Ana səhifə

E. Heminguey “Quyosh bari bir chiqaveradi” Kirish


Yüklə 0.9 Mb.
səhifə3/12
tarix25.06.2016
ölçüsü0.9 Mb.
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   12

Yettinchi bob
Zinapoyadan ko’tarilayotgandim, xizmatchi ayol o’z hujrasining oynavand eshigini taqillatdi: men to’xtagandim oldimga chiqib bir qancha xat, telegrammani uzatdi.

- Mana, pochtadan keltirib berishdi. Yana sizni izlab bir ayol keluvdi.

- Tashrifnomasini qoldirdimi?

- Yo’q, yonida bir janob ham bor edi. Anavi, tunda kelgan ayol-da. Bilasizmi, u judayam lobar ekan.

- Tanishlarimdan birontasi bilan birga keldimi?

- Bilmadim. Yonidagi janob hecham bu yerda bo’lmagandi. Baland bo’yli. Juda, judayam baland. Ayol esa lobar. Juda, judayam lobar. Tunda u andakkina...- Xiz-matchi boshini ushlab chayqalib qo’ydi.- Sizga ochig’ini aytaman, janobi Barns. Tunda u menga bunchalik lobar tuyulmagandi. Tunda u haqida boshqacha fikrda edim. Lekin menga ishoning, u nihoyatda lobar ayol. U nihoyatda yaxshi oilada tarbiyalangan. Bu shundoqqina ko’rinib turibdi.

- Ular biror nima deb qo’yishni iltimos qilishdimi?

- Ha. Bir soatdan keyin kelamiz, deyishdi.

- Kelishsa, yuqoriga taklif qiling.

- Xo’p bo’ladi, janobi Barns. Bu ayol anuvnaqalardanmas. Biroz tantiqrog’u, ammo anuvnaqalardan emas. Xizmatchi menga yollanmasdan avval Parij ippodromida suv do’koniga ega edi. Uning mehnatdagi hayoti o’sha davrada o’tgan bo’lsa ham, minbarlarda o’tirgan tomoshabinlarni o’rganib chiqishga bu yumushi xalaqit berolmagan. Shuning uchun ham u kechqurunlari huzurimga kelganlarning qay biri tarbiya ko’rganu qaysinisi yaxshi oiladan ekanini, kim sport bilan shug’ullanishini menga faxr bilan bildirib qo’yardi. Birgina noqulaylik shun-dan iborat edi-ki, bu toifadagilarning birortasiga mansub bo’lmagan odamlar men yo’g’imda uyga kelishga botina olmasdi. Dyuzinel' xonimga na yaxshi tarbiyalangan, na yaxshi oiladan, na sportchi bo’lib tuyulmagan, ko’rinishidan boquvining mazasi bo’lmagan rassom do’stlarimdan biri kechqurunlari huzurimga kelish istagi tug’ilib qolgan taqdirda xizmatchi ayol yonidan bemalol o’tib olishi uchun ruxsatnoma yozib berishni iltimos qilib xat yo’llabdi.

Bret xizmatchimni nimasi bilan bunchalik maftun etganini o’ylab xonasidan chiqdim. Telegramma Bill Gortondan ekan, u "Fransiya" kemasida kelayotganini xabar qilibdi. Xat va telegrammani stol ustiga qo’yib vannaxonaga kirdim-da, dushda cho’milib oldim. Artinganimda tashi eshikdagi qo’ng’iroq jiringlab qoldi. Xalat va shippagimni kiyib eshikni ochdim. Bret ekan. Ortida graf turibdi. Qo’lida bir dasta atirgul.

- Salom, azizim!-dedi Bret.-Bizni qabul qilish istagingiz bormi?

- Marhamat. Hozirgina cho’milib chiquvdim.

- Manavi baxtli odamni qarang – cho’milib olibdi.

- Faqat dushda cho’mildim. O’tiring, graf Mippipopulo. Qaysinisidan ichamiz?

- Sizni gullarga qanchalik ishqiboz ekaningizni bilmadimu, janob,- dedi graf,- ammo mana bu atirgullarni olib kelishga jur'at etdim.

- Menga bering,- Bret guldastani oldi.- Jeyk, mana bunga suv quyib keling.

Oshxonaga chiqib sopol ko’zaga suv quyib keldim. Bret atirgullarni unga solib stolning o’rtasiga qo’ydi.

- Rosa ajoyib kun bo’ldi-da!

- Eslolmaysizmi, biz "Kriyton"da uchrashishga va'dalashmaganmidik?

- Yo’q. Nahotki, va'dalashgan bo’lsak? Demak, g’irt mast bo’lgan ekanman-da.

- Kayfingiz oshib qolgandi, azizam,- dedi graf.

- Ha. Graf nihoyatda hotamtoylik qilvoruvdi.

- Xizmatchim endi sizdan nihoyatda mamnun bo’lyapti.

- Shunaqayam bo’lmasin-chi. Unga ikki yuz frank berdim.

- Tentaklik qilibsiz,

- O’zimdanmas, uniki,-dedi u grafga ishora qilib.

- Kecha tundagi besaranjomlik qilganimiz haqiga unga biron nima bermoqchi bo’ldim. Anchayin bemahalda keluvdik.

- U g’aroyib yigit,-dedi Bret.-Qayerda nima voqea bo’lganinn doimo yodida tutadi.

- Xuddi siz kabi, azizam!

- Xomxayollik qilyapsiz,- dedi Bret.- Buni kimga ham keragi bor? Menga qarang, Jeyk, ichishga biron nima berasizmi-yo’qmi?

- Kiyinib chiqqunimcha o’zingiz olaqoling. Qayerda nima borligini o’zingiz bilasiz-ku.

- Bilsam kerak.

Kiyinar ekanman, Bretning stolga sifon bilan stakanlarni qo’ygani, keyin bir nimalar deyishgani qulog’imga chalindi. Karavotga o’tirib olib shoshilmay ki-yindim. Ancha toliqqanimni, ko’nglim g’ashligini his etdim. Qo’lida stakan bilan xonaga Bret kirib kelib, karavotga o’tirdi.

- Senga nima bўldn, jonim? Qayfiyating yo’qmi? U peshonamdan o’pib qo’ydi.

- Eh, Bret, seni qanchalik sevishimni bilsang edi.

- Jonginam,- dedi u. Keyin so’radi:-hoziroq chiqib uni jo’natib yuboraymi?

- Yo’q. U xushfe'l yigit ekan.

- Men chiqib jo’natib yuboraman.

- Yo’q, kerakmas.

- Ha, ha, jo’natib yuboraman.

- To’satdan bunday qilish yaramaydi.

- Mumkin emas, seningcha shundaymi? Shu yerda o’tiratur. Meni o’lgudek yaxshi ko’radi, gapimga ishonaver.

U xonadan chiqib ketdi. Karavotga muk tushib yotib oldim. Ularning gapi eshitilib turardi-yu, lekin quloq solmadim. Bret kirib karavotga o’tirdi.

- Jonginam, nochorginam!- U boshimni siladi.

- Unga nima deding?-Men orqamni o’girib yotardim. Ko’rgani hushim yo’q edi.

- Shampan olib kelishga yubordim. U shampan xarid qilishni yaxshi ko’radi.- Birozdan keyin so’radi:

-Endi tuzukmisan, jonim? Bosh og’rig’ing qoldimi?

- Qoldi.

