Ana səhifə

E. Heminguey “Quyosh bari bir chiqaveradi” Kirish


Yüklə 0.9 Mb.
səhifə4/12
tarix25.06.2016
ölçüsü0.9 Mb.
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   12

To’qqizinchi bob
Bokschi Ledu bilan Frensisning uchrashuvi 20 iyun' kuni bo’lib o’tdi. Uchrashuv qiziqarli bo’ldi. Ertasi kuni ertalab Andayi shahridan, Robert Kondan xat oldim. U juda xotirjam yashayapman, cho’milyapman, gohida gol'f o’ynayapman, ammo brijga ko’p qatnashyapman, deb yozibdi. Andanida ajoyib plyaj bor ekanu, biroq, u biz bilan qachon baliq oviga borishini sabrsizlik bilan kutayotganmish. Qachon yetib borishimni so’rabdi. Marhamat qilib, unga qo’sh ipli qarmoq sotib olishni, men borganimdan keyin pulini berajagini aytibdi.

O’sha kuni ertalaboq redaksiyada o’tirib, Konga xat yozdim-da, Bill bilan yigirma beshinchida Parijdan yo’lga chiqishimizni, bordiyu jo’nay olmasak, telegramma yuborib ma'lum qilishimizni, u bilan Bayonnada uchrashib, u yerdan avtobusda tog’ orqali Pamplonga ketajagimizni xabar qildim. O’sha kuni kechqurun soat yettilarda Maykl va Bret bilan ko’rishish maqsadida "Selekt" kafesiga kirib o’tdim. Ikkovi ham u yerda yo’q ekan. "Dingo" kafesiga yo’l oldim. Ular shu yerda, peshtaxta yonida o’tirishgan ekan.

- Xello, azizim.- Bret menga qo’lini chўo’zdi.

- Xello, Jeyk,-dedi Maykl.-Kecha kechqurun, aftidan, rosa kayf qilibman shekilli?

- Kayf ham gapmi,-dedi Bret.-Rosa xunuk ish bo’ldi-da.

- Menga qarang,- dedi Maykl,- Ispaniyaga qachon jo’naysizlar? Agar sizlar bilan birga borsak, qarshi emasmisizlar?

- Juda soz bo’lardi-da.

- Jiddiy aytyapsizmi? Bilasizmi, men Pamplonda bo’lganman. Bretning borgisi kelyapti. Ammo sizlarga dardisar bo’lmaymiz deyman?

- Behuda gapni qo’ysangiz-chi.

- Bilasizmi, biroz kayfim bor. Aks holda to’g’ridan-to’g’ri iltimos qilmagan bo’lardim. Siz qarshi emasdirsiz-a?

- Jim o’tir, Maykl,- dedi Bret.- Senga nima deb javob berishini istarding? Keyinchalik o’zim iltimos qilaman.

- Ammo siz e'tiroz bildirmaysiz-a?

- Agar yana bir marta takrorlasangiz, xafa bo’laman. Bill bilan yigirma beshinchida ertalab yo’lga chiqamiz.

- Aytgandek, Bill qani?- so’radi Bret.

- U Shantil'iga ketgan, allakimnikiga tushlikka taklif etilibdi.

- Bill -yoqimtoy yigit.

- Ajoyib yigit,- dedi Maykl.- Alomatda, alomat!

- Sen uni eslolmaysan-u,- dedi Bret.

- Esimda. Juda yaxshi esimda. Mana bunday qilamiz, Jeyk, biz yigirma beshinchida kechqurun yetib boramiz. Bret ertalab turolmaydi.

- Gapingni qara-yu!

- Agar pul yuborishsa-chi, siz e'tiroz bildirmassiz, albatta.

- Pul yuborishadi. Buni men zimmamga olaman.

- Ayting-chi, qanaqa narsalarni olishim kerak?

- Ikkita yoki uchta kaltakli qarmoq, qarmoq ipi va pashsha.

- Men baliq ovlab o’tirmayman,- dedi Bret.

- Unday bo’lsa ikkita qarmoq olish kerak. Bill hech nima sotib olmasa ham bo’ladi.

- Mayli,- dedi Maykl.- Men qorovulimizga telegramma yuboraman.

- Ajoyib ish bo’ladi-da,-dedi Bret.- O, Ispaniya! Rosa vaqtichog’lik qilamiz-da.

- Yigirma beshinchi - qaysi kun?

- Shanba.

- Shoshilinch tayyorlanishga to’g’ri keladi.

- Endi bo’ldi,- dedi Maykl.- Men sartaroshxonaga ketdim.

- Men esam cho’milib olishim kerak,- dedi Bret.- Iltimos, mehmonxonagacha meni kuzatib qo’ying, Jeyk.

- Ajoyib mehmonxonada yashayapmiz-da,- dedi Maykl.- Baayni fohishaxona, menimcha.

- Biz yukimizni shu yerda, kafeda qoldirib, mehmonxonaga borganimizda xona necha soatga zarur ekanini surishtirishdi. Tunni shu yerda o’tkazishimizni eshitib, rosa quvonishdi.

- Uning fohishaxona ekaniga imonim komil,- dedi Maykl.- Shuniyam bilmasam bo’lgan ekan-da.

- Bo’ldi-da, borib soch-soqolingni oldirib kelsang-chi. Maykl chiqib ketdi. Bret bilan men peshtaxta yonida qoldik.

- Yana ichamizmi?

- Mayli.

- Endi yengil tortdim-a,-dedi Bret. Biz Delambr ko’chasi buylab yurdik.

- Men safardan qaytib kelganimdan beri hali sen bilan ko’rishmagandik,- dedi Bret.

- Ha, ko’rishmadik.

- Ahvollaring qalay, Jeyk?

- A'lo darajada. Bret menga qarab qo’ydi.

- Menga ayt-chi, Robert Kon ham sizlar bilan birga boradimi?

- Ha. Nimaydi?

- Sening-cha, unga og’ir botmasmikan?

- Nega endi?

- Sening-cha, San-Sebast'yanga men kim bilan bordim?

- Tabriklayman,- dedim men. Yo’limizda davom egdik.

- Nega bunaqa deyapsan?

- Bilmadim. Nima deyishimni istarding? Yo’limizda davom etib, muyulishga yetgach, burildik.

- U o’zini durustgina tutib yurdi. Faqat Robert bilan sayohat qilish zerikarli bo’larkan.

- Shunaqami?

- Bu sayohat unga foyda qilarmikin, deb o’ylagandim.

- Senga xayr-ehson ishlari bilan jiddiy shug’ullanishni maslahat berardim.

- Aljirama.

- Xo’p, aljiramayman.

- Rostanam bilmaganmiding?

- Yo’q. Menimcha, bu haqda o’ylamagan bo’lsam kerak,- dedim men.

- Sening-cha, Konga og’ir botmasmikan?

