Ana səhifə

Xalqaro menejment


Yüklə 3.39 Mb.
səhifə7/16
tarix25.06.2016
ölçüsü3.39 Mb.
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   16

Xulosalar


1. Raqobatchi firmaning tuzilishi va strategiyasi aspekti. Bunda mahalliy raqobatchi-firmalar qanday strategiya tanlashini, raqobatli kurashda ulardan o’zish imkoniyati darajasini, xalqaro kompaniyaning mo’ljallanayotgan faoliyat sohasi qabul qiluvchi mamlakat millati psixologiyasiga javob berishini aniqlab olish zarur.

2. Xizmatlarni ishlab chiqarish va ko’rsatish sharoitlari aspekti. Bu yo’nalishdagi tahlil predmeti bo’lib quyidagi omillar xizmat qiladi: iqtisodiyotning qaysi tarmoqlarida qabul qiluvchi mamlakatning nisbiy afzalliklari yaqqolroq namoyon bo’ladi, xalqaro kompaniyani qiziqtiruvchi iqtisodiyot sohalarida ITTKI uchun asos mavjudligi va nihoyat, qabul qiluvchi mamlakat xalq xo’jaligidagi zaif tomonlarning (kapitalning yetishmasligi, ilmiy-texnik sohada orqada qolish va b.) xorijiy sarmoyadorlarning faoliyati bilan to’ldirilishi mumkinligi.

3. Sotish sharoitlari. Ular milliy iste’molchilar tomonidan talablarning murakkablik darajasi va xususiyatlari, shuningdek qabul qiluvchi mamlakatda sotish kanallarining jahon bozorida qabul qilingan kanallardan farqlanishi bilan aniqlanadi.

4. Qardosh tarmoqlar va yetkazib beruvchilar. Bu holatda xalqaro kompaniyani qabul qiluvchi mamlakatda uning mahsulotini yirik iste’molchilari mavjudligi haqidagi axborot qiziqtiradi. Ishlab chiqarish harajatlarini pasaytirish uchun u yerda loyihalashtirilayotgan firmani xomashyo va materiallar bilan ta’minlovchi tarmoqlarni rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi. TMK xorijiy filiali faoliyat sohasini tanlashda keyingi muhim omil bo’lib mahalliy firmalar – potensial yetkazib beruvchilarning texnik darajasi (sifatli yig’ma detallarni yetkazib berish imkoniyatiga egaligi) hisoblanadi.

5.Bosh kompaniya xorijiy tadbirkorlik uchun mamlakat tanlashga eng katta e’tibor beradi. Biror mamlakatda xorijiy filialni tashkil qilish haqida qaror qabul qilishdan avval potensial qabul qiluvchi mamlakatlar sharoitlarini to’rtta asosiy aspektda, ya’ni bozor, iqtisodiy, mahalliy sharoitlar xususiyatlari va raqobatbardoshlik aspektlarida o’rganib chiqiladi.
Tayanch iboralar:

Ko’p millatli tarmoqlar, global tarmoqlar, raqobatbardoshlik darajasi, mahalliy sharoitlar.


Nazorat savollari:

1. Xalqaro kompaniya yangi bozorga chiqishi uchun qanday izlanishlar olib boradi?

2. Qabul qiluvchi mamlakatda raqobatbardoshlik darajasini ushlab turish omillari nimalardan iborat?

3. Xorijiy sherikni tanlash xususiyatlari nimada?

4. Ko’pmillatli va global tarmoqlar deganda nimani tushunasiz?

5. Chet elda tadbirkorlik faoliyati sharoitlarini asosan qaysi aspektlarda ko’rib chiqish zarur?

6. Korxonalar TIF asosiy shakllarining afzalliklari va kamchiliklari nimalardan iborat?

7. Qabul qiluvchi mamlakatni tanlashda qanday asosiy ko’rsatkichlar baholanadi?


Tavsiya etiladigan adabiyotlar

  1. Karimov I.A. Barcha reja va dasturlarimiz vatanimiz taraqqiyotini yuksaltirish, halqimiz farovonligini oshirishga xizmat qiladi. //www.gov.uz. 22.01.2011.

