Ana səhifə

Magistrlik dissertatsiya


Yüklə 3.08 Mb.
səhifə1/6
tarix27.06.2016
ölçüsü3.08 Mb.
  1   2   3   4   5   6


O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA O’RTA MAXSUS TA’LIM VAZIRLIGI

Alisher Navoiy nomidagi Samarqand Davlat Universiteti

Qo’lyozma huquqida

UDK: BBK 57.31

H.62


Axtamov O’tkir O’ktamovich

MAGISTRLIK DISSERTATSIYA

AKSELERASIYA VA UNING BOLALAR VA O’SMIRLAR ORGANIZMINING JISMONIY RIVOJLANISHIGA TA’SIRI
5A112001 – Jismoniy madaniyat


Ilmiy rahbar: dos.SH.A.Aminjanov

Ilmiy maslahatchi: biologiya fanlari doktori,

professor E.N. Nuritdinov

Samarqand-2013

MUNDARIJA


Kirish

4

Ishning dolzarbligi

4

Tadqiqot obyekti va predmetning belgilanishi

5

Tadqiqotning maqsadi va vazifalari

6

Tadqiqotning asosiy masalalari va vazifalari

6

Mavzu bo’yicha qisqacha adabiyotlar tahlili

6

Tadqiqotda qo’llanilgan uslubiyatning qisqacha taxlili

6

Tadqiqotning natijalarni nazariy-amaliy ahamiyati

7

Tadqiqotning ilmiy yangiligi

10

Ishning o’rganilgan darajasi

10

Ish haqida qilingan ma’ruzalar

12

Ishni chop etilgan darajasi

12

I. Bob. Adabiyotlar sharhi

13

1.1. Bolalar va o’smirlar organizmi o’sish va rivojlanishining umumiy qonuniyatlari

13

1.2. Odam hayotining davrlarga bo’linishi

26

1.3. Hozirgi zamon bolalari va o’smirlari rivojlanishining xususiyatlari

33

1.4. Bolalarda harakat faolligining rivojlanishi

36

1.5. Kichik maktab yoshidagi bolalar organizmining fiziologik xususiyatlari

38




1.6. O’rta maktab yoshidagi bolalar organizmining fiziologik xususiyatlari

46

II. Bob. Metodika

50

2.1. Antropometrik o’lchovlarni o’tkazish usullari

50

III. BOB. Asosiy qism

52

3.1. Bolalar va o’smirlarning bo’yini balandligiga akselerasiyani ta’siri

52

3.2. Bolalar va o’smirlarningn tana vazniga akselerasiyani ta’siri

61

3.3. Bolalar va o’smirlarning ko’krak qafasi kengligiga akselerasiyani ta’siri

68

3.4. Akselerasiya va bolalar sporti

75

MUXOKAMA

78

XULOSALAR

81

Amaliy tavsiyalar

82

Adabiyotlar ro’yxati

83

KIRISH
1. Ishning dolzarbligi. O’zbekistonda jismoniy tarbiya va sportga qaratilgan e’tibor kun sayin ortib bormoqda. Bu to’g’risida bir qator Prezident farmonlari va qarorlari e’lon qilingan. Ayniqsa Respublika Prezidenti I.A.Karimov tomonidan bolalar sportini rivojlantirishga qaratilgan farmon va qarorlari katta ahamiyatga molikdir. Bu bolalar va o’smirlarni har tomonlama barkamol bo’lib voyaga yetishlari uchun asos bo’ladi. O’rganilgan masalada ham bolalar va o’smirlarni jismoniy rivojlanishini kuzatib borish hamda shunga mos ravishda jismoniy tarbiya va sport bilan bolalarni shug’ullantirishni muammolari to’g’risida so’z yuritilgan.

Hozirgi zamon yosh morfologiyasi va fiziologiyasi juda ko’p ilmiy izlanish yo’nalishlarga ega bo’lib ular medisina amaliyoti, pedagogika va jismoniy tarbiya bilan chambarchas bog’langandir. Asosiy muamolar qatoriga hozirgi zamon odamlarining organizmida davrdan davrga va alodan-avlodga bo’layotgan o’zgarishlar kiradi va ularni sabab mexanizmlarini aniqlash muhim ahamiyatga ega. Oxirgi o’n ming yillar davomida odam Homo Sapiens turining vakili sifatida evolyusiya stabil hisoblanadi. U tana andozlarining hamda alohida qismlarning ko’rsatkichlarini miqdoriy o’zgarishlariga qaramasdan o’zining tuzilmalarining sifatli xarakteristikasini o’zgartirmasdan holda saqlab kemoqda. Tarixiy jarayonda belgilarni o’sish va pasayishi hamda o’sishni tezlashuvi (akselerasiya) va susayishi (retardasiya) almashib turgan va qaysi bir etapda ko’rsatkichlar stabillashuvgan, shundan keyin yana o’sishni tezlashuvi yuzaga kelgan. Bunday o’zgaruvchanlikni sabablarini o’rganish individual rivojlanish omillarini aniqlashga yordam beradi.

Ma’lumki «asr tendensiyasi» rivojlanish akselerasiyasi qatorida yana kompleks holatlarni o’z ichiga oladi u faqat yoshi katta aholi uchun xarakterlidir. Qayd qilinganlarni birinchisini ham ikkinchisini ham ma’lum omillar keltirib chiqaradi va ular bir-biriga o’xshashdir. Shunga ko’ra ularni kompleks o’rganish maqsadga muvofiqdir.

Rivojlanish akselerasiyasi hozirgi zamonning dolzarb muammosi hisoblanadi. Uning qanday sabablari va oqibati mavjud hamda qancha muddat davom etish kabi savollarga o’zining aniq javobiga ega emas. Rivojlanish akselerasiyasini tahlili aholini jismoniy rivojlanishini vaqtinchalik dinamikasini jamiyatning aniq tarixiy va ijtimoiy o’zgarishlarida hamda tabiat sharoitlarini o’zgarishi fonida o’rganishni talab qiladi.

Bundan tashqari rivojlanish akselerasiyasini o’rganish bolalar va o’smirlarni o’sish va rivojlanishiga uning qanday ta’sir etayotganligiga va uning sabablari nimalardan iborat ekanligiga oydinlik kiritishga yordam beradi.

Akselerasiya o’sib kelayotgan avlodni tarbiyalashga oid bir qancha amaliy vazifalarni kun tartibiga qo’ymoqda: bolalar va o’smirlarning salomatligi, jismoniy va ruhiy rivojlanish holatidagi davomiylikni, ularning jismoniy tarbiyasi, ayniqsa jinsiy yetuklik davridagi rivojlanishni tibbiy nazorat qilishni takomillashtirish, organizmga tushadigan og’irlikni me’yoriga keltirish shunday vazifalar jumlasidandir. Fiziologik (kalendar yoshgina emas) yosh munosabati bilan bir qancha umumiy va sport pedagogikasi vazifalari bor.

Zamonaviy sportning xarakterli xususiyatlardan biri yosh sportchilarni tayyorlashni barcha etaplarida unga qatnashuvchilarni yoshartirish hamda trenirovka jarayonlarini o’zgartirish hisoblanadi. Bunday tendensiya hozirgi vaqtda juda ko’p sport turlari bo’yicha haftalik trenirovkani 5-12 marta bo’lishiga olib keldi. Juda ko’p musobaqalarda (shahar, viloyat, respublika, Osiyo va Jahon chempionatlarida) turli sport turlari bo’yicha balog’at yoshga yetmagan o’g’il va qiz bolalanr qatnashib g’olib bo’lishmoqda. Bunday holatlar hozirgacha bir tomonlama izohga ega emas.