- Bu uning ishi,- dedim men.- Jo’nab ketayotganing haqida unga yozib yubor. U, axir, bormay qolishi ham mumkin-ku.

- Mulohaza qilib oldindan rad eta olish uchun Robertga xat yozib ogohlantiraman.

Shundan keyin yigirma to’rtinchi iyunning oqshomiga" cha Bretni ko’rmadim.

- Kondan xabar bormi?

- Ha. quvonib boshi osmonga yetibdi. ?- Yo rabbim!

- O’zimam hayron qoldim. Uchrashuvni sabrsizlik bilan kutyapman, deb yozibdi.

- Balki, yolg’iz boryapsan, deb o’ylayotgandir?

- Yo’q. Hammamiz birgalikda borishimizni yozuvdim. Maykl ham, boshqalar ham borishadi, degandim.

- Beqiyos yigit-da.

- Rostdanmi?

Ular pul ertasi kuni yetib kelishini mo’ljallashayotgandi. Biz Pamplonda uchrashishga va'dalashdik: ular to’g’ri San-Sebast'yanga yetib borishadi-da, o’sha yerda boshqa poezdga o’tirishadi. Hammamiz Pamplonda Montoyining mehmonxonasida uchrashadigan bo’ldik. Agar ular dushanbagacha yetib kelisholmasa, unda toqqa, Burgetga, baliq oviga o’zimiz ketaveramiz. Burgetga avtobus qatnaydi. Ular bizni topib olishlari uchun marshrutni batafsil yozib berdim.

Orsa vokzalidan Bill bnlan tonggi poezdda jo’nab ketdik. Kun ajoyib edi, unchalik issiq emas, tevarak-atrofda esa yo’lga chiqqanimizdan beri go’zal manzara. Vagon-restoranga borib nonushta qildik. Chiqib ketayotganimizda provodnikdan birinchi navbatda tushlik qilishga bilet so’radim.

- Beshinchi navbatgacha hamma o’rin band.

- Nima, nima?

Bu poezdda hamavaqt tushlikka ikki navbatdan ortiq bo’lmagan, doim istagancha bo’sh o’rin topilardi.

- Hammasi hisob-kitob qilingan,- dedi vagon-restoranning provodnigi.- Beshinchi navbat soat uch yarimda ovqatlanadi.

- Ahvol chatoq.

- Unga o’n frank beraqol.

- Mana buni oling,- dedim unga pulni uzatib.- Biz birinchi navbatda ovqatlanmoqchimiz. Provodnik pulni cho’ntakka urdi.

- Rahmat,- dedi u.- Sizlarga sandvich olib qo’yishni maslahat bergan bo’lardim. Dastlabki to’rtta navbatdagi o’rinlar yo’llar boshqarmasi buyurtmasi bilan band qilingan.

- Shu ketishda uzoqqa borarkansiz, og’ayni,- dedi unga Bill inglizchalab.- Agar sizga besh frank tutqazganimizdami, unda poezddan sakrab tushib qolishni masla-hat bergan bo’larmidingiz?

- Comment!?

- Jin ursin sizni!-dedi Bill.- Sandvich bilan bir shisha vino keltirishni buyuring. Unga ayt, Jeyk.

- Qo’shni vagonga yubortiring.- Unga qayerda o’tirganimizni tushuntirib berdim.

Bizning kupeda er-xotin o’smir o’g’li bilan o’tirishgan edi.

- Sizlar, aftidan, amerikalik bo’lsangiz kerak?- so’radi er.- Sayohat ko’ngilli o’tyaptimi?

- Juda soz!-dedi Bill.

- Yaxshi qilyapsizlar. Yoshligingizda o’ynab qoling. Mana men xotinim bilan ko’pdan beri Yevropa safariga otlanamizu, ammo har gal biroz kutishga to’g’ri kelib qoladi.

- Agar sen xohlaganingda bundan o’n yil avval jo’nashimiz mumkin edi,- dedi xotini.- Ammo sen nuqul, avval Amerikani ko’ramiz, deyaverding. Har qalay, biz ko’p joylarni tomosha qilishga ulgurdik.

- Poezdimiz amerikaliklar bilan to’la,- dedi er.- Yettita vagonni egallashgan. Hammasi Ogayo shtatining Deyton shahridan. Ziyoratchilar ekan. Avval Rimda bo’lishibdi. Endi esa Biarrits bilan Lurdga ketishyapti.

- E-ha, shunaqa deng! Ziyoratchilarmish. Bular o’zini xudojo’y ko’rsatuvchi mishiqilarning o’zginasi-ku,- dedi Bill.

- O’zlarini qaysi o’lkalardan so’raymiz?

- Men Kanzas-Sitidan, u bo’lsa Chikagodan,- dedim men.

- Ikkalangiz ham Biarritsga ketyapsizlarmi?

- Yo’q, biz Ispaniyaga baliq oviga ketyapmiz.

- O’zim ov bilan hecham shug’ullanmaganman. Lekin bizning tomonlarda ko’pchilik ovga ishqiboz. Bizning Montana shtatimizda baliq ovlaydigan ajoyib joylar bor. Men ham og’aynilarim bilan baliq tutgani borardimu, ammo hecham unga ishqiboz bo’lmaganman.

- Og’aynilaring bilan ovga borib, ja ko’p baliq tutuvding-da,- deb qo’ydi xotini.

Er bizga ko’zini qisib dedi:

- Hamma ayollarning tuprog’i bir joydan olingan. Vino to’ldirilgan idinshi yoki bir krujka pivoni sezib qoldimi, tamom, seni piyanistalar qatoriga qo’shib qo’ya-veradi.

- Erkaklarning o’zi hammavaqt shunaqa,- dedi xotini bizga murojaat qilib. U semiz tizzasini silab qo’ydi.- Unga manzur bo’lishim va uyda doim pivo turishini yoqtirganim uchun ham spirtli ichimliklar taqiqlangan qonunga qarshi ovoz berganman, endi bo’lsa erim bunaqa deyapti. Qiziq, bundaylarga nega turmushga chiqamiz-a!

- Bilasizmi, ziyoratchi otaxonlarimizning bir guruhi vagon-restoranni soat uch yarimgacha band etib qo’yibdi,-dedi Bill.

- Nima deyapsiz? Bunaqa bo’lishi mumkin emas!

- Borib bo’sh joyni topib ko’ring-chi.

- Unaqa bo’lsa, yana bir marta nonushta qilib kelamizmi, onasi?

Ayol o’rnidan turib ko’ylagini tartibga keltirdi.

- Iltimos, buyumlarimizdan ogoh bo’lib o’tiringlar. Qani, yur, X'yubert.

Uchalasi restoranga chiqib ketishdi. Birozdan keyin provodnik tushlikning birinchi navbatidagilarni ovqatga taklif qilib, vagonimizdan o’tib ketdi-yu, ziyoratchilar o’z imomlari boshchiligida yo’lakka chiqishdi. Qo’shnimiz oilasi bilan hali qaytgani

yo’q. Yo’lakda sandvich va bir shisha shabli1 ko’tarib olgan ofitsiant ko’rinuvdi, uni yonimizga chaqirdik.

