Ana səhifə

Нavkat Mahmadmurodov


Yüklə 451 Kb.
səhifə1/6
tarix24.06.2016
ölçüsü451 Kb.
  1   2   3   4   5   6


SНAVKAT MAHMADMURODOV

QADIMGI TURKIY YОZMA YОDGORLIKLARINING TIL XUSUSIYАTLARI TAHLILI HAQIDA

(X-XIV asrlar yozma yodgorliklari)


MONOGRAFIYA

SAMARQAND – 2010



UDK:494.3

M -37

Sнavkat Mahmadmurodov. QADIMGI TURKIY YОZMA YОDGOR-LIKLARINING TIL XUSUSIYАTLARI TAHLILI HAQIDA (X-XIV asrlar yozma yodgorliklari).Monografiya. –Samarqand: SamDU nashri, 2010.- 84 bet.
BBK:81.2 Uz


Monografiyada eski o‘zbek adabiy tilining ilk davrlari, xususan X-XIV asrlari yozma adabiy tilini o‘zida aks ettirgan asarlarning lingvistik jihatdan tahlil etilishi haqida ba’zi ma’lumotlar yoritildi. Izohlanayotgan til hodisalari qisman VII-IX asrlarga xos bitiklar tili bilan ham qiyoslandi. Monografiya o‘zbek tili tarixi bilan shug‘ul-lanuvchi mutaxassis va talabalar uchun mo‘ljallangan.
Mas’ul muharrir akademik E.I.FOZILOV

Taqrizchilar: f.f.d., prof. USMON SANAQULOV

f.f.n., dots. QARSHIBOY USMONOV

© Alisher Navoiy nomidagi Samarqand davlat universiteti, 2010

SO‘ZBOSНI

X-XIV asrlar adabiy tili va yozma yodgorliklarning lisoniy xususiyatlari bo‘yicha, ayniqsa, hududiy jihatdan tavsiflab va davrlashtirib o‘rganish, dialektal asosining belgilanishi xarakterlidir. Bunda A.M. Shcherbak, A.K. Borovkov, E. Nadjip, E. Fozilovlarning ishlari muhim o‘rin egallaydi. Ularning asarlarida XI-XIV asrlar yozma adabiy tili, asosan, hududiy lahjalar yoki adabiy markazlarga bog‘lab o‘rganilgan. Bunda shu davrlarda yaratilgan yozma yod-gorliklar turli hududlarda yozilganligi va o‘sha hudud qabilaviy lahjalar ta’sirida bo‘lganligi inobatga olingan. Bu davrlar tilining lahjaviy asosi bir necha adabiy markazga bog‘lab talqin etilib, har bir adabiy markazdagi mahalliy til mustaqil adabiy til deb qaralgan.

A.N.Samoylovich o‘zbek adabiy tili tarixini hududiy yoki adabiy markazlar asosida uchga bo‘lgan:

1. Qoraxoniylar davri adabiy tili (X-XI asrlar).

2. O‘g‘uz-qipchoq adabiy tili (XII-XIV asrlar).

3. O‘rta Osiyo adabiy tili (XIV-XX asrlar)1.

Olim adabiy markazlarga xos lahjalar asosida bu davrlarda yagona adabiy til taraqqiy etgan, degan xulosaga kelgan. U hozirgi o‘zbek adabiy tilini esa O‘rta Osiyo turkiy adabiy tilining davomi deb hisoblagan. A.N. Samoylovichning ushbu davrlashtirish haqidagi fikrlarida turkiy tillarning shakllanish bosqichlari asos qilib olingan. Ammo bu davrlashtirishda turkiy tillar, jumladan, o‘zbek tilining ilk ildizlari, ya’ni qadimgi (VII-IX asrlar) umumturkiy til davri e’tibordan chetda qolgan. Shu kabi qoraxoniylar adabiy tili (X-XI acplar) va o‘g‘uz-qipchoq adabiy tili (XII-XIV asrlar) tarmoqlarida yuzaga kelgan asarlarda qarluq tili ta’siri borligi hamda umumiy mushtaraklik kuchli bo‘lganligi e’tiborga olinishi lozim edi. Shu asoslarga ko‘ra bu ikki davr birlashtirilsa maqsadga muvofiq bo‘ladi. Ikkinchi davrda, chunonchi, Xorazm va Sirdaryo hududlarida yaratilgan asarlar tilida faqat o‘g‘uz-qipchoq unsurlarigina aks etgan emas, balki qarluq xususiyatlari ham bor. Shu kabi XIV-XX asrlar davri O‘rta Osiyo turkiy adabiy tili deb qaralgan. Bu davrlarda o‘zbek tili allaqachon mustaqil til sifatida shakllangan edi. Bu adabiy til O‘rta Osiyo turkiy tili emas, asosan, qarluq tiliga asoslangan o‘zbek adabiy tili bo‘lgan. Davrlashtirishda bu xususiyatlar ham hisobga olinmagan.

