Ana səhifə

Abu ali ibn sino merosi bebaho xazina


Yüklə 1 Mb.
tarix27.06.2016
ölçüsü1 Mb.
AXBOROT SOATI MATERIALLARI

11 noyabr 2014 yil

ABU ALI IBN SINO MEROSI – BEBAHO XAZINA

Buxoroda “Ibn Sinoning ilmiy-ma’naviy merosi – bashariyat uchun bebaho xazina” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Ibn Sino jamoat fondi, Buxoro viloyati hokimligi hamda bir qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda mamlakatimizdagi tibbiyot oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari, talabalar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi tibbiyot muassasalari mas’ul xodimlari ishtirok etdi.

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida milliy qadriyatlarimizni tiklash va rivojlantirish, jahon sivilizatsiyasiga bebaho hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning boy ilmiy-ijodiy merosini o‘rganishga katta e’tibor qaratilayotgani, davlatimiz rahbarining joriy yil may oyida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan “O‘rta asrlar Sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy merosi, uning zamonaviy sivilizatsiya rivojidagi roli va ahamiyati” mavzusidagi xalqaro konferensiyadagi ma’ruzasida O‘rta asrlarda Sharq olamida yashab ijod etgan alloma va mutafakkirlarning ilmiy merosi chuqur tahlil qilinib, zamonaviy sivilizatsiya rivojidagi o‘rni va roliga munosib baho berilgani alohida ta’kidlandi.

Prezidentimiz o‘z ma’ruzasida Buxoroda tug‘ilib o‘sgan tibbiyot ilmining sultoni Ibn Sinoning jahon ilm-fani, xususan, meditsina taraqqiyotiga qo‘shgan bebaho hissasini alohida ta’kidladi. “Islom olamining eng mashhur faylasufi va qomusiy allomasi hamda insoniyatning eng buyuk mutafakkirlaridan biri” degan unvonga sazovor bo‘lgan Abu Ali ibn Sinoning hayoti va faoliyati avlodlarda alohida g‘urur va ehtirom tuyg‘ularini uyg‘otishini qayd etdi.

Ilmiy tadqiqot ishlarini 16 yoshida boshlagan bu ulug‘ zot o‘z umri davomida 450 dan ortiq asar yaratgan. Ular tibbiyot va falsafa, mantiq, kimyo, fizika, astronomiya, matematika, musiqa, adabiyot va tilshunoslik sohalariga bag‘ishlangan.

Abu Ali ibn Sino o‘zining “Tib qonunlari” asarida keyingi bir necha yuz yillar uchun tibbiyot taraqqiyotining asosiy yo‘nalishlarini belgilab bergan. Hozirgi kunda ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan ushbu asar orqali buyuk olim amaliy tibbiyot va farmakologiya sohalarining eng muhim usullariga asos solgan. Bu asar qariyb 500-yil davomida dunyoning yetakchi universitetlarida o‘qib-o‘rganib kelingan.

Darhaqiqat, Ibn Sino butun dunyo e’tirof etgan buyuk dahodir. Uyg‘onish davrining ulkan vakili Dantening “Ilohiy komediya” asariga chizilgan suratda Ibn Sino Avitsenna nomi bilan Gippokrat va Gallen bilan yonma-yon birga tasvirlangan. Vatandoshlarimizga g‘urur uyg‘otadigan alohida jihati shundaki, Ibn Sino ularning o‘rtasida boshida toj kiygan holda tasvirlangan. Demak, uni daholarning dahosi, deb bilishgan. O‘tgan asrda yangi kashf etilgan yulduzlardan biriga falakiyotshunoslar tomonidan Abu Ali ibn Sino nomi berilgani ham bejiz emas.

Konferensiyada Buxoro viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi M.Esonov so‘zga chiqdi.

Konferensiyada Abu Ali ibn Sinoning boy ilmiy merosi va uning bugungi kundagi ahamiyati haqida batafsil so‘z yuritildi.