- Bugun rosa terlaydigan bo’ldingiz-da,- dedim men. U bosh irqab qo’ydi.

- Hozir, o’n yarimda boshlashadi.

- Biz qachon ovqatlanamiz?

- O’zim qachon ovqatlanarkanman?

U shisha bilan ikkita stakanni stolga qo’ydi, hisob-kitob qilishib o’ziga choychaqa ham berdik.

- Tarelkalarni keyin olib ketaman,- dedi u,- yoki restoranga borganingizda olaketarsiz. Biz sandvich yeb, pivo ichib, yo’l manzarasini tomosha qilib ketdik. G’alla endi boshoqlayapti, keng maydonlarni lolaqizg’aldoq bosib ketgan. O’tloqlar yam-yashil, dam-badam chiroyli daraxtzorlar, gohida katta anhorlar, uzoqda, daraxtlar orasida joylashgan qasrlar ko’zga tashlanadi.

Tur shahrida biz perronga tushib yana bir shisha vino sotib oldik, vagonga qaytib chiqqanimizda montanalik janob xotini va o’g’li X'yubert bilan kupeda bemalol joylashib o’tirishgan ekan.

- Biarrisda cho’miladigan yaxshi joylar bormi?- so’radi X'yubert.

- Bolakay suvga yetib olguncha aqldan ozib qoladi-da,- dedi uning onasi.- Bu yoshda poezdda jimgina o’tirib ketishi qiyin.

- Ha, qulay joylar ko’p,- dedim unga.- Ammo havo ayniganda xavfli bo’ladi.

- Tushlik qildinglarmi?-so’radi Bill.

- Ha, ovqatlanib keldik. Dasturxon yoziqliq stol yonida o’tiraverdik, ziyoratchilar kirib kelishganida bizni ham ular bilan birga bo’lishsa kerak, deb o’ylashgandir-da. Ofitsiant bizga fransuzchalab bir nimalar dedi-yu, keyin uch kishini qaytarib yubordi.

- Albatta, bizni ziyoratchilar, deb o’ylashdi-da,- dedi er.- Bari bir katolik cherkovi katta kuchga ega. Afsus, siz, yoshlar, katolik emassizlar-da. Aks holda o’z vaqtida ovqatlangan bo’lardingiz.

- Men ham katolikman,- dedim men.- Mana shunisi alam qiladi-da.

Nihoyat soat to’rtdan o’n besh minut o’tganda ovqat berishdi. Billning sabr-toqati tugayozgan edi. U bir talay ziyoratchilarni boshlab kupega qaytayotgan imomning tugmasidan ushlab so’radi:

- Menga ayting-chi, otaxon, protestant mazhabiga mansub shaxslarga ham ovqat yeyish mumkinmi?

- Bilmadim. Nima, sizning biletingiz yo’qmi?

- E-ha, bu ahvolda jamoaga qo’shilib qolish hech gap emas,- dedi Bill.

Imom unga tikilib qarab qo’ydi.

Vagon-restoranda ofitsiantlar beshinchi marta ovqat ulashishyapti. Bizga xizmat qilayotgan ofisiant terga botib ketibdi. Oppoq kamzulining qo’ltig’i binafsharang tusga kiribdi.

- U aftidan, rosa vino ichsa kerak.

- Yoki binafsharang ichko’ylak kiyib olgan.

- O’zidan so’rab ko’ramiz.

- Hojati yo’q. U judayam charchabdi.

Bordoda poezd yarim soat turarkan. Biz vokzal oralab ko’chaga chiqdik. Shaharga borishga vaqt kamlik qiladi. Avtobusda Land ko’chasi bo’ylab kun botishini tomosha qilib bordik. Qarag’ay daraxtlari orasidan uzoq-uzoqlarga cho’zilib, bir uchi o’rmonzor tepalikka borib taqalgan qizg’ish tusli keng sayhonlik ko’zga tashlanib turibdi. Soat yetti yarimda kechki ovqat qilgani borib, vagon-restoranning ochiq derazasidan yo’l manzarasini tomosha qildik. Tevarak-atrof qum va qarag’ayzordan iborat, hammayoqda archagul butalari o’sib yotibdi. Dam-badam taxta tiladigan mashina, bir chetiga uycha qurilgan ko’katzorlar ko’zga tashlanadi.. qorong’i tushgan bo’lsa ham qop-qora qumlarning jazirama hovuri deraza ortidan sezilib turardi. Soat to’qqizga yaqin Bayonnaga yetib keldik. Er-xotin va X'yubert bilan qo’l olishib xayrlashdik. Ular Biarritsga eltuvchi poezdga chiqiladigan La-Negrasgacha borishadi.

- Omadingizni bersin,- dedi er.

- Buqalar jangida ehtiyot bo’linglar.

- Balki, Biarritsda uchrashib qolarmiz,- dedi X'yu-bert.

Chamadon va qarmoqlarimizni ko’tarib poezddan tushdik-da, qorong’i vokzaldan o’tib, mehmonxonalarning izvosh va avtobuslari turgan yop-yorug’ maydonga chiqdik. O’sha yerda, shofer bilan agentlar orasida Robert Kon bizni kutib turgan ekan.

Avvaliga u bizni kўrmadi. Keyin.istiqbolimizga peshvoz chiqdi.

- Xello, Jeyk! Yaxshi yetib keldingizmi?

- Mixdek,- dedim men.- Tanishing - bu, Bill Gorton.

- Salom.


- Yuringlar, izvosh yollaganman,- dedi Robert. Uning ko’zi xira ekanu buni ilgari sezmagandim. U xijolat chekib bo’lsa ham Billning notanish chehrasiga diqqat bilan tikilardi.

- Men tushgan mehmonxonaga boramiz. Ancha durust. Bemalol yashasa bo’ladi.

Izvoshga chiqib o’tirdik, izvoshchi chamadonlarni chor-poyaga joylashtirib, o’zi ham o’rnashib oldi-da, qamchinni silkitgan edi, qop-qorong’i ko’prik ostidan o’tib shahar tomon yo’lga tushdik.

- Siz bilan tanishganimdan benihoya xursandman,- dedi Robert Billga.-Jeykdan siz haqingizda juda ko’p eshitgandim, kitoblaringizni ham o’qiganman. Jeyk, men-ga qarmoq olakeldingizmi?

Izvosh mehmonxona ro’parasida to’xtadi, biz undan tushib ichkariga kirdik. Mehmonxona durustgina bo’lib, xizmatchilari sermulozamat odamlar ekan. Bill bilan men bittadan chog’roqqina xona oldik.