Buning asosida rivojlanish akselerasiyasini ta’siri bo’lishi mumkinligini ilmiy manbalarda uchratish mumkin (H.Grimm)


2. Tadqiqot obyekti va predmetning belgilanishi. Akselerasiyani O’zbekiston sharoitida (Samarqand misolida) rivojlanishi va uni bolalar va o’smirlarni jismoniy rivojlanishiga ta’siri qishloq hamda shahar sharoitida o’rganilgan. Natijalar ilmiy manbalardagi ma’lumotlar bilan solishtirilgan.
3. Tadqiqotning maqsadi va vazifalari. O’zbekistonda yashovchi bolalar va (Samarqand misolida) o’smirlarda akselerasiyani ta’sirini o’rganish.

Vazifalari:

1. Bolalar va o’smirlarning bo’yini balandligiga akselerasiyani ta’sirini o’rganish.

2. Bolalar va o’smirlarning tana vazniga akselerasiyani ta’sirini o’rganish.

3. Bolalar va o’smirlarning ko’krak qafasi kengligiga akselerasiyani ta’sirini o’rganish.
4. Tadqiqotning asosiy masalalari va vazifalari. Hozirgi vaqtda akselerasiya masalasini o’rganish dolzarbligiga qolmoqda. Uni kelib chiqish sabablarini o’rganish muhim amaliy ahamiyatga ega. O’zbekiston sharoitida akselerasiyani o’rganish va tahlil etish asosiy masala hisoblanadi. Akselerasiyani bolalar va o’smirlarni jismoniy rivojlanishini somatometrik ko’rsatkichlarida ta’sirini aniqlash va xulosalar berish tadqiqotning asosiy vazifasi hisoblanadi.
5. Mavzu bo’yicha qisqacha adabiyotlar tahlili. Akselerasiya masalasi bo’yicha bir qator ilmiy izlanishlarning (B.A.Nikityuk, I.A.Arshavskiy, S.S.Solexo’jayev va boshqalar) bo’lishiga qaramasdan bu muammo oxirigacha o’z yechimini topmagan. Ayniqsa O’zbekiston sharoitida bu masala kam o’rganilgan va ko’proq yangi tug’ilgan va maktabgacha tarbiya yoshidagi bolalarda qisman o’rganilgan (S.S.Solexo’jayev)
6. Tadqiqotda qo’llanilgan uslubiyatning qisqacha taxlili. Statistik, matematik tahlil
7. Tadqiqotning natijalarni nazariy-amaliy ahamiyati. Bolalar va o’smirlarning jismoniy rivojlanishi va salomatligini kuzatib borish, ularning sog’ligini tibbiy nazorat etish sistemasida muhim bo’g’indir.

Jismoniy rivojlanish deganda bola biologik rivojlanishining yosh darajasini belgilab beruvchi morfologik funksional belgilar majmuasi tushuniladi. Shu bilan birgalikda jismoniy rivojlanish, shubhasiz, har bir shaxs rivojlanishining bir tomoni bo’lib, muhit va genetik omillar bilan bog’liq biologik jarayondir.

Iqlimi turlicha bo’lgan jug’rofiy joylarda, har xil mintaqalarda, shahar va qishloqlarda yashovchi bo­lalar va o’smirlarning jismoniy rivojlanish sur’atlari bir-biridan farq qiladi. Bu juda ko’p omillar: tashqi muhit ta’siri, ovqatlanishdagi milliy xususiyatlar va an’analar, tarbiyaviy, genetik va boshqa omil­lar bilan izoxlanadi. Shu munosabat bilan mazkur masalani o’rganish muayyan ilmiy va amaliy qiziqish uyg’otadi.

So’nggi 100—130 yil ichida jahondagi ko’pgina mamlakatlarda akselerasiya jarayoni, ya’ni bolalar va o’smirlarning avvalgi avlodga nisbatan o’sishi va rivojlanishining jadallashuvi kuzatilmoqda. Bu holat maxsus adabiyotlarda rivojlanish akselerasiyasi, taraqqiyotidagi bosqichli siljish, avlodlar biomorfoziyasi deb aladi.

Bir qator mualliflarning, xususan, G.P.Salnikova, M.V.Antropova va boshqalarning tadqiqotlarida so’ngi 10-15 yil mobaynida o’g’il bolalar tanasining uzunligi o’rtacha 1,5 santimetrdan 5-,1 sm ga, qiz bolalarda esa 2,1 santimetrdan 3,9 santimetrga o’sganligi qayd etilgan.

Jismoniy rivojlanishning boshqa ko’rsatkichlari bo’yicha ham o’sish jarayoni yuz bergan.

Hozirgi vaqtda shunday ma’lumotlar borki, ularga ko’ra, bola hali ona qornidaligidayoq, uning o’sish ener­giyasi oshadi va hayotining faol davri tugaguncha, ya’ni organizmdagi barcha o’sish va rivojlanish jarayonlari nihoyasiga yetguncha davom etadi. G. N. Serdyukovskaya bilan R.A.Kalyujnaya (1928) ning ma’lumotlariga ko’ra, akselerasiya o’smirlik davrida (11-16 yosh) eng yuqori jadallikka yetadi.

Shaxsning haqiqiy «biologik yoshi» muayyan suyaklarning tog’aylarida suyaklanish holati bilan belgilanadi. Hozirgi vaqtda suyaklanish muddatlari o’zgarib ketdi. Bu jarayon yaqindagina 1963 yildagi tegishli muddatga nisbatan 1-2 yil oldin boshlanib, tugaydi. Tananing o’sishi ertaroq tugaydi: o’tgan asrda erkaklar 26 yoshgacha, 1940 yilgacha esa, o’sha mualliflarning ma’lumotlariga ko’ra, 21 yoshgacha o’sgan bo’lsa, hozir bu jarayon yigitlarda 18-19 yoshda, qizlarda esa 16-17 yoshda tugamoqda.

V.G. Vlastovskaya bolalarning jismoniy rivojlanishi xususidagi ko’p yillik kuzatishlarni tahlil etar ekan, bugungi kunda 8 yoshli bola jismoniy rivojlanish darajasi bo’yicha 9 yoshli bolaga, 16 yoshli o’smir esa asr boshida yashagan 17 yoshli yigitga to’g’ri keladi, degan xulosa chiqaradi. Qizlarda esa shu yoshdagi davrda hayz ko’rishning boshlanishi bir muncha ertaroq muddatga, har o’n yillikda taxminan 4 oyga (Solovyeva B.C.; Yampolskaya Yu. A.,) suriladi. Masalan, biron-bir darajada o’tkazilgan tadqiqotlar akselerasiya jarayoni hamma joyda o’sishning barcha davrlarida, ona qornidan boshlab, to qariguncha davom etishini ko’rsatadi.

Taraqqiyotning jadallashuvi xususidagi ma’lumotlarning to’planishiga qarab, ana shu xodisani izohlash uchun taxminlar paydo bo’la boshladi. Maxsus kitoblarda akselerasiyaning 50 ta omili keltiriladi. Bular geliogen, klimatik, elektr magnit tebranishlari, ionlashtiruvchi nurlanishlar, taxmin, urbanizasiya va x.q.

So’nggi o’n yillikda akselerasiyaning genetik taxmini bir qator tadqiqotchilarning e’tiborini tortmoqda. Ular akselerasiyaning sababini bir-birlaridan olisda istikomat qiluvchi kishilar o’rtasidagi nikoh bilan bog’liq genetik samarada deb bilmoqdalar.

B.A.Nikityuk, T.S.Krivoruchko va boshqalarnin tadqiqotlarida shu narsa ko’tarilganki, otasi va onasining vatani o’rtasidagi masofa uzaygan sayin, bolalarda jismoniy rivojlanish ko’rsatkichlari oshib, yetilishi tezlashadi.

V.G.Vlastovskayaning fikricha, yer yuzi axolisining faol aralashib ketishi tufayli sodir bo’ladigan irsiyatning o’zgarishi akselerasiyaga asos bo’ladi.