A.M. Shcherbak o‘zining ishida XI-XIV asrlardagi O‘rta Osiyo umumturkiy adabiy tili davrida bir-biri bilan mustahkam bog‘langan ikki adabiy til markazi bo‘lganligini aytgan:

1. Qarluq-uyg‘ur dialektiga asoslangan qaraxoniylar davri (XI-XIII asrlar) adabiy tili.

2. O‘g‘uz-qipchoq dialektiga asoslangan Oltin O‘rda adabiy tili (XIII-XIV asrlar)2 kabi.

Ammo, bu ikki adabiy markazlardagi til o‘zaro juda yaqin bog‘langan. Ular mustaqil adabiy tillar sanalmaydi va o‘sha davrdagi yagona umumturkiy adabiy tilning tarmoqlari hisoblanadi. Olimning bunday fikrlari boshqacha tarzda ham aks etgan. Chunonchi, A.M.Shcherbak, O.Prisak hoqonlikning bo‘linishi natijasida qoraxoniylar muhitidagi (XI asr o‘rtalarida) ikki markaz yuzaga kelganligini qayd etadilar. Demak, qarluq-uyg‘ur tili adabiy markazi ikkiga bo‘lingan. Masalan,

1. Balasog‘un-Qashg‘ar adabiy markazlariga xos Sharqiy hudud.

2.O‘zgand-Samarqand adabiy markazlarga xos G‘arbiy hudud kabi3.

A.M.Shcherbak o‘z fikrlarini davom ettirib, XIII asr oxirlaridagi Chig‘atoy ulusi ikkiga bo‘linganligini yozadi4. Demak, Chig‘atoy ulusining bo‘linishi natijasida ham ikki markaz vujudga kelgan:

1. Amu va Sirdaryo oralig‘idagi markaziy hududlar, ya’ni Movarounnar hududi.

2. Mo‘g‘uliston, Sharqiy Turkiston (va Yettisuv) hududlari kabi.

A.M.Shcherbak ushbu fikrlar asosida XI-XVI asrlar yozma adabiy tilining yodgorliklarini belgilash bo‘yicha quyidagi lahjaviy adabiy til markazlarini belgilaydi va ularga xos yodgorliklarni ko‘rsatadi:

1. Qarluq (uyg‘ur) dialekti asosidagi Sharqiy Turkiston adabiy tili (bu tilning yozma manbalari sifatida “Qutadg‘u bilig”, “Hibat-ul haqoyiq”, “Devoni lug‘otit turk” va uyg‘ur rivoyatlaridan aka-uka shahzodalar “Qal’yanam-qara va Papamqara”, “O‘g‘uz” haqidagi afsonalar, Braxma yozuvidagi parchalar, “Qisas ar-Rabg‘uziy” kabi yodgorliklar qayd etilgan)5.

2. O‘g‘uz va qipchoq dialektiga asoslangan Oltin O‘rda adabiy tili (bu tilning yozma manbalariga “Muhabbatnoma”, “Xusrav va Shirin” kabi asarlarni kiritgan6).

Umuman, A.M.Shcherbakning bu kabi fikrlari ilk eski o‘zbek yozma adabiy tilining shakllanish davrlarini belgilashda muhim ahamiyat kasb etadi.

A.Nadjipning yozishicha, turkiy xalqlar yozma adabiy tilining shakllanishi va taraqqiyotida ikki dialekt, ya’ni: uyg‘ur-qarluq va o‘g‘uz-qipchoq tillari muhim o‘rin egallagan. Xuddi ana shu til ta’sirida XI-XIII asrlar, jumladan, XIV-XV asrlar yozma adabiy tili shakllangan. Bu davr yozma yodgorliklarida bu xususiyat o‘z aksini topgan. A.Nadjip xuddi shu davrlarda, ya’ni XIII asrning ikkinchi yarmi va XIV asrlarda ikki xil adabiy markazda, aniqrog‘i, uch adabiy markazda (lahjaviy xususiyati jihatidan farqlanuvchi) mustaqil adabiy til shakllanganligini yozadi7:

1. O‘rta Osiyo turkiysi asosidagi adabiy markaz (uyg‘ur-qarluq lahjasi asosida rivojlangan adabiy til guruhi). Bu til “Qutadg‘u bilig”, “Devoni lug‘otit turk”, “Hibat-ul haqoyiq”, “Tafsir”, “Qisas ar-Rabg‘uziy” kabi asarlarda o‘z aksini topgan.

