Ana səhifə

1-Dars. Olingan bilimlar yuzasidan takrorlash


Yüklə 348 Kb.
səhifə3/5
tarix27.06.2016
ölçüsü348 Kb.
1   2   3   4   5

Umumxalq tilida keng qo'llaniladigan va shu tilda so'zlashuvchilarning barchasi uchun tushunarli bo'lgan so'zlarga qo'llanish doirasi chegaralanmagan so'zlar deyiladi.

Ular neytral leksika atamasi bilan ham yuritiladi. Masalan, non, un, bug'doy, salam, daftar, qor, bulut va boshqalar.

Faqat ma'lum sotsial guruh hamda ma'lum bir hudud doirasidagina qo'llanilib, umumxalq tiliga xos bo'lmagan so'zlar chegaralangan so'zlar sanaladi.

Bunday so'zlarni quyidagi guruhlarga bo'lish mumkin:

1. Hududiy chegaralangan so'zlar (dialektizmlar).

2. Sotsial chegaralangan so'zlar.



Faqat ma'lum bir hudud doirasidagina qo'llanilib boshqa hududda yashovchi o'zbek tili vakillari uchun xos bo'lmagan so'zlar hududiy chegaralangan (shevaga xos) so'zlar yoki dialektizmlar deyiladi. Masalan, eshik «hovli», «uy» (Andijon), shoti «narvon» (Andijon, Farg'ona, Namangan), takya «do'ppi» (Xorazm) va boshqalar.

Ma'lum ijtimoiy guruh doirasidagina ishlatiladigan so'zlarga sotsial chegaralangan so'zlar deyiladi. Masalan, «otarchi»lar doirasida qo'llaniladigan so'zlar: yakan «pul», danap «qiz bola» temiryo'l kuzatuvchilari doirasida qo'llaniladigan so'zlar: qaychi «taftishchi», kolxoz «chiptasiz yo'lovchi».

Bunday so'zlar argolar deb yuritiladi.

Ayrim argolar umumtil leksikasidan olinadi. Bunday vaqtda bu so'zlar umumtildagiga nisbatan boshqa ma'noda qo'llaniladi. Masalan, kolxoz umumtil leksikasida eskirgan bo'lib, jamoa xo'jaligini ifodalagan bo'lsa, temiryo'l kuzatuvchilari tilida boshqa ma'noni ifodalaydi.

Shuningdek, ayrim tabaqa vakillari tilida faol ishlatiladigan leksemalar ham uchrab turadi, bular jargonlar deyiladi. - Masalan, olampanoh, volidayi muhtarama, padari buzrukvor, manzirat qilmoq va hokazo.
Savol va topshiriqlar
1. Qo’llanilish doirasiga ko'ra so'zlar qanday turlarga bo'linadi?

2. Dialekgizmlar deganda qanday so'zlarni tushunasiz?

3. Sotsial chegaralangan so'zlarga qanday so'zlar kiradi?

NOMSHUNOSLIK
R e j a: Nomshunoslik (onomastika) haqida ma'lumot.

1. Obyektlarning nomlanish asoslari (nom va nomlanuvchi obyekt o'rtasidagi munosabat).

2. Nomlarning nomlanuvchi obyekt turiga ko'ra tasnifi.
Siz yashab turgan joydagi ko'chalar, maydonlar, shahar va qishloqlar, daryo, ko'l, tepalik, qabristonlar, ma'lum nom bilan yuritiladi. Masalan, Samarqand shahri, Amir Temur ko'chasi, «Mustaqillik» maydoni, Alisher Navoiy nomli jamoa xo'jaligi va boshqalar.