Bir qator mualliflar qo’yidagi fikrni bildirishadi; akselerasiya genetik va muhit omillari majmuasi bilan asoslanadi. Bunda ijtimoiy-iqtisodiy turmush sharoitlari asosiy ahamiyatga ega bo’ladi. (Grombax S.M.,; Salnikova G. P.; Korsayevskaya T. V va boshqalar).

Ba’zi tadqiqotchilar (Motilyanskaya R. B. va boshqalar) jismoniy tarbiya hamda sport yosh avlodning o’sish va rivojlanishiga rag’batllantiruvchi ta’sir o’tkazadi degan fikrni bildiradilar.

Bolalar va o’smirlarning jismoniy rivojlanishda yanada yuqori ko’rsatkichlarga erishuvi, ularning tez rivojlanishiga olib keladi. Bu esa ularni uzoq vaqt mobaynida uzluksiz o’rganish paytida aniqlangan.

Biroq, tilga olingan omillarning birontasi ham akselerasiya jarayoni xususiy mexanizmlarining sabablarini ochib bera olmaydi, uning biologik jihatdan ijtimoiy mohiyati va murakkabligini istisno etmaydi.

R. A. Kolyujnaya va G. N. Serdyukovskaya o’sib kelayotgan organizmning biologik-kimyoviy va ijtimoiy omillar ahamiyatini va organizmning shakllanishini o’rganishar ekan, akselerasiya masalalarida ijtimoiy omillarning ahamiyati katta ekanligini ta’kidlaydilar. Ijtimoiy turmush sharoitlarining, ovqatlanishning yaxshilanishi, jismoniy tarbiya, madaniyatning yuksalishi va hokazolar akselerasiyaning asosiy jihatlari, deb xisoblaydilar.

Shunday qilib, ko’pgina mualliflar akselerasiyani ijtimoiy va biologik tibbiy omillarning bolalar organizmiga ta’sirini obyektiv aks ettiruvchi ijobiy hodisa deb bilmoqdalar. Chunki bolalarning jismoniy rivojlanishidagi va jinsiy yetilish sur’atidagi siljishlar bilan bir qatorda ularda harakat imkoniyatlari yaxshilangani, sportda yaxshi natijalarga erishganliklari ham qayd etiladi. (Vlastovskaya V. G.; Yurjinova I., Volkov V. M. va boshqalar).

Ushbu masalaning murakkabligini e’tiborga olganda, akselerasiya biologlar va tibbiyot xodimlarigina, emas, shu bilan birga pedagogika, psixologiya va sosiologiya xodimlari ham o’rganadigan fandir. Ana shu fanlarning namoyandalarini mazkur jarayonning noxush jihatlari tashvishlantiradi. Chunki yoshlarning biologik va ijtimoiy yetukligi o’rtasida muayyan uzilish borligi qayd etiladi: biologik yetuklik ijtimoiy yetuklikdan ancha ilgari boshlanadi.

Akselerasiya o’sib kelayotgan avlodni tarbiyalashga oid bir qancha amaliy vazifalarni kun tartibiga qo’ydi: bolalar va o’smirlarning salomatligi, jismoniy ruhiy rivojlanish holatidagi davomiylikni, ularning jismoniy tarbiyasi, ayniqsa jinsiy yetuklik davridagi rivojlanishini tibbiy nazorat qilishni takomilashtirish, organizmga tushadigan og’irlikni normaga keltirish shunday vazifalar jumlasidandir.
8. Tadqiqotning ilmiy yangiligi. Asr tendensiyasi hisoblangan akselerasiyani rivojlanishini O’zbekiston sharoitida (Samarqand misolida) maktab yoshidagi bolalarda o’rganildi. Qishloq sharoitida va shahar sharoitida yashovchi bolalar va o’smirlarning jismoniy rivojlanishining somatometrik ko’rsatkichlariga ta’siri o’rganildi va natijalarga ko’ra qishloq sharoitida yashovchi o’g’il va qiz bolalarni jismoniy rivojlanishining somatometrik ko’rsatkichlari shaharda yashovchi bolalarda nisbatan ancha oldinga siljigan. Bu albatta qishloq sharoitining o’ziga xos turmush tarzi, muhiti va omillarini ta’sirida bo’lishi mumkin. Shunga ko’ra akselerasiyani rivojlanishi qishloq sharoitida shahar nisbatan ancha tez ekanligi aniqlandi. Akselerasiyani bolalar sporti bilan bog’liq masalasi ham nazariy va amaliy tomondan izohlab berildi.
9. Ishning o’rganilgan darajasi. Hozirgi vaqtda yosh morfologiya va fiziologiyasi juda ko’p ilmiy – tadqiqot yo’nalishllarga ega. Bu yo’nalishlar amaliy medisina, pedagogika va jismoniy tarbiyani qamrab olgan. Bolalar va o’smirlarni jismoniy rivojlanishini xususidagi yalpi tadqiqotlar natijalari salomatlikdagi siljillarni qayd etishi va joriy etilgan sog’lomlashtirish tadbirlarining samaradorligini rivojlantirish va unga baho berish, o’sish ko’rsaktichlari deb hisoblanishi mumkin.

So’ngi 100-130 yil ichida jahondagi ko’pgina mamlakatlarda akselerasiya jarayoni, ya’ni bolalar va o’smirlarning avvalgi avlodga nisbatan o’sishi va rivojlanishining jadallashuvi kuzatilmoqda. Bu holat maxsus adabiyotlarda rivojlanish akselerasiyasi taraqqiyotdagi bosqichli siljish, avlodlar biomerfoziyasi deb ataladi.

Hozirgi vaqtda shunday ma’lumotlar borki, ularga ko’ra, bola hali ona qornidanigidayoq, uning o’sish energiyasi oshadi va hayotning faol davri tugagunga, ya’ni organizmdagi barcha o’sish va rivojlanish jarayonlari nihoyasiga yetguncha davom etadi. G.N.Serdyukovskaya bilan R.A.Kalyujnayaning ma’lumotlariga ko’ra akselerasiya o’smirlik davrida eng yuqori jadallikka yetadi.

Bir asrdan ko’p vaqt mobaynida rivojlanish akselerasiyasi ko’pgina Yevropa mamlakatlarida o’rganilib kelinmoqda. Bu to’g’risida juda ko’p ilmiy ma’lumotlar mavjud. Ilmiy tadqiqotlar natijalariga ko’ra akselerasiyani kelib chiqishl sabablarini ko’rsatilgan. Ammo bu sabablarni birortasi ham alohida olinganda akselerasiyasini kelib chiqish sabablari izohlay olmaydi. Bu sohada hozirgi vaqtda ham ilmiy izlanishlar olib borilmoqda.

O’tgan asrning 1980 yillarida rus olimlari tomonidan Moskva shahrida yashovchi bolalar va o’smirlarning jismoniy rivojlanishi tadqiq etilgan. Ushbu tadqiqotlarda 8 yoshdan 18 yoshgacha bolalarni tana andozlari o’rganilib chiqilgan.

Tadqiqotlar natijalariga ko’ra Moskva shahrida yashovchi 8 yoshli bolalarni bo’yini balandligi 1890 yildan to 1982 yilgacha to’xtovsiz o’sib kelgan. N.M.Mixaylovani ma’lumotlariga ko’ra o’g’il bolalarni bo’yini balandligi 117,8 sm, qizlardaki 116,4 sm tashkil etgan, 1981 yildagi ma’lumotlarga ko’ra o’g’il bolalarni bo’yini balandligi 127,4 sm va qizlardiki esa 131,5 sm ni tashkil etgan. Ammo bunday o’sish bir tekisda bo’lmagan. Natijalardan ko’rinib turiptiki 91 yil davomida o’g’il bolalarni bo’yi 9,6 sm ga, qiz bolalardiki esa 15,1 sm ga o’sgan. Bunday tadqiqotlarni o’tkazilganligi to’g’risida ilmiy nashrlarda ma’lumotlar mavjud. Tadqiqotlar ko’proq yangi tug’ilgan bolalarda hamda maktabgacha yoshdagi bolalarda o’tkazilgan. Ma’lumotlardan ko’rinib turiptiki bu sohada tadqiqotlar o’tkazilgan va natijalari o’rganilib tahlil etilgan.