- Bemalol yotaver. U shaharning narigi chekkasiga ketgan.

- Birga yashashimiz mumkinmasmi, Bret? Shunchaki birga yashashimiz mumkin emasmi?

- Mumkin emas. Ha deganda xiyonat qilgan bo’lardim. Sen bunga chidash berolmasding-da.

- Hozir chidab yuribman-ku.

- Bu boshqa masala. Bunga o’zim aybdorman, Jeyk. Shunaqa bo’lib tug’ilgan ekanman.

- Ikkovlashib vaqtincha shahar tashqarisiga chiqib ketmaymizmi?

- Bu yaxshilikka olib kelmaydi. Istasang, ketaveramiz. Ammo shahar tashqarisida xotirjam yasholmayman. Hatto sevgiligim bilan ham.

- Bilaman.

- Bu dahshat. Menimcha, seni qanchalik sevishimni o’zingga aytmasam ham bo’ladi.

- Seni sevishim o’zingga ham ma'lum.

- Ke, qo’y. Hammasi bekorchi gaplar. Ertaga jo’nab ketyapman, buning ustiga Maykl ham qaytib kelyapti.

- Nega jo’nab ketyapsan?

- Sengayam, mengayam shunisi ma'qul.

- Qachon jo’naysan?

- Iloji boricha tezroq.

- Qayerga?

- San-Sebast'yanga.

- Birga ketsak bo’lmaydimi?

- Yo’q. Hozirgina hammasini muhokama qilib bo’lganimizdan keyin bu ish borib turgan vahshiylik bo’lardi.

- Biz hali biror bitimga kelganimiz yo’q.

- O’zing mendan ko’ra yaxshi bilasan-ku! Qaysarlik qilma, jonginam.

- Ha, albatta,- dedim men.- Bu masalada haq ekaningni bilaman. Shunchaki hozir o’zimni lohas sezyapman, lohas paytimda ahmoqona gaplarni aytaveraman.

Egilib karavot yonidagi tufligimni topib kiydim. Keyin o’rnimdan turdim.

- Menga bunaqa qilib qaramagin, jonginam,

- Qanaqangi qarashimni xohlagan bo’larding?

- Jizzaki bo’lma. Ertaga jo’nab ketyapman.

- Ertaga-ya?

- Ha. Nahotki senga aytmagan bo’lsam? Ertaga.

- Bo’lmasa bir ichishaylik. Graf hozir qaytib keladi.

- Ha, qaytadigan vaqti bo’lib qoldi. Bilasanmi, shampan sotib olishning piri hisoblanadi. Bu uning uchun eng muhim yumush. Biz oshxonaga o’tdik. Bir shisha kon'yak olib o’zim bilan Bretga quydim. Eshikning qo’ng’irog’i jiringladi. Borib ochdim - graf qaytib kelibdi. Orqasida bir savat shampan ko’tarib shofer turibdi.

- Buni qaerga qo’yay, janob?-so’radi graf.

- Oshxonaga,- javob berdi Bret.

- O’sha yerga qo’ying, Anri,- qo’li bilan kursatdi graf.- Endi pastga tushib muzni olib keling.- Savatni joyiga qo’yguncha graf oshxonaning eshigi yonida turib Bretning ortidan qarab qoldi.- Sizga vino yoqsa kerak,-dedi u.- Hozir bizda, Amerikada yaxshi vino onda-sonda ichilishini bilaman, o’zimni bu sohaning bilimdoni hisoblamayman. Ammo buni vino tayyorlash bilan shug’ullanayotgan og’aynimdan oldim.

- Hamma joyda og’aynilaringiz bor-a,- dedi Bret,

- Og’aynimning uzumzori bor. Ming akr1.

- Familiyasi nima?-so’radi Bret.-Beva Kliko emasmi?

- Yo’q,- javob berdi graf.- Mumm. U baron.

- Juda soz,- dedi Bret.- Hammamiz unvonli ekanmiz. Nega sizning unvoningiz yo’q, Jeyk?

- Sizni ishontirib aytaman-ki, janob,- dedi graf yengimdan ushlab,- unvonning hech qanday nafi yo’q. Ko’pincha unvon katta pulga keladi.

- Unchalik bo’lmasa kerak. Unvonning ancha qulayligi bor.

- Menga biror marta ham foyda bermagan.

- Siz undan foydalanishni bilmaysiz. Unvonim hammavaqt menga katta qarz olishimga imkon beradi.

- Marhamat, o’tiring, graf,- dedim men.- Hassangizni menga bering.

Graf gaz chirog’i bilan yoritilgan stolning narigi tomonidagi Bretga qarab qo’ydi. U sigaret chekib, kulini gilamga tushirardi.

- Menga qarang, Jeyk,-dedi xona sohibi buni sezib qolganimni ko’rib,- bunaqada gilamingizning rasvosini chiqarib yuboraman. Bundoq kuldon olib kelsangiz-chi!

Bir nechta kuldonni olib kelib stol ustiga qo’ydim. Shofer tuz sepilgan muzli chelakni olib kirdi.

- Ikkita shishani muzlatib bering, Anri!-dedi graf.

- Boshqa hech narsa buyurmaydilarmi?

- Yo’q, pastda mashinada kutib turing.- U Bret bilan menga yuzlandi.- Bulon o’rmoniga tushlik qilgani boramiz-a?

- O’zingizga havola,- dedi Bret.- Shaxsan mening ovqatlangim kelmayapti.

- Men bo’lsam, xushta'm ovqatdan hech qachon voz kechmagan bo’lardim,-dedi graf.

- Vinoni keltiraymi, janob?-so’radi shofer.

- Ha, Anri, olib keling,- dedi graf. U cho’chqa terisidan ishlangan qalin portsigarini chuntagidan olib menga uzatdi.

- Haqiqiy amerika sigarasidan. Chekib ko’rmaysizmi?

- Rahmat, sigaretimni chekib tamomlay,- dedim men. U sigaraning uchini soatning zanjiriga osib qo’yilgan tilla keskich bilan qirqib tashladi.

- Sigaraning tortimli bўlishini yaxshi ko’raman,- dedi graf.- Agar qirqib tashlamasang, sigaraning yarmiga kelganda tortmay qo’yadi.

U sigarasini tutatib chekdi-da, Bretga yuzlandi;

- Ledi Eshli, taloq xatingizni olganingizdan keyin sizda unvon bo’lmaydi.

- Ha, bo’lmaydi. Afsuski bo’lmaydi.

- Aslida,- dedi graf,- sizga unvonning hojati yo’q. Shundog’am asl zotligingiz ko’rinib turibdi.

- Minnatdorman. Siz juda muruvvatlisiz-da.

- Hazillashayotganim yo’q.- Graf og’zidan pag’a-pag’a tutun chiqardi.- Sizdagi oliy nasablikni boshqa hech kimda kurmagandim. Sizda hamma fazilatlar mujassam. Tamom-vassalom.

- Samimiyatingiz uchun minnatdorman,- dedi Bret.- Onam buni eshitsalar, boshlari osmonga yetgan bo’lardi. Balki, shu so’zlaringizni yozib bersangiz, onamga yuborgan bo’larmidim?

- Unga ham aytgan bo’lardim,- javob berdi graf.- Hazillashayotganim yo’q. Hech qachon men odamlar ustidan kulmayman, odamlar ustidan kulish-o’zingga dushman orttirish demakdir. Doim shunaqa deyman.