2. Volga bo‘ylari va Ural hududlarida shakllangan adabiy markaz (o‘g‘uz-qipchoq tiliga asoslangan adabiy til).

3. Misr-mamluk adabiy markazi (qipchoq-o‘g‘uz lahjasiga asoslangan adabiy til). Bu adabiy markazlar tili “Qissai Yusuf”, “Muhabbatnoma”, “Xusrav va Shirin”, “Guliston bit-turkiy” kabi asarlarda o‘z aksini topgan.

E.Nadjip Oltin O‘rda-Misr va O‘rta Osiyo adabiy markazlarida o‘ziga xos aralash adabiy tillar taraqqiy etganligini ham ta’kidlaydi. Ular dialektal xususiyati jihatidan farqlanuvchi o‘ziga xos adabiy til sifatida qaralib bir necha tarmoqqa bo‘lingan8. Olimning bu sohadagi fikrlari turli shaklda bayon qilinsa-da, Oltin O‘rda, Xorazm va Misr adabiy muhitida yaratilgan asarlar tilida o‘g‘uz, qipchoq, qarluq lahjalarining xususiyatlari mavjud, degan xulosa chiqadi. Chunonchi, adabiy markazlar tilini mustaqil adabiy til tarzda emas, yagona umumturkiy tilning dialektal tomondan farqlanuvchi tarmoqlari deb qarash lozim bo‘ladi.

Olim o‘zining doktorlik ishida (XIV asrda yaratilgan yozma yodgorliklar tiliga asoslanib) Oltin O‘rda-Misr va O‘rta Osiyo adabiy markazlarida o‘ziga xos aralash adabiy tillar taraqqiy etganligini ham ko‘rsatadi va ularni dialektal xususiyatiga qarab bir necha tarmoqqa bo‘ladi:

1. XIII asrdayoq Misrda mamluklar hukmronligida sezilarli dara-jada rivojlangan eski turkman yozma tili.

2. Saljuqiylar, ayniqsa, ayubiylar bilan Misrga kelgan o‘g‘uz va qipchoq qabilalari tili.

3. XII asr Oltin O‘rda-Xorazm adabiy tili. (Hatto, bu guruhlarni yana tarmoqlarga ajratgan holda alohida yozma til ko‘rinishlarini talqin etgan: 1. Eski turkman yozma tili. 2. O‘g‘uz-qipchoq yozma tili. 3. Qipchoq-o‘g‘uz yozma tili. 4. O‘g‘uz-turkman yozma tili. 5. Eski o‘zbek adabiy tili kabi9). Bu adabiy markazlar tili aslida o‘g‘uz-qipchoq yoki qipchoq-o‘g‘uz tiliga asoslanganligi (ya’ni birida o‘g‘uz lahjasi ustun bo‘lsa, ikkinchisida qipchoq dialekti ustun bo‘lganligi ) bilan farqlangan. Shu kabi bu markazlarga xos deb qaralgan yozma yodgorliklar tilida qarluq-uyg‘ur tiliga xos unsurlar ham qo‘l-langanligi inkor etilmagan. Shuning uchun ham E.N.Nadjip bu davr adabiy markazlaridagi tilning dialektal asosini aralash tipli deb hisoblagan.

Darhaqiqat, Oltin O‘rda-Misr, ayniqsa, Xorazm adabiy muhiti ta’sirida yaratilgan yozma yodgorliklar tilida Movarounnahr-Qoshg‘ar (Sharqiy Turkiston) yoki qoraxoniylar hukmronligida bo‘lgan hududlarda yaratilgan asarlar tiliga xos xususiyatlar ma’lum darajada mavjud. Shu nuqtai nazardan qaraganda, Xorazm adabiy muhitidagi yozma yodgorliklar tilida o‘g‘uz lahjasi ustunligi sezilarli bo‘lsa-da, eskirgan (arxaiklashgan) leksik va morfologik unsurlarning ham mavjudligi bilan ular qadimgi turkiy va qoraxoniylar adabiy muhitidagi yodgorliklar tiliga bog‘lanadi10.