  2. Асосий вазифамиз – Ватанимиз тараққиёти ва халқимиз фаровонлигини янада юксалтиришдир. //Халқ сўзи, 30.01.2010.

  3. Каримов И.А. Жаҳон молиявий-иқтисодий инқирози, Ўзбекистон шароитида уни бартараф этишнинг йўллари ва чоралари. Т.: Ўзбекистон, 2009.

  4. Nazarova G.G., Nazarova R.R., Salixova N.M., Muxamedjanova G.A., Ismailova N.S. Xalqaro menejment. O’quv qo’llanma. T.: TDIU, 2009.

  5. Конина Н.Ю. Менеджмент в международных компаний: как побеждать в конкурентной борьбе.- М.: ТК Велби, 2009.- 560 с.

  6. Сорокина М.В. Менеджмент в торговле: Учебник.- СПб.: Бизнес – пресса, 2008.- 480 с.

  7. Пивоваров С.Э., Тарасевич Л.С. Международный менеджмент: Учебник. 4-е изд.- СПб.: Питер, 2008.- 720 с.

  8. Гаврилова Т. А., Муромцев Д. И. Интеллектуальный менеджмент: инструменты и системы: Учеб. пособие. 2- е изд.- С. - Петерб. гос. Ун-та, 2008.- 488 с.


5-MAVZU. XALQARO KOMPANIYALARNING DAVLAT BILAN MUNOSABATLARI
5.1. Davlatning o’z hududida xalqaro kompaniyalar faoliyatiga yondashish prinsiplari
Davlat xorijiy xalqaro kompaniyalar bilan o’z munosabatlarini vakolatga ega davlat muassasalari va jamoat tashkilotlarining xalqaro kompaniyalar faoliyatini barqarorlashtirishga qaratilgan qonunchilik, ijro va nazorat xususiyatidagi tadbirlar tizimi yordamida tashkil qiladi.

90-yillar ohirlarida ko’p davlatlar milliy hukumatlarining e’tibori xalqaro moliyaviy oqimlar hajmining keskin ko’payishi va dinamikasining o’zgarishiga qaratilgan bo’lib, ularga qisqa muddatli moliyaviy majburiyatlar, investitsion oqimlar va spekulyativ kapital harakati kiradi. Xalqaro kompaniyalar tomonidan amalga oshiriluvchi moliyaviy oqimlar qabul qiluvchi mamlakatlar iqtisodiyotiga bevosita ta’sir etadi, va Osiyodagi qator rivojlanayotgan davlatlar achchiq tajribasining ko’rsatishicha, ularning davlat tomonidan nomuvofiq tartibga solinishi davlatdagi va dunyodagi makroiqtisodiy vaziyatni izdan chiqarishi mumkin.

Xalqaro kompaniyalar investitsion faoliyatini davlat tomonidan tartibga solishning eng keng tarqalgan vositalariga milliy firmalar hissadorlik kapitalida xorijiy investor ulushini cheklash, ishlab chiqarishni boshqarishdagi cheklashlar, foydani taqsimlashda maksimal ulushni aniqlash, litsenziyalar, patentlar berish shartlari, buxgalterlik hisobotini tekshirish kiradi. Bundan tashqari, chet el kompaniyalarining sanoatning ayrim tarmoqlari, xizmat sohalariga (telekommunikatsiya, transport, aloqa, televidenie) kirishi ta’qiqlanadi. Rossiyada, masalan, konversiya, nodir metallarni qazib olish va ishlov berish, kommunikatsiyalar kabi xalq xo’jaligining strategik tarmoqlari bilan bog’liq loyihalarda chet el firmalari ishtiroki cheklangan.

Qabul qiluvchi mamlakatda xalqaro kompaniyalarning xorijiy filiallarini tashkil etish maqsadlarini besh toifaga ajratish mumkin:

1. Sotish bozorlarini kengaytirish. Bosh kompaniya qabul qiluvchi mamlakatda tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish yoki turli xizmatlar ko’rsatishni tashkil etadi. Bunda chet el korporatsiyasi ishlab chiqarish uchun o’z mahsulotini ishlab chiqarish texnologiyasini, boshqarish tajribasini va o’z tovar belgisidan foydalanish huquqini beradi.