- Siz haqsiz,-dedi Bret.- Nihoyatda haq gapni aytdingiz. Men doimo odamlar ustidan kulganim sababli ham bu olamda birorta do’stim yo’q. Mana bu Jeykdan boshqa.

- Uni mazax qilmasangiz kerak.

- Albatta.

- Kim biladi, balki uni ham mazax qilarsiz?-so’radi graf.

Bret menga qaragan edi, ko’zlarining chetiga ajinlar yig’ilib qoldi.

- Yo’q,- dedi u.-Jeyk ustidan kulmagan bo’lardim.

- Mana, ko’ryapsizmi,- dedi graf,- hammaning ustidan kulavermaysiz.

- Ey, xudoyim-e, buncha zerikarli suhbat bo’lyapti,- dedi Bret.- Shampandan totib ko’rmaymizmi?

Graf egilib yaltiroq paqirdagi shishani chayqatdi.

- Hali me'yorida muzlagani yo’q. Nuqul ichavermang, azizam. Nega shunchaki gaplashib o’tirishni istamaysiz?

- Shundog’am ezmalik qilib yubordim. Ichimdagi borini Jeykka to’kib soldim.

- Azizam, chinakam gapingizni eshitishni istardim. Men bilan gaplashayotganingizda siz hatto jumlani ham poyoniga yetkazmaysiz.

- O’zingizga yakunlash imkoniyatini beraman-da. Har bir kishi o’z bilgicha yakunlayversin.

- Bu juda g’alati usul.- Graf egilib shishani chayqatdi.- Bari bir gaplaringizni eshitishni xohlardim.

- Voy tentag-ey, rostdanmi?-so’radi Bret.

- Mana, endi sovugan bo’lsa kerak,- dedi graf paqirdan shishani olib.

Sochiq keltirib berdim, u shishani yaxshilab artdi-da, baland ko’tarib qaradi.

- Katta shishadagi shampandan ichishni yoqtiraman-da. Ta'mi yaxshi-yu, ammo sovutish qiyinroq bўladn.- U shishani ushlab tikilib qoldi.

Stakanlarni stolga qo’ydim.

- Ochaqolmaysizmi?-sabrsizlik bilan dedi Bret.

- Hozir ochaman, azizam. Shampan juda ajoyib ekan.

- Mana buni vino desa bo’ladi!-Bret qo’lidagi stakanni baland ko’tardi.- Biron narsaga ichishimiz kerak. "Janobi oliylarining salomatliklari uchun".

- Bu vino qadah tutib so’zlashga zo’rlik qiladi, azizam. His-tuyg’uni bunaqa vinoga aralashtirish yaramaydi. Ta'mi yo’qoladi.

Bretning stakani bo’shab qolgandi.

- Siz vinolar haqida kitob yozsangiz bo’larkan, graf,- dedim men.

- Janobi Barns,- javoban dedi graf,- vinodan men ko’radigan manfaat - ichganimda lazzat topishim xolos.

- Qani, yana ozgina lazzatlanaylik.- Bret stakanini tutdi. Graf ehtiyotkorlik bilan stakanni to’ldirdi.

- Marhamat, azizam. Sekin ichib lazzatlaning, keyin mast bo’lguncha ichish mumkin.

- Nima-a? Mast bo’lguncha-ya?

- Azizam, ichganingiz sari dilbarlashib ketasiz-da,

- Eshityapsizmi, gapini?

- Janobi Barns,- graf stakanimni to’ldirdi,- bu xonim umrim bino bo’lib men tanigan jononlar orasida kayfi chog’ida ham xuddi xushyor paytidagidek dilbar bo’ ladigan yagona ayol hisoblanadi.

- Umringizda ko’p narsani ko’rmaganga o’xshaysiz.

- Yanglishasiz, azizam. Men umrimda ko’p narsani ko’rganman, juda-juda ko’p narsani.

- Vinoni ichib jimgina o’tiring,- dedi Bret.- hammamizam hayotimizda ko’p narsalarni ko’rganmiz. Jeyk ham sizdan kam ko’rmaganiga imonim komil.

- Janobi Barnsning, azizam, ko’pni ko’rganiga ishonaman. Janob, men boshqacha fikrda emasman. Ammo men ham ko’pni ko’rganman.

- Albatta, ko’rgansiz, dedi Bret,-Shunchaki hazillashuvdim-da.

- Men yettita urushda, to’rtta revolyutsiyada qatnashganman,- dedi graf.

- Urushda bo’lganmisiz?-so’radi Bret.

- Shunaqa bo’lgandi, azizam. Kamon o’qidan yaralanganman. Kamon o’qidan jarohatlangan badanni ko’rganmisizlar?

- Ko’rsating-chi.

Graf o’rnidan turib nimchasining tugmalarini yechdi-da, ko’ylagining oldini ochdi. U ich ko’ylakni bo’ynigacha ko’tarib qop-qora ko’kragi va gazli chiroq nurida bo’rtib ko’ringan qorin mushaklarini namoyish qildi.

- Qo’ryapsizlarmi? Qovurg’alarining pastida ikkita oppoq bo’rtmacha bor ekan.

- Orqamdagi o’q teshib chiqqan joylarga ham qaranglar.- Belining sal yuqorirog’ida xuddi boyagidek ikkita chandiq bor edi.

- Qoyil! Mana buni jarohat desa bo’ladi.

- O’q teshib o’tibdi-ya!

Graf ko’ylagining barini shimi ichiga tiqdi.

- Sizni qayerda bunaqa g’alvir qilishuvdi?- so’radim men.

- Efiopiyada. O’shanda yigirma bir yoshda edim.

- Nima qilib yuruvdingiz?-so’radi Bret.- Armiyada xizmatda edingizmi?

- Yumush bilan boruvdim, azizam.

- Bu odam ham o’zimizdan deb sizga aytgandim-ku,- dedi menga yuzlanib Bret.- Sizni sevaman, graf. Siz g’aroyib odamsiz.

- Baxtiyorman, azizam. Faqat yolg’on aytyapsiz.

- Tentaklik qilmang.

- Bilasizmi, janobi Barns, juda ko’p voqealarni boshimdan kechirganim uchun ham, endilikda hamma yaxshi narsalardan lazzatlanishim mumkin. Fikrimga qo’shilasizmi?

- Albatta. Butunlay qo’shilaman.

- Bilaman,- dedi graf.- Hamma sir mana shunda. Asl boylikni topib olish kerak.

- Sizning boyligingizga hecham bir nima bo’lmaganmi?-so’radi Bret.

- Yo’q. Endi bo’lmaydi.

- Hech xushtor bo’lganmisiz?

-- Hamavaqt oshiqu beqarorman,-dedi graf.-Men hamisha sevgi bilan yashayman.

- Sevgingiz boyligingizda qanday aks etadi? "- Buyam mening boyligimga kiradi.

- Sizda hech qanaqa boylik yo’q. Siz o’liksiz - boshqa hech nima emas.

- Yo’q, azizam. Yanglishasiz. Men mutlaqo o’lik emasman.

Biz uch shisha shampan ichganimizdan so’ng graf savatni oshxonamda qoldirib o’rnidan turdi. Keyin Bulon o’rmonidagi restoranlarning birida tushlik qildik. Yax-shigina ovqatlandik. Ovqatlanish graf saxovatining faxrli bir namoyishi edi.