Boshqa mamlakatlarda o’rganilganligi kabi Markaziy Osiyo respublikalarida ham ushbu tadqiqotlar o’tkazilgan, ammo bu tadqiqotlar ko’proq yangi tug’ilgan bolalar bilan o’tkazilgan. O’zbekiston sharoitida akselerasiyani o’rganish uchun ko’proq oilaviy yaqin bo’lmagan oilalar bolalari tadqiq etilgan.

Yangi qurilgan oilalarda erkak va ayolni oldingi yashash masofalari millatlar o’rtasida tuzilgan oilalar farzandlarini jismoniy rivojlanish darajasi bitta millat o’rtasida tuzilgan oilalar farzandlariga nisbatan yuqori ekanligi aniqlangan.

Ma’lumotlardan shunday xulosa qilish mumkinki tadqiqotlar ko’proq yangi tug’ilgan bolalar bilan o’tkazilgan va ilmiy adabiyotlarda bu to’g’risida ma’lumotlar mavjud. O’zbekistonda esa ushbu masalani o’rganilganligi to’g’risida ma’lumotlar juda kam uchraydi. Shu munosabat bilan O’zbekiston sharoitida ham ushbu masalani kengroq o’rganish muhim amaliy ahamiyat kasb etadi.
10. Ish haqida qilingan ma’ruzalar. Ishning asosiy xulosalari 2011, 2013 o’quv yillarida magistrlar ilmiy amaliy anjumanlarida ma’ruza qilingan.
11. Ishni chop etilgan darajasi. 1. Aminjanov Sh.A., Axtamov U.S. Akselerasiya va uning bolalar hamda o’smirlar organizmining jismoniy rivojlanishiga ta’siri. Jismoniy tarbiya va sport mashg’ulotlari nazariyasi va uslubiyatining zamonaviy muammolari. Xalqaro ilmiy-anjuman to’plami. Toshkent, 2012.

2. Aminjanov Sh.A., Axtamov U.S. Bolalar va o’smirlarni jismoniy rivojlanishiga akselerasiyaning ta’siri. Jismoniy tarbiya va sportning yangi davrdagi muammolari mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi to’plami. Buxoro, 2013.

3. Aminjanov Sh.A., Axtamov U.S. Bolalar va o’smirlar organizmiga yengil atletika mashg’ulotlarining ta’siri. Jismoniy tarbiya va sportning yangi davrdagi muammolari mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi to’plami. Buxoro, 2013.

I. BOB. Adabiyotlar sharhi

1.1. Bolalar va o’smirlar organizmi o’sish va rivojlanishining umumiy qonuniyatlari
Bolalarni to'g'ri tarbiyalash uchun ular organizmining o'sishi va rivojlanishi kabi asosiy xususiyatlarini bilish zarur. O'sish va rivojlanish barcha tirik organizmlar kabi odam organizmiga xos xususiyatdir. Organizmning har tomonlama o'sishi va rivojlanishi uning paydo bo'lgan vaqtidan boshlanadi. Bu ikki jarayon murakkab hisoblanib, bir butun va bir-biriga bog'langandir.

O'sish deganda tana hujayralarining ko'payishi natijasida tirik organizm o'lchamlarining ortishi, ya'ni bo'yning cho'zilishi, og'irlikning ortishi tushuniladi. Bola ma'lum yoshgacha to'xtovsiz, ammo o'sish davrida ayrim tana qismlarining nomunosib o'sishi (bosh, oyoq, qo'l suyaklari, ko'krak qafasi va qorin bo'shlig'i ichki organlari) turli yoshda har xil jadallikda bo'lishi mumkin, shunga qaramasdan barcha to'qima va hujaylarda ya'ni organlarda o'sish bir vaqtda, ayollarda o'rtacha 18-19 yoshgacha, yigitlarda 19-20 yoshgacha tugallanadi.

O'sish qatorida hujayrada ularning bajaradigan vazifasining ortishi jarayoni kuzatiladi. Bu rivojlanish jarayonidir. Rivojlanish deganda o'sayotgan organizm to'qima, hujayra va organlarining shakllanishi, ya'ni bola organizmi hujayralarining takomillashib, o'smirlik va yetuk yoshdagi odamlarga xos bo'lgan bir muncha murakkab tizimlarga ega bo'lishiga aytiladi.

Bunga, voyaga yetgan davrdan boshlanadigan qarish jarayonlari ham kiradi va qoidaga binoan, organizmni qayta rivojlanishi boshlanadi. Rivojlanish jarayoni a'zolar va ularning tizimlari faoliyatini funksional differensiyalanishi va takomillanishida namoyon bo'ladi. Masalan, markaziy asab tizimining reflektor faoliyatini ichki kortikal aloqalarni, yurak-tomir, ovqat hazm qilish, tayanch-harakatlanishi va boshqa tizmlarning murakkablashuvi va rivojlanishi hisobiga takomillashuvida bilinadi.

O'sish va rivojlanish tirik materiyaning umumiy biologik xususiyatlari hisoblanadi, uzluksiz ilgarilovchi jarayon ko'rinishida bo'ladi. U yoki bu fiziologik tizimlarning tuzilishida yoki faoliyatida yoshga oid xususiyatlarning mavjudligi, bola organizmini alohida yoshga oid davrida to'laqonli rivojlanganligini ko'rsatmaydi. Aynan shunday o'ziga xos xususiyatlar majmui u yoki bu yosh davrini tavsiflaydi. Organizm o'sishi va rivojlanishida barcha etaplarni bolalik, o'smirlik, yoshlik, yetuklik davrlarini bosib o'tadi. O'sish bu organizmning miqdor ko'rsatkichi rivojlanish esa sifat ko'rsatkichi bo'lib, bu ikki jarayon notekislik ya'ni geteroxroniya, uzluksizlik va akseleratsiya jarayonlari asosida yuzaga chiqadi.

Notekis rivojlanish yoki geteroxroniya. Organizmning normal holatida o'sish va rivojlanish bir-biri bilan juda yaqin aloqada va hamkorlikda bo'lsa ham, ular bir vaqtda va bir xil jadallikda sodir bo'lmaydi, chunki biron-bir a'zo massasining kattalashishi uni bir vaqtda funksional jihatdan takomillashuvini bildirmaydi. Ontogenezda birinchi navbatda, ontogenezning ushbu bosqichida yoki yaqin kelajagida organizmni yashashi uchun zarur bo'lgan a'zo va tizimlarning rivojlanish tezligi o'zgaradi. Ushbu bosqichda zarur bo'lmagan funksional tizimlarning rivojlanishi esa, aksincha orqada qoladi.