Umuman, XI-XIV asrlar yozma adabiy tilining shakllanishi va dialektal asosini aniqlash masalasi ancha munozarali bo‘lgan, bu borada turlicha fikrlar aytilgan. Bu holatni tilshunoslar tomonidan o‘sha davrlarda mavjud bo‘lgan yozma adabiy tilning lahjaviy asosiga ko‘ra bir necha adabiy markazga bo‘lib o‘rganilishidan ham sezish mumkin. Ayniqsa, E.N.Nadjipning doktorlik dissertasiyasida adabiy tilni hududiy lahjalarga qarab markazlarga bo‘lish haqidagi fikrlari maydalashib ketgan11. U adabiy tilning asosiy tarmoqlarini belgilash bo‘yicha muayyan xulosaga kelishni chalkashlashtirib yuborgan.

E.I.Fozilov eski o‘zbek tilining XIV asr Xorazm yozma yodgorliklari bo‘yicha yozgan tadqiqotida E. Nadjipning XIII-XIV asrlarda vujudga kelgan ikki adabiy til markazi haqidagi fikriga qo‘shilgan holda 4 ta Xorazm yodgorligini tahlil etadi. Lekin E.I. Fozilovning ta’kidlashicha, bu davrlarda yaratilgan asarlar tilida turli dialektlarga, jumladan, o‘g‘uz, qipchoq, bulg‘or, uyg‘ur va boshqa lahjalarga xos grammatik unsurlar uchraydi12”. Shuningdek, u Xorazm adabiy muhitining tilida, asosan, o‘g‘uz dalektiga xos unsurlar ustun bo‘lsa-da, Oltin O‘rdada shakllangan qipchoq dialektining ham sezilarli ta’siri bor, deb qaragan va E.N.Nadjipning Oltin O‘rda-Xorazm adabiy tili 13 hududi guruhi tili haqidagi fikrlariga qo‘shilgan.

Ta’kidlash joizki, adabiy markazlarga ko‘ra turkiy tillar guruhlarga bo‘lingan davrlarda har bir markazda hali turli qabila va urug‘shevalari mavjud bo‘lib, ular hozirgidek dialekt shakliga kirishga ulgurgan emas edi. Shu bois adabiy tilning dialektal asosini belgilashda ilmiy tadqiqotlardagi “dialekt” atamasining ma’nosi mahalliy-hududlarga nisbatan shartli qo‘llangan, deyish mumkin. Demak, aslida bu davrlarda shakllangan umumturkiy adabiy tilning dialektal asosi urug‘va qabilaviy lahjalar sanalgan. Chunonchi, turli hududlarda yaratilgan yodgorliklar tiliga har xil shevalar sezilarli darajada ta’sir etgan. Ammo (ayniqsa, E.Nadjipning tadqiqotida) o‘sha davrlarda shakllangan adabiy tilning dialektal asosini belgilashda hududiy bo‘linishga, ya’ni hududiy tarmoqlariga nisbatan turli shakldagi atamalar qo‘llangan. Atamalarning har xil qo‘llanilishi o‘sha davr adabiy tilini belgilashda va yozma yodgorliklar tilini (dialektal asosini) aniqlashda chalkashliklarga yo‘l qo‘yilganki, bu holatni E.I. Fozilov o‘z tadqiqotida to‘g‘ri qayd etgan14.

E.I. Fozilov o‘zining doktorlik ishida Xorazm adabiy muhitida yaratilgan “Guliston bit-turkiy”, “Muhabbatnoma”, “Nahdjul-farodis”, “Xusrav va Shirin” kabi asarlar tilining dialektal asosini o‘g‘uz lahjasi tashkil etishini aytgan. Ammo olimning yozishicha, Xorazm adabiy muhitida yaratilgan yozma yodgorliklarda ancha qadimgi turkiy tilning ta’siri, ayniqsa, qoraxoniylar adabiy muhitining ta’siri bo‘lgan. Jumladan, Xorazm yodgorliklari tilida “Devoni lug‘otit turk”, “Qutadg‘u bilig”, “Hibat ul - haqoyiq” asarlari tiliga xos ba’zi xususiyatlar bor15 hamda Oltin O‘rda-Misr muhiti tilining o‘zaro aloqasi seziladi16. Demak, E.I. Fozilovning fikrlaridan XI-XIV asrlarda shakllangan adabiy tilda birinchidan, qadimgi turkiy (VII-X asrlar) davridagi yozma adabiy til xususiyatlari, ikkinchidan, qoraxoniylar muhitidagi (asosan, qarluq-uyg‘ur, qisman o‘g‘uz-qipchoq lahjalariga asoslangan) adabiy til, uchinchidan, Xorazm-Oltin O‘rda-Misr muhitidagi (o‘g‘uz-qipchoq va qisman qarluq-uyg‘ur lahjalari asoslangan) adabiy tilining ta’siri bor degan xulosa chiqadi.