Xuddi vino kabi. Tushlik paytida grafni g’oyatda ochilib, xushchaqchaq o’tirdi. Bret ham. Oqshom ham ko’ngilli o’tdi.

- Qayerga borishni istaysizlar?- so’radi graf ovqatlanib bo’lganimizdan so’ng. Restoranda bizdan boshqa hech kim qolmagandi. Ikkala ofitsiant ham eshikka suyanib turishardi. Uyga ketishni istashardi.

- Monmartrga borish mumkin,-dedi Bret.-Kunni xushnudlik bilan rosa yaxshi o’tkazdik, to’g’rimi?

Graf jilmayib qo’ydi. U g’oyatda mamnun edi.

- Ikkalangiz ham lobar ekansiz,- dedi u. Graf yana sigara chekmoqda edi.- Nega uylanib qo’yaqolmaysizlar?

- Biz o’z holimizcha yashashni istaymiz,- dedim men.

- Bir-birimizning martabamizga ziyon yetishini istamaymiz,- dedi Bret.- Qani, turinglar. Bu yerdan ketaylik.

- Kon'yakdan yana ichinglar,- dedi graf.

- O’sha joyda ichamiz.

- Yo’q. Hozir ichamiz, bu yer tinch ekan.

- Tinchingizni boshimga uramanmi?-dedi Bret.- Doimo tinchligini o’ylaydigan bu qanaqa erkaklar ekan?

- Siz, azizam, shovqin-suronni yoqtirgandek, biz sokinlikni sevamiz,- dedi graf.

- Ha, mayli,- dedi Bret.- Shu yerda ichaqolaylik.

- Garson!-chaqirdi graf.

- Nimani buyuradilar?

- Sizlarda eng qadimgi qanaangi kon'yak bor?

- Ming sakkiz yuz o’n birinchi yilgi kon'yak, janob.

- Bir shisha keltiring.

- Qoyil-e! Oshirib yubordi. Ofitsiantni qaytaring, Jeyk.

- Quloq soling, azizam. Qadimgi kon'yak o’z bahosi bilan menga barcha antiqa buyumlarimdan ham qimmatroq hisoblanadi.

- Antiqa buyumlaringiz ko’pmi?

- Bir uy to’la.

Nihoyat Monmartrga jo’nab ketdik. Zellining kafesi gavjum, tutun bosib ketgan, sershovqin edi. Muzika sadosi quloqni qomatga keltirardi. Bret bilan raqs tushdik. Odam tirbandligidan biz zo’rg’a qimirlardik. Habash-barabanchi Bretga qo’lini silkib ?qo’ydi. Biz tiqilinch orasiga tushib qolib, bir joyda - xuddi barabanchining ro’parasida qimirlab turardik.

- Ahvollar qalay?

- A'lo.

- Bu yaxshi.



Oppoq tishlari yarqirab ketdi.

- U mening eng yaqin do’stim,- dedi Bret.- Ajoyib barabanchi.

Muzika tugab, biz graf band etgan stol yoniga borib o’tirdik. Keyin yana kuy yangrab, raqsga tushib ketdik. Grafga qarab qo’ydim. U stol yonida o’tirib sigara chekmoqda edi. Yana muzika to’xtadi.

- Grafning yoniga boraylik.

Bret endi stol tomon yurgandi, shu payt yana muzika chalindi-yu, biz olomon orasida yana raqsga tusha ketdik.

- Raqs tushishni bilmas ekansan, Jeyk. Hammadan ko’ra Maykl yaxshi tushadi.

- Ha, u raqsga usta.

- Umuman, Mayklning fazilatlari ko’p.

- U menga yoqadi,-dedim.- G’oyatda yaxshi ko’raman uni.

- Shuning uchunam unga turmushga chiqaman-da,- dedi Bret.- Qiziq, butun hafta mobaynida u haqda o’ylamabman-a!

- Nima, Mayklga xat yozmaysanmi?

- Yo’q, hecham xat yozmayman.

- Lekin u xat yozib tursa kerak albatta?

- Ha-da! Xatlari shunaqayam samimiy-ki...

- To’y qachon bo’ladi?

- Men qayoqdan bilay? Taloq xatimni olishim bilan bo’ladi-da. Maykl onasini saxiylik bilan to’y o’tkazishga ko’ndiryapti.

- Balki yordamim tegib qolar?

- Tentaklik qilma. Ota-onasining boyligi mil-mil. Muzika tindi. Biz stol tomon yurdik. Graf o’rnidan turdi.

- Qoyil qoldim,- dedi graf.- Sizlarga qarab o’tirib huzur qildim.

- Siz raqs tushmaysizmi, graf?-so’radim men.

- Yo’q. Ancha keksayib qolganman.

- Qo’ysangnz-chi,- dedi Bret.

- Azizam, agar menga huzur bag’ishlaganda raqsga tushgan bo’lardim. Sizni tansa tushayotganingizni tomosha qilishning o’zi menga rohat bag’ishlaydi.

- Judayam soz,- dedi Bret.- Siz uchun yana raqs tushib qolarman. Ha, aytgandek, do’stingiz Zizi ko’rinmayaptimi?

- Sizga shuni aytib qo’yay. Ziziga ko’maklashib turamanu, ammo u bilan uchrashmaslikni afzal ko’raman.

- Ha, tabiati og’ir.

- Bilasizmi, menimcha, undan yaxshigina rassom chiqishi mumkin. Lekin shaxsan men uni ko’rmasam deyman.

- Jeyk ham.

- Uni ko’rsam etim junjikib ketadi.

- Shunaqa.- Graf yelka qisib qo’ydi.- Undan nima chiqishini bilib bo’lmaydi. Ammo uning otasi otamning yaqin do’sti edi.

- Yur, raqsga tushamiz,- dedi Bret.

Biz raqsga tushdik. Odam tirband, tiqilinch.

- Eh, jonginam!-dedi Bret.- Shunaayam baxti qaro ekanmanki..

Xuddi shunaqa gapni bir paytlari eshitganim aniq esimga tushdi. Yaxshiyamki, bu bir vaqtlar bo’lib o’tgan. Ba'zan bo’lib turadi shunaqa holat.

- Hozirgina hamma narsadan mamnun, baxtiyor eding. Barabanchi yo’g’on ovozi bilan ashulasini boshlab yubordi:

- "Bekorga ikki bor...”

- Hammasi o’tdi-ketdi.

- Nima gap o’zi?

- Bilmadim. Ko’nglim judayam g’ash.

- "........",- kuylardi barabanchi. Keyin yana tayoqchalarini qo’liga oldi.

- Ketmoqchimisan?

Men hozir bosinqirash paytida yuz beradigan holatga tushgan edim go’yo. Hammasi takrorlanayotgandek, go’yo bularni bir marta bajarganmanu endi yana takrorlashim lozimdek tuyulardi.

- "........ ",- cho’zib kuylardi barabanchi.

- Ketaman,- dedi Bret.- Sen-chi?

- ".........",- barabanchi yo’g’on ovoz ila baqirgandi, Bret jilmayib qo’ydi.

- Mayli, ketdik,- dedim men. Biz olomon orasidan chiqib oldik. Bret kiyim yechadigan xona tomon yurdi.

- Bret ketmoqchi,- dedim grafga.

- Shuna?ami? Juda soz,-dedi u bosh irqab,-Mashinam olib borib qo’ysin. Men yana biroz o’tiraman, janobi Barns. Biz qo’l siqishib xayrlashdik.

