Ana səhifə

E. Heminguey “Quyosh bari bir chiqaveradi” Kirish


Yüklə 0.9 Mb.
səhifə2/12
tarix25.06.2016
ölçüsü0.9 Mb.
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   12

To’rtinchi bob
Mashina tepaga ko’tarilib, yop-yorug’ maydonni kesib o’tdi-da, keyin yana yuqoriga o’rmaladi, so’ng qorong’ilik qo’yniga kirib, Sent-Et'en-dyu-Mon cherkovi ortidagi qoramtir asfal't ko’cha bo’ylab borib, qishloqni, Kontres-karp maydonidagi avtobus bekatini chetlab o’tdi-yu, Muftar degan tosh ko’chaga chiqib oldi. Ko’chaning ikkala tomonidagi barlarning derazalaridan, hali ham ochiq do’konlarning vitrinalaridan yorug’ tushib turardi. Biz alohida-alohida o’tirgandik, mashina o’ydim-chuqur ko’chadan o’tayotganida bir-birimizga suyanib qoldik. Bret shlyapasini yechdi. Boshini suyanchiqqa qo’ydi. Vitrinalardan tushayotgan yorug’likda uning yuziga ko’zim tushdi, keyin, De-Gobelen xiyoboniga yetganimizda yuzini aniq ko’rdim. Tosh-yo’l qazib tashlangan bo’lib, odamlar tramvay izida atsetilen gorelkasining yorug’ida ishlayotgan edi. Bretning oppoqqina yuzi va bo’ynidagi uzun chiziq gorelka yorug’ida yaqqol ko’rinib turardi. Yana qorong’ilik qo’yniga kirganimizda uni o’pdim. Labimni labiga bosib so’rdim, keyin esa u o’girilib olib burchakka, mendan iloji boricha nariroqqa surilib oldi. Boshini quyi egdi.

- Menga tegma,- dedi u.- Iltimos, menga yopishma.

- Senga nima bo’ldi?

- Ilojim yo’q.

- Bret!

- Meni xoli qo’y. O’zing bilasan-ku. Ilojim yo’q - tamom vassalom. Azizim, ahvolimni tushunsang-chi, axir!



- Meni sevmaysanmi?

- Sevmayman emish? Menga salgina tegib ketsang ham, butun a'zoi-badanim bo’shashib ketadi.

- Nahotki hech narsa qilib bo’lmasa?

Endi u qomatini rostlab o’tirardi. Uni quchoqlagan edim, Bret bag’rimga kirib ketdi. Biz endi butunlay xotirjam o’tirdik. U ko’zlarimga shunaqayam tikilib qa-radiki, menga xuddi uning ko’zlari o’ziniki emasdek tuyulib ketdi. Bret xuddi bu olamda qarashga jur'at etolmagan hech nima bo’lmagandek menga boqar, aslida esa hayotda ko’pgina narsalardan qo’rqardi.

- Sirayam hech nnma qilib bo’lmaydimi?-so’radim men.

- Bilmayman,- dedi u.- Yana bir marta azoblanishni istamayman.

- Bunaqada uchrashmaganimiz ma'qul edi.

- Lekin seni ko’rmasam, turolmayman, Axir gap bunda emas-ku!

- Yo’q, oqibati hammavaqt shunaqa bo’ladi.

- Bunga o’zim aybdorman. Axir qilmishlarimizning ajrini tortmayapmizmi?

U nuqul ko’zimga tikilib gapirardi. Uning moviy ko’zlari dam-badam o’zgarib, ayrim paytlari xuddi qiyiq bo’lib tuyulardi.

- Ularning hammasi mendan qanchalik aziyat chekkanini o’ylasam o’zim qo’rqib ketaman. Endi shularning azobini tortyapman.

- Bo’lmagan gap,-dedim men- Bundan tashqari, agar mening boshimdan kechirganlarim hisoblab chiqilsa juda kulgili bo’ladi-da. Men hech qachon bu haqda o’ylamayman.

- Bo’lmasa-chi. Bunga shubham yo’q.

- Xo’sh, endi bu mavzuga chek qo’yaylik.

- O’zim bir paytlari bunaqalarni mazax qilardim,- dedi u menga qaramay.- Akamning o’rtog’i Monsdan xuddi shunaqa bo’lib qaytuvdi. Hamma shunchaki bir hazil sho’xlik deb tushundi. Xom sut emgan inson dunyoning tagiga yetolmay ketarkan-da. To’g’rimi?

- To’g’ri,-dedim men.- hech kim hech qachon hech nimani bilolmaydi.

Bir amallab bu mavzuga chek qo’yganday bo’ldim. Bir paytlari buni men hamma tomonlama o’ylab ko’rardim, kishidagi biror jismoniy kamchilik - xunuklik yoki majruhlik mazaxga sabab bo’lishi, buning o’sha kishi uchun esa hech qanday kulgili joyi yo’qligi masalasini turli nuqtai-nazardan fikrlab chiqardim.

- Bu qiziq narsa,-dedim men.- Bu juda g’alati, Sevish-sevilish ham g’oyatda g’alati tuyg’u.

- Rostdanmi?-uning ko’zlari yana suzilib ketdi.

- Unaqa ma'nodagi g’alati demoqchi emasman. Bu, bir jihatdan qaraganda, yoqimli tuyg’u.

- Yo’q,- dedi u.-- Menimcha, do’zax azobining o’zginasi.

- Birga bo’lish qanday yaxshi.

- Yo’q. Menimcha, hech qanaqa yaxshi tomoni yo’q.

- Nahotki men bilan uchrashib turishni istamasang?

- Seni ko’rmasam turolmayman.

Endi biz xuddi begonalardek o’tirardik. O’ng tomonda Monsuri bog’i. Xonbaliqlar suzib yurgan hovuzni, bog’ni tomosha qilib o’tirish mumkin bo’lgan restoranning eshigi yopiq, chiroqlari o’chgan ekan. Shofer menga o’girilib qaradi.

- Qayoqqa boramiz?-so’radim men. Bret ko’zini olib qochdi.

- “Selekt” kafesiga boraqolaylik.

- "Selekt" kafesiga haydang,- dedim shoferga.- Monparnas xiyoboniga.

Biz Monruj tramvay yo’lini qo’riqlayotgan Bel'for sherini aylanib o’tib, yana olg’a yurdik. Bret to’g’riga qarab o’tirardi. Raspay xiyobonida Monparnas chiroqlari ko’ringach, Bret dedi:

- Sendan iltimosim bor edi. Faqat jahling chiqmaydi-a?

- Tentaklik qilma.

- Yetib qolmasimizdan meni yana bir o’p.

Taksi to’xtashi bilan men undan tushib, kira haqini to’ladim. Bret yo’l-yo’lakay shlyapasini kiyib tushdi. U mashinaning zinasidan tushayotganda, qo’limga tayanib oldi. Bretning qo’li titrardi.

- Ko’rinishim unchalikmasmi?-u o’zining erkakcha fetrdan shlyapasini ko’ziga surib qo’ydi-da, kafega kirdi. Peshtaxta yonida, stol atrofida boya densingda bo’lgan ulfatlarning deyarli hammasi o’tirardi.

- Xello, do’stlar!-dedi Bret.- O’lgudek ichkim kelyapti.

- Bret! Bret!-o’zini Gersog deb yurituvchi va hamma Zizi deb chaqiradigan yoshgina portretchi grek uning yoniga yugurib keldi.

-Sizga aytadigan ajoyib yangilik bor!

- Xello, Zizi,- dedi Bret.

- Sizni do’stim bilan tanishtirib qo’yaman,- dedi Zizi.

Semiz erkak yaqinlashdi.

- Graf Mippipopulo - bu mening do’stim,- dedi Eshli.

- Salom,- dedi Bret.

- Qalay, miledi? Parijda vaqtingizni xushchaqchaq o’tkazyapsizmi?-so’radi soatining zanjirida burquning qoziq tishi osilib turgan graf Mippipopulo.

- Yomon emas,- javob berdi Bret.

- Parij – go’zal shahar,- dedi graf.- Ammo siz balki Londonda ham ko’nglingizdagidek xushchaqchaqlik bilan yurolmasangiz kerak?