O’ninchi bob

Musaffo tong otdi, ko’chalarga suv sepilyapti. Uchalamiz kafeda nonushta qilib oldik. Bayonna - chiroyli shahar. U katta daryo bo’yida joylashgan bo’lib, ozoda ispan shahariga o’xshab ketarkan. Hozirning o’zida, erta tongda, daryo ustidagi ko’prikda tursangiz ham kun issiq edi. Ko’prikdan o’tib, shahar bo’ylab sayr qildik.

Mayklning qarmoqlari Shotlandiyadan o’z vaqtida yetib kelishiga sira ishonmasdim, shu sababli baliq oviga mo’ljallangan ashyolar magazinini izlab yurib, nihoyat attorlik mollari do’konining ikkinchi qavatidan Billga qarmoq sotib oldik. Do’konning egasi qayoqqadir ketgan ekan, uni kutishga to’g’ri keladi. U kelgandan keyin uncha qimmat bo’lmasa ham anchayin durust qarmoq bilan ikkita nonxo’rak xarid qildik.

Do’kondan chiqib, jomeni tomosha qilgani bordik. Kon jomeni allaqanday yodgorlikning ajoyib namunasi ekanligi haqida -hozir yodimda yo’q - bir nimalar degandi. Jome menga chiroyli bo’lib tuyuldi. Xuddi ispan cherkovlari kabi go’zal, ammo ko’rimsiz. Keyin biz eski qal'a yoqalab yo’lda davom etib, avtobus jo’nashi lozim bo’lgan idoraning binosiga yetib keldik. Bu yerda bizga avtobus qatnovi birinchi iyuldan oldin boshlanmasligini aytishdi. Pamplonga eltib qo’yishi uchun avtomobilga qancha haq to’lash mumkinligini turizm byurosidan bilib olib, shahar teatri yaqinidagi kattakon garajdan to’rt yuz frankka mashina yolladik. Mashina qirq minutdan keyin mehmonxonaga keladigan bo’ldi. Biz maydondagi boyagi kafega kirib pivo ichdik. Kun tobora qiziyotgan bo’lsa ham, erta tongdagi musaffo havo tafti hamon sezilib turardi. Bunaqa paytda kafeda o’tirish rohat edi. Dengiz tomondan salqin shabada esdi. Kabutarlar maydonda g’uvlashib yurishibdi, uylar go’yo quyoshda qizdirilgandek g’iz-g’ish tusga olgan, shularni tomosha qilib o’tirib, kafedan kech ketgim kelmasdi. Lekin mehmonxonaga qaytib buyumlarni yig’ishtirishga va hisob-kitob qilishga ulgurish kerak. Pivoning haqini to’lab - qur'a tashlaganimizda, hisob-kitob qilish Kon zimmasiga tushgandi shekilli - mehmonxonaga qaytdik. Men bilan Bill o’n olti frankdan, xizmat uchun qo’shimcha yana o’n protsentdan berishimiz kerak ekan. Biz chamadonlarimizni pastga jo’natib bo’lib, Robert Konni kutaboshladik. Bir mahal vestibyulning polida uzunligi uch dyuymcha keladigan suvarakka ko’zim tushib qoldi. Uni Billga ko’rsatdim-da, keyin poshnam bilan ezg’ilab tashladim. Suvarak hozirgina bog’dan o’rmalab kirib qolgan bo’lsa kerak , deb o’yladik. Mehmonxona chindanam bag’oyat ozoda edi.

Nihoyat Kon pastga tushgach, hammamiz ko’chaga chiqib mashinaga o’tirdik. Usti ochiladigan mashina kattagina ekan, tegi oq,yoqasi ham, qaytarma yengi ham zangori plash kiyib olgan shoferdan mashinaning ustini ochib qo’yishni iltimos qildik. U chamadonlarimizni joylashtirib bo’lgach, mashina yo’lga tushdi. Biz chaman-chaman yashnayotgan bog’lar yoqalab uzun ko’cha bo’ylab ketayotganimizda, go’yo shahar bilan xayrlashayotgandek orqamizga qarab qo’ydik, keyin esa, yam-yashil tepaliklar orasiga tushib qoldik. Yo’l tog’ tomon o’rlab borardi. Dam-badam basklarning ho’kiz va sigir qo’shilgan aravalarini quvib o’tamiz, chiroyli qilib oqlangan fermalar ko’zga tashlanib qoladi. Biskayya - uylari, qishloqlari ozoda, ko’rinishidan odamlari badavlat, gul-gul yashnab yotgan serhosil o’lka. Har bir qishloqda pelota o’yiniga mo’ljallangan maydoncha bo’lib, bolakaylar jaziramada o’p irqitishyati. Cherkovlarda to’pni cherkov devorlariga irqitishni ta'qiqlovchi yozuvlar ko’rinib turibdi, uylarning tomi esa qizil cherepitsa bilan yozilgan. Biz hiyalama yo’ldan tog’ tomon ko’tarilganimiz sayin pastlikdagi voha jamoli yaqqol ko’zga tashlanardi, tepaliklar esa orqada, dengiz tomonda qolib ketardi. Hali dengiz ko’ringani yo’q, u ancha uzoqda. Faqat tepaliklar ko’rinsa ham dengizning qaysi tomonda ekani sezilib turardi.

Biz Ispaniya chegarasidan o’tdik. Chegara daryo bilan ko’prikdan iborat bo’lib, uning bir tomonida silindr shaklidagi qalpoq kiygan mo’ylabli semiz fransuz, ikkinchi tomonida yelkasiga kalta miltiq osib olgan yaltiroq uchburchak qalpoqli ispan karabinchisi turibdi. Atigi bitta chamadonimizni ochib ko’rishdi-da, so’ng hujjatlarimizni tekshirishdi. Chegaraning ikkala tomonida kattagina do’kon bilan mehmonxona bor edi. Shofer chegara soqchilarnning binosiga allaqanday qog’ozlarni to’ldirib chiqish uchun kirib ketdi, shundan so’ng biz mashinadan tushib, xonbaliq bor-yo’qligini bilib kelish maqsadida daryo bo’yiga bordik. Bill karabinchilardan biri bilan ispancha gaplashmoqchi bo’luvdi, ammo buni eplolmadi. Robert Kon barmog’i bilan suvga ishora qilib, bu yerda xonbaliq bo’ladimi, deb so’ragandi, karabinchi boru lekin oz, dedi.

Undan, baliq tutasizmi, deb so’ragandik, yo’q, baliq ovi bilan shug’ullanmayman, deb javob qildi u.

Qop-qanorga ishlatuvchi matodan kamzul kiyib olgan, uzun sochi oftobda jizg’inagi chiqqan sersoqol qariya ko’prikka yaqinlashdi. U uzun hassaga tayanib olgan, yelkasida esa oyog’i bog’liq, boshini osiltirib olgan echki.

Karabinchi, orqangga qayt, degandek qilichini silkib qo’ydi. Qariya g’ing demay ortiga burildi-yu, oqish tusdagi yo’ldan Ispaniya tomon qaytib ketaverdi.