Turli xil obyektlarning muayyan nom bilan atalishida ularning ma'lum belgilari e'tiborga olinadi. Buyuk shaxslarning nomini abadiylashtirish uchun u bilan qandaydir bog'liq bo'lgan holat hisobga olinadi yoki shaxsga katta hurmat yuzasidan joy shu shaxs nomi bilan yuritiladi. Masalan, Hamzaobod shahri shu joyda ma'lum davr yashab, mehnat qilgan Hamza nomi bilan; Qipchoq, Saroy qishloqlarining nomlari shu qishloq aholisining etnik kelib chiqishi bilan, Qatorterak, Uchtol, Beshariq, Baland masjid singari joy nomlari shli joydagi o'simlik, bino, suv inshooti xususiyati bilan bog'liq ravishda qo'llangandir. Shaxsga qo'yilgan nomlarda esa ota-onaning orzu-umidi (Baxtiyor, Umid, Go'zal), bolaning tashqi belgisi (Xoldor, Anor, Qovoqvoy), xalqning urf-odati (O'roqvoy, Teshavoy), tug'ilgan kuni (Odina, Jumavoy) o'z aksini topgan bo'ladi.



Nomlar, ularning turlari, nomlanish sabablari bilan shug'ullanuvchi tilshunoslikning bo'limiga onomastika (lot. onuma — nom so'zidan olingan) deyiladi.

Atoqli otlar nomlanuvchi obyekt turiga ko'ra bir necha guruhga bo'linadi:

1. Shaxs va ularga qo'yilgan nomlar antroponimlar (lot. antropoz — shaxs, odam; onuma — nom): Ahmad, Karim va boshqalar.

2. Geografik obyektlar va ularning nomlari toponimlar (lot. topos — qishloq, shahar, maydon, ko'cha, onuma — nom): Shirmonbuloq, Qorako'l, Qarshi kabi.

3. Hayvon nomlari va ularga atab qo'yilgan nomlar zoonimlar (lot. soom — hayvon, opuna — nom): to'rtko'z, bo'ribosar kabi.

4. Suv havzalari inshootlari va ularga atab qo'yilgan nomlar (daryo, ko'l, dengiz nomlari) gidronimlar (lot. gidro — daryo, suv, onuma — nom): Orol dengizi, Balxash ko'li, Qashqadaryo kabi.


Savol va topshiriqlar
1. Onomastikada nima haqida bahs yuritiladi?

2. Nomlarning qanday turlarini bilasiz?

3. Nom bilan nomlanuvchi obyekt o'rtasida qanday munosabatlar bor?
110- mashq. Quyida berilgan so'zlarni obyekt turiga ko'ra guruhlang: (toponimlar, antroponimlar, zoonimlar, gidronimlar) Kattaqo'rg'on, Sirdaryo, Dilnavoz, tulki, tuya, Sarvigul, Yo'lbars, Sher, Shahnoza, Amudaryo, Buloqboshi, Zadaryo, ot, Koson, Shahriyor, Abdulhoshim, Orol dengizi, Kampiravot, Azov dengizi, Nil daryosi, Sevan ko'li, Ra'no, Dilorom, eshak, qo'y, ho'kiz, Mavluda, Behzod, Bobur.

10-dars. OMONIM VA SINONIMLAR HAMDA ULARNING USLUBIY XUSUSIYATLARI
R e j a:

1. Omonimlar (shakldosh so'zlar) haqida ma'lumot.

2. Omonimlarning turlari.

3. Lug'aviy (leksik) omonimlarning nutqdagi ahamiyati.


Tilimizda tovush (yozuvda harflar) tomoni bir xil bo'lib, turlicha ma'nolarni ifodalovchi so'zlar va qo'shimchalar mavjud.

Bunday so'z va qo'shimchalarning omonimlar (lot. homos - bir, onuma — nom) yoki shakldoshlar deyilishidan xabaringaz bor. Masalan, ot «hayvon», ot «ism», ot «irg'it» kabi. Shuningdek, tilimizda qo'shimchalar o'rtasida ham shakldoshlik munosabatlari mavjud. Masalan, -chi qo'shimchasi so'z yasovchi qo'shimcha (ishchi, suvchi) hamda yuklama (sen- chi, ayt-chi) ma'nolarida ishlatiladi. Shunga ko'ra, omonimlar lug'aviy (leksik) omonimlar hamda affiks omonimlarga bo'linadi.