- Nimasini aytasiz. Vaqtimiz g’ayratda qoladigan darajada xushchaqchaq o’tardi,- dedi Bret. Breddoks meni o’zining stoliga taklif qildi.

- Berns, biz bilan ulfatlik qiling,- dedn u.- Boyagi ayolingiz juda xunuk janjal ko’tardi-da.

- Nimadan janjal chiqdi?

- Xo’jayinning qizi u haqda bir nimalar debdi. Keyin bo’ldi janjal, bo’ldi janjal. Lekin Jorjet qoyil qilibdi. U sariq biletini chiqarib, qani o’zingnikini ham ko’rsat, deb talab qilibdi. Juda xunuk janjal bo’ldi-da.

- Oqibati nima bo’ldi?

- Kimdir uni olib ketdi. Ajoyib qiz ekan. Parijliklarga xos tilyog’lamalikda ustasi farang bo’lib ketibdi. O’tiring, bir ryumkadan ichishaylik.

- Rahmat, uyga qaytishim kerak,- dedim men.- Konni ko’rmadingizmi?

- Frensis bilan uyiga ketdi,-suhbatga qo’shildi Breddoks xonim.

- Bechora, ko’rinishidan judayam xafa edi,-dedi Breddoks.

- Ha, shunaqa edi,-tasdiqladi Breddoks xonim.

- Menga ijozat berasizlar,- dedim men.- Xayrli tun.

Bret bilan xayrlashgani peshtaxta yoniga bordim, Graf shampan buyurdi.

- Sizga bir stakan vino uzatishga ruxsat bering, janob,- dedi u.

- Yo’q, tashakkur. Ketishim kerak.

- Rostanam ketmoqchimisiz?-so’radi Bret.

- Ha,- dedim men.- Boshim qattiq og’riyapti,

- Ertaga ko’rishamizmi?

- Redaksiyaga kela qoling.

- Borolmasam kerak.

- Bo’lmasa, qaerda?

- Biror joyda soat beshlarda uchrasha qolaylik.

- Unday bo’lsa, narigi qirg’oqda.

- Mayli. Soat beshda "Kriyon"da bo’laman.

- Faqat aldamang-da,- dedim men.

- Xotirjam bo’ling,- dedi Bret.- Nahotki sizni biror marta aldagan bo’lsam?

- Maykldan xabar bormi?

- Bugun xat oldim.

- Xayrli tun, janob,- dedi graf.

Ko’chaga chiqdim-da, hamon gavjum "Rotonda" kafesining yonidan o’tib, Sen-Mishel' xiyoboni tomon yurdim. Stollari butun yo’lkani egallab olgan ro’paradagi "Kulol" kafesiga nazar tashlagandim, kimdir qo’lini silkib chaqirgandek bo’ldi -

kimligini bilolmay yo’limda davom etdim. Monparnas xiyoboni kimsasiz edi. Lavin' restorani allaqachon yopilgan, "Klozeri-de-Lill'" oldidagi stollarni yeg’ishtirib olishyapti. Men yoysimon fonuslar yorug’ida yashnab turgan kashtan

barglari orasida qad rostlagan Ney aykali yonidan o’tdim. Haykal poyiga to’q-qizil gullari so’liyboshlagan chambar tirkab qo’yilibdi. To’xtab lentadagi "bonapartchilar gruppasidan" yozuvini o’qidim, gulchambar qo’yilgan kun yozib qo’yilgan - qaysi kunligi esimda yo’q. Arg’uvonning yam-yashil barglari orasida qilichini o’ynatib turgan sovut-dubul-hali kiyimdagi marshal Ney savlat to’kib turardi. Men xuddi uning ro’parasida, Sen-Mishel' xiyobonining boshida yashardim.

Xizmatchi ayolning xonasida chiroq yonib turgan ekan, eshigini taqillatuvdim, u xat-xabarlarni olib chiqib berdi. Unga xayrli tun tilab, yuqoriga ko’tarildim. Ikkita xat va bir qancha gazeta kelibdi. Xatlar Amerikadan ekan. Ulardan biri bankning hisob-kitob qog’ozi ekan. Bankda qolgan mablag’ 2432 dollaru 60 sentga teng edi. Men chek daftarchamni olib, shu oyning boshidan beri ko’chirilgan to’rtta chekdagi mablag’ni chegirib tashladim-da, qoldig’i 1832 dollaru 60 sent ekanini hisoblab chiqdim. Uni xatning orqa tomoniga yozib qo’ydim. Ikkinchi konvertda nikoh haqidagi xabarnoma bor edi. Janobi Aloizius

Kirbi bilan uning xotini, qizlari Ketrinning nikohini ma'lum qilishibdi. Men na bu qizni va na u turmushga chiqayotgan yigitni bilardim. Aftidan, ular shunday xabarnomani butun shaharga tarqatgan bo’lishsa kerak. Ismi kulgili. Agar Aloizius ismli biror odamni taniganimda ham uni yodimda tutgan bo’lishimga ishonchim komil edi. Xabarnomada tamg’a bor ekan. Xuddi grek gersogi Ziziniki kabi. Grafniki ham. Graf juda kulgili. Bretda ham unvon bor. Ledi Eshli. Jin ursin,

Bretni. Sizni jin ursin, ledi Eshlp!

Oshxonadagi gazni O’chirib, karavot yonidagi chiroqni yoqdim-da, yotoqxona derazasini lang ochib yubordim. Karavot derazadan ancha berida bўlgani uchun ochiq deraza yoniga o’tirib yechinaboshladim. Bozorga sabzavot tashiydigan tungi poezd tramvay izi bo’ylab o’tib ketdi. Bu poezdlar tunda, uyqing o’chib ketganda, ayniqsa gursillab yuradi. Yechinayotib karavot yonidagi kiyim-kechak shkafining oynasiga qaradim. Mebellar fransuz uslubida joy-yaashtirilgan. Ehtimol, qulay bo’lsa kerak. Pijamamni kiyib o’ringa cho’zildim. Boya keltirilgan ikkita sport jurnalining ustidagi qog’oz va tasmasini olib tashla-dim. Biri to’q sariq rangda. Ikkinchisi - sariq. Ikkalasida ham bir xil xabar bo’ladi, shuning uchun ham birinchisini o’qiganingdan keyin ikkinchisini o’qiging kelmay-di. "Le-Toril'" jurnali yaxshiroq, o’shandan boshladim. Boshidan oxirigacha, redaksiyaga maktublardan tortib to hazil-topishmoqqacha o’qib chiqdim. Keyin chiroqni o’chirdim. Uxlab qolsam, ajab emas.

Fikrlarim ishga tushib ketdi. Eski alam iztirobga solardi. Ha, orqa-o’ngingga qaramay qochish paytida bunaqa jarohatlanish g’irt ahmoqona ish edi, yana ital'yancha xufyona frontda. Italiya gospitalida biz uyushma tashkil etmoqchi bo’ldik. Uning ital'yancha nomi kulgili jaranglardi. Qiziq, boshqalarning, ital'yanlarning holi nima kechdiykin? Bu Milanda, Ponte korpusining Bosh gospitalida bo’lgandi. Yenginamizda Zonde korpusi joylashgandi. Gospitalning ro’parasida Pontening haykali o’rnatilgandi, balki Zondenikidir. O’sha polkovnik gospitalga kelib meni ko’ruvdi. Kulgili bo’lgandi. O’shanda daf'atan kulgili bo’lgandi-da hammayog’im bintga o’rab tashlangandi. Ammo unga men haqimda gapirib berishibdi. Shunda u o’zining ajib nutqini so’zlagandi: "Siz chet ellik - ingliz bo’lishingizga qaramay (barcha chet elliklarni inglizlar deb atashardi), hayotingizdan ham ko’ra ortiqroq narsani baxshida etdingiz!" Ajoyib nutq. Uni nurlanib turadigan harflar bilan yozib redaksiyaga ilib qo’yilsa qoyil bo’lardi. U hazil-pazilsiz jiddiy gapirgandi. Aftidan, polkovnik o’zini mening o’rnimda tasavvur qilgan bo’lsa kerak. Nuqul: "Che ma1a fortuna! Che ma1a fortuna!"1-derdi.