2. Eksport hajmini ko’paytirish. Xalqaro kompaniyalar eksportining tobora ko’p qismi ularning xorijiy filiallariga to’g’ri kelmoqda. Korporatsiyalar xorijiy ishlab chiqarishni rivojlantirish maqsadida arzon ishchi kuchi va ko’p tabiiy resurslarga ega qabul qiluvchi mamlakatlarga kapital kiritadi. Xorijiy filial samarali faoliyat ko’rsatishining zaruriy sharti sifatida mahalliy va mintaqaviy sig’imli sotish bozorlarining mavjudligi hisoblanadi.

3. Xomashyo va materiallar bilan ta’minlash. Xalqaro kompaniyalar xorijiy filiallarining aksari qismi TMK tizimi firmalarini, shu jumladan, bosh kompaniyani tabiiy resurslar bilan ta’minlash maqsadida amal qiladi.

4. Antiqa texnologiyalarni xarid qilish. Shu maqsadda xalqaro kompaniyalar yuqori ilmiy potensialga ega, ya’ni tadqiqot markazlari, universitetlar, texnologik parklar, intellektual “inson kapitali” mavjud bo’lgan mamlakatlarda (AQSh, Yaponiya, Yevropa Ittifoqi davlatlari) o’z xorijiy korxonalarini tashkil qiladi.

5. Faoliyat samaradorligini oshirish. Xalqaro kompaniyalarning xorijiy korxonalari faoliyatida masshtab samarasi ustunliklari, vertikal va gorizontal xalqaro ishlab chiqarish integratsiyasi qo’llaniladi.

Qabul qiluvchi mamlakat davlati TMKning quyidagilarga yordam berishiga intiladi:

- ular amal qilayotgan mamlakat ichki va tashqi havfsizligini saqlash;

- aholining optimal real daromad olishiga shart-sharoit yaratish va bandlik darajasini oshirishni ta’minlash;

- aholi salomatligini saqlash va atrof-muhit muhofazasi;

- madaniyat, texnika, fan, maorif darajasini ko’tarish.

Turli davlatlarning o’z iqtisodiyotiga chet el investorlarini jalb qilish dasturlarida umumiy belgilarni ko’rish mumkin. Birinchidan, barcha davlatlar reklama materiallarini tarqatish, maxsus seminarlar, uchrashuvlar, majlislarni asosan davlat darajasida o’tkazish yo’li bilan xorijiy kapital jalb qilayotgan mamlakat “obro’” sini oshirishga intiladi. Ikkinchidan, bu dasturlar xorijiy sarmoyadorlarni qayd qilishda byurokratik tadbirlarni yengillashtirish va soddalashtirishni nazarda tutadi. Nihoyat dasturlarda xorijiy investorlarga moliyaviy imtiyozlar berish (bu rivojlanayotgan va o’tish iqtisodiyoti davridagi mamlakatlar uchun xarakterli) ko’zda tutiladi.

Qabul qiluvchi mamlakatning o’z iqtisodiyotiga xalqaro kompaniyalarni jalb qilish bo’yicha tadbirlarni quyidagi guruhlarga ajratish mumkin:



1) Tartibli tadbirlar – qabul qiluvchi mamlakat hududida xalqaro kompaniyalar filiallari faoliyatiga ruxsat berish tartibini soddalashtirish bo’yicha ma’muriy va qonuniy me’yorlarni kiritish.

2) Soliq imtiyozlari – chet el firmalarini soliqdan ozod qilish yoki kamaytirish. Bu imtiyozlar foydaga soliq solishga tegishli, shuningdek “soliq ta’tillari” ni kiritish (xalqaro kompaniya xorijiy filial korxonasini ishga tushirish davrigacha foydaga soliq solishdan ozod qilish), ijtimoiy sug’urtaga to’lovlardan ajratmalar miqdorini kamaytirish, kapital repatriastiyasi va foydani xorijga chiqarishda soliqlardan ozod qilishda namoyon bo’ladi.