Lug'aviy (leksik) omonimlar nutq jarayonida so'z o'yini uchun qulay imkoniyat yaratadi. Ayniqsa, zakiylik san'atida ulardan o'rinli foydalanish askiyachilarning mahorati sanaladi.

Masalan, Abdulhay Maxsum Navbahor payrovi bo'yicha askiyada: «Ikkovlaring ham o'ta dangasasizlar. Yakshanba kuni olma bog'ga kirib, daraxtlarni oqlaymiz», desam, «Bizni ish kam joyga yetaklang», deysizlar. Bu o'rinda ish kam «uzum ko'tarib taraladigan moslama» va «ish kam» ma'nolarini bildirish uchun qo'llangan yoki G'ulomjon Ro'ziboyev cho'tir so'zining tovush tomonining bir xilligidan foydalanib, ikki so'z o'rnida ishlatadi:

«Bir gap eshitib qoldim. Saydullaxon choyxonada nasiyaga muomala qilib, idoraga pul topshirmagan ekan, hisobchilar o'zini o'tqazib olib, «cho'turyapti» deb eshitdim. Bu o'rinda cho'tir so'zi: 1. Bujur; 2. Cho't ur ma'nolarida ishlatilgan.

O'zbek tilida leksik omonimlar ko'p ishlatilganligi sababli, u maxsus she'riy janr - tuyuqqa ham asos bo'lib xizmat qiladi.


Savol va topshiriqlar
1. Omonimlar (shakldoshlar) deganda nimani tushunasiz?

2. Omonimlarning qanday turlari bor?

3. Leksik omonimlar (shakldosh so'zlar)ning nutqda qanday ahamiyati bor?

SINONIMLAR YA ULARNING USLUBIY XUSUSIYATLARI
R e j a:

1. Sinonimlar haqida ma'lumot.

2. Sinonimlarning turlari va affiks sinonimlar.

3. Sinonimlar uyasi yoki qatori va dominanta.

4. Nutqda leksik sinonimlardan foydalanishning ahamiyati.
Tilimizda bir ma'noni bir necha so'zlar yoki affikslar yordamida ifodalash mumkin. Masalan, inson bosh qismining old tomoni oraz, uzor, ruxsor, chehra, yuz, bet, aft, bashara, nusxa, turq singari so'zlar orqali ifodalanadi. Shuningdek, tilimizda tilchi — tilshunos, dardchil — dardkash, o'rinsiz — beo'rin, hafsala — hafsalali kabi qo'shimchalar yordamida bir ma'noni ikki xil shaklda yuzaga chiqarish imkoniyati ham uchrab turadi.

Bir umumiy ma'noni ifodalovchi so'z yoki qo'shimchalarga sinonimlar deyiladi. O'zaro sinonimik munosabatda bo'lgan so'z va qo'shimchalar sinonimlar uyasi yoki sinonimlar qatori deyiladi.

So'z maqomidagi sinonimlar lug'aviy (leksik) sinonimlar, qo'shimcha maqomidagi sinonimlar esa affiks sinonimlar sanaladi.

Lug'aviy sinonimlar garchand bir umumiy ma'noni bildirsa ham, lekin ularning ma'no darajasi, ijobiy yoki salbiy bahoga egaligi, ma'lum uslubga xoslanishi bilan bir-biridan farqlanadi. Nutqiy jarayonda so'zlovchi maqsadiga muvofiq ravishda sinonimlar qatoridagi so'zlardan birini tanlaydi. Masalan, yuqorida keltirilgan sinonimlar qatorida yuz so'zidan chap tomondagi to'rtta so'zda (oraz, uzor, ruxsor, chehra) ijobiy baho va uchtasida (oraz, uzor, ruxsor) badiiy uslubga xoslanish belgisi bo'lsa, o'ng tomonidan beshta so'zda (bet, aft, bashara, nusxa, turq) salbiy baho munosabati mavjud va bu salbiy baho ularda darajalanib, kuchayib boradi (betga nisbatan aftda salbiy baho kuchliroq, turqda esa hammasidan kuchliroqdir. Demak, bu beshta so'zda salbiy baho kuchayib boradi).