Men, aslida, ilgari bu haqda hech o’ylab ko’rmagandim. Hozir ham unga shunchaki munosabatda bo’lib, tevarak-atrofdagilar tinchini buzmaslikka harakat qilaman. Aftidan, meni Angliyaga jo’natishganda, Bret bilan uchrashib qolmaganimda bu menga hecham xalaqit bermagan bo’lardi. Menimcha, Bret ilojsiz narsani istab qolgandi. Odamlar hammavaqt shunaqa. Jin ursin, odamlarni. Katolik cherkovi bunday paytda yordam berishga usta. Nima ham derdim, yaxshi maslahat. Bu haqda o’ylamaslik kerak. Ajoyib maslahat. Bunga amal qilib ko’r-chi. Qani, bir urinib ko’r.

Kўzimga uyqu qo’nmay, o’ylab yotibman-u, xayollarim dam u narsaga, dam bu narsaga sakrab o’tadi. Keyin bu haqdagi fikrlarimni ortiq quvolmay, Bret haqida o’ylay boshladim, boshqa hamma narsa xotiramdan yiroqlashib ketdi. Bret haqida o’ylarkanman, xayollarim endi dam u narsaga, dam bu narsaga sakrashni bas qilib, xuddi yengil to’lqinda suzib ketayotgandek tuyuldi. Shu payt o’zim uchun kutilmaganda yig’lab yubordim. Keyin biroz yengil tortdim-da, ko’chadan o’tayotgan og’ir vagonlarning taraqa-turuqiga quloq solib yotib uxlab qolibman.

To’satdan uyg’onib ketdim. Tashqaridan shovqin eshitildi. Quloq solgan edim - tanish ovozni eshitgandek bo’ldim. Xalatimni kiyib, eshik yoniga keldim. Pastdan xizmatchi ayolning ovozi kelmoqda edi. U jahl bilan gapirardi. Meni surishtirayotganini eshitib, uni chaqirdim.

- Uyg’ondingizmi, janob Barns?-so’radi xizmatchi ayol.

- Ha, nima gap?

- Allaqanday ayol butun ko’chani boshiga ko’taryapti, Bemahalda bu qanaqa beadablik! Sizni ko’rmoqchi emish. Sizni uxlab yotibdilar, dedim.

Keyin Bretning ovozini eshitdim. Uyqusirab, Jorjet kelibdi, deb o’ylabman. Negaligini bilmayman. U, axir, adresimni bilmasdi-ku!

- Iltimos, uni yuqoriga taklif eting.

Bret zinapoyadan sekin chiqaboshladi. Uning qip-qizil mastligini sezib qoldim.

- Rosa mojaro bo’ldi-da,- dedi u.- Axir, sen uxlamaganding, to’g’rimi?

- Sening-cha, nima qilayotgandim?

- Bilmadim. Soat necha bo’ldi?

Devordagi soatga qaradim. To’rt yarim bo’libdi.

- Soat necha bo’lganini ham bilmabman,- dedi Bret.- O’tirsam maylimi? Jahling chiqmasin, azizim! Hozirgina grafni tashlab chiqdim. Meni mashinasida o’sha olib keldi.

- Qalay u?- shkafdan kon'yak, soda va stakan oldim.

- Atigi bir tomchi quy,- dedi Bret.- Boshqa zo’rlama. Grafmi? Yomon emas. Uyam o’zimizdan.

- U rostanam grafmi?

- Sening salomatliging uchun. Menimcha, rost bo’lishi kerak. Har holda graf bo’lishga munosib. Jin ursin uni, odamlar haqida uning bilmagan narsasi yo’q! Bularning hammasini qaerdan olganiykin? Amerikada konditsr korchonalari

Tarmog’ining egasi ekan. Bret stakanga labini tekkizib qo’ydi.

- Menimcha, u "tarmoq" degandi. Shunga yaqinroq. Kimdir menga u haqda gapirib shu tarmoqlarni chirmashtirib yurishini aytgandi. Juda qiziq. Lekin u o’zimizdan. Butunlay o’zimizdan. Shak-shubhasiz. Yaqqol ko’rinib turibdi.

U yana bitta ho’plab qo’ydi.

- Aslini olganda, u bilan nima ishim bor? Mendan xafa emasmisan? Bilasanmi, u Ziziga rosa yordam beryapti.

- Zizi-chi, u chinakam gersogmi?

- Judayam bo’lishi mumkin. Greklarning gersogi, tushunyapsanmi? Rassom sifatida sariq chaqaga ham arzimaydi. Graf esa menga yoqadi.

- U bilan qaerlarda bo’lding?

- O, hamma joyda. hozir esa meni bu yerga olib kelib qo’ydi. U bilan birga Biarritsaga borishga rozilik bildirsam, o’n ming dollar bermoqchi. Funtga aylan-tirsa qancha bo’ladi?

- Ikki mingga yaqin.

- Bir olam pul. Unga borolmasligimni aytdim. U rad javobimni samimiy qabul etdi. Biarritsada tanishlarim haddan tashqari ko’pligini aytdim. Bret kulib qo’ydi.

- Ho’plab-ho’plab, erinibgina menga yetib olmoqchisan-a,-dedi u.

Shu paytgacha men soda qo’shilgan kon'yagimga faqat labimni tekkizib qo’ygandim. Stakandan katta ko’plab ichdim.

- Mana bunisi boshqa gap,-dedi Bret.- Juda kulgili-da. U meni o’zi bilan Kannga olib ketmoqchi bo’ldi. Kannda tanishlarim haddan tashqari ko’p, dedim. Monte-Karloni taklif etdi. Monte-Karloda^tanishlarim undan ham ko’p, dedim. Umuman hamma joyda tanishlarim ko’pligini aytdim. Rostanam ko’p-da. Shundan keyin meni bu yerga olib kelishni iltimos qildim. U tirsagini stolga tirab stakanini ko’tardi-da, menga qaradi.

- Nega menga tikilib qolding? Unga seni sevib qolganimni aytdim. Bu gapim ham rost. Nega menga tikilib qoding? Buni u samimiy qabul etdi. Ertaga bizni kechki ovqatga olib bormoqchi. Borasanmi?

- Nega bormas ekanman?

- Endi men ketay.

- Nega?


- Faqat seni ko’rgim keluvdi. Rosa mashmasha bo’ldi-da. Balki, kiyinib olib men bilan pastga tusharsan? U ikki qadam narida mashinada kutib turibdi.

- Grafmi?

- Ha-da. Uqali ish kiyimdagi shoferi ham o’tiribdi. Meni sayr qildirmoqchi. Keyin Bulon o’rmonida nonushta qilamiz. Bir savat vinosi bor. Zellidan olgan. Balki, ko’ngling istab qolar?

- Ertalab ishlashim kerak,- dedim men.- Bundan tashqari, kayfda sizlardan ortda qolib ketdim. Men borsam zerikib qolasizlar..

- Tentaklik qilma.

- Ilojim yo’q.

- O’zing bilasan. Unga salomingni yetkazaymi?

- Albatta, samimiy salomimni ayt.

- Xayrli tun, azizim!

- Ja mehribonlik qilib yubording.

- Qo’ysang-chi.

O’pishib xayrlashgandim, Bret seskanib ketdi.

- Men ketdim,-dedi u.-Tuning xayrli o’tsin, azizim.

- Nega ketyapsan-a?

- Shunisi ma'qul.

Zinapoyada yana o’pishdik. Xizmatchi ayolga shnurni tortib eshikni bekitib kelishni buyurgandim, allanima deb to’ng’illab qo’ydi. Yuqoriga ko’tarilib ochiq derazadan Bretning yo’lka chekkasida yoysimon fonus tagida kutayotgan kattakon limuzin tomon borayotganini kuzatib turdim. U o’tirib olgach, mashina o’rnidan qo’zg’aldi. Derazadan nari ketdim. Stol ustida bittasi bo’sh, boshqasi yarmigacha sodali kon'yak quyilgan ikkita stakan turibdi, Ikkalasini ham oshxonaga olib chiqib, kon'yakni to’kdim. Oshxonadagi gazni o’chirib kelib karavotga o’tirdim, so’ng tuflini yechib o’ringa cho’zildim. Mana, Bret shunaqa juvon ekan-da,- uni o’ylab ko’z yoshi qilibman-a! Keyin, hozirgina u ko’chada qanday odim tashlaganini, mashinaga qanday o’tirganini esladimu oradan ikki minut o’tgach, yana kayfiyatim buzildi. Kunduzi his-hayajonsiz yurish oppo-oson ekanu tundagisi butunlay boshqa gap ekan.