Geteroxroniyaga misollardan ayrimlarini ko'rib chiqamiz. Go'dakni tug'ilgan vaqtida yashashini ta'minlash uchun, ontogenezning birinchi bosqichida hayot uchun muhim ahamiyatga ega bo'lgan funksional tizimlari uning embriogenez jarayonida oldindan yetiladi. Bunga, go'dakning sut emish, yo'talish, ko'zini ochib-yumish va shu kabi uni ovqatlanishi, muhitning zararli ta'sirlaridan himoyalanish funksiyalarini ta'minlovchi reflekslari kiradi. Ushbu reflekslarning biologik faolligi muhimdir. Agar chaqaloq tug'ilgan vaqtda, uning so'rish funksional tizimi yetilmagan bo'lsa (bola muddatidan ancha ilgari tug'ilgan holatda yuzaga keladi) unda so'rish refleksini chiqarish uchun choralar ko'rish zarurati kelib chiqadi. Aksirish, yo'talish va ko'zni ochib-yumish reflekslari yordamida go'dakning nafas yo'llari hamda ko'z soqqasidagi uning hayoti uchun xavfli holatni yuzaga keltirishi mumkin bo'lgan zarrachalar va changlar chiqarib yuboriladi. Tug'ilish vaqtida yetilmagan yoki to'liq yetilmagan funksional tizimlar mavjud. Go'dak kallasi terisida asab oxirlariga ega bo'lgan uchlamchi asab, tug'ilish vaqtida o'ziga xos bo'lgan funksiyalarni bajarishga tuzilmaviy va funksional jihatdan tayyor bo'lmas ekan. Buyrak innervatsiyasida geteroxroniya, simpatik innervatsiyaning yetilishini, ilgarilab ketishi ko'rinishida namoyon bo'ladi, parasimpatik innervatsiya (adashgan asab) esa, faqatgina 15-16 yoshga kelib yurak faoliyatini boshqarishda to'liq qatnasha boshlaydi.

Odam rivojlanishining uzluksiz jarayonida bunday geteroxron yetilishi va funksional tizimlarning almashishi uzoq muddatli filogenez va ontogenez hamda evolyutsion qayta o'zgarishlarda moslashishning progressiv shakllarini nasliy mustahkamlanishi oqibati hisoblanadi.

P.K.Anoxinning fikri bo'yicha, tug'ilish vaqtiga kelib, to'laqonli funksional tizim quyidagi bo'g'inlarga ega bo'lishi kerak: bola organizmida bo'ladigan o'ziga xos ta'sirlarni qabul qila olish qobilyatiga ega bo'lgan retseptor apparatlar; asab tizimining o'tkazuvchi qismlari; markaziy neyronlararo aloqalar; periferik ishchi apparatlar va qaytar afferent axborotni ta'minlovchi afferent apparatlar birligi. Tuzilmaviy rivojlanishning geteroxron jarayonlari tizim ichida ham (ya'ni bitta funksional tizim doirasida), tizimlararo (yani alohida tuzilmaviy hosilalar organizmning postnatal rivojlanishining turli davrlarida unga zarur bo'lganda) ham bo'lishi mumkin.

Yangi tug'ilgan go'dak nisbatan kalta qo'1-oyoqlari, tanasi va boshining kattaligi bilan farqlanadi. Uning kallasining uzunligi tanasi uzunligining 1/4 qismini, ikki yashar bolada esa - 1/5, olti yasharda - 1/6, o'n ikki yasharda - 1/7 va voyaga yetgan odamda - 1/8 qismni tashkil etadi. Yosh kattalashgan sari kallaning o'sishi sekinlashadi, oyoq-qo'llarning o'sishi esa kuchayadi. Jinsiy yetilish davrining boshlanishiga qadar tana proporsiyalarida farq bo'lmaydi va ular pubertat davrida yuzaga chiqadi.

Tananing bo'yi va eni o'rtasidagi proporsiyalarni turlicha bo'lishining uchta bosqichini ajratish mumkin: 4 yoshdan 6 yoshgacha, 6 dan 15 yoshgacha va 15 dan to voyaga yetgunga qadar. Agar, pubertatoldi davrida umumiy bo'y oyoqlarining o'sishi hisobiga ortsa, pubertat davrida esa-tananing o'sishi hisobiga (suyaklarning qalinlashishi va mushak to'qimalarining o'sishi) ortadi.

Tananing bo'yiga o'sishining notekisligi quyidagicha namoyon bo'ladi. Yangi tug'ilgan bolaning bo'yi 48-52 sm bo'ladi. Bola hayotining birinchi yilida uning bo'yi 25 sm o'sadi va 75 smni tashkil qiladi. Ikkinchi yili tananing o'sishi sekinlashadi va u faqat 1G sm ga o'sadi. Keyingi yillarda (6-7 yoshgacha) o'sish tezligi yanada sekinlashadi. Kichik maktab yoshining boshlanishida bo'y 6-10 sm, 8-10 yoshga kelib esa - 3-5 sm ga o'sadi. Jinsiy balog'atga yetish davrida o'sish tezligi yana ortadi, har yili o'sish 5-10 sm tashkil etadi. Tana o'sishining eng ko'p ortishi qiz bolalarda 12 yoshga kelib, o'g'il bolalarda esa 15 yoshda kuzatiladi. Bo'yning o'sishi asosan qiz bolalarda 19 yoshga kelib, o'g'il bolalarda esa 20 yoshga kelib tugallanadi. Yangi tug'ilgan davrdan to voyaga yetgunga qadar insonning bo'yi 3, tanasi - 3,5, qo'llari - 4, oyoqlari - 5 marotaba uzunlashadi. Tananing bo'yiga o'sishi hayotning birinchi yilida uning massasini ortishi bilan, keyingi davrda sekinlashishi esa - funksional tizimlarning hujayralari, to'qimalari, azolari differensiyalashuvi jarayonlarini faollashuvi bilan bog'liq bo'ladi.

Tana vazni yoshga qarab quyidagicha o'zgaradi. Yangi tug'ilgan qiz bolalarning o'rtacha vazni 3,5 kg, o'g'il bolalarniki esa 3,4 kg bo'ladi. Bolaning vazni tug'ilganidan keyin birinchi oyda 600 g, ikkinchi oyda 800 g ortadi. Bir yashar bolaning vazni tug'ilganidagi vaznidan uch marta ortib 9-10 kg ga yetadi. 2 yoshda bolaning vazniga 2,5-3,5 qo'shiladi. 4, 5, 6 yoshlarda bola vazniga har yili 1,5-2 kg qo'shilib boradi. 7 yoshdan boshlab uning vazni tez ortib boradi. 10 yoshgacha o'g'il bolalar bilan qiz bolalar vazni bir xil o'zgaradi. Jinsiy yetilish boshlanishi bilan qizlarning vazni 4,5-5 kg dan 14-15 yoshda har yili 5-8 kg ortadi. O'g'il bolalarda esa 13-14 yoshdan vazni 7-8 kg ortadi, 15 yoshdan boshlab esa ularning vazni qizlarning vaznidan ortib ketadi.

Lekin, faol o'sish davrlari jadal differensiyalashuv davrlari bilan mos kelmasligi mumkin. Masalan, bosh miya va orqa miya massasining o'sishi 18 yoshga kelib voyaga yetgan inson miyasi og'irligiga tenglashgan holda, deyarli yakunlanishi mumkin, uning asab tizimining funksional takomillashuvi esa yana uzoq muddat sodir bo'ladi.

Rivojlanishning uzluksizligi. O'sish va rivojlanish jarayonlari uzluksiz sodir bo'lishi aniqlangan va u organizmning o'zgarishlarida, yani uning yangilanishida, yangi hujayralarning paydo bo'lishida, funksiyalarning va faoliyat turlarining murakkablashishida hamda takomillashishida namoyon bo'ladi. Yurishning boshlanishi va motorikaning keyingi rivojlanishi, birinchi so'zlar va nutq funksiyasining keyinchalik rivojlanishi, jinsiy balog'atga yetish davrida bolaning o'spiringa aylanishi, markaziy asab tizimining va birinchi galda bosh miya po'stlog'ining uzluksiz rivojlanishi hamda reflektor faoliyatining murakkablashuvi-rivojlanishning bu bosqichlari organizmdagi ko'p qirrali va turli xildagi uzluksiz o'zgarishlarning bir qisminigina tashkil qiladi. Bunda barcha a'zolar va to'qimalarning rivojlanishi ularning funksional jihatdan takomillashuvi bilan bir vaqtda sodir bo'ladi.