- Qariyani nega o’tkazmadingiz?-so’radim undan.

- Ruxsatnomasi yo’q.

Karabinchiga sigaret tutdim. U sigaretni olib minnatdorchilik bildirdi.

- Endi u nima qilarkin?-so’radim men.

- Daryodan kechib o’tib oladi.

- Ta'qiqlangan mollarni olib o’tuvchilar ko’pmi?

- Ha, bunaqalar ham uchrab turadi,- dedi u.

Bino ichidan yo’l-yo’lakay qog’ozni buklab ichki cho’ntagiga solayotgan shofer chiqdi. Hammamiz mashinaga o’tirib, chang yo’ldan Ispaniyaga jo’nadik. Avvaliga tevarak-atrof xuddi chegaragacha bo’lgan manzaraga o’xshab ko’rindi; keyin nuqul aylanma yo’l bilan toqqa ko’tarilaverib, cho’qqidan o’tdik, o’sha joydan boshlab haqiqiy Ispaniya boshlandi. Siyrak qarag’ay daraxtlari bilan qoplangan uzundan-uzoq qoramtir tizma tog’lar va juda olis tog’ yonbag’ridagi qoraqayin o’rmonzori ko’zga tashlandi. Mashina avvaliga yuqorilab dara tomon bordi-yu, keyin pastlikka sho’ng’idi va shofer qo’qqisdan tormoz berib, yo’l ustida

mudrab turgan eshakka urilib ketmaslik uchun bir chekkaga burildi. Tog’ ortda qolib, biz oppoq echkilar o’tlab yurgan emanzorga yetib keldik. Keyin qalin o’t bosgan sayxonliklar, tip-tiniq suvli anhorlar. boshlanib, bittasining ustidan o’tdik, so’ng ko’rimsiz bir qishloqni ortda qoldirib, yana toqqa ko’tarila boshladik. Mashina borgan sayin yuqoriga o’rlab, dovonga yetib olgach, o’ngga burilib, pastlikka g’izilladi: janub tomonda yana xuddi quyoshda qo’ng’ir tus olgan baland tog’ tizmalari, g’aroyib o’ng’ir-cho’ng’irli daralar namoyon bo’ldi.

Birozdan keyin tog’ tugab, yo’lning ikki chekkasida daraxtlar, anhorlar, boshoqlari pishgan bug’doyzor paydo bo’ldi. To’g’ri tushgan oppoq yo’ldan ketaverib, tepalikka ko’tarilganimizda chap tomondagi tog’ cho’qqisida turli imoratlar qurshab olgan va shamolda chayqalayotgan bepoyon bug’doyzorning narigi chekkasidagi qadimgi qal'a devori ko’zga tashlandi. O’girilib orqamga qaradim men oldinda, shoferning yonida o’tirgandim. Robert Kon uxlayapti, ammo Bill atrofni tomosha qilib ketyapti. U menga bosh irg’ab qo’ydi. Biz yalanglikni kesib o’tganimizdan keyin o’ng tomonda, daraxtlar oralig’ida quyoshda yiltillayotgan daryo, ancha olisroqdagi yalanglik uzra esa Pamplon yassi tog’i ko’rindi. Shahar devorlari, ko’kka bo’y cho’zgan qoramtir jome va boshqa cherkovlarning qubbalaridagi xochlar ham ko’zga tashlanib qoldi. Yassi tog’ ortida ham, qayoqqa o’girilib qarasang ham nuqul tog’larga duch kelasan, oppoq yo’l esa bizni yalanglik bo’ylab to’g’ri Pamplon sari boshlab ketmoqda.

Yalanglikni aylanib o’tdik-da, ikki qator serbarg daraxtlar orasidagi tikka yuqorilab ketgan yo’ldan borib shaharga boshqa tomondan kirib keldik, keyin past-likka tushib eski shahar devorlari ortida qurilayotgan shaharning yangi qismiga yetib bordik. Biz xuddi quyosh ostida betondan qurilgandek bo’lib tuyulayotgan baland oq bino - buqalar janggi uyushtiriladigan maydon yonidan o’tdik va tor ko’chadan markaziy maydonga chiqib Montoya mehmonxonasining zinasi yonida tўxtadik.

Shofer chamadonlarimizni tushirib olishda bizga yordamlashib yubordi. Bolalar birpasda mashina atrofida to’planib qolishdi. Maydon nihoyatda issiq, daraxtlar yam-yashil bo’lib turibdi, uzun tayoqlarga bayroqlar osib qo’yilgan, maydonning

gir atrofidagi peshtoqlar soyasiga o’zingni urging keladi. Montoya bizni ko’rib quvonib ketdi, hammamiz bilan qo’l berib so’rashdi-da, derazalari maydonga qaragan durustgina xonalarga boshladi. Keyin biz kiyimlarimizni tozalab, yuvinib olib, pastga tushdik-da, oshxonada tushlik qildik. Shofer ham ovqatlanib oldi. Kira haqini to’laganimizdan so’ng u Bayonnaga qaytib ketdi.

Montoyaning mehmonxonasida ikkita oshxona bor ekan. Bittasi ikkinchi qavatda, derazalari maydonga qaragan. Boshqasi maydon sathidan bir qavat pastda joylashgan bo’lib, u yerdan mehmonxonaning orqa tomonidagi ko’chaga chiqiladi. Ertalab azonda buqalar butun shahar bo’ylab jang maydoniga olib kelinayotganida ana shu ko’chadan o’tisharkan. Bu oshxona doim salqin bo’larkan, biz lazzatli nonushta qildik. Ispan tuprog’idagi dastlabki ovqatlanish hammavaqt jiddiy bir sinov bo’ladi: gazak, tuxumli yemish, go’shtli ovqat, sabzavot, salat, shirinlik, mevalardan dasturxonga olib kelib qo’yishdi. Bularning hammasini hazm qilish uchun anchagina vino lozim bo’ladi. Robert Kon ikkinchi go’shtli ovqatni yemayman, deb tushuntirmoqchi bo’luvdi, biz uning so’zini tarjima qilib o’tirmadik, xizmatchi esa buning o’rniga yaxna go’sht keltirib berdi. Bayonnada uchrashganimizdan beri Kon asabiylashib qolgandi. Bret bilan birga San-Sebast'yanga borgani bizga ma'lummi-yo’qligini bilolmay u xijolat chekardi.

- Xo’sh, shunday qilib, Bret bilan Maykl bugun kechqurun yetib kelishlari kerak,- dedim men.

- Ularning kelishiga ishonmayman,- dedi Kon.

- Nega?- so’radi Bill.- Albatta kelishadi.

- Ular hammavaqt kechikib kelishadi,- dedim men.

- Ularning kelmasliklariga ishonchim komil,- dedi Robert Kop.

Uning biz bexabar biron nimani xuddi biladigandek gapirishi jahlimizni chiqarib yubordi.