– O‘zbekiston zamini qadimiy merosga g‘oyat boy, – dedi YuNESKO faxriysi Maykl Bari Leyn. – Prezident Islom Karimov rahnamoligida ana shu bebaho boyliklar – tarixiy-me’moriy yodgorliklarni asrab-avaylash, ulug‘ allomalar merosini o‘rganish va keng targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ulug‘ siymolar haqida gap ketar ekan, albatta, buyuk hakim Abu Ali ibn Sino nomini tilga olmay o‘tolmaymiz. Zero, uning asarlari butun bashariyat ma’naviy mulkidir. YuNESKO uning nomi bilan Xalqaro oltin medal ta’sis etgani bejiz emas.

– Abu Ali ibn Sino IX-X asrlarda faoliyat ko‘rsatgan Ma’mun akademiyasini tashkil etishda Abu Rayhon Beruniyga katta yordam bergani tarixdan yaxshi ma’lum, – deydi Toshkent tibbiyot akademiyasining Urganch filiali professori Baxtiyor Do‘schanov. – Mazkur akademiya olimning ilmiy faoliyatida alohida ahamiyatga ega bo‘lgan. Besh jilddan iborat mashhur “Tib qonunlari” asarining ikki kitobini aynan shu yerda nihoyasiga yetkazgan.

“Tib qonunlari”da kasalliklarning kelib chiqish sabablari, sog‘lom turmush tarzi, oddiy dori va ularning ta’siri, bosh miya, ichki va harakat a’zolari, bezlar holatlari, kasallikning og‘ir kechishi sabablari, yuqumli xastaliklar, o‘smalar, yallig‘lanishlar, bo‘g‘in va suyaklardagi og‘riqlar, dori turlari va ularning tayyorlanishi, shifobaxsh xususiyatlari atroflicha yoritib berilgan.

Anjumanda Abu Ali ibn Sino ta’limotining bugungi zamonaviy tibbiyotdagi o‘rni, olimning jigar kasalliklari, gematologiya, xalq tabobati, jarrohlik borasidagi qarashlari, yosh avlod tarbiyasi bilan bog‘liq mavzular atroflicha muhokama etildi.

O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari L.To‘ychiyev, Ibn Sino jamoat fondi boshqaruvi raisi, professor Sh.Zokirxo‘jayev, Toshkent tibbiyot akademiyasi professori S.Aslonova va boshqalarning mavzuga oid ma’ruzalari tinglandi.

– Prezidentimiz shu yil may oyida Samarqandda o‘tgan xalqaro konferensiyadagi ma’ruzasida yoshlarga qarata “Buyuk ajdodlarimiz bilan faxrlanishimiz, g‘ururlanishimiz kerak. Ayni paytda faqat g‘ururlanishning o‘zi yetarli emas, kelinglar, o‘zimiz ham ular kabi mana shu bebaho merosga o‘z hissamizni qo‘shaylik!”, degan da’vatlari bizga kuch bag‘ishlamoqda, – deydi Buxoro davlat tibbiyot instituti magistranti Ravshan Boymurodov. – Men bugungi kunda buyuk bobomiz asarlarida ilgari surilgan uzoq umr ko‘rish – gerantologiya yo‘nalishida izlanish olib bormoqdaman. Ulug‘ alloma asarlarini o‘qir ekanmiz, inson hayotida sog‘lom turmush tarzi naqadar muhim ekani haqidagi fikrlari hamma zamonlarda ham dolzarb bo‘lib qolishiga ishonch hosil qilamiz.

Ha, inson hayoti, uning ijtimoiy faolligi, jamiyat va oilaga nechog‘li naf keltirishi avvalo salomatligi bilan bog‘liq. Prezidentimiz rahnamoligida barcha sohalarda bo‘lgani kabi sog‘liqni saqlash tizimida ham keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda, sohani takomillashtirish, shifoxonalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, malakali kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

– Ibn Sinoning boy merosini o‘rganishda Yevropaning ko‘plab mamlakatlarida katta tajriba to‘plangan, – deydi Ibn Sino jamoat fondi boshqaruvi raisi Sh.Zokirxo‘jayev. – Biz bu borada Fransiya va boshqa davlatlardagi tashkilotlar bilan hamkorlik o‘rnatganmiz. Sharq mamlakatlari bilan amaliy aloqalarimiz ham rivojlanib bormoqda.