Beshinchi bob
Ertalab Sen-Mishel' xiyoboni bo’ylab Suflo ko’chasiga tushib bordim-da, briosh qo’shilgan kofe ichdim. Endigina otgan tong nash'ali. Lyuksemburg bog’idagi kashtan daraxtlari gullab yotibdi. Kunduzgi bo’ladigan jazirama oldidan musaffo tong havosi ufurib turibdi. Sigaret chekib, gazetalarni o’qib chiqdim. Gulchi ayollar bozordan kelishib kunduzgi savdoga gul terib qo’yishadi. Studentlar o’tib borishmoqda, bir xillari huquqshunoslik institutiga, boshqalari Sorbona universiteti tomon. Xiyobon bo’ylab tramvaylar

va ishga shoshilayotgan odamlar ketyapti. Men avtobusga chiqdim-da, orqa maydonchasida turib, Madlen cherkovigacha bordim. Madlen cherkovidan Kaputsinlar xiyoboni bo’ylab Opera maydoni tomon yurdim, u yerdan redaksiyaga yetib oldim. Sakraydigan qurbaqa, bokschi-o’yinchoqlar bilan savdo qilayotganlar yonidan o’tdim. Yordamchisi bokschilarni bevosita harakatga keltiradigan ipni bosib olmayin, deb bir qadam naridan yurdim. Yordamchi ippi qo’liga o’rab olgan holda orqa o’girib turibdi. Sotuvchi esa ikkita turistga o’yinchoqlarini tiqishtiryapti. Turistlardan yana uchtasi to’xtab tomosha qilyapti. Men CINZANO so’zini bo’yoq bilan moslama yordamida yo’lga tushirib borayotgan odam ortidan ketaverdim. Butun ko’cha bo’ylab odamlar ishga shoshilishyapti. Ishga yo’l olish allaqanday yoqimli edi. Opera maydonini kesib o’tib redaksiyamga burildim.

O’z xonamga ko’tarilib, ertalabki fransuz gazetalarini o’qib chiqdim-da, keyin sigaret chekib mashinka yoniga o’tirib olib rosa ishladim. Soat o’n birda taksi yollab Ke-d' Orseyga yetib keldim-da, ministrlikka kirib, boshqa o’ntacha muxbir bilan birga tashqi ishlar ministrligining vakili – mo’giz ko’zoynakli yoshgina diplomatning so’zlarini, savollarga bergan javoblarini yarim soatcha tinglab o’tirdim. Ministrlar kabinetining raisi nutq so’zlash uchun Lionga jo’nab ketibdi yoki aniqrog’i, yo’lda qaytib kelayotganmish. Telegraf agentliklari vakillaridan kimdir shunchaki javobini eshitish uchun savol

berdi. Hech qanday yangilik yo’q, Uolsi, Kram bilan bitta taksida ministrlikdan jo’nab ketdik.

- Kechqurunlari nimalar qilyapsiz, Jeyk?-so’radi Kram.- Keyingi paytlarda hech qaerda ko’rinmay qol-dingiz.

- Men, odatda, Lotin kvartalida bo’laman.

- Vaqt topib bir borib kelaman. "Dingo" kafesiga. Eng gavjumi o’sha bo’lsa kerak?

- Ha. Yoki yangi "Selekt"ga borish mumkin.

- Necha marta otlandim-a,- dedi Kram.- Lekin, bilasiz-ku, xotining, bolalaring bo’lganidan keyin...

- Tennis o’ynayapsizmi?- so’radi Uolsi.

- Yo’q,- dedi Kram.- Bu yil bir martayam o’ynamadim, desam ham bo’laveradi. Juda borgim keladi-yu, ammo nuqul yakshanba kunlari yomg’ir yog’adi, bundan tashqari, tennis maydonchalari doim odamlar bilan to’lib-toshib ketadi.

- Inglizlar shanba kunlari ishlashmaydi-da,- dedi Uolsi.

- Omadlari bor-da, ablahlarning,- dedi Kram.- Hali shoshmay turishsin. Umrbod jurnalistlik qilmay" man-ku! Shahar tashqarisiga chiqishga menda ham vaqt bo’lib qolar.

- Shahar tashqarisida yashashni va shaxsiy mashinaga ega bo’lishni hamma narsadan afzal ko’raman.

- Men kelasi yili mashina sotib olishni mo’ljal" layapman.

Mashina oynasini chertib qo’ydim. Shofer tormoz berdi.

- Uyga yetib keldim,- dedim men.- Yuringlar, bir stakandan otamiz.

- Rahmat,- dedi Kram. Uolsi boshini chayqab qo’ydi.

- Bugungi eshitganlarimni ishlab chiqishim kerak. Kramning qo’liga ikki frank tutqazdim.

- Aqldan ozibsiz, Jeyk,-dedi u.-O’zim to’layman,

- Redaksiya hisobidan-ku.

- Qo’ysangiz-chi. O’zim to’layman.

Qo’limni silkib xayrlashdim. Kram mashinadan boshini chiqarib dedi:

- Chorshanba kuni ko’rishamiz, birga nonushta qilamiz.

- Albatta.

Liftda redaksiyaga ko’tarildim. Robert Kon meni kutib o’tirgan ekan.

- Xello, Jeyk,-dedi u,-nonushta qilgani boramizmi?

- Mayli. U-bu shoshilinch narsa yo’qmikan, qarab olay.

- Qayerda nonushta qilamiz?

- Menga bari bir.- Yozuv stolimning ustini qarab chiqdim.-Siz qayerda nonushta qilishni istardingiz?

- Balki, Vetselnikiga boraqolamizmi? U yerning gazagi yaxshi bo’ladi-da.

Restoranda biz gazak bilan pivo buyurdik. Ofitsiant uzun sopol krujkada pivo olib keldi - pivo muzdek bo’lib, idishning chetlarini marjon-marjon ter qoplagandi. O’ntacha har xil gazak olib kelishdi.

- Kechagi kuningiz xushchaqchaq o’tdimi?,-so’radim men.

- Yo’q unchalik emas.

- Yozuv-chizuv ishlaringiz qalay?

- Yomon. Ikkinchi kitobim hecham siljimayapti-da.

- Hammada ham shunaqa bo’ladi.

- Xabarim bor. Lekin bari bir bu menga azob beryapti.

- Janubiy Amerikaga borish nima bo’ldi? Hamon unutmadingizmi?

- Yo’q hali unutganimcha yo’q.

- Bo’lmasa nima to’sqinlik qilyapti?

- Frensis.

- Uni ham olaketing,-dedim men.

- Borishni istamayapti. Buni u yoqtirmaydi. Unga katta davra kerak.

- Unaqa bo’lsa, pattasini qo’liga tutqazib yubora-qoling.

- Ilojim yo’q. Har holda uning oldida qarzdorman. U bodring to’g’ralgan tarelkani surib qo’yib, ziravor

Qo’shib sirkalangan baliqni oldi.

- Menga ayting-chi, Jeyk,- ledi Bret,- Eshli haqida nimalarni bilasiz?

- Ledi Eshli - uning familiyasi. Bret - ismi. U juda nazokatli juvon. Eridan ajralib Maykl Kembelga turmushga chiqmoqchi.

Maykl hozir Shotlandiyada. Nimaga so’rayapsiz?

- U nihoyatda latofatli ayol.

- Rostanam shunaqami?

- Unda ajib bir iazokat bor. Menimcha, u mehribon, to’g’riso’z ayol.

- U nihoyatda jozibali.

- Sizga qanaqa qilib tushuntirib berishni bilmayapman,- dedi Kon.- Aftidan, asl zoti shunaqaga o’x-shaydi.

- Ko’rib turibman. Sizga juda yoqib qolibdi.