Haqiqatan ham, qayd etilgan XI-XIV asrlar yozma yodgor-liklarida bu xususiyat turli darajada aks etgan. Bu davrlar yodgorliklar tilining dialektal asosi haqida har xil fikrlar aytilganidek, yozma yodgorliklarning yozilishi davri bo‘yicha ham turlicha mulohazalar mavjud. Chunonchi, A.M.Shcherbakning yozishicha, “Qutadg‘u bilig”, “Hibat-ul haqoyiq”, “Devoni lug‘otit turk”, “Qissasi ar-Rabg‘uziy”, “O‘g‘uznoma”17 kabi asarlar tilida qarluq dialekti ustunligi sezilarlidir. Q. Karimov, T.A. Borovkovlar “Qutadg‘u bilig” va “Devoni lug‘otit turk” asarlarini qoraxoniylar adabiy muhitida, “Qashg‘ardan Kaspiygacha yoyilgan barcha turkiy xalqlar uchun tushunarli bo‘lgan tilda (Qashg‘archa) yozilgan18, umuman, qarluq guruhi qabila-urug‘lar dialekti asosidagi adabiy tilda yaratilgan deb qaraydilar. E. Nadjipning yozishicha, 1332 yilda yozilgan “Muhabbat-noma” asarida qarluq-o‘g‘uz xususiyatlari sezilarli darajada bo‘lgan. A. Shcherbak ushbu asarni 1353 yilda yozilgan deb qaraydi va qarluq tiliga xos xususiyatlari mavjudligi bilan Xorazm muhitidagi yodgorliklardan ajralib turadi deydi. Ushbu aytilganlardan sezilib turibdiki, XI-XIV asrlar adabiy tili va uning dialektal asosini aniqlash haqiqatan ham murakkab bo‘lgan. Ushbu davrlarda yaratilgan asarlar tili, dialektal asosi bo‘yicha aytilgan fikr-mulohazalar tahlili va chiqarilgan xulosalar har xildir. Lekin aksariyati umumiylikka ega.

Ma’lumki, O‘rta Osiyo xalqlari adabiy tilining shakllanishi ko‘p asrlik tarixga ega. Bu tarixni hali yetarlicha yoritilgan deb bo‘lmaydi. Ayni davrda ham bu mintaqaviy adabiy tillarning qiyosiy tarixiy taraqqiyot yo‘lini o‘rganish turkologiyaning dolzarb masalalaridan biri sanaladi.To‘g‘ri, bu borada anchagina ishlar amalga oshirilgan. Ammo mintaqamizdagi turkiy xalqlarning yozma yodgorliklarining til xususiyatlari hali to‘liq darajada o‘rganilmagan, bularning anchagina qismi bo‘yicha ilmiy tanqidiy tekstlar yaratilmagan. Hozirgi zamon talabiga javob beradigan har bir davr obidalarini sistemali ravishda lingvistik tahlil qilish keyingi davrlarda, xususan, mustaqillik yillarida boshlandi. Turkiy milliy adabiy tillarning taraqqiyot qonunlari va ularning o‘zaro aloqasi va munosabati hanuzgacha to‘liq, ya’ni mukammal tekshirilmagan. Shuni alohida qayd qilish kerakki, bu muammoni ilmiy hal qilishda eski obidalar tilini o‘rganish, shubhasiz, katta ahamiyat kasb etadi. Shuning uchun ham so‘nggi davrlarda O‘zbekistonda bu borada, xususan XI-XIV asrlarga xos tarixiy yozma manbalarning lingvistik tomondan o‘rganishga katta ahamiyat berila boshlangan edi.

XI-XIV asr yozma yodgorliklarini har taraflama puxta ilmiy nazariy va amaliy jihatlari monografik tarzda o‘rganish, ularning tanqidiy matnini yaratish, va hozirgi tilimiz yozuvi asosida chop etish, fonetika, morfologiya, sintaksis va leksikasini chuqur tahlil qilish sohasida o‘zbek tilining tarixi bo‘yicha qator tadqiqot ishlari olib borilib, ularning natijalari chop etilgan. Masalan, A.M. Shcherbak, S. Mutallibov, G‘. Abdurahmonov, E.I. Fozilov, H. Ne’matov, A. Rusta-mov, S. Shukurov, Q. Sodiqov, E. Umarov, Q. Mahmudov, N. Mah-mudov, X. Dadaboyev, Q. Karimov, A. Nurmonov, S. Ashirboyev, A. Matg‘oziyev, I. Yuldashev, B. O‘rinboyev, U. Sanaqulov kabi olim-larning ishlari shular jumlasidandir. Amalga oshirilgan ishlar tilimiz taraqqiyoti tarixining ma’lum davrlarini yoritishda, uning istiqbolini belgilashda va ma’naviy me’rosimizni tiklashda muhim o‘rin egallaydi. Ammo, muammoning o‘rganilish darajasi hali ham me’yoriga yetganicha yo‘q.