Konferensiya ishtirokchilari Abu Ali ibn Sino nomi bilan ataluvchi favvoralar xiyoboni ochilishida qatnashdi. Alloma tavallud topgan Peshku tumani Afshona qishlog‘idagi tibbiyot kasb-hunar kollejida yaratilgan sharoitlar hamda bobokalonimiz hayoti va ijodi haqida hikoya qiluvchi muzey bilan tanishdi.

Erkin Yodgorov, Tohir Istatov (surat), O‘zA

O‘ZBEKISTON TEMIR YO‘LLARI” DAVLAT AKSIYADORLIK KOMPANIYASI JAMOASIGA



Hurmatli do‘stlar!

Avvalo, siz, azizlarni, sizlarning timsolingizda yurtimizdagi barcha temiryo‘l xodimlarini mamlakatimiz hayotidagi qutlug‘ sana – “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat aksiyadorlik kompaniyasi tashkil etilganining 20-yilligi bilan chin qalbimdan tabriklash menga katta mamnuniyat bag‘ishlaydi.

O‘zbekiston temir yo‘llari o‘zining 20-yillik tarixi davomida murakkab shakllanish va jadal rivojlanish yo‘lini bosib o‘tdi va bugungi kunda yurtimizning barcha mintaqalarini ishonchli bog‘lash uchun bamisoli qon tomirlari kabi hayotiy zarur bo‘lgan temir yo‘l transporti kommunikatsiyalarining mustaqil, yagona va yaxlit tizimi sifatida samarali faoliyat ko‘rsatmoqda.

Agarki mana shunday temir yo‘llar bo‘lmasa, biz qanday hayot kechirishimiz, iqtisodiyotimizni qanday rivojlantirish mumkinligini tasavvur qilishning o‘zi ham qiyin bo‘lardi. Hozirgi vaqtda mamlakatimiz bo‘yicha yuklarning 60 foizdan ziyodi, yo‘lovchilarning esa 75 foizdan ortig‘i temir yo‘l transporti orqali tashilmoqda.

O‘zbekiston temir yo‘llari transmintaqaviy transport koridorlarining eng muhim bo‘g‘ini sifatida xalqaro temir yo‘llar tashuvi tizimida munosib o‘rin egallamoqda. Ma’lumki, qadim zamonlardan boshlab hozirgi O‘zbekiston zamini bo‘ylab Buyuk ipak yo‘li o‘tgan va bu hududda ko‘plab savdo yo‘nalishlari tutashgan, turli sivilizatsiyalar o‘rtasida o‘zaro muloqot va hamkorlik aloqalari amalga oshirilgan. Bugungi kunda ham O‘zbekiston magistral temir yo‘l tarmoqlari orqali Sharq va G‘arb, Janub va Shimolni birlashtiradigan salmoqli transport-kommunikatsiya va tranzit salohiyatiga ega.

Mamlakatimizda temir yo‘l transport kommunikatsiyalarini rivojlantirish va mustahkamlash, temir yo‘l tashuvlarining ishonchlilik va xavfsizlik darajasini oshirish bo‘yicha “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi tomonidan olib borilayotgan ishlarni alohida qayd etish zarur. Keyingi yillarda temiryo‘lchilarimizning kuch-g‘ayrati bilan 1 ming 100 kilometrdan ziyod yangi temir yo‘l tarmoqlari barpo etildi, 3 ming 800 kilometrlik yo‘l modernizatsiya qilindi va qaytadan ishga tushirildi, qariyb 1000 kilometrlik temir yo‘l magistrallari elektrlashtirildi. Ana shunday katta ishlarimiz natijasida temir yo‘llarning umumiy uzunligi 6 ming 500 kilometrga yetdi va ular respublikamizning barcha mintaqalarini qamrab olish imkoniga ega bo‘ldi.

Amudaryo uzra avtomobil va temir yo‘l qatnovi uchun mo‘ljallangan zamonaviy ko‘prikni o‘z ichiga olgan Navoiy-Uchquduq-Nukus-Sulton Uvaystog‘ va Toshguzar-Boysun-Qumqo‘rg‘on yangi temir yo‘l magistrallarining ishga tushirilishi mamlakatimizni uzoq istiqbolni ko‘zlagan holda, barqaror rivojlantirish yo‘lida strategik ahamiyatga egadir.