- Judayam. Uni sevib qolganga o’xshayman.

- U g’irt piyanista,-dedim men.- Maykl Kembelni sevib qolib unga turmushga chiqmoqchi. Vaqti kelib Maykl nihoyatda boyib ketadi.

- Bretning unga turmushga chiqishiga ishonmayman.

- Nega?


- Bilmadim. Shunchaki, ishonmayman-da. Uni ko’pdan beri taniysizmi?

- Ha,- dedim men.- Urush paytida u men yotgan gospitalda hamshiralik qilgandi.

- O’shanda u hali qizaloq bo’lsa kerak?

- Hozir o’ttiz to’rt yoshda.

- Eshliga qachon turmushga chiquvdi?

- Urush paytida. Uning qaylig’i o’shanda yurakOurur kasalidan endi xoli bo’lgandi.

- Nega siz bunaqa ohangda gapiryapsiz?

- Kechirasiz. Bexosdan. Men shunchaki bor gappi aytmoqchi edim.

- Bretning birovni sevmay turmushga chiqishiga ishonmayman.

- Lekin u ikki marta shunday qilgan,- dedim men.

- Ishonmayman.

- Agar sizga javoblarim yoqmasa, nega bo’lmasa bunaqa ahmoqona savollarni beryapsiz?-dedim men.

- Men sizdan buni surishtirganim yo’q.

- Bret Eshli to’g’risida nimalarni bilishimni o’zingiz so’radingiz-ku

- Uni haqorat qilishni sizdan so’raganim yo’q.

- E, qo’ying-e. Jin ursin sizni.

U rangi o’chib o’rnidan turdi-yu, gazakli likopchalar qo’yilgan stolning naryog’idan menga qahr bilan tikildi.

- O’tiring,- dedim unga.- Tentaklik qilmang.

- So’zingizni qaytarib oling.

- Qo’ysangiz-chi, nima, hamma narsadan xabardormiz, deb o’ylaysizmi?

- So’zingizni qaytarib oling.

- Xo’p. Nima desangiz shu-da. Men Bret Eshli haida umrimda hech nima eshitmaganman. Endi ko’nglingiz joyiga tushdimi?

- Yo’q. Buni emas. Siz meni, jin ursin, dedingiz.

- Ha, mayli, jin urmay qo’ya qolsin,- dedim men.- Mana bu stulga o’tiring. Nonushtani endigina boshlagandik.

Kon jilmayib joyiga o’tirdi. U, aftidan, o’tirish mumkinligidan quvonib ketgandi. Rostanam, agar u o’tir-maganda, nima qilgan bo’lardi?

- Siz juda alam qiladigan gaplarni aytdingiz-da, Jeyk.

- Xafa bo’lmang. Tilim mana shunaqa achchiq. Qabih narsalarni o’ylamasdan gapiraveraman.

- Buni bilaman,- dedi Kon.- Aytish mumkinki, siz mening eng- yaqin do’stimsiz, Jeyk.

"Mana bunisi qoyil", deb qo’ydim o’zimcha.

- Aytganlarimni unutib unutib yuboring,- dedim unga.-" Xafa bo’lmang.

- Ha, mayli. Hammasi joyida. Shunchaki o’sha daqiqada menga juda alam qiluvdi.

- Juda soz. Keling, yana biror nima buyuramiz.

Nonushta qilib bo’lib, de la Pe kafesiga bordik-da, kofe ichdik. Kon yana Bret haqida gaplashmoqchi bo’layotganini fahmlab tursam ham o’zimni sezmaganga oldim. U-bu to’g’risida suhbatlashib o’tirdik, keyin u bilan xayrlashib redaksiyaga ketdim.


Oltinchi bob

Soat beshda men "Kriyon" mehmonxonasida Bretni kutib turardim. U kechikavergach, o’tirib olib, bir nechta xat yozdim. Xatlar unchalik ravon yozilmadi-yu, biroq "Krion" mehmonxonasining muhri maktublarimga savlat bag’ishlashiga umid qildim.

Bretdan hamon darak yo’q. Soat choragi kam oltida barga tushib sotuvchi Jorj bilan birga "Jek Roz" kokteylidan ichdik. Barda ham Bret ko’rinmasdi. Men ketish oldidan yana bir marta yuqori qavatga chiqib qaradim-da, keyin taksi yollab "Selekt" kafesiga jo’nadim. Sena ustidan o’tayotganimizda shatakka olib ketilayotgan bo’m-bo’sh yuk kemalari karvoniga ko’zim tushdi; suv sathida qad rostlab oqim bo’ylab ketayotgan kemalar ko’prikka yaqinlashganda matroslar langarcho’p yordamida kemani o’rtaroqqa olishdi. Daryo manzarasi go’zal edi. Parijda ko’prikdan o’tish hamma-vaqt kishiga zavq bag’ishlaydi.

Semafor ixtirochisining yo’lni tartibga solib turgan holati tasvirlangan haykalini aylanib o’tgan taksi Raspay xiyoboniga burilganda, men yo’lning qolgan qismini ko’rmaslik maqsadida suyanchiqqa yastanib oldim. Raspay xiyoboni bo’ylab yurish odatda zerikarli bo’ladi. Parij-Lion yo’nalishidagi Fontenblo bilan Montero oralig’ida shunaqangi joylar bor-ki, undan o’tib olmagunimcha nihoyatda zerikib charchab ketaman. Aftidan, yo’ldagi bunaqa befayz joylar allaqanday o’zgarishlar

oqibatida yuzaga kelsa kerak. Parijda ham Raspay xiyobonidan ko’ra xunuk ko’chalar bor. Bunaqa ko’chadan piyoda yursam mutlaqo xotirjam ketaveraman. Ammo taksida o’tishga hecham toqat qilolmayman. Balki, bu haqda allaqaysi kitobda o’qigandirman.

Parijdagi hamma narsa Robert Konga mana shunaqa ta'sir qiladi. Qiziq, Konning Parijni bunchalik yomon ko’rishi nimadan bo’ldiykin? Menkendan yuqdimikin? Menken Parijni yomon ko’rsa kerak-da. Menken kabi Parijni sevib-sevmaydigan yoshlar bu olamda juda ko’p. Taksi "Rotonda" kafesining ro’parasida to’xtadi. Sena daryosining o’ng qirg’og’ida taksiga o’tirib, Monparnasdagi qaysi

kafega olib borib qo’yishni aytsangiz, u bari bir sizni "Rotonda"ga boshlab keladi. Un yildan keyin uning o’rnini "Gumbaz" kafesi egallasa kerak. Lekin menga shundog’am yaqin. "Rotonda"ning kimsasiz stollari yonidan yurib "Selekt" kafesiga o’tdim.

Ichkarida, peshtaxta oldida bir necha kishi o’tiribdi, tashqarida esa Xarvi Stoun yolg’iz o’zi tamaddi qilyapti. Stol ustida bir uyum likopcha. Stounning soqol-mo’ylovi olinmagan.

- O’tiring,- dedi u,- sizni kutayotgandim.

- Nima gap o’zi?

- Hech qanday gap yo’q. Shunchaki, sizni kutib o’tirgandim.

- Poygada bo’ldingizmi?

- Yo’q. Yakshanba kunidan beri borganim yo’q.

- Amerikadan qanday xabarlar bor?

- Hech nima. Mutlaqo xabar yo’q.

- O’zi nima gap?

- Bilmadim. Ular bilan aloqani uzdim. Ular bilan butunlay aloqani uzdim.- U oldinga egilib ko’zlarimga tikildi.- Sizga bir gap aytaymi, Jeyk?

- Nimani?

- Besh kundan beri ichimga tuz kirmadi.

Miyamda darrov hisoblab chiqdim. Bundan uch kun oldin "N'yu-York mayxonasi"da Xarvi poker o’ynab mendan ikki yuz frank yutib olgandi.

- O’zi nima gap?

- Pulim yo’q. Pul kelmadi.- U jimib qoldi.- Bilasizmi, Jeyk, juda g’alati bo’larkan. Pulsiz qolganimda yolg’izlikni yoqtiraman. Xonamdan chiqqim kelmaydi. Xuddi mushukka o’xshab. Cho’ntagimni kovladim.