Afsuski, ayni paytlarda o‘zbek tilining tarixini o‘rganish sohasida juda kam ilmiy tadqiqotlar yozilmoqda, vaholanki, endilikda juda ko‘p tarixiy yozma obidalar yuzaga chiqib, ularni lingvistik tomondan o‘rganish uchun keng imkoniyatlar mavjud. Bu imkoniyatdan unumli foydalanish mumkin. Xuddi shu maqsadda samarqandlik iste’dodli olim Shavkat Mahmadmurodov sohada ilmiy tadqiqot ishlarini boshlagan edi. U mazkur risolasida imkoniyat darajada ma’lum bir davrlarda yaratilgan yozma obidalarning lingvistik tahliliga o‘z diqqatini jalb etgan. Chunonchi, uning mazkur kitobi XI-XVII asrlar davomida Markaziy Osiyo, Oltin O‘rda, Kichik Osiyo, Shom kabi hududlarda yaratilgan turkiy xalqlarning adabiy tillarida yaratilgan obidalarni qiyosiy tahliliga bag‘ishlanadi. Unda muallif tekshirilayotgan adabiy tillar o‘rtasidagi umumiy holatlar va farq qiluvchi grammatik xususiyatlarni aniqlashga harakat qiladi. Shu kabi matnlarning (leksik, fonetik, morfologik, sintaktik) tahlillarida horijdagi mashhur sharqshunos-turkologlar va respublikamizdagi taniqli tilshunos olimlarimizning tadqiqotlariga tayangan holda o‘z fikr-mulohazalari bildiradi.


Filologiya fanlari doktori

Usmon Sanaqulov

BIRINCНI BOB
QARLUQ(CHIGIL-UYG‘UR) DIALEKTAL XUSUSIYАTI USTUNLIGIDAGI ADABIY TIL
Prezidentimiz I.A. Karimov ona tilining ahamiyatini ta’kidlab: Ona tili bu millatning ruhidir. O‘z tilini yo‘qotgan har qanday millat o‘zligidan judo bo‘ladi. O‘zlikni anglash tarixni bilishdan boshlanadi. Isbot talab bo‘lmagan ushbu haqiqat davlat siyosati darajasiga ko‘tarilishi zarurdir”19, degan fikri o‘zbek tiliga e’tiborni kuchaytirish, uning tarixini yanada yaxshiroq o‘rganish, ravnaqi va kelajagi haqida qayg‘urishga undaydi. Shu ma’noda o‘zbek tilshunosligida til tarixini chuqur tadqiq etish, bu sohada ilmiy tadqiqotlar olib borishni kuchaytirish, mukammal darsliklar yaratish kabi dolzarb vazifalar qo‘yildi. Jumladan, o‘zbek yozma adabiy tilga xos fonetik, morfologik qurilishining shakllanishi va taraqqiyotini belgilash ham muhim sohalardan biri sanaladi. O‘zbek tilshunosligida bu masalani mukammal yoritish uchun hali maxsus tadqiqotlar olib borish zarurati bor.

Ma’lumki, tarixiy ilmiy manbalarda turkiy yodgorliklar tili yaratilgan o‘rniga qarab nomlanib kelingan va o‘sha hududga xos adabiy tilni aks ettirgan deb qaralgan. Chunonchi, bular qoraxoniylar davridagi adabiy til, qoraxoniy-uyg‘ur tili, Sharqiy turkiy til, chigatoy tili, o‘rta turk tili, xorazmcha turkiy til, qarluq-xorazmiy tili, o‘g‘uz-qipchoq tili, Oltin O‘rda tili, Xorazm-Oltin O‘rda tili (XIII-XIV asrlarga nisbatan) va hokazolar.