Yaponiyaning Xalqaro hamkorlik banki ishtirokida murakkab tabiiy va iqlim sharoitlarida barpo etilgan, dengiz sathidan 1 ming 500 metr balandlikda joylashgan tog‘ dovoni orqali o‘tadigan 223 kilometr uzunlikdagi Toshguzar-Boysun-Qumqo‘rg‘on yangi temir yo‘li mohiyat e’tibori bilan Markaziy Osiyoda o‘xshashi bo‘lmagan noyob inshoot hisoblanadi.

Hozirgi kunda Maroqand-Qarshi va Qarshi-Termiz temir yo‘l tarmoqlarini elektrlashtirish borasidagi ishlar ham jadal sur’atlar bilan olib borilmoqda.

Yangi temir yo‘l magistrallarining ishga tushirilishi mamlakatimizning shimoliy va janubiy mintaqalarining iqtisodiy salohiyatini yanada rivojlantirish, mineral resurslar, neft va gaz, rangli metallar, qurilish materiallari va boshqa qimmatbaho foydali qazilmalarning boy konlarini kompleks o‘zlashtirish uchun, hech shubhasiz, katta imkoniyatlar ochadi. Bu esa o‘z navbatida yangi ish o‘rinlarini shakllantirish, shu asosda aholi bandligini ta’minlash, odamlarimizning daromadlari va moddiy farovonligini oshirish uchun sharoit yaratishga qanday muhim hissa qo‘shishini, o‘ylaymanki, izohlab o‘tirishning hojati yo‘q.

Biz transport kommunikatsiya sohasidagi yana bir yirik inshoot, ya’ni, 19 kilometrlik temir yo‘l tonnelini o‘z ichiga oladigan Angren-Pop yo‘nalishidagi yangi elektrlashtirilgan temir yo‘l tarmog‘ini xitoylik hamkorlarimiz bilan birgalikda barpo etishga katta istiqbolga ega bo‘lgan muhim loyiha sifatida qaramoqdamiz.

Ushbu temir yo‘l tarmog‘ining 2016-yil iyul oyida ishga tushirilishi Farg‘ona vodiysi viloyatlarini O‘zbekistonning markaziy qismi bilan ishonchli tarzda bog‘lashga imkon yaratadi, respublikamizning butun hududi bo‘ylab yagona temir yo‘l transport tizimini shakllantirish borasidagi ishlarni yakuniga yetkazadi, Xitoy – Markaziy Osiyo – Yevropa yangi xalqaro tranzit temir yo‘l koridorining eng muhim bo‘g‘ini bo‘lib xizmat qiladi.

Transport xizmatlarining darajasi va sifatini oshirishda temir yo‘l parkining harakatlanadigan tarkibini eng zamonaviy, yuksak samarali lokomotivlar va har tomonlama qulay vagonlar bilan yangilash bo‘yicha ishlar o‘ta muhim ahamiyat kasb etadi. Faqatgina so‘nggi o‘n yilda 38 ta zamonaviy elektrovoz va 10 ta yo‘lovchi tashish teplovozi sotib olindi, 150 ta lokomotiv modernizatsiya qilindi.

Ispaniyaning “Talgo” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan, zamonaviy, yuqori tezlikda harakatlanadigan “Afrosiyob” elektropoyezdi O‘zbekistonning g‘urur-iftixori hisoblanadi. Shuni aytish joizki, bunday poyezdlar dunyoning atigi sakkizta mamlakatida mavjud. Bugungi kunda ushbu poyezd har kuni Toshkent-Samarqand-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha 344 kilometrlik masofani bor-yo‘g‘i ikki soatda bosib o‘tmoqda. Bu esa odamlarimizning ana shu transport turiga bo‘lgan munosabati va qarashlarini tubdan o‘zgartirmoqda.

Yurtimizda 11 ta yangi temir yo‘l vokzali barpo etilishi va 7 ta vokzalning rekonstruksiya qilinishi natijasida ular butunlay yangicha qiyofa kasb etdi. Mazkur vokzallar yo‘lovchilarga eng yuqori xalqaro standart va talablar darajasida xizmat ko‘rsatish imkonini beradigan zamonaviy texnika va texnologiyalar bilan jihozlanganini qayd etish lozim.