- Oqshomni ko’ngildagidek o’tkazdim,- dedim men.- Iltimos, men ham...- cho’ntagimdan hamyonimni oldim.

- Qo’ysangiz-chi, janobi Barns,-dedi graf.

Keng pal'tosini kiyib Bret stol yoniga keldi. U grafni o’pdida, o’rnidan qo’zg’almasin, deb yelkasidan bosib qo’ydi. Eshikka yetganimizda orqamga o’girilib qaragandim, uning yonida uchta qiz o’tirganini ko’rdim. Biz mashinaga chiqdik. Bret shoferga mehmonxona adresini aytdi.

- Yo’q, yuqoriga chiqma,- dedi u ostonada. Qo’ng’irog’ chalgan edi, eshik ochildi.

- Jiddiy gapiryapsanmi?

- Ha. Iltimos.

- Tuning xayrli o’tsin, Bret,- dedim unga.- O’zingni baxtsiz sezayotganingdan ko’nglim xijil bo’lyapti.

- Xayrli tun, Jeyk. Tuning xayr'li o’tsin, jonginam. Biz endi ko’rishmaymiz.- Eshik yonida turib o’pishdik. U meni nari itardi. Yana o’pishdik.-hojati yo’q!-dedi Bret.

U tezgina burilib mehmonxonaga kirib ketdi. Shofer meni uyimga olib borib qo’ydi. Unga yigirma frank beruvdim, qo’lini shapkasiga olib borib: "Xayrli tun, janob",-dedi-yu, jo’nab ketdi. Qo’ng’iroqni chaldim. Eshik ochildi. Xonamga chiqib, o’ringa cho’zildim.


Ikkinchi kitob

Sakkizinchi bob

Men Bret bilan u San-Sebast'yandan qaytib kelgandan keyingina uchrashdim. Ungacha o’sha yerdan Koncha ko’rfazi tasvirlangan otkritka oldim. "Jonginam! Bu yer juda ajoyib va sokin. Hammaga salom aytib qo’y. Bret" deb yozgandi u.

Robert Konni ham anchadan beri ko’rmadim. Frensis Angliyaga jo’nab ketganini eshitgandim, Kon esa bir necha haftaga shahardan hali o’zi bilmaydigan tomonga yo’l olmoqchi bo’layotganini, ammo o’tgan qish faslida kelishib olganimizdek, men bilan birga Ispaniyaga, baliq oviga, albatta, borishini bildirib xat yo’llabdi. Adresini uning bankchisidan surishtirib bilishimni yozibdi.

Bret yo’q, g’am-anduh to’la yuragini yoraverib bezor qiladigan Kon ham yo’q, hatto tennis o’ynashim ham shart emasligidan quvonib yuribman, ammo qiladigan yumushlarim juda ko’p edi. Ko’pincha poygalarda bo’lardim, do’stlarim bilan birga tushlik qilardim, so’ng yarim kechagacha redaksiyada qolib ketardim. Iyun' oyining oxirida Bill Gorton bilan Ispaniyaga jo’nab ketish oldidan ko’proq material to’plab kotibda qoldirmoqchiydim. Bill Gorton Parijga yetib kelib, bir necha kun menikida yashadi-da, Venaga jo’nab ketdi. U g’oyat xursand edi. Gapiga qaraganda, Shtatlar ajoyib ekan, N'yu-York g’aroyib ekan. Teatr mavsumi dabdabali o’tibdi, yarim og’ir vaznli bokschilar orasida yorqin yulduzlar paydo bo’libdi. Ularning har biri kuchga to’lib, vazni oshgach, hatto Dempsning o’zini ham mag’lub eta olishi mumkin emish. Bill hayotdan mamnun edi. U keyingi kitobi bilan bir talay pul ishlabdi, endi bundan ham ko’p pul topishga harakat qila-yotganmish. Parijda biz vaqtimizni ko’ngilli o’tkazdik, keyin u Venaga jo’nab ketdi. Bill uch haftadan so’ng qaytib kelgach, biz Ispaniyaga baliq oviga, keyin esa

Pamplonga fiestani" ko’rgani borishimiz lozim edi. U Vena ajoyib ekan, deb yozdi. Keyin Budapeshtdan otkritka keldi: “Jeyk, Budapesht g’aroyib ekan”,- deb yozibdi. So’ng telegramma. "Dushanba kuni yetib boraman", degan tele-grammasini oldim.

U dushanba kuni kechqurun yetib keldi. Taksi to’xtaganini eshitdimu, deraza yoniga borib uni chaqirdim. Bill qo’lini silkib, chamadonlarini ko’tardi-da, zinapoyadan chiqa boshladi. Zinapoya oldiga chiqib chamadonlaridan birini qo’lidan oldim.

- Qalay, sayohating yaxshi bo’ldimi?-so’radim undan.

- Juda soz,- dedi u.- Budapesht g’oyat mo’jizakor shahar ekan.

- Vena-chi?

- Unchalik emas, Jeyk. Unchalik emas. Men kutgandek yaxshi emas.

- O’zi nima bo’ldi?- Stakan va sifon olib stolga qo’ydim.

- Mast edim, Jeyk. Mast edim.

- G’alati bo’lipti-ku!- Ol, mana buni ich. Bill peshonasini artib qo’ydi.

- Ha, xayratomuz ish bo’ldi,- dedi u.- Qanday yuz berganini o’zimam bilmayman. He yo’q, be yo’q, to’satdan shunaqa bo’b qoldi.

- Ko’p mast bo’ldingmi?

- To’rt kun Jeyk. Roppa-rosa to’rt kun.

- Axir, qayerda bo’lganiyding?

- Eslolmayman. Senga otkritka jo’natuvdim. Bunisi yodimda.

- Yana biror ish qildingmi?

- Bilolmadim. Balki, qilgandirman,

- Xo’sh, keyin nima bo’ldi? Aytaver.

- Hecham eslolmayapman. Yodimga tushganini aytib bo’ldim.

- Xo’sh, xo’sh, yana. Mana buni ichib bir eslab ko’r.

- Balki, biror nima yodimga tushib qolar,- dedi Bill.- Bokschilar musobaqasi esimga tushyapti. Vena mukofoti uchun ulkan musobaqalar bo’ldi. Habash qatnashuvdi. Habashni yaxshi eslayapman.

- Xo’sh, keyin-chi?

- Ajoyib habash. Tigr Flauersga o’xshaydi-yu, ammo undan to’rt karra yo’g’on. To’satdan hamma qo’liga ilinganini otaboshladi. Mendan boshqa. Habash venalikni endi yerga ag’dargandi. U qo’lqopli qo’lini ko’tardi. Nutq so’zlamoqchi bo’ldi. G’oyatda olijanob ko’rinishda edi habash. U gapira boshlagandi, oq tanli venalik bokschi uni bir urdi. Habash esa oq tanli venalik bokschini nakout qildi. Shunda hamma o’rnidan turib stullarni irqitdi. Habash uyiga bizning mashinada ketdi. O’zining pal'tosini olishga ulgurmabdi. Menikini kiydi. Endi hammasini esladim. Katta sport oqshomi bo’lgandi.

- Xo’sh, nima bilan tugadi?

- Xabashga kiyimlarimdan u-buni vaqtincha berdim-da, u bilan pulini undirgani bordik. Bizga zalning to’s-to’paloni chiqib ketgani uchun xabash ulardan qarz bo’lib qolganini aytishdi. Kim tarjima qilib turuvdi? Menmidim?