Nomlari qayd etilgan ushbu hududiy adabiy tillar hozirgi zamon turkiy tillarning deyarli hamma guruhlariga bevosita aloqadordir. XI-XIV asr adabiy tillarining shakllanish jarayoni ko‘p asrlar (taxminan ikki asr) avval boshlangan bo‘lib, mazkur davrga kelganda u katta so‘z boyligiga ega bo‘lib, ma’lum bir adabiy qolipga tushgan edi. Xususan, til qurilishining leksik qatlami, jumladan, morfologik va sintaktik jihatdan belgilangan qat’iy normalarga ega bo‘lgan adabiy til sistemasi yuzaga kelgan edi. XV asrgacha mavjud bo‘lgan bu hududiy adabiy tillarga asosan akademik A.N. Samoylovichning tasnifidagi janubiy-sharqiy, shimoliy-sharqiy gruppa tillari asos bo‘lgan. Bulardan tashqari, og‘uz-turkman, qipchoq guruhlarining bevosita ishtiroki muhim rol o‘ynagan.

XI-XVII asr adabiy tillarning tarqalish doirasi, ya’ni hududi nihoyatda keng bo‘lgan. Jumladan, hudud Koshg‘ar, Xuroson, Xorazm, Sirdaryo, Amudaryo, Volga bo‘ylari Oltin O‘rda, Qrim, Misr, Shom kabi o‘lkalarni qamrab olgan edi20. Biz ushbu o‘rinda Qoraxoniylar sulolasi haqida ba’zi malumotlar keltiririshni lozim topdik. Zero bu sulola davri adabiy tili bilan Movarounnahrda vujudga kelgan umumturkiy, jumladan, eski o‘zbek tilining (yirik kompo-nentini tashkil etgan qorluq ) adabiy tili bilan bog‘liqdir.

1.1. Qoraxoniylar va ular sulolasining yuzaga kelishi. Biz ushbu o‘rinda avval qoraxoniy atamasi haqida qisqa bir ma’lumotlar bilan to‘xtalishni lozim topamiz. Manbalarda “qoraxoniy” atamasi turlicha talqin qilingan: ba’zilarida turk (t'u-kiue) so‘zidan yuzaga kelgan deyilsa, ba’zilarida uyg‘urga yoki qarluq-chigillarga, shu kabi o‘g‘uz-turkmanlarga, nihoyat, oxirgi natija qarluq-yag‘molarning birlashmasi ma’nosida qayd qilinadi. Hatto, bu haqda rivoyatlar ham mavjud. Rivoyatlar haqida o‘rni bilan fikr bildiramiz.

Turk olimi A. Dilocharning fikricha qoraxoniylar asosan qarluq-lardan bo‘lgan21. Mashhur sharq filologlarining asarlarini qiyosiy tadqiqi, prof A.Dilocharning fikrini rad etadi. Chunki o‘sha vaqtlarda bu kabi katta hududda yashagan aholi ko‘pi qurama bo‘lgan, ya’ni qarluq, chigil, uyg‘ur, turkman, og‘uz, qipchoqlar ko‘p o‘rinda bir–birlari bilan aralash yashaganlar. Shu sababli qipchoq, qarluq, chigil, uyg‘ur yag‘mo va boshqalar orasida aniq bir farqli chegara belgilab chiqilmagan. Ularning tilidagi so‘z va grammatik belgilar ko‘p o‘rinda aralashib ketgan22 bo‘lgan .

Endi qoraxoniylar sulolasining yuzaga kelish masalasiga kelsak bu borada biz olimlarning ishlariga tayangan holda ularning o‘ziga xos quyidagi hukmronlik davrlarini qayd etishimiz mumkin:

705-715-yillarda Eronning Shimoliy-sharqidagi Xuroson vohasida Qutayba ibn Muslim g‘arbdagi turkiy xalqlar asosida O‘n–O‘k dav-latini tashkil qilgan va u bu davlat chegarasi Movarounnahr (Tran-soxiana)gacha yetib borgan. Arablar 751-yilda Talas urushida xitoy-liklarni mag‘lubiyatga uchratib, 776-yilda Ili va Chu daryolariga bostirib kirgan. Bu davrlarda uyg‘ur-qarluq birlashmalari, ya’ni Qoraxoniylar ma’lum darajada o‘ziga xos mavqega ega edi. Arablar 792–806-yillarda Qoraxoniylar bilan to‘qnashib, 960-yillarga kelib qarluqlarga o‘z ta’sirini o‘tkazishga muvofiq bo‘lgan va ularga islomni qabul qildira boshlagan.

Yozma manbalarga ko‘ra, Sosoniylar shahzodasi Nasrning sa’y-harakati natijasida, Qoraxoniylar islomni 932-yilda Abdulkarim Satuk Bug‘ra Qoraxon zamonida qabul qilishgan. Bu ulkan diyordagi aholi bungacha buddaga (burxonga) sig‘inganlar. Shubhasiz, bir yil ichida hamma islomga o‘tmagan, albatta. Yusuf Xos Hojibning "Qutadg‘u bilig”idan tortib to Durbekning "Gul-u Navruz"(yoki “Gul va Nav-ro‘z”) asarigacha burxonni yo‘q qilishga chorlaydigan misralarni kuzatish mumkin. Bu fikrlar badiiy asarlarda bejiz yozilmagan bo‘lsa kerak. Har holda Qoraxoniylar islomni bir necha davrlar oralig‘ida qabul etishgan.