O‘tgan yillar mobaynida temir yo‘l transporti kommunikatsiyalarini rivojlantirish va tegishli infratuzilmalarni obodonlashtirishga 6 milliard dollardan ortiq kapital qo‘yilmalar, jumladan, 1,8 milliard dollarlik xorijiy investitsiyalar yo‘naltirildi.

Kompaniyaning yo‘l xo‘jaligi, “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” ochiq aksiyadorlik jamiyati yo‘lovchilar tashish bo‘linmasi va “O‘ztemiryo‘lkonteyner” yuk tashish tuzilmasi, shuningdek, qurilish tashkilotlari va boshqa tarkibiy qismlari mamlakatimiz temir yo‘l tizimini rivojlantirish va uning samarali faoliyat ko‘rsatishiga salmoqli hissa qo‘shmoqda.

Kompaniya tashkil etilgan kundan buyon yuk tashishlar 1,5 barobar, yo‘lovchi tashish esa 1,3 barobar ko‘paygani, temir yo‘llar orqali 1 milliard 400 million tonna yuk tashilgani va 350 million yo‘lovchi o‘z manziliga yetkazilgani uning salohiyati va imkoniyatlari tobora kengayib borayotganidan dalolat beradi.

Bugungi kunda temir yo‘l tarmog‘ining jadal rivojlanayotgan, yuksak texnologiyalarga asoslangan Toshkent yo‘lovchi vagonlarni qurish va ta’mirlash zavodi, Quyuv-mexanika zavodi, “O‘ztemiryo‘lmashta’mir” unitar korxonasi kabi sanoat korxonalari haqli ravishda kompaniyaning bayroqdorlari va iftixori hisoblanadi. Ular Yevropa mamlakatlari, Yaponiya, Janubiy Koreya davlatlari va boshqa yetakchi xorijiy kompaniyalarning zamonaviy asbob-uskunalari va yangi avlod texnologik tarmoqlari bilan jihozlangani ayniqsa e’tiborlidir.

Mazkur korxonalarda lokomotiv va yo‘lovchi vagonlarini ta’mirlash, modernizatsiya qilish va qayta jihozlashdan tashqari, qisqa vaqt ichida o‘zimizning vagonsozlik sanoatimizga muvaffaqiyatli asos solindi va bu yerda 2,5 mingta yuk va 150 ta yangi yo‘lovchi vagonlari ishlab chiqarildi, 735 ta yo‘lovchi vagonlari modernizatsiya qilindi.

O‘z tarkibida yuqori malakali 70 ming nafar injener-texnik xodimlar va mutaxassislarni, yo‘lsozlar, mashinistlar, sanoat va qurilish korxonalari, ijtimoiy infratuzilma obyektlarining ishchi va xizmatchilarini birlashtirgan ahil mehnat jamoasi kompaniyaning bebaho boyligi, oltin fondi, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz. Sizlarning fidokorona mehnatingiz, bilim va tajribangiz xalqimiz orasida yuksak obro‘-e’tiborga ega bo‘lib, har tomonlama hurmat va ehtiromga munosibdir.

Barchamizga ayonki, kompaniyaning, butun temiryo‘l tarmog‘ining kelajagi avvalo sohaga zamonaviy bilimga ega, ilg‘or texnologiyalarni puxta o‘zlashtirgan, o‘z kasbiga sodiq, Vatanimizga farzandlik mehri bilan yashaydigan yosh mutaxassis va ishchilarni keng jalb etish bilan bevosita bog‘liqdir. Yurtimizdagi oltita kasb-hunar kolleji va Toshkent temir yo‘l transporti muhandislari institutini har yili uch mingdan ziyod yosh mutaxassislar aniq kasb yo‘nalishi bo‘yicha bitirib chiqib, hayotga yo‘llanma olayotgani mamlakatimiz temiryo‘l transportining kelgusi taraqqiyoti uchun ishonchli poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda. Bugungi kunda temiryo‘lchilik kasbi mamlakatimizda yoshlar o‘rtasida qiziqish va talab eng katta bo‘lgan, sharafli kasbga aylanganini alohida ta’kidlash o‘rinlidir.

Aziz do‘stlar!