- Ellik pesetdan garov o’ynab aytamanki, ular bugun kechqurun shu yerda bo’lishadi,-dedi Bill.- U achchiqlanganda doim garov o’ynaydi, shu sababli ham odatda ahmoqona garov o’ynab qo’yadi.

- Mayli, garov o’ynaymiz,- dedi Kon.- Ellik pesetdan o’ynayapmiz. Esingizda bo’lsin, Jeyk.

- O’zimam unutmayman.- dedi Bill.

Jahli chiqayotganini ko’rib uni tinchitmoqchi bo’ldim.

- Ular, shak-shubhasiz yetib kelishadi,-dedim unga.- Lekin bugun emas.

- Garovdan aynamoqchisiz?-so’radi Kon.

- Yo’q. Nega endi? Xohlasangiz yuz pesetdan ham garov o’ynayveraman.

- Marhamat. qabul qilaman.

- Yetar endi,- dedim men.- Aks holda meni hakam qilib, ma'lum protsentini menga cho’tal to’lashga majbur bo’lasizlar.

- Mayli,- rozi bo’ldi Kon. U kulib qo’ydi:-Bari-bir brij o’ynab, hammasini mendan yutib olasiz.

- Hali garovda yutib chiqqaningiz yo’q-ku,- dedi Bill.

Biz maydonga chiqdik-da, arka ostidan yurib Irun'yaning kafesiga qahva ichgani ketdik. Kon sartaroshxonaga borib soqol-mo’ylabini oldirmoqchi ekanini aytdi.

- Menga qara, bu garovda yutib chiqishimga umid qilsa bo’ladimi?-so’radi Bill.

- Umid qilmay qo’yaqol. Ular hali hech qayerga o’z vaqtida yetib borishmagan. Agar pulni olisholmagan bo’lish-sa, albatta, ertaga kelishadi-da.

- Garov haqida og’iz ochishim bilan afsuslangandim. Lekin shunday qilmasam bo’lmasdi. Durustgina yigitga o’xshaydi-yu, ammo bizdan ko’ra ko’proq narsani qayerdan bilib olibdi u? Axir, Maykl ham, Bret ham biz bilan va'dalashishgan edi-ku!

Konga ko’zim tushib qoldi - u maydonni kesib biz tomon kelmoqda edi.

- Ana, o’ziyam kelyapti.

- Unga aytib qo’y, yaxudiycha qiliqlarini yig’ishtirsin, takabburlik qilmasin.

- Sartaroshxona yoniq ekan,-dedi Kon.-Soat to’rtda ochilarkan.

Biz Irun'yaning kafesida ark soyasidagi qulay to’qima kreslolarda qahva ichib o’tirib maydonni tomosha qildik. Keyin Bill xat yozgani mehmonxonaga, Kon esa sartaroshxonaga ketishdi.

Sartaroshxona hali yopiq ekan, u mehmonxonaga borib vannada cho’milib olmoqchi bo’ldi. Men kafeda biroz o’tirdim-da, keyin shaharni sayr qilgani ketdim. Kun juda issiq bo’lgani uchun ko’chaning soya tomonidan yurib bozorga yetib bordimu yana shu yerga kelib qolganimdan quvonib ketdim. Munitsipalitetga kirib har yili men uchun buqalar jangiga bilet buyurtirib qo’yadigan qariyani topdim-da, Parijdan yuborgan pulimni olganini, abonementni tiklab qo’yganini surishtirib bildim. Demak, bu ishlarim joyida. Qariya arxivchi bo’lib, shaharning barcha ar-xivi uning idorasida joylashgan edi. Aytgandek, buning hikoyamga hech qanday aloqasi yo’q. Idorada bittasi yashil movut qoplangan; ikkinchisi qattiq yog’ochdan ishlangan eshik bor ekan; butun stolni egallab olgan arxiv hujjatlari orasida uni qoldirib tashqariga, ko’chaga chiqqanimda, kamzulimni tozalab qo’yish maqsadida shveysar meni to’xtatdi.

- Siz, aftidan, avtomobilda kelganga o’xshaysiz,- dedi u.

Yoqa va yelkalarimda bir enli chang bor ekan.

- Ha, Bayonnadan keldim.

- Kiyimingizdagi changni ko’rib, avtomobilda kelganingizni sezuvdim,-deb qo’ydi shveysar. Unga ikkita chaqa uzatdim.

Ko'chaning boshidagi jomeni ko’rib, o’sha tomon yurdim. Jomeni dastlab ko’rganimda old tomoni xunuk bo’lib tuyulgandi, endi bilsam, binoyidek ekan. Jomega kirdim. Ichkari nimqorong’i, ustunlar ko’kka bo’y cho’zgan, odamlar ibodat qilishyapti, atrofni buxo’raning hidi tutib ketgan, bir necha baland vitrinalar g’aroyib ko’rinishda. Tiz cho’kib ibodat qila boshladim, yodimga tushganlarning hammasini, Bret bilan Mayklni, Bill, Robert Kon va o’zimni, barcha matadorlarni' sevganlarimni alohida-alohida va birga qo’shib duo qildim, keyin yana o’zimni duo qilayotgan edim, pinakka ketib qolayotganimni sezib buqalar jangi muvaffaqiyatli bo’lishini, fiesta xushchaqchaq o’tishini, baliq ovimiz baroridan kelishini iltijo qildim. Xudodan nimani tilashni o’ylab turdim-da, biroz pul topilganda, ko’ngildagidek ish bo’lishini o’ylab bir talay pulli bo’lib qolishimni tiladim va boylik orttirish haqida o’ylar ekanman, grafni eslab qoldim, o’zimcha hozir qayerda yurganiykin, deb qo’ydim, o’sha Monmatrda birga o’tkazgan oqshomdan beri uni ko’rmaganimga afsuslandim. Bret u haqda aytib bergan biror kulgili voqeani eslashga harakat qildim; shu paytgacha skameykaning taxta suyanchig’iga peshonamni tiragan holda tiz cho’kib turganim uchun ham ibodat qilayotganimni eslab biroz uyaldim, o’zimning o’quvsiz katolik ekanimdan afsuslandim, ammo buni endilikda, hech bo’lmasa hozir, balki hech o’zgartira olmasimni tushunib turardi-mu, bari bir, u buyuk din, diniy xayollarga berilish esa kishiga rohat bag’ishlaydi, balki kelasi safar katoliklarga xos uddaburon bo’larman, deb o’yladim; keyin esa jazirama quyosh ostida lohas bo’lib jomening eshigi oldidagi ayvonda biroz turdim.