Har qanday uslubiy xoslanish va so'zlovchining bahosidan xoli bo'lgan sinonimlar qatori a'zosi dominanta (uslubiy xoslanish va baho bildirishga ko'ra neytral) sanaladi. Demak, yuqoridagi sinonimlar qatorida yuz dominanta sanaladi.

Sinonimlar qatori a'zolaridan nutq jarayonida o'rinli foydalanish so'zlovchining maqsadini aniq, ravon va ta'sirchan ifodalashda katta ahamiyatga ega.


Savol va topshiriqlar
1. Lug'aviy sinonimlar nima?

2. Sinonimlar qatori (uya) deganda nimani tushunasiz?

3. Sinonimlar qatorida qanday so'z dominanta bo'ladi?
130- mashq. Matnni o'qib, undan sifat so'z turkumiga oid so'zlarni toping. Har bir sifatning yoniga uning sinonimlarini ham yozib boring.

Prezidentimiz aytganlaridek, «Amir Temur shaxsini idrok etish tarixni idrok etish demakdir. Amir Temurni ulug’lash tarix qa'riga chuqur ildiz otgan tomirlarimizga, madaniyatimizga, qudratimizga asoslanib, buyuk kelajagimizga ishonchimizni mustahkamlash demakdir.



132- mashq. Quyidagi ustunchalarni davom ettiring.


Sifat sinonimlar

Fe'l sinonimlar

Gavdali, jussali,

Gangimoq, dovdiramoq,

barvasta, norg'ul,

esankiramoq, kalovlanmoq,

barzangi

talmovsiramoq



133- mashq. Quyidagi so'zlarning sinonimlarini topib, ular ishtirokida gaplar tuzib yozing.

Ozod, rost, soqchi, mashaqqat, g'amgin, tanti, ittifoq, ayovsiz, asil, va'dalashmoq, vaqt, dang'illama, yorug', istamoq, ixlosmand.



134-mashq. Tilshunos olim A. Hojiyevning «O'zbek tili sinonimlarining izohli lug'ati»dan misollar o'qing. Xotirangizda nechtasini eslab qoldingiz. Uni daftaringizga ko'chirib yozing.
USTOZLARNI HURMATLASH BAYONIDA
Har bir inson uchun o'z muallimini va ustozini e'zozlash, hurmat va ehtiromini ado qilish shartdir. Negaki, bu zotlar har qanday insonning ruhini tarbiyalaydi, ma'naviy boylik bilan to'ldiradi, har qanday ruhiy va maishiy kamchilik hamda illatlarni poklaydi, jaholat degan buyuk aybdan xoli va ozod qiladi.

Muallim va ustoz shunday zotki, u insoniyatni ilm bezagi bilan ziynatlaydi, ularga chiroyli va yoqimli fazilatlar bilan chiroy va oro beradi, tushuntirish bilan foydasiz narsalardan odamni xalos etadi, insonni haqiqiy komil inson darajasiga yetkazish bilan bilim xazinasini ularning qalblariga joylaydi.

Muallim va ustoz shunday zotki, u sening insonlik haq-huquqlaring nimadan iborat ekanini tushuntirib beradi, yaramas, yomon ishlardan qaytaradi va eng yaxshi ishlar va fazilatlar sari yo'l ko'rsatadi. Ular sening yuksakliging va kamolga yetishingni o'ylashib, hamisha jon kuydirishadi, el ichida o'ylab, butun kuch va imkoniyatlaringni ishga solishadi.