Satuk Bug‘ra Qoraxondan so‘ng Sulaymonxon, so‘ngra Xorun al-Xasan Bug‘raxon (vafoti 992-y.) taxtga o‘tiradi. Asta-sekin Qora-xoniylar davlati kuchayib, uning ta’sir doirasi butun Movarounnahrga o‘tadi. Elig Nasr bin Ali 999-yilda Buxoroni egallaydi va shu davrlardan boshlab Somoniylar davlatiga xotima beriladi. Erondagi Somoniylar sulolasi vakillari (874-999) 999-1003-yillar orasida bu yurtlardan quvg‘in ostiga olinib, turkiy xalqlardan bo‘lgan g‘aznalik Mahmud (970-1030-yillar) taxtga o‘tiradi. Uning davrida Qoraxoniy-larning g‘arbiy chegaralari tinchligi ta’minlanadi.

Qoshg‘ar hukmdori Yusuf Qodirxon (vafoti 1032-y.) Qoraxoniy-lar davlatini birlashtirishda katta xizmat qilsa-da, 1047-yilda uning farzandlari davlatni o‘zaro bo‘lib olishadi. Natijada davlat bo‘linib ketadi. Qodirxonning to‘ng‘ich farzandi Sulaymon Arslonxon (Qosh-g‘arda shahzodalik davridagi ismi Bug‘ra Tegin) bo‘lgan, shimolda Mahmud Bug‘raxon (vafoti 1074, shahzodalik ismi Yagan, ya’ni fil) Tegin Talas, Shosh//Choch (hozirgi Toshkent) va Isfijob (Chimkent) Tug‘rul va Xorun, Uzkend, Fargona vodiysi kabi hududlarni boshqarishga muyassar bo‘ladi.

Qoshg‘arda Sulaymon Arslonxon 1056-yilgacha hukmronlik qila-di, keyinchalik uning o‘rniga o‘gli Xasan bin Arslon (to‘liq ismi Hoqon Tavg‘ach Ulug‘Bug‘ra Qoraxon Abu Ali Xasan bin Arslonxon bo‘lgan, vafoti 1103-y.) hokim bo‘ladi. Xasan Bug‘raxon Qora-xoniylar orasida bilimli fan, adabiyot, tarix ahliga e’tiqod va hurmat bildirgan arbob bo‘lgan. Sulaymon Arslonxonga nisbatan turkiy xalqlar orasida Xorun ar-Rashid degan nom berilgan. Xullas, Mahmud G‘aznaviy davridan boshlab turkiy elatlarning mavqeyi ko‘tarila boshlandi. Xuddi shu davrlardan qarluqlar birlashmasi kuchaya boshladi. Qaraxoniylar sulolasining namoyandasi Abdulkarim Satuk Bug‘ra Qoraxon davridan Xasan bin Arslon davrlarigacha o‘tgan davrlarda, ya’ni Qoraxoniylar sulolasi hukmronligidagi hududlarda ilm-madaniyat sohasida ko‘pgina ishlar amalga oshdi. Jumladan, sulolaviy tarixnavislik davom etdi, tilshunoslik va adabiy muhit rivojlandi. Yusuf Xos Hojib, Mahmud Koshg‘ariy, Husayn al-Almai, Ahmad Yassaviy, Jamol Qorun kabi bir qancha mash-hur ijodkorlar yetishib chiqdilar.



Darhaqiqat, Qoraxoniylar davrida "Qutadgu bilig", "Devoni lug‘atit-turk", "Kitobu javohirin-nahvi fi-lug‘atit-turki", “Tarixi Qoshgar" (Imom Abdulfattoh Abdulg‘affor bin al-Husayn al-Almai, vafoti 1093-y.), Qur’oni karim tafsirlari kabi mashhur asarlar yaratilgan edi. Turkiy xalqlarning tasavvufi asoschisi Ahmad Yassaviy (Sayramda tug‘ilib Yassida 1166-yili vafot etgan) yashab ijod qilgan. Jamol Qorun (Olmaliqda tug‘ilgan), 1292-yilda "Mulhaqa-tus-sura" asarini yaratgan.
  1   2   3   4   5   6


Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©atelim.com 2016
rəhbərliyinə müraciət