90-yillarda xalqaro kompaniyalar sarmoyalarini jalb qiluvchi mamlakatlar o’rtasida soliq raqobati keskinlashdi, negaki aynan soliqqa tortish xalqaro kompaniyalar joylashish o’rnini tobora ko’proq aniqlamoqda. Bunday raqobat qabul qiluvchi mamlakatlarning iqtisodiyotiga umuman salbiy ta’sir ko’rsatadi, ya’ni davlat daromadlari va chet el investitsiyalari qisqarishiga olib keladi. 90-yillar oxirida ayrim xalqaro tashkilotlar (masalan, OESR, YeI) milliy va xalqaro kompaniyalar uchun soliq stavkalari o’rtasidagi farqlarni nazorat qilishni o’rnatish maqsadida bu tashkilotlarga a’zo mamlakatlar soliq rejimini o’rganish uchun ekspertlar ishchi guruhini tashkil etdilar.



3) Imtiyozli shartlarda subsidiyalar va qarzlar. Bularga mahalliy moliyaviy tashkilotlarning imtiyozli shartlar bilan xorijiy investorlarga bergan kreditlari, qonuniy hujjatlar bilan rasmiylashtirilgan amortizastiya fondiga (firmaning normal faoliyat ko’rsatishini ta’minlovchi kapital qo’yilmalarni takror ishlab chiqarishni moliyalashtirishga xizmat qiluvchi maxsus fond) to’lovlarning qisqartirilgan muddatlari kiradi. Amortizastiya fondiga to’lovlarga soliq solinmaydi. Bundan tashqari, ayrim davlatlar xorijiy investorlarga energiya tashuvchilar uchun haq to’lashga subsidiyalar va firma xodimlari ish xaqiga subsidiyalar ajratadi.

4) Savdo imtiyozlari import bojlarini kamaytirish yoki ulardan ozod qilishni ifodalaydi. Eksportga nisbatan savdo imtiyozlari eksportni moliyalash, eksport kafolatlarini berish va eksport bojlaridan ozod qilishdan iborat.

5) Xorijiy firmalar tadbirkorlik faoliyatiga ko’maklashish. U erkin tadbirkorlik hududlarini (xorijiy kelib chiquvchi tovarlar odatdagi bojxona to’lovlarisiz ishlab chiqarilishi, qadoqlanishi, saqlanishi, sotilishi, xarid qilinishi mumkin bo’lgan qabul qiluvchi mamlakat hududining bir qismi) tashkil qilish; qabul qiluvchi mamlakat iqtisodiyoti ustuvor tarmoqlari rivojlanishini rag’batlantirish; konstessiyalarni (davlat tomonidan xorijiy firmaga o’z mamlakati hududida faoliyat yuritish: foydali qazilmalar qazib chiqarish, sanoat korxonalarini qurish va ishga tushirish va boshqa huquqlarning berilishi) moliyalashtirish, kapitallar bozorida davlat preferenstiyalari, ITTKIni qo’llab-quvvatlash; raqobatlashayotgan tovarlar va xizmatlar importini ta’qiqlash; milliy valutani devalvastiyadan saqlash choralari; qarz kafolatlari, qoloq mintaqalar hududida tadbirkorlik faoliyatini rag’batlantirish; xususiylashtirishda ishtirok etishda namoyon bo’ladi.
5.2. Xalqaro kompaniyalar faoliyatini davlat tomonidan tartibga solinishi
Qabul qiluvchi mamlakatda xalqaro kompaniyalar faoliyatini huquqiy tartibga solish ikki yo’l bilan: milliy-huquqiy va xalqaro huquqiy usullar bilan amalga oshiriladi.

Milliy-huquqiy tartibga solish milliy huquq tizimi me’yorlari va institutlarini (ma’muriy, fuqarolik va b.) qo’llashdan iborat. Ko’p davlatlarda xorijiy firmalar faoliyatiga taaluqli investitsion qonunlar va kodekslar ko’rinishida maxsus qonunchilik shakllangan. Ularning asosi – qabul qiluvchi mamlakatda xorijiy investitsiyalarning qoidalari, shartlari va huquqiy kafolatlaridir.