- Yuz frank yetadimi, Xarviq -ha.

- Qani, turing. Tushlik qilgani boramiz.

- Ulguramiz. Men bilan ichishing.

- Ovqatlansangiz yaxshi bo’lardi.

- Yo’q. Bunaqa paytimda ovqat yesam-yemasam menga bari bir.

Bir stakandan vino ichdik. Xarvi likopni o’zinikiga qo’shib qo’ydi.

- Maikenni taniysizmi, Xarvi?

- Ha. Nimaydi?

- U qanaqa odam?

- Yomon odammas. Juda qiziq voqealarni ko’p gapiradi. Yaqinda u bilan tushlik qilib o’tirib Goffenxeymer haqida' gaplashib qoldik. "Hamma illat shundaki, u o’zini xudojo’y qilib ko’rsatmoqchi bo’lyapti",- dedi Menken. Chakki emas-a.

- Rost, chakki emas.

- Sirasini aytganda, u endi adoi-tamom bo’ldi,- davom etdi Xarvi.- U o’zi biladigan hamma narsa haqida yozib bo’ldi, endi esa bilmaganlarini yozishga kirishyapti.

- U chindanam durust yozuvchi bo’lsa kerak,-dedim men.- Lekin uning kitoblarini o’qiyolmayman.

- Hozir hech kim o’qiyotgani ham yo’q. Balki, bir paytlari Aleksandr Gamil'ton institutining asarlarini mutolaa qilganlar o’qigan bo’lsa ajab emas.

- Nima qipti,- dedim men,- buyam yomon emas.

- Albatta-da,- ma'qulladi Xarvi.

O’z xayollarimizga berilib ketib bir qancha vaqt indamay o’tirdik.

- Yana bir stakandan ichamizmi?

- Mayli,- dedi Xarvi.

- Ana Kon ham kelyapti,- dedim men. Robert Kon ko’chani kesib o’tmoqda edi.

- Tentak,-deb qo’ydi Xarvi. Kon stolimiz yoniga keldi.

- Salom, do’stlar,-dedi u.

- Salom, Robert,-dedi Xarvi.- hozirgina Jeykka sizni tentak, devdim.

- Bu bilan nima demoqchisiz?

- Darrov ayting. Uylamasdan. Agar ko’nglingiz istaganini bajara olsangiz, nima qilgan bo’lardingiz?

Kon o’ylab qoldi.

- O’ylab o’tirmang. Darrov ayting.

- Bilmadim,- dedi Kon.- O’zi buning nima keragi bor?

- Shunchaki bir gapda, nima qilgan bo’lardingiz? Miyangizga kelgan birinchi fikrni ayting. Har qanday ahmoqona bo’lsa ham aytavering.

- Bilmadim,- dedi Kon.- Endilikda, mashqini olib bo’lganimdan keyin, balki, hammasidan ko’ra futbol o’ynagan bo’lardim.

- Men yanglishibman,-dedi Xarvi.-Bu tentaklik emas, shunchaki rivojlanishdan to’xtab qolish holati.

- Tilingiz juda biyron-da, Xarvi,-dedi Kon.- Axiyri bir kuni kelib kimdir basharangizga shapaloq tortib yubormasa deb qo’rqaman.

Xarvi Stoun kulib qo’ydi.

- Shunaqa, deb o’ylaysizmi? Hech kim tarsaki tushirmaydi, xavotir bo’lmang. Chunki bundaylarga men tupuraman. Men bokschi emasman.

- Tupurolmay qolgan bo’lardingiz.

- Yo’q, tupurardim. Asosiy xatoingiz ham ana shunda. Sizning mulohazalaringiz nojo’ya.

- Men haqimda gapni bas qiling.

- Marhamat,-dedi Xarvi.-Sizga ham tupurdim. Siz men uchun hech kim emassiz.

- Bas qiling, Xarvi,-dedim men.- Yaxshisi, yana portveyn iching.

- Yo’q,- dedi u.- Biror joyga borib ovqatlanaman. Yana ko’risharmiz, Jeyk.

U o’rnidan turib ko’chaga chiqdi. Pakanagina, semiz Xarvining mashinalar orasidan shoshilmay yurib, tosh-ko’chani kesib o’tayotganiga qarab turdim.

- Nuqul jig’imga tegaveradi,-dedi Kon.-Uni hecham yoqtirmayman.

- Menga esa yoqadi,-dedim men.-hatto uni yaxshi ko’raman. Undan xafa bo’lmaslik kerak.

- Bilaman,- dedi Kon.- Shunchaki u asabimni qo’zg’ataveradi.

- Bugun ishladingizmi?

- Yo’q. Bugun hech yopishmadi. Hozir birinchi kitobimni yozganimdan ko’ra ko’p qiynalyapman. Hecham yurishmayapti. Erta bahorda Amerikadan qaytib kelgan paytdagi qat'iy ishonchi endi yo’q edi. Ushanda u adabiyot sohasida talanti

borligiga shubha qilmasdi, faqat sarguzashtli hayotga tashnaligi xumor qilib Robertni qiynardi. Endi bu ishonch qolmagandi. Bir paytlari Robert Konning ichki dunyosini aniq bilish menga mumkin emasdek tuyulgandi. Gap shundaki, u Bretni sevib qolmasidan oldin, o’zini boshqa odamlardan farqlaydigan birorta fazilati haqida hech qachon gapirmagandi.

U mohirlik bilan tennis o’ynar, qaddi-qomati kelishgan, chaqqon edi; brij o’yinida ham yomon emasdi, nimasi bilandir studentni eslatardi. Katta davrada uning biror g’aroyib narsa haqida hikoya qilganini aslo eshitmaganman. U polo

fasonida tikilgan ko’ylak kiyib yursa ham - bu ko’ylakni kollejda biz shunday atardik, hozir ham shunday deyishsa kerak – o’zini yopiq qilib ko’rsatishga urinmasdi. Menimcha, oliftagarchilik qilishni ham unchalik yoqtirmasdi. Uning tashqi qiyofasi Prinstonda shakllandi. O’zini tarbiyalagan ikki ayol ta'sirida oras-tayu-ozoda kiyinib yuradigan bo’ldi. Unda ayollarning na unisi, na bunisi yo’qotishga muyassar bo’la olmagan bolalarga xos yoqimli shuxligi saqlanib qolgan bo’lib, aftidan men bu holatni yaxshi ko’rsatolmagan bo’lsam kerak. Masalan, tennis o’ynayotganda u qolib chiqishni juda-juda yoqtirardi. Chamamda,

u mashhur Lenglen kabi har bir o’yinda yutib chiqishni istardi. Lekin mag’lubiyat-ga uchraganda tumshayib olmasdi. Bretni sevib qolganidan keyin uning butun mahorati chippakka chiqdi. Kon uni mag’lub etishni hech qachon orzu qilolmagan

tennischilarga ham birin-ketin yutqaza boshladi. Ammo bunga xafa ham bo’lmadi.

Shunday qilib, biz "Selekt" kafesining ayvonida o’tiribmiz, Xarvi hozirgina ko’chani kesib o’tdi.

- Yuring, "Klozeri-de-Lil"ga boramiz,-dedim men.

- Uchrashuvni shu yerga tayinlagandim.

- Soat nechada?

- Frensis yettidan o’n besh minut o’tganda keladi.

- Ana kelyapti.

Frensis Klayn ko’cha bo’ylab biz tomon yurdi. U judayam bo’ydor bo’lib, katta-katta qadam tashlab tez kelardi. Frensis bizga qo’l silkib jilmayib qo’ydi. Biz uning ko’chani kesib o’tishiga qarab turdik.

- Salom,- dedi. Sizni bu yerda uchratganimdan juda xursandman, Jeyk. Sizga aytadigan gapim bor.

- Xello, Frensis,-dedi Kon. U jilmayib turardi.

- Iyi, salom Robert! Senam shu yerdamisan?- U bidirlab gapirardi.- Bugungi kunim ahmoqona o’tdi-da. U,-Frensis Konga ishora qildi,-tushlik qilgani uyga kelmadi.

- Borishim shart emasdi.