Sizlarni bugungi qutlug‘ ayyom bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklab, fidokorona mehnatingiz, Vatanimiz ravnaqi va farovonligiga qo‘shayotgan munosib hissangiz uchun samimiy minnatdorlik bildirib, barchangizga o‘zimning chuqur hurmat va ehtiromimni izhor etaman. Sizlarga va oilalaringizga tinchlik, sihat-salomatlik, baxt va omad, ezgu ishlaringizda yangi-yangi muvaffaqiyatlar yor bo‘lishini tilayman.



Islom Karimov,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

DEPUTATLAR QONUNLARGA TUZATISHLAR KIRITMOQDALAR

6-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Qonunchilik palatasi Kengashi tomonidan taklif etilgan kun tartibi tasdiqlanganidan keyin deputatlar amaldagi qonun hujjatlariga jamiyat hayotining turli sohalaridagi islohotlarning huquqiy bazasini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi bir qator qonun loyihalarini ko‘rib chiqdilar.

Majlis “Muvofiqlikni baholash to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinganligi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda muhokama etishdan boshlandi. Ushbu qonun loyihasi qonun hujjatlarining atamalari va huquqiy normalarini bir xilda qo‘llash hamda tegishli organlar tomonidan ular turlicha talqin qilinishining, muvofiqlikni baholash bo‘yicha ishlar takrorlanishining oldini olish maqsadida ishlab chiqildi. Tuzatishlar “Metrologiya to‘g‘risida”gi, “Mahsulotlar va xizmatlarni sertifikatlashtirish to‘g‘risida”gi qonunlarga kiritilmoqda.

Shundan so‘ng deputatlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 7-aprelda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida investitsiya iqlimi va ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonini ijro etish maqsadida ishlab chiqilgan qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqdilar. Ushbu qonun loyihasida, jumladan, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish tartib-taomillarining murakkablashuvini hamda tadbirkorlik subyektlarining zimmasiga yangi majburiyatlar va javobgarliklar yuklanishini nazarda tutuvchi qonun hujjatlari, ular rasman e’lon qilinganidan kamida uch oy o‘tgach kuchga kirish muddati belgilab qo‘yilmoqda. Davlat organlari tadbirkorlik faoliyati subyektlariga o‘z huquq va qonuniy manfaatlariga daxl qiluvchi qonun hujjatlari, hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishib chiqish imkoniyatini ta’minlashi shart. Axborotning ochiqligi qonun hujjatlarini va tegishli materiallarni ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan, davlat organlarining rasmiy veb-saytlarida e’lon qilish va tarqatish orqali ta’minlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish va davlat xizmatlarini ko‘rsatish bilan bog‘liq tartibotlarni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorini ijro etish maqsadida ishlab chiqilgan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirishga, biznes yuritish uchun qulay shart-sharoit yaratishga berilayotgan ulkan e’tiborning yana bir ishonchli dalilidir. Qonun loyihasida litsenziyalash va ruxsat etish xususiyatidagi hujjatlarni berish mexanizmlarini takomillashtirish, tadbirkorlik subyektlari uchun yanada qulay shart-sharoit yaratish nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, majlis kun tartibiga qonun loyihalari birinchi o‘qishda ham kiritildi. Xususan, qonunchilik tashabbusi tartibida Oliy sud tomonidan kiritilgan “O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi. Majlisda ta’kidlanganidek, ushbu qonunning qabul qilinishi fuqarolik sud ishlarini yuritish ishtirokchilarining huquqlari samarali himoya qilinishiga va protsessual harakatlarning aniq doiralari belgilanishiga, tomonlarning tenglik va tortishish prinsiplari bundan buyon ham ro‘yobga chiqarilishiga, sud ishlarining to‘liq, har tomonlama va puxta ko‘rib chiqilishiga hamda qabul qilinadigan qarorlarning sifati oshirilishiga ko‘maklashadi.

Shundan so‘ng deputatlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 12-dekabrda qabul qilingan “Fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirishga ko‘maklashish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorini ijro etish maqsadida ishlab chiqilgan nodavlat notijorat tashkilotlar faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslari yanada takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ko‘rib chiqdilar. Qonun loyihasi nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyatini tashkil etish bilan bog‘liq tashkiliy-huquqiy mexanizmlar va tartib-taomillarni yanada takomillashtirish va soddalashtirishga qaratilgan. Tuzatishlar “O‘zbekiston Respublikasida jamoat birlashmalari to‘g‘risida”gi, “Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida”gi qonunlarga, O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik va Soliq kodekslariga kiritilmoqda.