Uzluksiz rivojlanish qarilik chog'ida ham kuzatiladi va u involyutsion tavsifga ega. Qarilik chog'ida organizmda sodir boiadigan o'zgarishlar juda murakkab va ushbu muammo buyuk allomalarni juda qadimdan o'ziga jalb qilganligiga qaramasdan hali yetarlicha o'rganilgani yo'q.

Rivojlanishning individualligini bolaning aqliy rivojlanishi misolida ko'rish mumkin. Bunga ayrim hollarda bolaning aqliy jihatdan orqada qolishi bo'lsa, boshqa hollarda shaxsning nisbatan tez o'zib ketishi sabab bo'ladi. Birinchi holda bu xususiyatning ustunligi kichik maktab yoshidagi bolalarga xos bo'lsa, boshqa holatda o'qituvchining dars berish mahoratiga ham bog'liqdir. Ikkinchi holatda o'quvchi o'z sinfdoshlaridan o'zib ketgan holda, u mustaqil bo'lishga va o'zbilarmonlikka berilib, o'qituvchiga ham bo'ysunmay qoladi. Shuning uchun bolalarni nisbatan o'zib ketishiga nisbiy munosabatda bo'lish kerak. Bolalarni individual o'sish va rivojlanishini e'tiborga olmasdan turib ta'lim-tarbiya ishlarini amalga oshirish mumkin emas. Bolalarning yoshlariga nisbatan aqliy kamol topishi ularning shaxsiy qobiliyatiga va atrof-muhit sharoitiga ham bog'liqdir. Ularning aqliy va psixologik rivojlanishi bolalarni o'rab turgan muhitga va o'quv-tarbiyaviy ishlarga ham bog'liqdir. Shuni yodda tutish kerakki, bolalarni nisbatan bir necha yil bir xil sharoitda yashashi ularning shaxsiy o'sish suratiga ta'sir etadi. Shu bilan birga kichik maktab yoshidagi bolalar o'rtasida o'ta qobiliyatlilari ham uchrab turadi. Bularni «vunderkind»lar (nemis tilida sehrli bolalar) deyiladi. Ko'pgina atoqli kishilarning yoshligidanoq katta qobiliyatga ega bo'lganliklari bizga ma'lum. Jumladan, buyuk allomalarimizdan Abu Rayhon Beruniy, Alisher Navoiy va Abu Ali ibn Sinolarni misol keltirishimiz mumkin. Abu Ali ibn Sino 16-17 yoshidanoq mashhur tabib-hakim bo'lib tanilgan. Dunyoning birinchi vunderkindi deb italiya yozuvchisi Torkvato Tasso e'lon qilingan. U 13 yoshida Balon universiteti talabasi bo'lgan. Viktor Gyugo esa 12 yoshida Fransiya Akademiyasining rag' batnomasini olgan. Yana buyuk kompozitor Motsartni misol qilishimiz mumkin. U 4 yoshida musiqa yozgan. Hozirgi davrda bunday bolalarga mamlakatimizda katta e'tibor berilmoqda. Ular uchun maxsus litsey va gimnaziyalar tashkil etilgan.

Bolalarning jismoniy, aqliy va jinsiy jihatdan rivojlanishida yuqorida aytib o'tilganidek, irsiy faktorlar bilan bir qatorda turmush sharoiti, maktab va litseydagi mehnat faoliyati, jismoniy mashqlar, kasalliklar bilan og'rigani muhim ahamiyatga ega.

Bundan tashqari, ob-havo sharoiti, iqlim sharoiti, quyosh radiatsiyasi ham ularning o'sishi va rivojlanishiga katta ta'sir ko'rsatadi. Bolalar yoz faslida (iyul-avgust) xususan tez o'sadi. Agar bola kichikligidan muhtazam ravishda jismoniy mashqlar va sport bilan shug'ullansa u sog'-salomat o'sadi, uning organlari uyg'un rivojlanadi. (Masalan, bola nafas organlarining takomillashuvi yurak-qon tomir tizimining rivojlanishiga ijobiy ta'sir ko'rsatadi.)

Akseleratsiya yosh avlodning ruhan va jismonan tez rivojlanishidir.

XIX asr oxiri XX asr boshlarida ko'p mamlakatlarda bolalarning bo'yiga o'sishini tezlashganligi aniqlangan va bu haqidagi ma'lumotlar 1876-yilda matbuotda e'lon qilingan. 1935-yilga kelib nemis olimi P.Kox rivojlanishdagi bu tezlashuvni akseleratsiya deb atagan. Aksleratsiya -lotincha so'z bo'lib, acceles - tezlashuv degan ma'noni bildiradi. Akseleratsiya yosh avlodning oldingi tengdoshlariga nisbatan ruhan va jismonan tez rivojlanishidir. Akseleratsiya 100 yil ya'ni bir asr ichida yaqqol ko'zga tashlanganligi. uchun uni keng ma'noda «sekulyaoniy trend» ya'ni asriy tendensiya deyiladigan bo'ldi. Keyingi 100-150 yil ichida yer yuzida akseleratsiya jarayonlari kuzatilmoqda jumladan O'zbekistonda ham.

Rivojlanishdagi akseleratsiya muammosi butun dunyo biologlar, tibbiyotchilari va sotsiologlari diqqatini jalb qilib kelmoqda. Akseleratsiyaning ijtimoiy va biologik turlari o'zaro farqlanadi.

Biologik akseleratsiya deganda, insonning biologik rivojlanishiga taalluqli barcha o'zgarishlarni tushunish kerak. Bunga odamning morfologik va funksional rivojlanishini tavsiflovchi bir qator ko'rsatkichlar kiradi. Ushbu o'zgarishlar malum bir ijtimoiy muhitda sodir bo'ladi va ko'p jihatdan ijtimoiy sabablar bilan belgilanadi. Ijtimoiy akseleratsiya deganda, bolalar bilimlarining hajmini ulardan 50-100 yil ilgari yashagan tengdoshlarinikiga nisbatan ortganligini tushunish kerak.

XX asrning 20-yillaridan boshlab Shvetsiya, Angliya, Germaniya, AQSh, Yaponiya va boshqa mamlakatlardagi 6-14 yoshdagi bolalar o'z rivojlanishida, ulardan yuz yil ilgari yashagan tengdoshlariga nisbatan ancha o'zib ketganligi to'g'risidagi ma'lumotlar paydo bo'la boshladi. Kichik va o'rta yoshdagi bolalarning bo'yi 10-15 sm, og'irligi esa 8-10 kg ortgani aniqlandi. Ushbu hodisa - bo'y va og'irlikni asriy ortishi degan nom oldi. Keyingi yillarda akseleratsiya yanada yorqin namoyon bo'lganligi kuzatilgan. Bundan 50 yil ilgari odamlar bo'yining maksimal uzunligi 25-26 yoshga to'g'ri kelgan bo'lsa, bizning zamonimizda o'g'il bolalar 18-19 yoshda, qiz bolalar esa 16-17 yoshda to'liq jismoniy balog'atga yetadilar. Yangi tug'ilgan chaqaloqlar tanasining uzunligi 1930-1940-yillardagiga nisbatan o'rtacha 1 sm ortiq.

Akseleratsiya keyingi yosh davrlarni ham qamrab oladi. 1970-yilda tug'ilgan bolalar bir yoshga to'lganda 1900-1910-yillarda tug'ilgan o'z tengdoshlaridan 2 sm uzunroqdir. Uch yashar o'g'il bolalarning bo'yi 1901-1905-yillardagiga nisbatan 15,5 sm balandroq. Ushbu yoshdagi Varshavalik bolalarning bo'yi 1924-yildan to 1961-yilgacha 4 sm o'sgan. Yetti yashar o'g'il bolalarning bo'yi 1959-yilda 1901-1905-yillarga nisbatan 9 sm baland bo'lgan. Bunday misollarni juda ko'p keltirish mumkin. Lekin, shuni ko'rsatishimiz lozimki, 1941-yilda qiz bolalar bo'y o'sishi 20 yoshga kelib to'xtagan bo'lsa, hozir 18 yoshda, o'g'il bolalarniki 25 yoshda bo'lsa, hozir 20 yoshda to'xtamoqda.