Muallim va ustozning vaqtlari qimmatli ekanligini bilib, aytganlariga diqqat bilan quloq sol. Bordi-yu, biror narsani tushunmay qolsang, odob va muloyimlik bilan qayta so'rashing zarur. Muallim va ustozing nima so'rasalar kulib turib, odob va ikrom bilan chiroyli so'zlarni saralab javob ber. Ilm maskanidan tashqarida yoki ko'cha-ko'yda ularni ko'rib qolsang ta'zim bajo qil, qo'lingni ko'ksingga qo'yib salom ber.



(Abduqodir Nuriy al-Barzanjiy)
137- mashq. Matnni o'qing. Fe'llarni topib, uni sinonimlar bilan almashtirib ko'chiring.
ll-dars. ANTONIMLAR VA ULARNING USLUBIY XUSUSIYATLARI.

TAKRORLASH
R e j a:

1. Qarama-qarshi ma'noli so'z va qo'shimchalar haqida antonimlarning turlari.

2. Nutqda antonimlardan foydalanishning ahamiyati.

3. O'tilganlarni takrorlash.


Biz o'zimizni qurshab turgan olamni sezgi a'zolarimizning bosh miyamizga bergan axboroti yordamida bilib boramiz. Bilish jarayonida narsa va hodisalarni, harakat-holatlarni, belgi va xususiyatlarni bir-biriga zidlash, ularning o'zaro o'xshash va farqli tomonlarini aniqlash katta ahamiyatga ega. Bizning butun bilim faoliyatimiz zidlanishlarga asoslangan desak, yanglishmaymiz. Shuning uchun zidlanishlarga bizning ajdodlarimiz Abu Nasr Farobiy, Jaloliddin Rumiy va boshqalar katta ahamiyat berganlar, xususan, Jaloliddin Rumiyning ta'kidlashlaricha, har qanday «ashyo»ning qimmati ziddi bilan ayon bo'ladi, ziddi bo'lmagan narsani ta'rif etish imkoniyatdan tashqaridadir. Tangri nurning oshkor bo'lishi uchun qorong'i etib yaratilgan mazkur olamni mavjud ayladi... Odam ro'parasida Iblisning, Muso qarshisida Fir'avnning, Ibrohim oldida Namrudning va Mustafo qarshisida Abu Jahlning paydo bo'lishini bunga misol qilib keltirish mumkin.

Ana shunday zidlanishlar tilimizda ham o'z ifodasini topgan. Birini aytishimiz bilan uning ziddi xayolimizga keladi. Masalan, oq — qora, uzun — qisqa (kalta), baland — past, dono — ahmoq; — li (suvli), — siz (suvsiz) va boshqalar.

O'zaro zid ma'noli so'z va qo'shimchalarga antonimlar deyiladi. So'z maqomidagi antonimlar lug'aviy (leksik) antonimlar, qo'shimcha maqomidagi antonimlar esa affiks antonimlar sanaladi.

Nutqimizda lug'aviy (leksik) antonimlardan foydalanish fikrimizni ta'sirli ifodalashda katta ahamiyatga ega. Ayniqsa, badiiy adabiyotda zid ma'noli so'zlarni bir-biriga zidlash asosida badiiy san'at hosil qilinadi. Bunday san'atga tazod san'ati deyiladi.


140- mashq. Quyida berilgan so'zlarni ikki guruhga ajratib ko'chiring:

1. Sinonimlar.

2. Antonimlar.

Katta-kichik, taom-ovqat, yaxshi-yomon, qisqa-uzun, yuz-chehra, xafa-xursand, qorong'i-yorug', botir-qo'rqmas, keksa- mo'ysafid, kambag'al-bechora, urush-tinchlik, istamoq-qidirmoq, issiq-sovuq, halol-harom, tovush-ovoz, mehnatkash-ishchan, falak- osmon, tirik-o'lik, kiyim-libos, kun-tun, pishiq-xom, bosh-kalla, halak-halok, so'zladi-gapirdi, xat-xabar.


141- mashq. Berilgan maqollarni ko'chiring. Antonimlarning ostiga chizing.