Deputatlar soliq va byudjet siyosatining 2015-yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasiga katta e’tibor qaratdilar. Tuzatishlar “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunlarga, O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga kiritilmoqda.

Ushbu qonun loyihasini muhokama etish chog‘ida barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari va O‘zbekiston Ekologik harakatidan saylangan deputatlar guruhi vakillari so‘zga chiqdilar.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan saylangan deputatlar ta’kidladilarki, ushbu huquqiy hujjatning qabul qilinishi mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatini yuritish sharoitlarini yaxshilash imkonini beradi. Jumladan, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunning 5-moddasiga kiritilayotgan tuzatish mikrofirma va kichik korxonalar xodimlarining eng yuqori sonini, kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar va oliy ta’lim muassasalarining bitiruvchilari ishga qabul qilingan taqdirda, 20 foizdan 50 foizgacha oshirishni nazarda tutadi. Parlament a’zolarining fikricha, ushbu o‘zgartish mikrofirma va kichik korxonalarni yosh mutaxassislarni ishga qabul qilishga rag‘batlantirish imkonini beradi.

Bundan tashqari, qonun loyihasida tadbirkorlik subyektlari moliya hisobotini elektron hujjat shaklida taqdim etishi, ular soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni olti oy mobaynida to‘lashiga doir yagona tartib o‘rnatilishi nazarda tutilmoqda. Umuman olganda, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zolarining fikricha, ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi 2015-yilga mo‘ljallangan Soliq siyosati konsepsiyasini ro‘yobga chiqarish uchun zarur huquqiy shart-sharoit yaratadi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolari ushbu qonun loyihasining normalari yangi ish o‘rinlari tashkil etilishiga va aholi bandligi yanada oshirilishiga ko‘maklashishini alohida qayd etdilar. Soliq solish yuzasidan xo‘jalik yurituvchi subyektlarga berilayotgan imtiyozlar, ayniqsa, kasanachilik va oilaviy tadbirkorlik sohasida ish bilan ta’minlashning turli shakllarini samaraliroq joriy etish imkonini beradi. Bu partiyaning ish bilan band bo‘lmagan aholini, birinchi navbatda, yoshlarni, ayollarni ishga joylashtirish, kasbga qayta tayyorlash hamda ijtimoiy himoya qilish orqali mehnat bozorida faol va aniq maqsadga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishga doir dasturiy maqsadlari va vazifalariga to‘liq mos keladi.

Bundan tashqari, deputatlarning fikricha, Soliq kodeksining ayrim moddalariga kiritilayotgan o‘zgartishlar pensiyalarning (shu jumladan, staji to‘liq bo‘lmagandagi pensiyalarning) eng kam bazaviy miqdorlarini boshqa qonun hujjatlariga muvofiqlashtirish uchun yoshga doir pensiyaning eng kichik miqdoridan kelib chiqqan holda belgilashni ko‘zda tutmoqda.

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi vakillarining fikricha, ushbu qonun loyihasida nazarda tutilgan normalar va qoidalar partiyaning ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi maqsadlari hamda vazifalariga hamohang bo‘lib, mamlakatimizda ishlab chiqarishni yanada rivojlantirishga ko‘maklashadi. Shu bilan birga fraksiya a’zolari ta’kidladilarki, Soliq kodeksiga kiritilayotgan tuzatishlar qat’iy stavka bo‘yicha soliq solinadigan daromadlarning alohida turlari bo‘yicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining ushlangan summalari va to‘langan daromadlar to‘g‘risidagi ma’lumotnomani taqdim etish zaruratini bekor qilish orqali soliq ma’muriyatchiligini soddalashtirishni nazarda tutmoqda. Ushbu o‘zgartishlarning kiritilishi hisobotni topshirishda soliq ma’muriyatchiligi uchun sarflanadigan xarajatlarni kamaytirish, umumiy yillik daromad to‘g‘risidagi deklaratsiyada ko‘rsatiladigan ma’lumotlar takrorlanishining oldini olish imkonini beradi.