Qabul qiluvchi mamlakatda xorijiy firmalar faoliyatiga tegishli milliy qonunchilikka ko’p mamlakatlar xorijiy investorga qabul qiluvchi mamlakat milliy rejimini, ya’ni xorijiy investor huquqlarini milliy korxonalar huquqlariga tenglashtiruvchi sharoitlarini taqdim etuvchi nizomni kiritadilar. Bundan tashqari, xorijiy investorning qo’shimcha tavakkalchiligini qoplash uchun qabul qiluvchi mamlakatning milliy qonunchiligi xorijiy investor uchun qo’shimcha imtiyozlar va ustunliklarni ko’zda tutadi.

Ko’p davlatlar qonunchiligida xorijiy investorlarga notijorat tavakkalchiliklar (chet el xususiy mulkni milliylashtirish, terrorizm, foyda repatriastiyasiga ta’qiq, tashqi to’lovlarga moratoriy) bo’yicha kafolatlar mavjud. Bunda investitsion bahslarni xalqaro arbitraj institutlarida ularning tartib qoidalarini qo’llash bilan hal qilish ko’zda tutiladi.

O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 02.05.2003y. 205-sonli «To’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalarni huquqiy himoya qilishni kuchaytirishga doir qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida»gi Qarori bilan "Chet ellik investorlar huquqlarining kafolatlari va ularni himoya qilish choralari to’g’risida"gi O’zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq va respublikaga to’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish uchun yanada qulay shart-sharoitlarni ta’minlash, xorijiy investitsiyalarni ishonchli huquqiy himoya qilishning amaliy mexanizmini barpo etish, mana shu asosda mamlakatdagi investitsiya muhitini yanada yaxshilash maqsadida O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga xorijiy investorlarni va xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarni huquqiy himoya qilishni ta’minlash vazifasi yuklatilgan va quyidagi huquqlar berilgan:

- xorijiy investorlarni va xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarni javobgarlikka tortishning asosliligini zarur hujjatlar, shu jumladan, jinoiy, fuqarolik, xo’jalik va ma’muriy ishlar materiallari bilan tanishish yo’li bilan o’rganib chiqish;

- vazirliklar, idoralar va nazorat organlari, shuningdek mahalliy hokimiyat va boshqaruv organlari rahbarlariga qonun xujjatlarining aniqlangan buzilishlari, qonun buzilishini va unga olib keluvchi shart-sharoitlarning sabablarini bartaraf qilish to’g’risida belgilangan muddatlarda bajarilishi majburiy bo’lgan taqdimnomalar kiritish;

- mansabdor shaxslar tomonidan xorijiy investorlar va xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarning huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilishi hollari aniqlangan hollarda, shuningdek adliya organlarining qonuniy talablari mansabdor shaxslar tomonidan bajarilmagan taqdirda aybdor mansabdor shaxslarni javobgarlikka tortish to’g’risidagi masalalarni tegishli organlar oldiga qo’yish;

- xorijiy investorlar va xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarning huquqlarini buzayotgan nazorat qiluvchi hamda mahalliy xoqimiyat va boshqaruv organlarining harakati yoki qarorlarini to’xtatib qo’yish;

- jinoiy, fuqarolik, xo’jalik va ma’muriy ishlar bo’yicha xorijiy investorlar va xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzuvchi sud hujjatlarini davlat boji to’lamasdan qayta ko’rib chiqish to’g’risida sud instanstiyalariga takliflar bilan murojaat qilish;

- xorijiy investorlar va xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarning o’z huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilganligi to’g’risidagi murojaatlarini tekshirish uchun tegishli mutaxassislarni jalb etish.



Xalqaro huquqiy tartibga solish davlatlararo kelishuvlardan iborat. U ikkitomonlama va ko’ptomonlama asosda amalga oshiriladi. Xorijiy investitsiyalarni rag’batlantirish va himoya qilish haqidagi ikkitomonlama xalqaro shartnomalar xorijiy investitsiyalar statusini aniqlaydi va bir-birining sarmoyalari uchun qabul qiluvchi mamlakatning milliy rejimini o’zaro taqdim qiladi. Bu shartnomalar investitsiyalarni siyosiy tavakkalchiliklardan himoyalash to’g’risidagi nizomlar va baxslarni hal qilish tartibini o’z ichiga oladi. Ko’pgina kapital eksport qiluvchi davlatlar xalqaro ikkitomonlama kelishuvlarga qo’shimcha ravishda kapital chiqarishni rag’batlantirish uchun o’z fuqarolari va huquqiy shaxslar xorijiy investitsiyalarini sug’urtalashning davlat tizimlarini tashkil etishdi.