- Sen bo’lmasang kerak.

- To’g’ri. Men emas. Boshqa odam. Uni professor, deb atagandik, shekilli. Endi esladim uni. Muzikaga o’qiyotgan ekan.

- Xo’sh, oqibati nima bo’ldi?

- Hech nima bo’lmadi, Jeyk. Bu olamda haqiqat yo’q. Xabash mahalliy chempionga taslim bo’lishga va'da bergandi, dedi impressario. Xabash shartnomani buzganmish. Venalik chempionni Venada nakout qilish mumkin emasmish. "Ey, xudoyim-e, qirq minut davomida qilgan ishim - faqat unga yutqazishga urinish bo’ldi, janobi Gorton,- dedi habash.- Oq tanli bu bolakay menga zarba beraman deb o’zini o’zi abgor qilib qo’ydi. Unga tirnog’imni ham teggizganim yo’q".

- Pulni undirdinglarmi?

- Bir tiyin ham berishmadi, Jeyk. Bor-yo’g’i undirganimiz habashning kiyimi bo’ldi. Soati ham yo’qolibdi. Ajoyib habash. Venaga bormasligim kerak edi. Yomon shahar, Jeyk. Yomon shahar.

- Habash nima qildi?

- Kyol'nga qaytib ketdi. O’shatda yasharkan. Uylangan. Farzandlari bor. Xat yozib turishga, qarzga bergan pulimni qaytarib yuborishga va'da berdi. Ajoyib habash. Adresini adashtirib yubormagan bo’lsam kerak.

- Umid qilamiz.

- Ha, mayli, yur, ovqatlangani boramiz,-dedi Bill.- Yoki yana safar taassurotlaridan eshitmoqchimisan?

- Aytaver.

- Ketdik ovqatlangani.

Biz pastga tushib, Sen-Mishel' xiyoboniga chiqdik. Iliqqina iyun' oqshomi edi.

- Qayoqqa boramiz?

- Orolda ovqatlanamizmi?

- Mayli.

Xiyobon bo’ylab pastlikka tushdik. Den-Fer-Roshero ko’chasi bilan xiyobon chorraxasida xuddi kiyimlari shamol" da xilpirab turgani tasvirlangan ikki erkakning qay" kali bor edi.

- Bularning kimligini bilaman.- Bill to’xtab qay" kalni tomosha qildi.- Bu janoblar farmakologiyani o’ylab topishgan. Meni chalg’itmay qo’yaqol. Parijingni qadr qiymatini bilaman. Yo’limizda davom etdik.

- Anavi o’yinchoqlarni qara,- dedi Bill.- Bittasini sotib olmaysanmi? Anavi kuchukni?

- Yuraqolsang-chi,- dedim men.-Xurmachangdan ortig’ini ichibsan-da.

- Chiroyli kuchukcha ekan,- dedi Bill.- Xonangga chiroy bag’ishlagan bo’lardi.

- Yuraqolsang-chi.

- Atigi bitta kuchuk olaylik. Aslini surishtirsang, albatta, unga tupurdim. Lekin gapimga kiraqol, Jeyk. Atigi bitta kuchuk olaylik.

- Ketdik.

- Bittasini sotib olsang, keyinchalik xursand bo’lasan. Shunchaki tovar almashish bo’ladi. Sen pul berasan. Senga o’yinchoq kuchuk berishadi.

- Qaytishda olamiz.

- Mayli. Seningcha bo’laqolsin. Keyin pushaymon bo’lasan. Unda mening aybim bo’lmaydi. Yo’lda davom etdik.

- Nega dabdurustdan kuchukni yoqtirib qolding?

- Doim kuchuklarni yaxshi ko’raman. O’yinchoq kuchuk" larning ishqibozi bo’lib qolganman. Biz do’kon yonida to’xtab, bir stakandan ichdik.

- Shak-shubhasiz, ichkilik joni-tanim,- dedi Bill.- Senga ham shunday qilish xalaqit bermasdi, Jeyk.

- Mendan bir yuz qirq to’rt ochko ilgarilab ketgansan.

- Ruhingni tushirma. Hech qachon ruhingni tushirma. Omadimning siri ana shunda, hech qachon ruhimni tushirmayman. Odamlar oldida hech qachon ruhimni tushirmay" man.

- Qayerda ichishga ulgira qolding?

- "Kriyon"ga kirgandim. Jorj bir qancha kokteylni aralashtirib beruvdi. Jorj - buyuk odam. Omadining siri nimada ekanini bilasanmi? Hech qachon ruhini tushirmaydi.

- Yana uch ryumka perno ichsang ruhing tushib ketadi.

- Odamlar oldida ruhimni tushirmayman. Agar shunaqa bo’layotganimni sezsam darrov jo’nab qolaman. Bamisoli mushukdek.

- Xarvi Stounni qaerda ko’ruvding?

- "Kriyon"da. Xarvi biroz tushkunlikka berilibdi. Uch kun hech nima yemabdi. Umuman ovqatlanishni to’xtatibdi. Mushukdek odamovi bo’lib qolibdi. Qayg’uli hol.

- U durust yigit.

- Ajoyib yigit. Bari bir, mushukdek odamovi bo’lmagani ma'qul edi. Ko’ngilsiz hol.

- Kechqurun nima qilamiz?

- Menga bari bir. Faqat tushkunlikka berilmasam bas. Balki bu yerda yaxshi qaynatib pishirilgan tuxum bordir? Agar pishgan tuxum bo’lsa, orolga sudralib bormasak ham bo’lardi.

- Topgan gapingni qara,- dedim men.- Lazzatli ovqatlardan yeb kelamiz.

- Shunchaki taklif qildim-da,- dedi Bill.- Orolga bormoqchimisan?

- Ketdik.

Biz xiyobon bo’ylab yo’limizda davom etdik. Izvosh bizni quvib o’tdi. Bill orqasidan qarab qoldi.

- Anavi izvoshni ko’ryapsanmi? Xuddi shunaqa o’yinchoq buyurtirib senga Rojdestvo hayiti'da sovg’a qilaman. Barcha do’stlarimga bittadan shunaqa sovg’a ulashaman.

Bizni taksi quvib o’tdi; ichida o’tirganlardan biri bizga qo’lini silkidi, so’ng kabina derazasini chertib shoferga to’xtashni buyurdi. Mashina yo’lka yonida to’xtadi. Taksida Bret o’tirgan ekan.

- Notanish go’zal jonon bizni o’g’irlab ketmoqchi,- dedi Bill.

- Xello!- dedi Bret.- Xello!

- Tanishinglar: Bill Gorton, ledi Eshli. Bret Billga jilmayib qo’ydi.

- San-Sebast'yandan hozirgina yetib keldim. Hatto yuvinib olishga ham ulgurganim yo’q. Bugun kechqurun Maykl yetib keladi.

- Juda soz. Biz bilan ovqatlanasiz-da, so’ng uchalamiz uni kutib olgani boramiz.

- Yuvinib olsam bo’lardi.

- Qo’yavering! Qani, ketdik.

- Cho’milib olishim kerak edi. U to’qqizdan oldin kelmaydi.

- Unday bo’lsa, yuring, oz-ozdan ichamiz-da, keyin cho’milaverasiz.

- Bu boshqa gap. Oqilona fikr. Taksiga o’tirdik. Shofer o’girilib qaradi.