Quyosh beayov qizdirardi, o’zimni imoratlar soyasiga urib, tor ko’chalar bo’ylab mehmonxonaga qaytib keldim. Robert Kon cho’milib soch-soqolini oldirganini, sochim to’zib ketmasin, deb nimadir surib qo’yganini kechqurun, ovqat ustida sezib qoldim. U asabiylashardi, lekin men uni tinchitishga shoshilmasdim. Poezd San-Sebast'yandan soat to’qqizda yetib keladi, Bret bilan Maykl ham faqat shu poezdda kelishi mumkin. Yigirma minuti kam to’qqizda, biz hali kechki ovqatning yarmisini ham tugatishga ulgurmay, Kon o’rnidan turib, ularni kutib olgani vokzalga borishini aytdi. Unga shunchaki o’chakishib, men ham birga boraman, dedim. Billi ovqatni yeb bo’lmaguncha hech qayoqqa bormasligini"aytdi. Men, darrov qaytib kelamiz, dedim.

Biz vokzalga ketdik. Konning qanchalik hayajonga tushayotganini ko’rib lazzatlanardim. O’zimam shu poezdda Bretning kelishiga umid qilardim. Poezdning kechikib kelishini eshitib, qorong’nda vokzal ortida yuk tashuvchi aravacha ustida kutib o’tirdik. Men shu vaqtgacha, urush paytidan tashqari, Robert Kon kabi hayajonga tushgan yoki betoqat yurgan birorta odamni uchratmagandim. Men shundan lazzatlanardim. Albatta, bundan lazzatlanish g’irt ahmoqlikning o’zi, lekin shu paytda o’zimni ham ahmoq sezardim. Kon kishida eng yaramas hissiyotlarni uyg’otish kabi g’alati bir qobiliyatga ega edi.

Nihoyat, pastlikdan, olisdagi yassitog’ning narigi tomonidan parovoz gudogini eshitib qoldik, birozdan keyin esa tepalikka ko’tarilayotgan parovoz tutuniga ko’zim tushdi. Vokzalga kirib panjara yonida turgan kutib oluvchilar qatoriga qo’shildik. Poezd yaqinlashib kelib to’xtadi-da, yo’lovchilar eshik tomon yurishdi. Yo’lovchilar orasida ular ko’rinmasdi. Biz boshqalarning vokzaldan chiqib avtobuslarga o’tirishini yoki izvosh yollashini, do’stlari va qavmi-qarindoshlari bilan birga qorong’ida yayov ketishini kuzatib turdik.

- Ularning kelmasligini o’zimam biluvdim,- dedi Kon. Biz mehmonxonaga qaytib keldik.

- Men bo’lsam, balki kelib qolishsa kerak, deb o’ylagandim.

Oshxonaga qaytib kelganimizda Bill meva yeb, vinoning qolganini ichib o’tirgan ekan.

- Kelishmadimi?

- Yo’q.

- Yuz pesetni sizga ertaga ertalab bersam ham maylimi, Kon? – so’radi Bill.- Men hali pulimni almashtirib olishga ulgurganim yo’q.



- Keragi yo’q,-dedi Robert Kon.-Keling, yaxshisi, boshqa narsaga garov o’ynaymiz. Buqalar jangiga garov o’ynaymizmi?

- Mayli-yu, ammo hojati yo’q.

- Bu - urushda g’olib chiqishiga garov o’ynash bilan barovar,- dedim men.- Bunda moddiy manfaatdorlik talab qilinmaydi.

- Buqalar jangiga judayam qiziqaman,- dedi Robert. Yonimizga Montoya keldi. Qo’lida telegramma bor edi.

- Bu sizga.- U telegrammani menga uzatdi. Olib o’qidim: "San-Sebast'yanda tunashga qoldik".

- O’shalardan kelibdi,- dedim men. Telegrammani chuntagimga solib qo’ydim. Boshqa payt bo’lganda uni ko’rsatgan bo’lardim.

- Ular San-Sebast'yanda qolishibdi,-dedim men.- Sizlarga salom yo’llashibdi.

Nega uning jahlini chiqarayotganimni o’zim ham bilmasdim. Aytgandek, bilaman. Men uning boshidan kechirganlariga ko’r-ko’rona, murosasizlik bilan rashk qilar-dim. Buni shunchaki bir voqea hisoblasam ham, bari bir foydasi yo’q edi. Men,

shubhasiz, undan nafratlanardim. Kon nonushta paytida o’zini o’tabilag’on odamdek his etgan, keyin husnini tartibga keltirish uchun sartaroshxonaga chiqib ketgan o’sha daqiqagacha undan chinakamiga nafratlanmasdim. Telegrammani cho’ntagimga solib qo’yganimning boisi ham shunda edi. Nima bo’lganda ham te-legramma mening nomimga kelgan-da.

- Ha, mayli,- dedim men.-Kunduzgi avtobus bilan Burgetga jo’nab ketish eng to’g’ri ish bo’ladi. Agar ular ertaga kechqurun kelishsa, orqamizdan yetib olaverishsin.

San-Sebast'yandan atigi ikkita poezd keladi: bittasi azonda, ikkinchisi, biz hozirgina kutib olishga chiqqan kechki poezd.

- Yomon fikr emas,-dedi Kon.

- Daryoga qanchalik tez yetib olsak, shuncha soz bo’ladi.

- Qachon jo’nab ketsak ham menga bari bir,- dedi Bill.- Qancha tez bo’lsa - shuncha yaxshi.

Irun'yaning kafesida o’tirib qahva ichdik, keyin esa tomosha maydoniga yayov borib, biroz aylanib yurdik, so’ng jar yoqasidagi daraxtlar soyasida turib pastdagi qorayib ko’rinayotgan daryoni tomosha qildik. Men ertaroq o’ringa yotdim. Bill bilan Kon kafeda ancha o’tirib qolishgan bo’lishsa kerak, chunki ular qaytib kelishganda uxlab qolgandim.

Ertalab Burget avtobusiga uchta bilet oldim. Avtobus kunduzi soat ikkida yo’lga tusharkan. Ungacha boshqa avtobus bo’lmas ekan. Irun'yaning kafesida gazeta o’qib o’tirsam, maydonni kesib o’tayotgan Robert Konga ko’zim tushib qoldi. U stol yoniga kelib ro’paramdagi to’qima kresloga o’tirdi.

- Bu yer shinamgine kafe ekan,- dedi u.- Yaxshi uxladingizmi, Jeyk?

- Rosa qotib uxlabman-da.

- Uyqumning mazasi bo’lmadi. Bill bilan juda kech yotuvdik.

- Qayerda bo’ldilaring?

- Shu yerda. Bu kafeni berkitishgandan keyin boshqasiga bordik. Xo’jayini nemischa va inglizcha gaplashadigan kafega.

- Suisoning kafesiga-da.

- Xuddi o’shanga. Juda yoqimtoy qariya ekan. Menimcha, uning kafesi bundan ko’ra yaxshiroq.

- Kunduzi mazasi bo’lmaydi,- dedim men.- Haddan tashqari isib ketadi. Aytgandek, avtobusga bilet oldim.

- Men bugun ketmayman. Bill bilan boraveringlar.