1. Birlashgan daryo bo'lur, tarqalgan irmoq bo'lur. 2. Bolali uy — bozor, bolasiz uy — mozor. 3. Bor maqtansa topilur, yo'q maqtansa chopilur. 4. Do'st achitib gapirar, dushman — kuldirib. 5. Yomonning yaxshisi bo'lguncha, yaxshining yomoni bo'l. 6. Yo'g'on cho'ziladi, ingichka uziladi. 7. Kam gapirsang, ko'p eshitasan. 8. Oyoq kiyiming tor bo'lsa, dunyoning kengligidan ne foyda. 9. Erni er qilgan ham xotin, qaro yer qilgan ham xotin. 10. Qo'y bir terining ichida necha ozib, necha semiradi. 11. Holvani hokim yer, kaltakni yetim yer. 12. Aytar so'zni ayt, aytmas so'zdan qayt.



12-dars. BARQAROR BIRIKMALAR
R e j a:

1. Barqaror birikmalar haqida.

2. Barqaror birikmalarning turlari: frazeologizm, maqol, matal va hikmatli so'zlar.
Nutqiy jarayonda fikrimizni bayon qilish uchun so'zlar yordamidagina emas, balki bir necha so'zlarning barqaror bog'lanishidan hosil bo'lgan birikmalardan ham foydalanamiz.
Masalan, Toshkentdagi istiqlol davrida qurilgan inshootlarni ko'rib, og'zim ochilib qoldi. Bu gapda og'zim ochilib qoldi birikmasi so'zlovchi tomonidan nutqqa tayyor holda olib kirilgan.
Og'iz ochilib qolmoq birikmasi nutq jarayoniga qadar ham tayyor holda barqaror birikma sifatida mavjud va mazmunan bir leksema hayron bo'lmoq leksemasi ifodalagan ma'noga teng keladi. Yoki yer haydasang kuz hayda, kuz haydamasang yuz hayda, deydi xalqimiz, jumlasida deydi xalqimiz birikmasi tarkibidagi so'zlar o'zaro erkin bog'langan bo'lsa, undan oldingi so'zlar so'zlovchining nutqiga qadar xalqimiz tomonidan yaratilgan, tilimizda tayyor holda so'zlarning xuddi shunday tarkibini doimiy saqlagan holda mavjuddir.
Ikki va undan ortiq so'zlarning o'zaro barqaror munosabatidan tashkil topgan, nutq jarayoniga tayyor holda olib kiriluvchi, til egalari xotirasida imkoniyat sifatida mavjud bo'lgan til birliklari barqaror birikmalar deyiladi.
Barqaror birikmalarning eng xarakterli belgilari quyidagilar:

1. Nutq jarayoniga qadar tilda mavjudlik: nutqqa tayyor holda olib kirishlik.

2. Ma'no butunligi.

3. Tuzilishi va tarkibining barqarorligi. Barqaror birikmalardan o'rinli foydalanish nutq go'zalligini ta'minlaydi, shuning uchun ular nutqimiz ko'rki hisoblanadi.

Barqaror birikmalarni o'rganuvchi tilshunoslik bo'limi paremiologiya (lot. parema — barqaror, logos — ta'limot), barqaror birikmalar lug'atini tuzish muammolarini o'rganuvchi bo'lim esa paremiografiya (lot. parema — barqaror, grofho — yozmoq) sanaladi.

BARQAROR BIRIKMALAR TASNIFI
Barqaror birikmalar nutqqa tayyor holda olib kirilishi, tarkibiy qismlarining barqarorligi belgisiga ko'ra umumiylikni tashkil etsa ham, ma'no butunligi nuqtayi nazaridan turlichadir. Shunga ko'ra barqaror birikmalar quyidagi guruhlarga bo'linadi:

1. Frazeologizmlar.

2. Maqol va matallar.

3. Aforizmlar.


Barqaror birikmalarning bir guruhi tarkibidagi so'zlar ma'no jihatdan uyg'unlashib, mazmuniy yaxlitlikni vujudga keltiradi va ko'pincha mazmunan bir leksemaga teng keladi va ko'chma ma'noda ishlatiladi.
Masalan, qulog'i ding bo'lmoq — hushyor bo'lmoq, qovog'i osilmoq — xafa bo'lmoq, og'zining tanobi qochdi — quvonmoq kabi.