Ko’p tomonlama xalqaro-huquqiy tartibga solish ko’ptomonlama universal shartnoma-kelishuvlar asosida amalga oshiriladi. Unda BMT tizimi muassasalari va integratsion birlashmalar (YeI, NAFTA, ASEAN va b.) ishtirok etadi. Xorijiy tadbirkorlik masalalari bo’yicha eng mashhur ko’ptomonlama universal konvensiyalarga 1965 yil “Qabul qiluvchi mamlakatlar va xorijiy xususiy sarmoyadorlar o’rtasida investitsion baxslarni hal qilish haqida”gi Vashington konvensiyasi kiradi.

Bu konvensiyaga binoan unga qo’shilgan davlatlar va investorlar bahslarni hal qilish uchun Xalqaro ta’mirlash va taraqqiyot banki (XTTB) qoshida investitsion bahslarni muvofiqlashtirish bo’yicha Xalqaro markazga murojaat qilishi mumkin. Ko’rsatilgan muassasaga murojaat etishning shart-sharoiti bo’lib, ularning bahsni kelishtiruvchi tadbir yoki arbitraj sudi yordamida hal qilishga yozma roziligi hisoblanadi.

1985 yil Seul konvensiyasi asosida XTTB qoshida xorijiy xususiy investitsiyalarni sug’urtalash bo’yicha Xalqaro agentlik (XXISXA) tashkil etilgan. Bu tizim bo’yicha sug’urtachi (XXISXA) sug’urtalanuvchi (xorijiy investor) bilan imzolangan shartnomaga muvofiq siyosiy havflar vujudga kelgan taqdirda sug’urtalanuvchining sug’urta shartnomasida ko’rsatilgan miqdorni to’lash majburiyatini oladi. Sug’urtalanuvchi o’z navbatida sug’urtachiga har yili sug’urta to’lovini to’lash majburiyatini oladi.

90-yillar oxirida Butunjahon savdo tashkiloti (BST) doirasida savdo bilan bog’liq xorijiy investitsiyalarni tartibga soluvchi tizim – TRIMS (Trade Related Investment Matters) shaklida xorijiy investitsiyalarni ko’ptomonlama xalqaro-huquqiy tartibga solish keng tarqaldi. TRIMS doirasida milliy hukumatlar faoliyatining muhim jihatlari qatorida quyidagilarni muvofiqlashtirish amalga oshiriladi:

- xorijiy investorlar bilan qo’shma korxonalarda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarda milliy korxonalar mahsuloti ulushi (bu ushbu mahsulotlarni bojxona to’lovlaridan ozod qilish sharti sifatida qaraladi);

- xorijiy investor korxonasining u bilan qo’shma milliy korxona uchun mahsulotida import komponentlar ulushi ko’rsatilgan korxona mahsulotining eksport hajmiga teng bo’lishi haqidagi talab;

- xorijiy investor tashkil qilgan korxonalarda eksport hajmini cheklash.

BST doirasida xalqaro kompaniyalar va milliy hukumatlar sarmoyaviy faoliyatini tartibga solishning yana bir yo’nalishi bo’lib Xizmatlar bo’yicha bosh kelishuv (GATS) hisoblanadi. Bunday maxsus kelishuvni qo’llash zaruriyati tez o’sib boruvchi xizmatlar sohasi va ishlab chiqarish eksporti ko’pincha telekommunikatsiya va aloqa sohasida buxgalterlik va auditorlik faoliyat turlarida, axborot ma’lumotlarini qayta ishlash va dastur ta’minoti sohalarida xalqaro kompaniyalarning xorijda maxsus ishlab chiqarish filiallarini tashkil qilishini ko’zda tutishi sababli vujudga keldi.