O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan so‘zga chiqqanlar kiritilayotgan huquqiy normalar katta ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladilar. Xususan, “Fuqarolarning pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunda mansab darajalariga (harbiy unvonlarga) ega sudyalar va prokuratura organlari xodimlarining pensiyalari miqdorini IIV xodimlarining pensiyalarini hisoblash singari aniqlash tartibini joriy etish nazarda tutilmoqda. Bundan tashqari, qonun loyihasida O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga mansab darajalariga ega O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, umumiy yurisdiksiya sudlari va xo‘jalik sudlari sudyalarini, shuningdek, prokuratura organlari xodimlarini xizmat vazifalarini bajarishi munosabati bilan to‘lanadigan daromaddan olinadigan yagona to‘lovdan ozod etishni nazarda tutuvchi o‘zgartish kiritish nazarda tutilmoqda. "Adolat" partiyasi fraksiyasi a’zolarining fikricha, kiritilayotgan tuzatishlar keyingi vaqtda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlarining mantiqiy davomi hisoblanadi.

O‘zbekiston Ekologik harakatidan saylangan deputatlar guruhining vakillari O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining ayrim moddalariga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar qonun hujjatlarida belgilangan ayrim turdagi tovarlarni ishlab chiqaruvchilar uchun suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq joriy etishni, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq va mol-mulk solig‘i bo‘yicha joriy to‘lovlarni hisoblab chiqish tartibini har chorakda emas, balki bir yilda bir marta belgilashni nazarda tutayotganligiga e’tibor qaratdilar. Shu bilan bir qatorda ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi byudjet mablag‘larini o‘zlashtirishda huquqiy qoidabuzarliklarning oldini olish uchun qulayroq shart-sharoit yaratish imkonini beradi.

Deputatlar moddama-modda har tomonlama muhokama etish chog‘ida bildirilgan fikr-mulohazalarni inobatga olgan holda ushbu qonunni yakuniy tahrirda qabul qildilar. Hujjat Oliy Majlis Senatiga yuboriladi.

O‘zbekiston Respublikasi

Oliy Majlisi

Qonunchilik palatasining

Axborot xizmati

IJODIY ISHLAR TANLOVI

Sog‘lom bola yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida “Jaholatga qarshi ma’rifat bilan” shiori ostida o‘tkazilayotgan respublika ijodiy ishlar tanlovining Buxoro viloyati bosqichida umumta’lim maktablarining 5-9 sinf o‘quvchilari ishtirok etdi.

O‘quvchi-yoshlarni vatanparvarlik va milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash, buzg‘unchi aqidalarga nisbatan mustahkam immunitetni shakllantirishda ular ongiga g‘oyaga qarshi g‘oya, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish tushunchalarini singdirish muhim ahamiyatga ega. Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tashkil etilgan ushbu tanlovning maqsadi ham shunga qaratilgan bo‘lib, unda tadbirning tuman va shahar bosqichlarida e’tirof etilgan ishtirokchilarning bu boradagi dunyoqarash va bilimi yozma ish hamda tasviriy sa’nat asarlari orqali namoyish qilindi.

Hakamlar hay’ati tanlovga taqdim etilgan ishlarni o‘rganib chiqib, insho yo‘nalishi bo‘yicha g‘ijduvonlik Dilnoza Majidova, qorovulbozorlik Elmira Mo‘minova, qorako‘llik Muhabbat Ubaydullayevani g‘oliblikka munosib ko‘rdi.

She’riyat va rasm chizish yo‘nalishlarida g‘ijduvonlik Mahmud Rahmatov, Shahzod Nusratullayev, vobkentlik Gulmira Jumayeva, Dilbar Halimova, qorovulbozorlik Saidakrom Madaminov, kogonlik Nozima Jamolova mahorati eng yuqori baholandi.

G‘oliblarning ijodiy ishlari tanlovning respublika bosqichiga taqdim etildi.



E.Yodgorov, O‘zA


Buxoro davlat universiteti huzuridagi

viloyat Mintaqaviy tadqiqot Markazi (MTM)

www.mtm.buxdu.uz






Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©atelim.com 2016
rəhbərliyinə müraciət