- Shu yaqin oradagi mayxonaga haydang,- dedim men.

- Yaxshisi, "Klozeri"ga boraqolaylik,- dedi Bret.- O’sha joyning yaramas kon'yagini hecham icholmayman-da.

- "Klozeri-de-Lil"ga haydang. Bret o’girilib Billga yuzlandi.

- Bu vabo shahriga kelganingizga ko’p bo’ldimi?

- Xuddi shu bugun Budapeshtdan yetib keldim.

- Budapeshtda qalay bo’ldi?

- Juda soz. Budapesht g’aroyib ekan.

- Undan Venani so’rang.

- Vena g’oyatda g’alati shahar ekan,- dedi Bill.

- Parijga juda o’xshab ketadi,- Bret unga jilmayib qaragandi, ko’zining burchaklarida ajinlar paydo bo’ldi.

- To’g’ri,- dedi Bill.- Xuddi shu daqiqalarda Parijga juda o’xshaydi.

- Ha, sizga yetib olish qiyin.

"Klozeri" kafesining ayvonidan joy oldik. Bret o’ziga sodali viski buyurdi, men ham shunaqasini buyur" dim. Bill esa yana bir ryumka perno so’radi.

- Ahvollaring qalay, Jeyk?

- A'lo darajada,-dedim men.-Bo’sh kunlarimni juda soz o’tkazdim.

Bret menga tikilib qoldi.

- Jo’nab ketib ahmoqlik qildim,- dedi u.- Parijdan jo’nab ketish g’irt telbalikning o’zi ekan.

- Safaring ko’ngilli o’tdimi?

- Yomon emas. Lekin unchalik vaqtichog’liq qilib bo’lmadi.

- Tanishlarni ko’rdingmi?

- Yo’q, deyarli hech kimni uchratmadim. Umuman ko’chaga chiqqanim yo’q.

- Nahotki cho’milmagan bo’lsang?

- Yo’q. Hech nima qilmadim.

- Venaga o’xshab ketadi,-dedi Bill. Bret ko’zlarini qisib, unga qarab qo’ydi.

- E-ha, Venada nimalar bo’lganini endi fahmladim. Bret unga yana jilmayib qo’ydi.

- Do’stingiz juda yoqimtoy ekan, Jeyk.

- Durust yigit,- dedim men.- U tasqara o’yinchoqlar yasash bilan shug’ullanadi.

- G’urbatda, boshqa mamlakatda yurganimda shunaqa qilganman-da,- dedi Bill.

- Yana bir qultumdan ichamiz-da, keyin menga ruxsat,- dedi Bret.- Iltimos, taksiga odam yuboring.

- Ana, qanchasi turibdi. Shundoqqina ro’paramizda.

- Ha, mayli.

So’nggi marta bir ryumkadan ichib, Bretni taksiga o’tqazdik.

- Esingizdan chiqmasin, soat o’nlarda "Selekt"da uchrashamiz. Do’stingiz ham kelaversin. Maykl ham bo’ladi.

- Albatta boramiz,- dedi Bill.

Mashina qo’zg’olib, Bret bizga qo’lini silkib xayrlashdi.

- Mana buni jonon ayol desa bo’ladi,- Bill.- Rosayam jozibali ekan. Maykli kim o’zi?

- Bret turmushga chiqmoqchi bo’layotgan yigit.

- Qoyil,- deb qo’ydi Bill.- Nuqul xuddi ana shunaqa ayollar bilan tanishish peshonamda bor ekan-da. Ularga nima yuborsam ekan? Chiroyli qilib ishlangan poyga otlardan yuborsammikan?

- Yur, ovqatlanamiz.

- Unvon borligi rostmi?- mashina bizni Sen-Lui oroliga olib ketayotganida surishtirib qoldi Bill.

- Ha-da, sulolalar shajarasi kitobiga yozib qo’yilgan.

- Qoyil!

Biz orolning narigi chekkasidagi Lekont xonimning restoranida ovqatlandik. Restoranda amerikaliklarning ko’pligidan bir chekkada joy bo’shashini kutib turdik. Kimdir Lekont xonimning restoranini Parijning hali amerikaliklar oyog’i yetmagan sohil bo’yidagi ajib bpr go’sha sifatida tasvirlab, amerikancha ayollar klubidagi ro’yxatga kiritib qo’ygani uchun ham biz choragi kam bir soat stol bo’shashini kutdik. Bill bu yerda 1918 nilda, sulh e'lon qilingan paytda ovqatlangan ekan, Lekont xonim uni quchoq ochib kutib oldi.

- Meni tanib qolgani uchun ham stolga ega bo’lgapimiz yo’q,- dedi Bill.- Lekin u ajoyib ayol.

Stol ustiga qoyilmaqom qilib tayyorlangan taomlar: ko’k no’xotli qovurilgan tovuq, ezib pishirilgan kartoshka, xushxo’r salat, olma pirogi va pishloq keltirib qo’yishdi.

- Restoraningizga qadam bosib bo’lmaydi-ya,- dedi Bill Lekont xonimga.

- Nima ham qilardim,- dedi u qo’llarini yoyib.

- Bunaqada ja boyib ketasiz.

- Umidim shundan.

Kofe bilan bir ryumkadan kon'yak ichib, hisob-kitob qilishni so’radik. Bu yerda, odatda, toshqalam taxtachasiga bo’r bilan yozilgan hisob-kitobni keltirib ko’rsatisha-di, bu esa, shubhasiz, restoran "ajoyibot"laridan biri hisoblanadi.

Hisoblashib bo’lib, Lekont xonim bilan qo’l olishib xayrlashdik-da, eshik tomon yurdik.

- Keyingi paytlarda mutlaqo ko’rinmay qoldingiz, janobi Barns,- dedi Lekont xonim.

- Vatandoshlarim bu yerda haddan tashqari ko’p ekan.

- Nonushta qilgani keling. O’shanda unchalik gavjum bo’lmaydi.

- Xo’p. Albatta kelaman.

Biz orolning Orlean sohiliga qaragan o’sha narigi chekkasidagi daryoga hoshiyadek bo’lib turgan daraxtlar ostida sayr qildik. Daryo ortida eski uylarning yarim vayrona devorlari ko’zga tashlanadi.

- Ularni buzib tashlashadi. O’sha yerdan ko’cha o’tarkan.

- Shunaqaga o’xshaydi,- dedi Bill.

Biz butun orolni aylanib chiqdik. Bug’ bilan yuradigan kemacha chiroqlarini porlatib, qop-qora daryo bo’ylab tez va sassiz o’tdi-yu, ko’prik ostida ko’zdan yo’qoldi. Oqimning pastki tomonida Bibi Maryam jomesi tun og’ushida osmonga bo’y cho’zib turibdi. Betyun sohilidan chap qirg’og’iga taxta ko’prik orqali o’tayotganimizda jomening suvdagi aksini tomosha qildik. Bu yerdan orol qop-qora, daraxtlar soya kabi ko’rinadi, uylar osmonga cho’zilib ketgandek tuyuladi.

- Bari bir, go’zal,- dedi Bill.- Qaytib kelganim" ga juda xursandman.

Ko’prikning yog’och panjarasiga suyanib olib daryoning yuqori tomonidagi ulkan ko’priklar chiroyiga mahliyo bo’lib turdik. Suv sathi sip-silliq, qop-qora edi. U chayqalib ko’prikning ustunlariga urilardi. Bir yigit bilan bir qiz yonginamizdan o’tib ketishdi. Ular quchoqlashib olishgandi.