- Sizga axir bilet oldim-ku.

- Menga bering. Pulini qaytarib olaman.

- Besh peset ekan.

Robert Kon cho’ntagidan besh pesetli kumush tanga olib menga berdi.

- Men shu yerda qolishim kerak,- dedi u.- Bilasiz-mi, bu anglashilmovchilik, deb qo’rqyapman.

- Bilib qo’ying, agar ular San-Sebast'yanda ko’ngilxushlik qilishayotgan bo’lishsa, uch kundan keyin yoki to’rt kundan keyin kelishlari ham mumkin,- dedim men.

- Hamma gap mana shunda-da,- dedi Kon.- Ular meni San-Sebast'yanda uchratib qolishni mo’ljallab o’sha yerda qolishmaganmikan, deb qo’rqyapman.

- Nega bunaqa deb o’ylaysiz?

- Chunki bu haqda Bretga yozib yuborgandim.

- Nega bo’lmasa, jin ursin sizni, o’sha joyda qolib ularni kutmadingiz...- demoqchi bo’ldimu lekin to’xtab qoldim. Bu fikr o’zining xayoliga kelib qolar, deb o’yla-gandim, ammo bunaqa bo’lmadi shekilli.

Endi u tortinib o’tirmadi, o’zi bilan Bret o’rtasida bir nima borligiga sha'ma qilganidan keyin men bilan gaplashish unga xushyoqardi.

- Biz Bill bilan nonushtadan keyinoq jo’nab ketamiz,- dedim men.

- Afsuski, men ketolmayman. Butun qish bo’yi baliq ovini orzu qilgan edik.- U hatto ma'yus tortib qoldi.- Lekin qolishim kerak. Jiddiy aytyapman. Ular yetib ke-lishi bilan birga olib boraman.

- Men Billni topishim kerak.

- Men sartaroshxonaga boraman.

- Mayli, nonushta paytida ko’rishamiz.

Bill o’zining xonasida ekan. U soqol-mo’ylovini olayotgan edi.

- Ha, ha, kecha kechqurun u hammasini aytib beruvdi,- dedi Bill.- Yuragidagini to’kib soldi. U Bret bilan San-Sebast'yanda uchrashishni kelishib qo’yganman,- dedi.

- Aldayapti, ablah.

- Qo’y, jahlnng chiqmasin,-dedi Bill.-Jahl qilishga hali vaqt erta, biz endigina yo’lga chiqyapmiz. O’zi bu nusxa bilan qayerda do’stlasha qoluvding?

- Xudo haqi, surishtirmay qo’yaqol.

Bill soqolining yarmi olingan yuzini menga o’girib qaradi, keyin esa lunjiga sovun surib oynaga qaragancha so’zida davom etdi:

- Agar yanglishmasam, o’tgan qish faslida u sening tavsiyanomang bilan N'yu-yorkka, menikiga kelmaganmi-di? Baxtimga men o’taketgan sayohatchiman. Aytgandek, nega o’zing bilan birga yana bir juft yahudiy oshnalaringni ola kelmading-a?-U bashmaldog’i bilan iyagini ishqalab oynaga qaradi-da, yana soqolini qirtishlay boshladi.

- Sening ham barcha do’stlaring a'lo emas-ku.

- To’g’ri. Mazasi yo’qlari ham uchrab turadi. Ammo Robert Konga tenglashishga yo’l bo’lsin, kulgili tomoni shundaki, u yoqimtoy yigit. Menga yoqib qoldi. Lekin u bilan gaplashish nihoyatda mushkul.

- Robert ko’pincha dilkash bo’ladi.

- Bilaman. Butun Dahshati ham shunda-da. Men kulib yubordim.

- Senga kulgi bo’lsa,- dedi Bill.- Kecha tungi soat ikkigacha u bilan o’tirmagansan-da.

- Nima, qiynaldingmi?

- Dahshat. Bret bilan qanaqa voqea bo’lgandi? Nahotki, oralarida biror nima bo’lsa?

U iyagini ushlab dam u yuzinn, dam bu tomonini oynaga solib ko’rdi.

- Hech nima bo’lmagan. Bret u bilan San-Sebast'yanga borib kelgan, xolos.

- Yo rabbim, qanchalik ahmoqona ish! Nega endi bunaqa qilibdi?

- Ko’ngli shahardan biror joyga jo’nab ketishni istab qolibdi, ammo hech mahal yolg’iz o’zi yurmagan. Aytishicha, bu sayohat unga kor qiladi, deb o’ylaganmish.

- Nega endi odamlar bunchalik ahmoqona ishlar qilisharkin? Nega endi u yaqinroq biror kishisi bilan boraqolmadiykin?

Yoki sen bilan bormadiykin?-U qalqib ketdi-da, shoshib qo’shimcha qildi:-Jilla qursa men bilan? Nega endi men bilan bormadiykin?- U o’zining oynadagi aksiga diqqat bilan qaradi-da, yuziga sovun ko’pigini chaplab tashladi.- Mana buni pokiza

chehra, desa bo’ladi... Har bir ayol oshifta bo’lsa arziydigan chehra.

- Bret uni hech qachon ko’rmagandi-da.

- Chakki qilibdi-da. Ayollarning hammasi uni ko’rishi lozim. Bu chehrani butun mamlakatdagi barcha kino-teatrlarda namoyish qilish kerak. Har bir ayolga nikoh-dan keyin shunaqa chehra tushirilgan rasmni berish lozim. Onalar o’z qizlariga

mana shu chehra tavsifini qilib berishlari kerak. Bo’tam,- u ustarani men tomon no’qib dedi:- ana shu chehra bilan g’arbga o’tib olgin-da, vataning bilan birga o’z martabangni ulug’la.

U tog’ora ustida engashib sovun suvda yuzini yuvdi, keyin sochiqqa atir sepib artindi-da, yuqori labini cho’chchaytirib oynadagi aksiga diqqat bilan tikildi.

- Yo rabbim!-dedi u.-Shunaqayam badbashara bo’ladimi kishi?

U oynaga tikilgancha jim qoldi.

- Robert Kon masalasiga kelganda esa aytib qo’yaqolayki, uni ko’rsam ko’nglim ayniydi,--dedi Bill.- To’rt tomoni qibla, xohlagan tomoniga ketaversin, uni shu yerda qolayotganidan ham, baliq oviga ikkalamiz borishimizdan ham nihoyatda mamnunman.

- Mana bu boshqa gap.

- Biz xonbaliq oviga boramiz. Biz Irati daryosida xonbaliq ovlagani boramiz. Hozir esa nonushta paytida mahalliy musallasdan to’ynb ichib olamiz-da, keyin av-tobusda g’aroyib sayr qilamiz.

- Juda soz. Irun'yaning kafesiga borib ishga kirishamiz,- dedim men.



1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   12


Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©atelim.com 2016
rəhbərliyinə müraciət