miyon Molik madrasasi. 47.Jo`ybori Kalon madrasasi. 48.Shayx Jalol madrasasi. 49.Jo`yborcha madrasasi. 50.Xiyobon madrasasi. 51.Chuchukoyim madrasasi. 52.Naqib madrasasi. 53.Salimbek madrasasi. 54.Xalifa Xudoydod madrasasi. 55.Qalmoqjon Oyim madrasasi. 56.Oli Sangin madrasasi. 57.Oli Cho`bin madrasasi. 58.Shayx Islom madrasasi. 59.Qofilon madrasasi. 60.Abdullaxon madrasasi. 61.Muhammad Ali Hoji madrasasi. 62.Asiriya madrasasi. 63.Ahmadjon po`stindo`z madrasasi. 64.Shodmon biy madrasasi. 65.Boloyi Havz madrasasi. 66.Xo`ja Nihol madrasasi. 67.Dor ush-shifo madrasasi. 68.Askarbiy madrasasi. 69.Kofarobodjon Bahodur madrasasi. 70.Fathali dallol madrasasi. 71.Mirzo Ulug`bek madrasasi. 72.Mullo Abdushukurboy madrasasi. 73.Mullo Abdushukur Cho`bin madrasasi. 74.Go`sfand madrasasi. 75.Nazarcha Husayn madrasasi. 76.Domullo Sher madrasasi. 77.Sadrbiy madrasasi. 78 .Xalifa madrasasi. 79.Xidirboy madrasasi.128

Buxoroning oxirgi qozi kalonlaridan biri bo`lgan Sadri Ziyo (Sharifjon Maxdum) XX asr boshida Buxoroda 204 ta madrasa borligi to`g`risida ma`lumot bergan.

L.I.Rempel esa Buxoroda 170 ga yaqin madrasa bo`lgani to`g`risida ma`lumot bergan.129 Feninning Buxoro shahri rejasida va ko`rsatkichlarida, 185 ta madrasa ko`rsatilgan.130

Abdurauf Fitrat o`zining “Hind sayyohining qissasi” asarida 1913 yilga kelib, Buxoroda 200 ta oliy, o`rta va quyi bo`g`indagi madrasa bo`lganini yozib qoldirgan. Shu bilan birga 37760000 tanga hisobida vaqf mablag`i bilan ta`minlangan 72 madrasa nomini keltirgan.131

Buxoro shayxlari va sayidlari haqida ham “Tarixi nofeiy ”da ma`lumot keltirilgan. Bular ham Buxoroning ahli muazzam va mukarramlaridan hisoblangan. Sayidlarga ham amaldorlar kabi qo`sh va tanho ajratishgan. Ahli ulamo kabi ularga ham ma'muriy, sudurlik, sadrlik, mirasadlik va naqiblik mansablarini berganlar. Shayxlarga ham ma'lum vazifalar berib, mashhur xonaqoh va masjidlar ajratganlar. Ular, asosan, duogo`ylik vazifasini bajarganlar.

1   2   3   4   5


Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©atelim.com 2016
rəhbərliyinə müraciət