Biz ko’prikdan o’tib, Kardinal Lemuan ko’chasidan tikka yuqoriga ko’tarildik. Piyoda yurib, Kontreskarp maydoniga yetib keldik. Daraxtlarning barglari orasidan yoysimon fonuslar yorug’i tushyapti, daraxtlar ostida esa jo’nashga hozirlangan avtobus turibdi. "Xushchaqchaq negr" kafesining ochiq eshigidan muzika sadolari eshitilmoqda. "Ishqibozlar kafesi"ning derazasidan qara" gandim, rux qoplangan uzun peshtaxtaga ko’zim tushdi. Tashqarida, ayvonda ishchilar vino ichib o’tirishibdi.

"Ishqibozlar kafesi"ning oldi ochiq oshxonasida xizmatchi ayol kartoshka qovuryapti. Yonginasida go’sht dimlangan dekcha turibdi. Xizmatchi qo’lida bir shisha qizil vino ushlab olgan qariyaga go’sht solib beryapti.

- Ichging kelyaptimi?

- Yo’q,- dedi Bill.- Yetar endi.

Biz Kontreskarp maydonidan o’ngga burilib, qadimgi baland uylar orasidagi tekis tor ko’cha bo’ylab ketdik. Uylarning bir xillari oldinga chiqib ketgan, boshqalari ichkariga chekingan. Biz Po-de-Fer ko’chasidan yurib Sen-Jak ko’chasiga yetib oldik, keyin Val'-de-Gras kasalxonasining cho’yan panjaralari yoqalab janub tomon yurdik-da, Dyu-Por-Royal' xiyoboniga chiqdik.

- Endi qayoqqa boramiz?- so’radim men.-"Selekt"ga kirib Bret va Maykl bilan chaqchaqlashib o’tiramizmi?

- Ha, mayli.

Biz Dyu-Por-Royal' xiyobonidan yurib, Monparnas xiyobonigacha yetib bordik, keyin "Klozeri-de-Lill"ni, De-mua, Lavinya restoranlari va barcha kichik kafelarni ortda qoldirib, "Rotonda"ning ro’parasidagi ko’chani kesib o’tdik-da, "Selekt"

kafesiga yetib oldik. Maykl o’rnidan turib, istiqbolimizga peshvoz chiqdi. U ancha qoraygan, ko’rinishidan benihoya mamnun edi.

- Xello, Jeyk - dedi u.- Xello! Xello! Ahvollaringiz qalay, do’stim?

- Siz bag’oyat to’lishibsiz, Maykl.

- O, nimasini aytasiz! Nihoyatda semirib ketdim. Hech nima bilan ishim bo’lmadi, faqat sayr qilib yurdim. Ertalabdan kechgacha sayr qildim. Onam bilan choyxo’rlik qilayotganda atigi bir ryumkadan ichaman xolos.

Bill bar tomon o’tdi. U baland kursida oyog’ini chalishtirib o’tirgan Bret bilan suhbatlashdi. Bret paypoq kiymagandi.

- Sizni ko’rganimdan g’oyat xursandman, Jeyk,- dedi Maykl.- Bilasizmi, biroz kayfim bor. G’alati voqea. Burnimga qarang. Uning qanshari qontalash bo’lib qolgandi.

- Allaqanday kampirning chamadoni tufayli mana shunaqa bo’lib qoldi,- dedi Maykl.- Unga yordamlashmoqchi bo’lib, yuqoridagi chamadonlarini olib bermoqchi bo’luvdim - hammasi ustimga ag’darilib tushdi. Bret ko’zlarini qisib uzun mushtugi bilan uni imlab chaqirdi.

- Kampiri tushmagurning chamadonlari ustimga shunaqayam ag’darildiki, asta qo’yaverasiz,- deb qo’ydi Maykl.- Yuring, Bretning oldiga boraylik, U bag'oyat latofatli. Sen - jozibali ayolsan, Bret. Mana bu shlyapang qayerdan kelib qoldi?

- Do’stim sovg’a qiluvdi.

- Judayam xunuk ekan.

- Ha, albatta, endi biz badavlatmiz,-dedi Bret.- Aytgandek, Bill bilan tanishmisan? G’oyat sezgirsiz-da, Jeyk.-U Mayklga yuzlandi: Bu - Bill Gorton. Mana bu mast esa - Maykl Kembell. Janobi Kembell - sinib, tomog’igacha qarzga botgan kishi.

- Gapingni qara. Bilasizlarmi, kecha Londonda sobiq sherigimni uchratib qolgandim. Anavini, meni laqillatib, ketgan odamni.

- Xo’sh, nima dedi?

- Bir stakan vino bilan mehmon qildi, xolos. Rad etgim kelmadi. Bilasanmi, Bret, shunaqayam latofatlisan-ki! Go’zalsan-a, to’g’rimi?

- Go’zal emish. Mana shu burnim bilan-a!

- Jozibador burun. Burningni menga ko’rsat. Qarang, nega endi jozibador bo’lmas ekan?

- Nahotki uni Shotlandiyada qoldirib kelishning iloji bo’lmagan bo’lsa?

- Bret, uyga ertaroq ketaylik.

- Bemaza bo’lma, Maykl. Yon-atrofda odamlar o’tirishibdi.

- Bret jozibali-a, to’g’rimi? Sizning-cha, qanday, Jeyk?

- Bugun kechqurun boks bo’ladi,- dedi Bill.- Birga bormaysizmi?

- Boks,- takrorladi Maykl.- Kim kimga qarshi tusharkan?

- Ledu bilan yana allakim.

- Ledu ajoyib bokschi,- dedi Maykl.- Tomosha qilishga borardimu, lekin ilojim yo’q-da,- u o’zini tutib olishga urindi. -Mana bu bilan uchrashuvga kelganman. Menga qara, Bret, o’zingga yangi shlyapa sotib ol.

Bret fetrdan ishlangan shlyapasini bir tomonga bostirib, jilmayib qo’ydi.

- Ikkalangiz boksga boraveringlar. Men janobi Kembellni uyga olib ketishim kerak.

- Mast emasman,- dedi Maykl.- Salgina kayfim bor xolos. Menga qara, Bret, sen munchayam latofatlisan-a.

- Ketaveringlar,- dedi Bret.- Janobi 'Kembell avrashni boshlayapti. Namuncha muloyim bo’lib qolmasang. Maykl?

- Eshityapsanmi, sen jozibadorsan.

Biz ular bilan xayrlashdik.

- Afsuski, sizlar bilan birga ketaolmayman-da,- dedi Maykl.

Bret kulib yubordi, Eshikka yetgach, o’girilib qaradim. Peshtaxtaga qo’lini tirab olgan Maykl Bret tomon engashib bir nimalar deyapti. Bret unga xotirjam qarab tursa-da, ko’zlari kulib boqardi.

- Xo’sh, nima qildik? Boksga boramizmi?-so’radim ko’chaga chiqqach.

- Ketdik,- dedi Bill.- Faqat yayov bormaymiz.

- Maykl ma'shuqasini ko’rib, es-hushidan ayrilib qolibdi,- dedim taksiga o’tirgach.

- Buning uchun uni ayblab bo’lmaydi,- dedi Bill.


1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   12


Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©atelim.com 2016
rəhbərliyinə müraciət