Gavda uzunhgining o'rtacha kattaligi (Rossiyada, Yevropada 180-182 sm) hali rivojlanish barkamolligi saqlangan normani asrlar davomida kuzatilgan chegaralarni yuqori ko'rsatkichiga yaqinlashishi sodir bo'lmoqda.

Gavda massasining ortishi ham e'tiborni jalb qilmoqda. Bo'yning o'sishining ortishi, so'zsiz massaning ortishiga ham olib keladi. Shu bilan birga, massaning ortishi bo'yning o'sishi natijasida ortishiga nisbatan kattaroq bo'ladi. Yangi tug'ilgan chaqaloqning massasini ortishi homilador ayollarda ratsionallik yo'qligi oqibati desa ham bo'ladi.

Bir yoshdagi bolalar 50 yil ilgarigi tengqurlariga nisbatan 1,5-2 kg og'irdirlar. Yevropada bir qator shaharlardagi ma'lumotlarga ko'ra, oxirgi 80 yil ichida, 13 yashar bolalarning massasi 12 kg ga ko'paygan. Voyaga yetgan Moskvaliklarning massasi oxirgi 40 yilda 9 kg ga ortgan. Massaning bunday keskin ortishi, albatta akseleratsiyaning oqibatida emas, balki ortiqcha ovqatlanish natijasida degan xulosa ko'proq to'g'ri keladi.

Akseleratsiya organizmning ko'pchilik funksional tizimlari rivojlanishiga ham ta'sir ko'rsatadi: tayanch harakat, endokrin va boshqalar. Masalan, qo'l barmoqlari va kift suyaklarining qotishi 1936-yildagiga nisbatan 1-2 yil oldin sodir bo'lmoqda. Sut tishlarining doimiy tishlarga almashishi ham shu muddatlarga oldinga surilgan.

Jinsiy balog'atga yetish asr boshdagiga nisbatan 2 yil ilgari sodir bo'lmoqda. Chexiyadagi qizlarning hayz ko'rishi 1914-yilda o'rtacha 14 yoshda sodir bo'lgan bo'lsa, 1963-yilga kelib 12 yilu 8 oyda boshlangan. Norvegiyada yashaydigan qiz bolalarda hayz ko'rish 1850-yilda 17 yoshda boshlangan bo'lsa, 1967-yilda 13,5 yoshda boshlangan.

Jinsiy balog'atga yetish muddatlari geografik, iqlim sharoitlar va irqiy xususiyatlar bilan belgilanadi degan mustahkam o'rganilgan nuqtaiy nazar qayta ko'rib chiqilmoqda. Masalan, Nigeriyada jinsiy balog'atga yetish 14,3 yoshda sodir bo'lsa, eskimoslarda - 14,7 yoshda boshlanadi, Boltiq bo'yi mamlakatlarida O'rta yer dengizi bo'yidagi mamlakatlarga nisbatan ilgariroq, Angliyada esa Nigeriya va Hindistondagiga nisbatan bir yil oldin boshlanadi.

Jinsiy balog'atga yetish muddatlariga turmush tarzi ko'proq ta'sir qiladi. Shaharlik qizlarning jinsiy balog'atga yetishi qishloqdagi qizlarnikiga nisbatan 2-3 yil oldin boshlanadi.

Jinsiy balog'atga yetishning tez boshlanishi bilan birgalikda klimaksining boshlanish muddati cho'zilgan. Hozirda klimaks 48-50 yoshda kuzatilsa, XX asrning boshida 43-44 yoshda boshlangan. Shunday qilib, ayollarning bola tug'ish davri 7-8 yilga ko'paygan.

Odam rivojlanishining tezlashganini tasdiqlash uchun asos bo'lgan o'zgarishlar yuqoridagilardan iborat.

Oxirgi o'n yillar ichida bolalarning tez rivojlanishini tushuntirish uchun bir qator nazariyalar taklif qilingan.

Geliogen tezlanish nazariyasi - muallifi doktor Kox (1935), uning nazariyasiga ko'ra, o'sishning tezlanishini chaqiruvchi birlamchi qo'zg'atgich quyosh hisoblanadi. Yaxshi turmush sharoitlari va yoritilganlik, ochiq havoda uzoq muddat bo'lish, kaloriyali ovqatlanish, bola organizmini D vitamini bilan ta'minlanganligi, akseleratsiya sodir bo'lishiga yordam beruvchi omillar hisoblanadi. Lekin, ushbu nazariya shahar va qishloq bolalari, yaxshi va kam ta'minlangan oilalardagi bolalar o'rtasidagi rivojlanish tezligi darajasidagi farqlanishni tushuntira olmaydi.

Lentsning alimentar nazariyasi. Lents bildirgan fikrga ko'ra, oxirgi 100 yil davomida AQSh va Yevropa mamlakatlarida go'sht va yog'ni iste'mol qilishning ortishi rivojlanishni tezlashishga olib kelgan asosiy sababdir. Oqsillar va yog'larning akseleratsiyani chaqiruvchi ta'siri Lentsning fikricha gipofiz va qalqonsimon bezning ishtirokida amalga oshiriladi. Lekin, tadqiqotlar shuni ko'rsatadiki, antropometrik ko'rsatkichlarning kattalashishi ushbu mahsulotlarni iste'mol qilishga nisbatan ortiqdir. Ikkinchi jahon urushi paytida va undan keyingi davrda shahar va qishloqda yashovchi bolalar bir xil ovqatlangan, ayrim hollarda qishloq bolalari yaxshiroq ovqatlanganlar, lekin shunga qaramasdan shaharlik bolalar yirikroq bo'lganligi aniqlangan. Demak, ovqatlanish muhim omil bo'lgani bilan akseleratsiyaning yagona sababi sifatida qaralmaydi. Olovli Yer aholisi orasida «Ona» deb nomlangan qabila bo'lib, ularning bo'yi 175 sm, boshqasi Yaxgan nomli qabilalarning bo'yi esa 158 sm dan oshmaydi. Ushbu ikkala qabila bir xil klimatik sharoitlarda yonma-yon yashaydilar va ovqatlanishida ham kam farqlanadi.

Bergerning vitaminlar erasi nazariyasiga ko'ra o'sish jarayonlarini tezlashishiga B1 B]2 va D vitaminlarini ta'siriga katta ahamiyat beriladi. Lekin vitaminlar erasi boshlanishidan avval o'sish jarayonlaridagi o'zgarishlar mavjud ekanligi ko'rsatilgan.

Konstitutsional tanlash nazariyasi keng tarqalgan bo'lib, 1942-yilda Benxolt-Tomsen tomonidan ilgari surilgan. Uning fikricha, akseleratsiya-vegetativ, ichki sekretorli va miya bilan bog'liq (aqliy) faoliyat turlariga qobiliyati yoki organizmning reaktivligi yuqori bo'lgan odamlar sonining ko'payishi bilan belgilanadi. Bunday qobiliyatli odamlar bir-biri bilan turmush qurishgan, natijada ularning xususiyatlari ham nasi orqali bolalariga va kelgusi avlodlariga o'tgan. Ushbu nazariyaga ko'ra, shahar aholisining rivojlanishi texnika, keskin farqlar, shovqin, yoritilish, turmush tarzining tezligi va h.k. ta'sirida tezlashadi. Shunday qilib bunda, odamlarni qishloqlardan shaharlarga va qayta ko'chirish paytida tanlash omili birinchi ko'rsatiladi. Ushbu nazariya inqiroz, ishsizlik va urush yillarida ham akseleratsiyani pasayganligi sabablarini tushuntirmaydi.