Ma'no yaxlitligiga ega bo'lgan va nutqiy jarayonga qadar ikki va undan ortiq so'zlarning barqaror munosabatidan tashkil topgan, nutqqa tayyor holda olib kiriluvchi ko'chma ma'nodagi barqaror birikmalarga frazeologizmlar deyiladi.
Frazeologizmlar gap tarkibida uning bir bo'lagi vazifasida keladi. Frazeologizmni tashkil etgan so'zlar frazeologizmning faqat ichki uzvlari sanaladi. Gapning boshqa bo'laklari bilan yaxlit, bir butun holda munosabatga kirishadi.
Masalan, Rais daladagi hosilni ko'rib boshi osmonga yetdi. Bu gapda boshi osmonga yetdi qismi butun holda kesim vazifasida keladi.
151- mashq. Frazeologik iboralarning sinonimlarini toping, ular ishtirokida gap tuzing.

1. Boshi ko'kka yetmoq.

2. Yer tagida ilon qimirlasa bilmoq.

3. Ichini mushuk tirnamoq.

4. Ko'zini bo'yamoq.

5. Ko'zi to'rt bo'lmoq.

6. Tepa sochi tikka bo'lmoq.

7. Tomdan tarasha tushganday.

8. Xamirdan qil sug'urmoq.

9. Tarvuzi qo'lidan tushmoq.

10. Ikki oyog'ini tirab turmoq.
152- mashq. Matnni o'qing. «Tulki qiziga to'y berdi» iborasini izohlang. Yana shu kabi qanday iboralarni bilasiz? Ularni ham izohlashga harakat qiling.

Qor laylaklab-laylaklab yog'di. Qor yerga tushib-tushmay yog'di.

Laylakqor taqqa tindi. Yerda qor tugul, nam-da bo'lmadi. Qor havosi-da bo'lmadi. O'ynab qo'yay, bundayin havoni oti nima bo'ldi? Qor yog'madi, deyin, dedim — havoda laylaklab qor o'ynadi. Laylaklab qor yog'di, deyin, dedim — yerda qordan nishona bo'lmadi. Dehqon bunday havoni:

- Tulki qiziga to'y berdi, — deydi.

Kechasi yig'ilishda raisimiz kundalik yaganani so'radi. Yo'l- yo'riqlar berdi.

Shunda raisimiz oldida turgan telefon jiringladi.

Raisimiz telefonda salom-alik qilgan bo'ldi.

Gap-so'zidan bildim — raisimiz ideologiya bilan gapirishdi. Ob- havoni gapirishdi. Chaynab-chaynab gapirishdi.

Raisimiz sharaqlatib telefon dastasini tashladi. Derazaga qarab, lab burdi.

- Tavba, — dedi, — ajab vakilamiz bor-da! «Kolxozlaringda qor yoqqan emish, g'o'za nima bo'ldi?» deydi.

- Qor yoqqan, tulki qiziga to'y berdi, desam, «Tulkiyam to'y qiladimi?» deydi...

(Tog'ay Murod. «Otamdan qolgan dalalar»)
MAQOL VA MATALLAR

MAQOLLAR
Grammatik jihatdan gap holida shakllangan, xalq donishmandligi natijasida vujudga kelgan barqaror birikmalar maqollar sanaladi.

Masalan, Shamol bo'lmasa, daraxtning uchi qimirlamaydi. Bolta tushguncha, to'nka dam oladi.

Maqollar xalqning hayotiy tajribasi, donishmandligi natijasida maydonga keladi. Ular nutq jarayoniga qadar tilda tayyor holda barqaror birikma sifatida mavjud bo'ladi.