    1. Milliy kapital eksportini rag’batlantirish

Milliy kapital eksportini rag’batlantirish masalasi davlatimiz tashqi iktisodiy faoliyatidagi eng dolzarb masalalardan biri hisoblanadi, chunki «O’zbekiston o’zining kelajakdagi asosiy istiqbollaridan biri – bu rivojlangan davlatlar safiga qo’shilish, mamlakatni modernizastiyalash, siyosiy, iqtisodiy islohotlarni davom ettirish va chuqurlashtirish, fuqarolik jamiyatini barpo etish, hamda shuning asosida o’z fuqarolarining yuqori turmush tarzini ta’minlashda, deb biladi».22

Iqtisodiyotda milliy kapital ortiqchaligi sezilayotgan davlatlar uning chet elga chiqarilishini rag’batlantiradi. Davlatning xalqaro kompaniyalar eksport-investitsion faoliyatini qo’llab-quvvatlashining asosiy shakllari bo’lib imtiyozli moliyalashtirish; foydaga soliq kamaytirilishi bilan bog’liq yo’qotishlarni qoplovchi maxsus kreditlash tizimi; potensial zararlarni sug’urtalashning kengaytirilgan doirasi hisoblanadi. Oxirgi shakl raqobat erkinligi tamoyilini buzmaganligi va shu tarzda xalqaro kelishuvlar ta’qiqlash me’yorlarini ostiga tushmasligi sababli keng tarqaldi. Bundan tashqari, turli mamlakatlarning davlat organlari o’z eksporterlariga keng axborot doirasini taqdim etadi.

Xorijiy tadbirkorlik (shu jumladan, kapital) bilan shug’ullanuvchi kompaniyalar o’z davlatlari ko’magini olishi uchun uchta asosiy shart bajarilgan bo’lishi kerak:

1. Xalqaro kompaniyalarni xorijiy filiallari foyda keltirishi, ya’ni ularning texnologiyasi ishonchli, ishlab chiqarishni tashkil qilishi samarali bo’lishi kerak.

2. Xalqaro kompaniyalar xorijiy filiallari qabul qiluvchi mamlakat iqtisodiy rivojlanishiga ko’maklashishi zarur. Ularning texnologiyasi qabul qiluvchi mamlakat mahalliy resurslaridan foydalanishga mo’ljallangan mehnat sig’imli bo’lishi kerak.

3. Xalqaro korporatsiyalarning xorijiy tadbirkorligi bosh kompaniya joylashgan mamlakat iqtisodiyotiga ishlab chiqarish, bandlik va h.k.ga zarar yetkazmasligi kerak. Masalan, Janubiy Koreya moliya va iqtisodiyot vazirligi kapital chiqib ketishini to’xtatish uchun ichki kapital qo’yilmalarni xorijga investitsiyalar chiqarish sharti deb belgiladi. 100 mln. dollardan ortiq xorijiy loyihalarni moliyalashtirayotgan milliy kompaniyalar ichki kapital qo’yilmalar hajmini 20 % ga ko’paytirishni ta’minlashi kerak.

Sarmoyador-mamlakatlar hukumatlari xorijiy tadbirkorlikni rag’batlantirib, o’z milliy firmalariga nisbiy afzalliklarni amalga oshirishga ko’maklashadi. Masalan, YеIda investitsiyalarga ko’maklashish dasturi (European Community Investment Partners Program) amalga oshiriladi. 90-yillarda uning asosida YеIga a’zo-mamlakatlar kompaniyalarini ularning O’rta yer dengizi, Osiyo va Lotin Amerikasi davlatlaridagi faoliyatida qo’llab-quvvatlash amalga oshirildi. YеIga a’zo-mamlakatlarning 1000 dan ortiq kompaniyalari qabul qiluvchi mamlakatlar firmalari bilan qo’shma korxonalar faoliyatida va uzoq muddatli litsenzion kelishuvlarda ushbu dastur ko’magida foydalandilar. Dastur qabul qiluvchi mamlakatlarda YеI a’zo-mamlakatlari kompaniyalari loyihalarining barcha bosqichlarini moliyalashtirishga yordam beradiki, unga texnik-iqtisodiy asoslarni tayyorlashga grantlar, qabul qiluvchi mamlakatda qo’shma korxonalar tashkil qilish sharoitlarini oldindan o’rganishga, personal o’qitishga va ITTKIga foizsiz qarzlar kiradi.