- O, buni bilaman. Ammo xizmatkorni ogohlantirib qo’ymabsan-da. Keyin Paulo bilan va'dalashgandik, ammo u redaksiyada yo’q ekan. "Rits"ga borib uni kutuvdim, hadeganda kelavermadi. "Rits"da ovqatlanishga odatdagidek pulim yetmadi.

- Xo’sh, keyin nima qildingiz?

- Albatta, chiqib ketdim-da.- U ataylab xushchaqchaq gapirardi.- Men doimo va'damning ustidan chiqaman. Hozir hech kim bunaqa qilmaydi. Xo’sh, ahvollaringiz qalay, Jeyk?

- Yaxshi.

- Dansingga yoqimtoygina bir qizni boshlab kelib, anavi Bret bilan sezdirmay qochib qoldingiz-a?

- U senga yoqadimi?- so’radi Kon.

- Menimcha, nihoyatda jozibali ayol. Seningcha qanday?

Kon indamadi.

- Menga qarang, Jeyk. Sizga aytadigan gapim bor. Yuring, ro’paradagi "Gumbaz" kafesiga kiramiz. Sen shu yerda o’tiratur, Robert, maylimi? Yuring, Jeyk.

Biz Monparnas xiyobonidan o’tib, kafedagi stollardan birini egalladik. Gazeta sotuvchi bolakay o’tib qoluvdi, "Tayms"ning Parij nashrini sotib oldim.

- Nima gap, Frensis?

- E, arzimagan gap,-dedi u.-Kon shunchaki tashlab ketmoqchi bo’lyapti.

- Qanaqasiga tashlab ketarkan?

- U menga uylanishi haqida hammaga jar solgandi, o’zimam oyimga, boshqalarga aytib qo’yuvdim, endi esa Robert buni istamayapti.

- Nima bo’ldi o’zi?

- Hayotdan hali u bahramand bo’lolmaganmish. N'yu-Yorkka jo’nab ketganda xuddi shunday bo’lishini bilgandim.

U jo’rttaga beparvo gapirishga harakat qilib, chanoq ko’zlari bilan menga qarab qo’ydi.

- Agar xohlamasa, unga xotin bo’lmayman. Albatta, bo’lmayman. Endi men hech qachon u bilan turmush qurmayman. Lekin, hozir biroz kech bo’ldi-da. Biz uch yil kuta-kuta, endigina taloq xatimni olgandim. Men indamay o’tiraverdim.

- Biz zo’r to’y qilmoqchiydik, buning o’rniga boshimiz musibatda qoldi. U xuddi go’dakka o’xshaydi. Ko’kragiga urib yig’laydi, tashvish tortmasligimni iltimos qi-ladi-yu, biroq aslo uylanolmayman, deydi.

- Ahvol chatoq-ku.

- Chatog’am gapmi? Ikki yarim yil vaqtimni unga sarfladim. Endi menga bnrov uylanish-uylanmasligi dargumon. Bundan ikki yil avval o’sha yoqda, Kannda xoh-lagan kishiga turmushga chiqishim mumkin edi. Vazmingina, zebo ayollarni istab qolgan qariyalarning ko’pizim-dan yurardi. Endi birortasini ham topolmasam ke-rak.

- Qo’ysangiz-chi, siz hozir ham istagan kishingizga turmushga chiqishingiz mumkin.

- Yo’q, topolmasam kerak. Buning ustiga uni sevaman. Undan bola ko’rmoqchiydim. Doim farzandlik bo’lamiz, deb o’ylardim. U samimiy ko’zlarini menga tikdi.- O’zim bolalarni unchalik yoqtirmasdimu, ammo hecham farzandim bo’lmasligini o’ylagim kelmasdi. Bola ko’rganimdan keyin ularni sevib qolaman, deb o’ylardim.

- Uning farzandlari bor.

- Ha, bor. Uning bolalari ham bor, pullari ham bor, badavlat onasi ham bor, kitob ham yozgan, men-chi, yozganlarimni hech kim, birorta odam bosib chiqarishni istamayapti. Yozganlarim esa unchalik yomon emas. Umuman pulim ham yo’q. Nafaqa undirib olishim mumkin edi-yu, biroq taloq xatimni iloji boricha tezroq qo’lga kiritmoqchiydim-da.- U yana samimiyat bilan menga qarab qo’ydi.- Bu haqsizlik bo’lardi. Bir tomondan olib qaraganda, o’zim aybdorman. Lekin, bari bir ko’p jihatdan emas. Albatta, bu sohada aqlliroq bo’lishim kerak edi. Konga bu haqda og’iz ochsam, yig’ini boshlab yuborib, menga uylanolmasligini aytadi. Nega uylanolmas ekan? Yaxshi xotin bo’lardim. Men bilan kelishib yashash oson. Unga xalaqit bermasdim.

- Xunuk voqea bo’libdi.

- Ha, xunuk voqea. Lekin endi gapirishning foydasi yo’q. Yuring, "Selekt"ga qaytamiz.

- O’zingiz tushunib turgan bo’lsangiz kerak, sizga bu masalada yordam berish qo’limdan kelmaydi.

- Ha, yordam berolmaysiz. Faqat unga mening aytganlarimni gapirib qo’ymang. Robert nima istayotganini bilaman.- Shunda u birinchi marta quvnoq chehrasiga ma'yuslik tortib dedi:- U N'yu-Yorkka yolg’iz o’zi qaytib borishni, kitobi chop etilgach, qizlar orasida shuhrat qozonishni istayapti. U shuni istayapti.

- Balki, u shuhrat qozonmaslngi ham mumkin. Keyin, menimcha, judayam shuhratparast emas. Jiddiy yigit.

- Siz uni menchalik bilmaysiz, Jeyk. U xuddi shuni istayapti. Men buni bilaman. Juda yaxshi bilaman. Xuddi shuni deb menga uylanishni istamayapti. Kuzda shon-shuhrati ne'matlaridan yolg’iz o’zi lazzatlanmoqchi.

- "Selekt"ga qaytamizmi?

- Ha. Ketdik.

O’rnimizdan turib - stolga hech nima olib kelib qo’yishmagandi – ko’chani kesib o’tdik-da, “Selekt” kafesiga kirdik. Kon marmar stol yonida bizni jilmayib kutib o’tirardi.

- Xo’sh, nimadan xursand bo’lyapsan?-so’radi undan Frensis.- Bu olamdagi hamma narsadan mamnun ko’rinasan?

- Jeyk bilan pichir-pichir qilayotganing kulgimni qistatdi.

- O, Jeykka aytganlarim sir emas. Yaqin orada bundan hamma xabardor bo’ladi. Men faqat buni Jeykka silliqlab aytmoqchi bo’luvdim.

- Nimani? Angliyaga jo’nab ketmoqchi bo’layotganingnimi?

- Ha, Angliyaga jo’nab ketayotganimni. Ha-ya, Jeyk! Buni sizga aytishni unutibman. Men Angliyaga ketyapman.

- Juda soz bo’libdi-da.

- Ha, boadab doiradagilar hammavaqt shunaqa qilishadi. Robert meni Angliyaga jo’natyapti. U menga ikki yuz funt beradi va men do’stlarim huzuriga mehmondor-chilikka jo’nab ketaman. Juda ajoyib ish bo’ladi-da, to’g’rimi? Aytgandek, do’stlarim hali bu haqda hech nima bilishmaydi. U Konga o’girilib kulib qo’ydi. Robert endi jilmaymasdi.

- Menga atigi yuz funt bermoqchiyding, to’g’rimi, Robert? Lekin uni ikki yuz berishga majbur qildim. U judayam saxiy. To’g’rimi, Robert?

Bunaqa dahshatli gaplarni Robert Konga aytilayotganiga aqlim bovar qilmasdi. Haqorat so’zlarni yuziga aytib bo’lmaydigan odamlar bor. Agar ularning betiga bunaqa so’zlar aytilsa, tom ma'nosi bilan yer yoriladiyu, chog’ga tushib ketayotgandek his qilishadi o’zlarini. Ammo Kon bo’lsa bu gaplarni churq etmay eshitib o’tirardi. Mana shu voqea ko’z o’ngimda sodir bo’layotganiga qaramay, Frensisni gapdan to’xtatib qolishga maylim yo’q edi. Lekin bu hali xolva ekan.