Radioto'lqinli nazariyasini 1941-yilda Treyberg ilgari surgan. Unga ko'ra, odam gavdasi kattaliklarining ortishini 20-yillarning boshida radiostansiyalarni qurishni boshlanishi bilan to'g'ri keladi. Lekin shu ham ma'lumki garchand radio to'lqinlari saqlanib tursa ham atrof muhitni noqulay sharoitlarida (urush, ocharchilik, epidemiya) o'sish tormozlanadi. Yer sharida rentgen moslamalarini keng tarmog'ini o'rnatilganligi hamda odamzotni radiaktiv nurlanishi darajasini ortishi akseleratsiyaga ko'maklashishi mumkin.

Va oxir oqibatda, ijtimoiy-maishiy sharoitlarni yaxshilanishi, keng joriy qilingan gigiyena tadbirlari, ovqatlanishning yaxshilanishi va boshqa ko'pchilik omillar shunga olib keladiki, nasliy asos solingan sifatlar to'liq o'zini realizatsiya qildi. Bunday imkoniyat yomon ijtimoiy-maishiy shariotlarda mavjud bo'lishi mumkin emas.

F.Yarda nasli genetik omil keyingi avlodlarning o'sishini tezlashishini belgilaydi. Agar yashash sharoitlari yaxshi bo'lsa (ovqatlanish va klimat), ushbu nasliylik xususiyat sifatida o'sishni tezlashishini ta'minlaydi. Bunga, Geterozis nazariyasini ham ko'rsatish mumkin. XIX asrda, ayniqsa, XX asrda ijtimoiy, diniy, irqiy va millatlararo chegaralarni buzilishiga olib kelgan keskin ijtimoiy o'zgarishlar sodir bo'ldi. Buning oqibatida millatlararo oila qurishlar oddiy holga aylandi. Hozirgi vaqtda, turli dinga mansub odamlarni turmush qurishiga qarshilik qilish to'siq bo'lmay qoldi. Oila qurishda geografik chegaralar ham keskin kengaydi. Buning barchasi nasliylikni keskin o'zgarishiga olib keldi va uning oqibatida rivojlanish akseleratsiyasi sodir bo'ldi.

Urbanizatsiya nazariyasi - XIX asrning ikkinchi yarmi, ayniqsa, XX asr shaharlarini keskin rivojlanishi va qishloq aholisini shaharlarga ko'chib o'tishi bilan tavsiflanishini tasdiqlaydi. Shahar turmush tarzi, uning o'ziga xosligi va hodisalarga boyligi intellektual va seksual rivojlanishni ertaroq sodir bo'lishiga, bu esa, o'z navbatida, ertaroq jinsiy balog'atga yetishiga, o'sish tezlashishi va shu kabilarga olib keladi.

Keltirilgan nazariyalar ma'lum ilmiy qiziqishni uyg'otadi, lekin ularning faqat bittasi bilan akseleratsiyani tushuntirish mumkin emas. Ehtimol, ko'rib chiqilgan hodisalar va ovqatlanish, geterozis, urbanizatsiya, nurlanish, ijtimoiy-maishiy ya'ni ijtimoiy va biologik omillarning murakkab majmuida sharoitlarning yaxshilanishini uyg'unligida akseleratsiya sabablarini izlash kerak. Akseleratsiyaning oqibatlari bir xil bo'lmaydi, chunki o'sishning tezlashishida organizmning barcha tizimlarini tezkor rivojlanishi ro'y beradi: yurak qisqarishlari, nafas olish chastotasi tezroq pasayadi, jinsiy balog'atga yetish erta sodir bo'ladi. Bu esa, hamma vaqt ham ma'qul emas, chunki jismonan pastroq rivojlangan bola akseleratdan chidamliroq bo'lishi hollari ham kam uchramaydi.

Akseleratsiya geteroxroniyani, ya'ni o'sish va rivojlanishning notekisligini kuchaytiradi. Bola 10-11 yoshga to'lganda uning endokrin tizimida gormonlarning ajralishini kuchayganligi tufayli kuchli o'zgarishlar sodir bo'ladi. Ular gavda o'sishini rag'batlantiradi, lekin ko'krak qafasi o'sishdan orqada qoladi. Akseleratsiya sodir bo'layotgan o'spirinda ushbu disproportsiya kuchayadi. Tana va yurak kattaliklarini mos kelmasligi ancha sezilarli bo'la boshlaydi. Yurak o'sishidagi bu ortda qolish qon bilan ta'minlashga va organizmni kislorod va ozuqa moddalari bilan ta'minlashga sezilarli ta'sir ko'rsatadi. Tana o'sishini tezlashuvi oqibatida qon-tomir tizimi rivojlanishi orqada qolishi bilan bog'liq gipertoniya xastaligiga uchragan akseleratlar ham uchramoqda. Sekin o'sayotgan bolalarda bunday hodisa kuzatilmaydi.

Yuqorida aytilganidek, biologik akseleratsiyadan tashqari ijtimoiy akseleratsiya ham bo'lishi mumkin. Nafaqat fiziologik mexanizmlar kuchayadi, balki psixik jarayonlar ham ancha voyaga yetadi. Boshqacha aytganda bolalar nafaqat balandroq va yirikroq, balki bir vaqtning o'zida ertaroq voyaga yetmoqdalar. Nazariy fikr yuritganda bolalarni voyaga yetishini tezlashishini tushinish mumkin. Agarda, jinsiy balog'atga yetish 2 yil ilgari sodir bo'lsa, bu holatda butun endokrin tizim va u bilan birga barcha funksional tizimlarning, jumladan asab tizimining faoliyati qayta o'zgartiriladi. Shuning uchun, akseleratsiya fiziologik hamda psixik jarayonlar va mexanizmlarni qamrab oladi degan xulosaga kelish mumkin.

Qaysidir darajada, akseleratsiya bilan maktabda ertaroq ta'lim olishni boshlashga bog'liqdir. Muvaffaqiyatli ta'lim olishga so'zsiz bolalarning axborotlarga boyligi ko'maklashadi va u shu tufayli miyaning analitik imkoniyatlarini yuqori darajada rivojlanishi kuzatiladi.

Akseleratsiya jarayonining ijobiy tomonlari bilan bir qatorda salbiy tomonlari ham mavjud. Akselerat bolalarda nafas organi kasalliklari xronik tonzilit, allergik kasalliklar; gepertoniya, diabet, revmatizm, asab kasalliklari tez-tez uchramoqda. Kuzatilayotgan akseleratsiya tufayli ijtimoiy, ruhiy, tibbiy, huquqiy, tarbiyaviy sohalar bo'yicha muammolarni hamkorlikda hal qilish masalalari tug'ilmoqda. Bolalar sog'lig'ini muhofaza qilish, pedagogik jarayonlarni ilmiy asarlarini ishlab chiqish, bolalar va o'smirlarni jinsiy tarbiyalash va boshqa masalalar. Akseleratsiya tufayli gigiyena me'yorlarini standartlarini (energetik harajatlarni, oziq-ovqat mahsulotlarining miqdorini, kiyim-kechak, poyabzal, maktab jihozini) qayta ko'rib chiqish zarurati muhim masalalardan biri bo'lib qolmoqda. Asrimizning 90-yillardan boshlab, ba'zi mamlakatlarda kuzatilayotgan iqtisodiy tanglik oqibatida retardatsiya, ya'ni tengdoshlariga nisbatan jismoniy rivojlanishi ko'rsatkichlarining pasayishi ham kuzatilmoqda.


  1   2   3   4   5   6


Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©atelim.com 2016
rəhbərliyinə müraciət