So'zlovchi bunday birikmalarni yaxlit holda nutqiga olib kiradi. Maqollar fikrni ta'sirchan, bo'yoqdor qilib ifodalovchi qudratli vositadir. Nutqda maqollardan o'rinli foydalanish so'zlovchining mahorati sanaladi.


153- mashq. Quyida berilgan maqollar va matallarning ma'nosini sharhlang.

1. Do'sting bo’lsa bog'ing chamandir,

Do'sting bo'lmagani — fe'ling yomondir.

2. Arslon izidan qaytmas, yigit so'zidan.

3. To'g'ri o'zadi, egri to'zadi.

4. Saxiy bilan baxil bir buloqdan suv ichmas.

5. Ko'z qayerda bo'lsa, mehr ham o'sha yerda.

6. Er yigitning quvvati — el quvvati.

7. Ayolning sarishtasi — odamning farishtasi.

8. To'g'ri yurdim yetdim murodga, Egri yurdim qoldim uyatga.

9. Ko'ngli qoraning yuzi qora.

10. Yaxshiga qora yuqmas, yomonga el boqmas.


154- mashq. Matnni ko'chiring. Maqollarning ma'nolarini izohlang.

Telbaga tilmoch kerak emas,

Telbaning terisi qalin.
Tikan bo'lib oyoqqa sochilguncha,

Gul bo'lib ko'krakka sanchil.


Toza ko'zaning suvi toza.
Gado arazlasa, to'rvasiga ziyon.
Ahmoqning aqli to'pig'ida.
O'yla, izla, top o'yini!
155-mashq. Matnni o'qing. Maqollarni mazmuniga ko'ra, quyidagi guruhlarga ajratib ko'chiring:

1. Vatan va vatanparvarlik haqida.

2. Do'stlik haqida.

3. Mehnat va mehnatsevarlik haqida.

4. Kamtarlik va manmanlik haqida.
MATALLAR
Grammatik jihatdan gap holida shakllangan, to'g'ri ma'noda qo'llaniladigan, xalq donishmandligi natijasida vujudga kelgan barqaror birikmalar matallar hisoblanadi.

Masalan,


Yaxshidan bog' qoladi, yomondan dog'.
Qimirlagan qir oshar.
Matallar ham xuddi maqollar singari xalqning hayotini uzoq davrlar mobaynida kuzatish orqali hosil qilgan hayotiy tajribasining ixcham shaklda ifoda topishidir.
161- mashq. Sh. Shomaqsudov va Sh. Shorahmedovning «Hikmatnoma» («O'zbek maqollarining izohli lug'ati») kitobidan olingan quyidagi izohni o'qing. Siz ham matallarga misollar keltirib, ularning variantlarini topib izohlang.
AVVAL O'YLA, KEYIN SO'YLA

Jamiyat a'zolari o'zaro munosabatlarda so'zlashish odobiga qat'iy rioya qilishlari zarurligi ta'kidlanadi. Kishi aytadigan har bir so'zi (gapi)ni avval o'ylab olishi, so'ngra so'zlashi lozim. O'ylamay aytilgan so'z kishini ko'pchilik oldida uyalib qolishiga, hatto fojeiy ahvolga tushishiga sabab bo'lishi mumkin. «So'zni ko'ngilda pishqarmaguncha, tilga kelturma va har nekim ko'ngilda bor tilga surma». (Navoiy) Variantlari: «O'ylamaguncha so'ylama», «Ko'p o'yla, oz so'yla», «O'n qatim o'yla, bir qatim so'yla», «Dilda pishir, tilda gapir», «O'ynab gapirsang ham o'ylab gapir», «Tez so'zlagan tez pushmon bo'lar» va hokazo.



162- mashq. Dunyo xalqlarining tillaridan olingan maqollar va matallarni o'qing. Ularning o'zbek tilidagi muqobil variantlarini topib, izohlang.
1   2   3   4   5


Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©atelim.com 2016
rəhbərliyinə müraciət