- Shu gaplarni aytgani uyalmaysanmi, Frensis?- uni to’xtatmoqchi bo’lib dedi Kon.

- Yana so’raydi-ya! Men Angliyaga jo’nayapman, Do’stlarimnikiga mehmondorchilikka ketyapman. Sizga ko’zi uchib turmagan do’stlaringiznikida hech mehmon bo’lganmisiz? O, meni har qalay qabul qilishdan o’zga choralari qolmaydi. "Ahvollaringiz qalay, azizam? Necha yildan beri diydor ko’rishmadik-a! Muhtarama onangiz baquvvatmilar?" Ha, aytgandek, muhtarama onamizning ah-vollari qalay edi? Ular bor-yo’q mablag’larini fransuz harbiy zayomiga qo’ygandilar. Ha, ha. Bu olamda ul kishidan boshqa hech kim bunday qilmagan bo’lsa kerak. "Robertning ahvoli qalay?" Yana shunga o’xshagan betakalluf savollar berishadi. "Ehtiyot bo’ling, u haqda og’iz ochmang, azizim. Bechora Frensis judayam ko’p azob chekkan". Qalay, Robert, shu kulgili ishmi? Sizningcha-chi, Jeyk, kulgilimi shu? Frensis o’ziga xos g’oyat mayin tabassumi bilan menga o’girildi. Gapiga quloq tutadigan odam topilganidan nihoyatda mamnun edi.

- Sen nima qilasan, Robert? Bilaman, o’zim aybdorman. Hammasiga o’zim aybdorman. Anavi qizchadan, jurnalning kotibasidan seni voz kechishga majbur qilganimda, vaqti kelib mendan ham voz kechishingni oldindan bilishim kerak edi.

Bu voqeani Jeyk bilmaydi. Unga aytib beraymi?

- Xudo haqqi, ovozingni o’chir, Frensis.

- Yo’q, unga hammasini aytib beraman. Redaksiyada Robertning kotibasi bor edi. U kishini chindanam maftun qiladigan qizcha bo’lib, Robert uni g’oyat go’zal hi-soblardi, lekin keyinchalik men paydo bo’lib qoldimu shunda u meni ham barkamol go’zallar ahliga qo’shdi. Shunday qilib, men Robertni undan voz kechishga majbur qildim, u esa redaksiya ko’chayotgan vaqtda qizchani Karmeldan Provinstaunga olib keldi va hatto unga qaytib ketish yo’lkirasini ham to’lamadi. Ko’nglimni ovlash uchun shunday qildi. Ushanda u meni jozibali ayol deb bilgandi. To’g’rimi, Robert? Behuda xayollarga bormang, Jeyk, u kotibasi bilan mutlaqo ma'naviy munosabatda edi. Hatto ma'naviy bo’lmasligi ham mumkin. Buning ahamiyati yo’q. Ajabtovur yoqimtoy qiz edi-da. Robert esa ko’nglimni ovlash uchun shunday qildi. Nima ham derdim, kimki birovga chog’ qazisa, o’zi yiqiladi. O’rinli aytilgan gap, to’g’rimi? Navbatdagi kitobing uchun bu so’zlarni yodda tutishni maslahat beraman, Robert. Xabaringiz bormi, Robert yangi kitobi uchun material to’playapti. Shunaqami, Robert? Mana shuni deb Robert meni tashlab ketyapti. Uning fikricha, men tasvirbop emasmishman. Bilasizmi, shuncha paytgacha birga yashabmizu Robert o’z kitobi bilan band bo’lib ketib, oramizdagi munosabatlar haqida hech narsani eslab qololmabdi. Mana endi u yangi material to’plash uchun jo’nab ketyapti. Ha mayli, haddan tashqari qiziq biror narsaga duch kelib qolishidan umidvorman.

- Quloq sol, azizim Robert. Senga bir gap aytmoqchiman. Jahling chiqmaydimi? Yuragingdan urgan ayollar bilan hech qachon janjallashma. Shunga harakat qil. Chunki, sen janjallashishni bilmaysan. Keyin hecham yig’lama, yig’lagan paytingda g’ariblarga o’xshab ketasan, raqibingni gaplarini eslab qololmaysan. Birorta so’zini ham eslab qololmaysan. Hecham hayajonlanma. Bilaman, bu juda qiyin. Lekin yodingda bo’lsin: bu adabiyot manfaati uchun kerak. Biz hammamiz adabiyot manfaati yo’lida qurbonlar berishimiz kerak. Mana, masalan, meni olib ko’ring. Men Angliyaga jo’nab ketyapman, bunga e'tiroz bildirayotganim yo’q. Adabiyot manfaatini ko’zlab. YoSh yozuvchilarga yordam berish hammamizning burchimiz. To’g’ri emasmi, Jeyk? Ammo siz yosh yozuvchi emassiz. Sen-chi, Robert? Yoshing o’ttiz to’rtda. Aytgandek, buyuk yozuvchi uchun bu unchalik katta yosh emas. Gardini eslang. Anatol' Fransni eslang. U yaqinginada vafot etdi. Ammo Robert Anatol' Fransni shunchaki bir o’rtamiyona yozuvchi deb hisoblaydi. Buni unga fransuz do’stlari aytishgan. O’zi fransuzchani yaxshi o’qiyolmaydi. U senchalik talantli emasdi, to’g’rimi, Robert? Seningcha, unga ham yangi materiallar to’plash uchun jo’nab ketishga to’g’ri kelganmikan? Ma'shuqalariga uylanishni istamaganda, ularga, sening-cha, nima deganiykin? Qiziq, uyam yig’la-ganmikan? Eh, miyamga bir fikr kelib qoldi!-U qo’lqopi bilan labiga urib qo’ydi.- Menga uylanmasligining chin sababini endi bildim, Jeyk. Hozir miyamga kelib qoldi. "Selekt" kafesida ko’zim moshdek ochildi. Haqiqatdan qanchalar yiroq, to’g’rimi? Vaqti kelib bu yerga taxtacha qoqib qo’yiladi. Xuddi Lurddagi kabi. Aytaveraymi, Robert? Bo’lmasa, quloq sol. Bu juda oson. Agar bilgilaring kelsa, Robert hammavaqt xushtori bo’lishni xohlardi, bas, menga uylanishni istamayotgan ekan, demak, uning xushtori bor ekan-da, "Bilasizlarmi, ikki yildan ko’p vaqt mobaynida o’sha xonim Robertnnng xushtori bo’lgan". Tushunyapsizmi? Qalay fikrim? Agar u doim va'da qilib kelganidek, menga uylansa - unda har qanday ishqiy sarguzashtlarga chek qo’yilgan bo’lardi. Qoyilmaqom xulosa, to’g’rimi? O’zi ham xuddi shunday. Robertga bir qarang-da, buni noto’g’ri, deb ko’ring-chi! Qayoqqa ketyapsiz, Jeyk?

- Barga kirib, Xarvi Stoun bilan uchrashmoqchiydim.

Barga kirib ketayotganimda Kon boshini ko’tarib qaradi. Uning rangi bo’zarib ketgandi. Bu yerda nega o’tiribdi? Nega bu gaplarni eshitib toqati toq bo’lma-yapti?

Men peshtaxtaga suyanib deraza orqali ularni ko’rib turdim. Frensis o’zining mayin tabassumi bilan "To’g’rimi, Robert?", deb so’rayotgandek, uning yuziga tikilib hamon so’zlamoqda edi. Balki, endi so’ramayotgandir. Balki, biror boshqacha gapni aytayotgandir. Mayxonachiga hech nima ichmasligimni aytib, boshqa eshikdan ko’chaga chiqdim. Chiqayotib, ortimga o’girilib qo’shderazadan qaradimu yana ularga ko’zim tushdi. Frensis hamon gapirmoqda edi. Men tor ko’cha bo’ylab Raspay xiyoboniga yetib oldim. Yonimdan o’tayotgan taksini to’xtatib o’tirdim-da, shoferga uyimning adresini aytdim.

1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   12


Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©atelim.com 2016
rəhbərliyinə müraciət