AQShda amerikalik investorlarning xorijda xususiy xorijiy kapital qo’yilmalarini moliyalashtirish bo’yicha davlat korporatsiyasi – OPIK moliyalashtiradi. U amerika kompaniyalarining bevosita xorijiy investitsiyalarini siyosiy tavakkalchilikdan sug’urtalaydi va ularning samarali xorijiy faoliyati uchun yana qator xizmatlar ko’rsatadi. Lotin Amerikasi va Karib havzasi mamlakatlarining iqtisodiy o’sishini ta’minlash uchun maxsus rivojlanish dasturlari alohida ajralib turadi.

OPIK yordami quyidagi shartlarga rioya qilinganda beriladi:

a) amerika kompaniyalarining bevosita xorijiy investitsiyalari AQShda bandlik darajasiga ijobiy ta’sir ko’rsatishi kerak;

b) ular moliyaviy jihatdan oqlangan bo’lishi va yuqori foyda keltirishi kerak;

v) ular qabul qiluvchi mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga munosib hissa qo’shishi lozim.

Yaponiya Eksport-import banki yapon firmalarining bevosita xorijiy investitsiyalarini moliyalashtiradi va yapon firmalari bilan qo’shma korxonalar tashkil qilish uchun chet el hukumatlari va xususiy kompaniyalarga qarzlar beradi. Bu bank shuningdek xorijda ijtimoiy infrastruktura loyihalarini sarmoyalovchi yapon firmalariga kafolatlar beradi. Bundan tashqari, Yaponiyada rivojlanayotgan davlatlarni investitsiyalashga byudjetga soliq ajratmalarni kamaytirish ko’rinishidagi imtiyozlar mavjud.

TMK odatda bosh kompaniyalar joylashgan mamlakatlar va qabul qiluvchi mamlakatlar hokimiyat tuzilmalarida o’z manfaatlarini himoyalashni tashkil etadi. Bunda iqtisodiyotni muvofiqlashtirish davlat organlari xalqaro kompaniyalar istaklarini har doim ham va darhol bajarmaydilar. Bu istaklar ba’zan milliy firmalar, ishchi va xodimlar manfaatlariga, muayyan mintaqa ekologiyasiga va byudjet imkoniyatlariga zid keladi.

Shu bilan birga davlat iqtisodiyot tarmoqlarini va mintaqalarni cho’zilib ketgan krizisdan chiqarish maqsadida ustuvor rivojlantirishdan, jadal ilmiy-texnik taraqqiyot sharoitlarini yaratishdan, tarmoqlar va mintaqalar ichki va butun xalq xo’jaligida ilg’or tarkibiy o’zgarishlarni amalga oshirish uchun sharoitlar yaratishdan manfaatdor bo’lganda, u xalqaro kompaniyalarga moliyaviy stimul va davlat kapital qo’yilmalari yo’li bilan rag’batlantiruvchi ta’sir etadi. 90-yillarda ko’p davlatlar siyosatida ichki bozorlar hajmini kengayishi, iqtisodiyotni tartibga solishda davlat rolini cheklash, korxonalarni xususiylashtirish, erkin savdo zonalarini tashkil qilish kabi xalqaro kompaniyalar uchun jozibali tendensiyalar namoyon bo’ldi.

Global menejer xalqaro kompaniya xorijiy filiali tashabbuslariga qabul qiluvchi mamlakat ma’muriy organlarining munosabatini oldindan ko’ra olish muhim. Turli vaziyatlarda xalqaro tashkilotlarning qabul qiluvchi davlatlar hukumatlari bilan ko’p yillik munosabatlari tajribasi xalqaro iqtisodiy hamkorlikning uchta asosiy komponentini (tovarlar va xizmatlar, texnologiyalar, bevosita xorijiy investitsiyalar) mamlakatga kiritish va chiqarishga qarab qabul qiluvchi mamlakat siyosatidagi yo’nalishlarni turkumlash imkoniyatini beradi (5.1-jadval).

1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   16


Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©atelim.com 2016
rəhbərliyinə müraciət